April 28

Xulio Kortasar. Ishgʻol qilingan uy (hikoya)

Keng va shinamligi bir yon-u, qadim va koʻhnaligi bir yon bu koshona ota-bobolarim xotirasi-yu olis ajdodlar ruhi muqarrarligi bilan biz uchun qadrli edi. Qolaversa, mehribon ota-onamiz bagʻrida betashvish bolaligimiz kechib oʻtdi bu yerda.

Chetdan qaraganda aqlsizlik boʻlib koʻrinar, ammo kattagina bir oilani bemalol sigʻdira oladigan hayhotdek uyda koʻpdan buyon Irena ikkimiz yolgʻiz yashashga koʻnikdik. Har kuni ertalab yettilarda uygʻonib, xonalarni obdan supurib-sidirar, darichalarni ochib, tuni boʻyi dimiqqan ichkari havosini yangilar edik. Soat oʻn birga yaqin oxirgi bir-ikki xonani Irena ixtiyoriga qoldirib, oʻzim esa nonushta hozirlashga urinardim. Doimgidek roppa-rosa oʻn ikkida tamaddi qilib boʻlganimizdan soʻng idish-tovoqlarni yuvishdan boshqa aytarli ishimiz qolmas edi. Dasturxon atrofida oʻtirgan koʻyi ulkan va sokin kulbamiz haqida, uni begonalar yordamisiz chinniday toza tutayotganimiz haqida oʻylab, koʻnglimiz chogʻlanardi. Baʼzi paytlari esa aynan shu uy tufayli ikkimiz ham soʻqqabosh qolib ketdikmi deb dilimiz ozroq xira ham boʻlardi. Mana, masalan, Irena hech bir sababsiz ikki marta sovchilarni quruq qaytarib yubordi, oʻzim esam unashtiruvdan sal oldin hech kutilmaganda Mariya Esterdan ajralib qoldim. Ikkimizning ham yoshimiz qirqqa yaqinlashib borar va bu uyda bir zamonlar debocha olgan koʻhna nasab aynan biz ikkimiz bilan – aka-singilning begʻavgʻo va odmi turmushi bilan poyoniga yetadi deya oʻz xayollarimizda ishonar edik. Qazo vaqtimiz yetgach, badnafs aqrabolar uyni egallab, xonavayron qilmaslaridan avval oʻzimiz buni bir yoqlik qilsakmi deb oʻylagan vaqtlarimiz ham boʻldi.

Hamisha kamsuqum Irena umrida birovga ozor bermagan, xonanishin kunlarimizda ham ertalabki yumushlarini bitirgach, yotoqxonasiga kirib, kursiga oʻngʻay joylashib olardi-da, kech oqshomgacha bir nimalar toʻqib oʻtirardi. Nega u doim toʻqish bilan mashgʻulligini yaxshi tushunmasdim. Hamma ayollar singari shu bahonada boshqa ish qilmaslik uchun ham bu ermakka mukkasidan berilar deb oʻylasam, Irena boshqalarga sira oʻxshamasdi. U faqat roʻzgʻorga kerakli narsalarni – masalan, men uchun qalin paypoq, oʻziga esa qishlik kamzul toʻqir, biror joyida nuqson koʻrsa, bitib qolayozgan nimchani oʻylab oʻtirmasdan soʻtib tashlar, shunday paytlari savatda avvalgi shaklini yoʻqotmay toʻlgʻanayotgan iplarni kuzatib zavqlanardim. Shanba kunlari shahar markaziga Irena uchun ip xarid qilishga borardim, ranglarni yaxshi tanlashni bilganimdan Irena bu ishda menga butunlay ishonar, shu paytgacha hali birorta kalavada adashmadim. Shu sayrlar bahonasida kitob doʻkonlarini ham aylanib, farang adabiyotiga doir yangi kitoblarni besamar surishtirardim. 1939-yildan buyon Argentinaga arzirli biror narsa kelmay qoʻygandi.

Yaxshisi, kulbamiz-u singlim haqida gaplashaveraylik, oʻzim haqimda qiziqarli hech vaqo aytolmayman. Xullas, agar uzzukun toʻqish bilan ovora boʻlmaganida, Irenaning kunlari qay holda kechishini xayolimga ham keltira olmayman. Masalan, birorta kitobni qayta-qayta mutolaa qilish tushunarli, ammo salkam tayyor libosni soʻtib, yana boshidan toʻqiyverishni aqlga sigʻdirish qiyin. Bir safar kiyim javonining pastki tortmasidan bir toʻp oq va zangor, binafsharang jun roʻmollarni topib oldim. Ularning bariga kuyadori sepilib, xuddi rastaga qoʻyilgandek orasta taxlab qoʻyilgan edi. Pulga zoriqishimiz boʻlmasa, har oyda qishloqdagi qoʻrgʻonimizdan daromad kelib turgan boʻlsa, buncha roʻmol nimaga kerak? Buni soʻrashga botinmadim. Aftidan, toʻqish jarayonining oʻzigina muhim edi unga, bu hunarning mashqini olgan Irenaning mohir va chaqqon barmoqlarini soatlab tomosha qilish mumkin, kumushdek tovlangan simlar jimirlashi-yu savat ichida oʻmbaloq oshayotgan kalavaga mahliyo boʻlib kunlarni bearmon sob qilish mumkin edi. Chindan goʻzal edi bu manzara.

Xonalar joylashuvi hech esimdan chiqmasa kerak. Yemakxona, devorlariga gilam osilgan hashamdor boʻlma, kutubxona va uchta yotoq uyning qarshi tarafida joylashgan boʻlib, derazalaridan Rodriges Penya koʻchasi shundoq koʻrinar edi. Irena ikkimiz istiqomat qilayotgan hammom, oshxona va ikki yotogʻ-u asosiy mehmonxonadan iborat bu tarafga uzun yoʻlak orqali oʻtish mumkin boʻlib, yoʻlak oʻrtasidagi vazmin eshik bir butun uyni ikkiga ajratib turardi. Bizning boʻlmadan guldor sopol idishlar bilan bezatilgan boshqa dahlizga, undan oʻtib esa tashqariga chiqish mumkin edi. Haligi ogʻir eshikka yetmasdan soʻlga qayrilsangiz, oshxona bilan hammom roʻparasida hozir boʻlasiz. Oʻrtadagi eshik ochiq paytlari uyimiz juda ham keng va mahobatli koʻrinadi. Tambalab qoʻyilganda esa buning butunlay aksi – oddiy odamlarning tor va gʻarib kulbasidan farqi qolmaydi. Irena ikkimiz hamisha moʻjazroq shu qismida yashab keldik, qarshi tarafga esa faqat supurib-sidirish uchungina oʻtamiz. Lekin buncha chang qayerdan paydo boʻlarkin, hayronman – kechagina obdan artib-yuvilgan mebellar xuddi birov bu yerga yuz yil oyoq bosmaganday darrov qat-qat gʻubor bilan qoplanib qolaveradi! Nafsilambri, Buenos-Ayres ahli, esini tanibdiki, chang-u gʻubor bilan ayovsiz kurash olib boradi. Namgarchilik taqchil-u tuprogʻi quruqligi uchunmi, havo toʻla gard-u xok, ozroq shamol essa bormi, tamom – marmar tokchalar yuzasi-yu mehmon kutish tadorigida stolga endigina yozilgan guldor dasturxon ichlari tuproqqa toʻladi-qoladi. Supurgini sermashingiz zahoti bir bulut gʻubor havoda muallaq osilib turadi-da, soʻng boshqa mebellar-u sevimli pianino yuzasiga shundoqqina choʻkib qolaveradi. Shahar ahli omonsiz bu kurashda haligacha zafar qucha olgan emas.

Keyingi voqealar bir umr yodimda qoladi. Doimgi oqshomlarning biri edi, devordagi soat sakkizga zang chalgan mahal Irena oʻz yotogʻida nimadir toʻqish bilan mashgʻul edi, men esam mate qaynatib ichgim keldi. Yoʻlak boʻylab qiya ochiq eshik oldiga bordim-da, oshxonaga kirayotib kutubxonami yoki yemakxona tarafdan kelayotgan gʻalati shovqinga eʼtibor qildim. Ichkariga yashirincha kirib olgan birov kim bilandir tortishib gaplashayotganday tuyulardi. Yemakxonadagi kursilar gursillab yerga qulaganday boʻldi. Shu paytning oʻzida yoʻlakda ham shovqin-suron koʻtarildi. Oʻtakam yorilayozganidan jon holatda eshikni zichlab yopdim, yaxshiyamki, kalit bu tarafda edi, ehtiyot shart zulfinni ham surib qoʻydim.

Keyin oshxonada mate qaynatib, singlimga ham keltirdim-da:

– Eshikni tambaladim, narigi xonalarni egallab olishdi, – dedim.

Irena qoʻlidagi ishini qoʻyib, horgʻin nigohi bilan menga tikildi:

– Aniqmi? Ishonching komilmi?

Bosh irgʻadim.

– Nachora, – dedi u yana toʻqishga tutinar ekan, – bizga shu yer ham yetadi.

Men hamon oʻzimni bosib ololmagandim. Ora-sira oʻsha tarafga koʻz tashlab mate icharkanman, kulrang kamzul toʻqiyotgan Irenaning barmoqlariga yana mahliyo boʻldim. Kamzul juda chiroyli edi.

Birinchi kunlar juda qiyin boʻldi, chunki eshik ortida sevimli buyumlarimiz qolib ketgan edi. Mening farangi kitoblarim kutubxonada, singlimning ham bir talay sochiqlari-yu qishki shippaklari boy berildi. Ayniqsa, archayogʻoch trubkamga koʻp zor boʻldim. Irena esa yana oʻzi suygan eski sharobni sogʻinayotganini bilib turardim. Baʼzan oʻzimiz anglamagan holda tortmalarni ochib koʻrardik-da, izlayotgan narsani topa olmay:

– U yoqda qolibdi, – degancha chorasiz xoʻrsinib qoʻyardik.

Ammo bu vaziyatning afzal tomonlari ham yoʻq emasdi. Misol uchun, butun uyni yigʻishtirish tashvishida avvalgidek kallayi saharlab turish oʻrniga endi kechroq uygʻonadigan boʻldik. Birpasda hammayoqni saranjom-sarishta qilib, tushlikni ham birgalashib hozirlashni odatga aylantirdik. Boshqa tomondan esa bekorchi vaqtimiz koʻpayib qolganidan yalqovlikka ruju qoʻya boshladikmi, bilmadim, ammo har qalay, kechki ovqatni ham avvaldan tayyorlab qoʻyadigan boʻldik.

Toʻqish-tikish ishlariga endi koʻproq vaqti boʻlayotganidan Irena mamnun edi. Menga esa kitoblarimdan ayrilganim alam qilar, ammo noxush kayfiyatimdan uning ham dili xira boʻlmasin deb, buni imkon boricha bildirmaslik uchun otamdan qolgan pochta markalari bilan andarmon boʻla boshladim. Umuman olganda, hayotimiz bir maromda kechib borar, zerikishga vaqt yoʻq edi. Menikidan koʻra shinamligi uchun koʻproq singlim yotogʻida oʻtirib, oʻz ermaklarimiz bilan shugʻullanardik. Baʼzan Irena hozirgina oʻzi toʻqigan chiroyli chechak naqshlarini menga koʻrsatar, «Buni qara, xuddi sebargga oʻxshaydi!» ‒ deb zavqlanardi.

Men esa, oʻz navbatida, olis mamlakatlar, masalan, Belgiyaning Eypen-Malmedi boʻlgasi manzarasi tushirilgan markani qoʻliga tutqazib, u yerlar ajoyibotlaridan soʻzlab berardim. Asta-sekin tor makondagi ziq bu turmushga ham koʻnikib, ortiqcha xayollarga berilmay qoʻydik. Orzu-oʻylarsiz ham kun kechirsa boʻladi-ku axir.

(Har safar Irena uyqusida bosinqiragan paytlari men ham choʻchib uygʻonib, allamahalgacha uxlolmay chiqardim. Tushlarning allaqaysi teran puchmoqlaridan debocha olib, qay bir maʼbud haykaliga mansub va yo inson ovoziga zoʻr berib taqlid qilayotgan toʻtiqush gʻargʻarasiga oʻxshash bu saslar meni rostdan choʻchitar edi. Bir safar Irena mening oʻzim ham aloq-chaloq tush taʼsirida sarosimaga tushib, hayqirgan koʻyi ustimdagi yopinchiqni har taraf uloqtirib tashlaganimni aytib berdi. Yotoqlarimiz oʻrtasida mehmonxona boʻlsa-da, tunlari nafas olishimizni, xoʻrsiniq va yoʻtallarimizni bemalol tinglab, chiroqqa choʻzilgan qoʻllarimiz harakatini ham sezib, bedor yotardik.

Uydagi sukunatni oʻzimizdan boshqa birov buzmas, kun boʻyi oshxonada kuymalanishimiz ovozi-yu Irena qoʻlidagi toʻquv simlarining oʻzaro teginib jaranglashi va pochta markalari tadqiqiga mukkasidan ketgan mening albom sahifalarini varaqlashimdan hosil saslargina eshitilardi. Hammomda choʻmilayotgan paytlari Irenaning kumushday jarangli alla xirgoyisi atrofga baralla taralar, narigi tomondagilar biz borligimizni bilsin degan tusmolda atay qilarmidik, bilmadim, ammo oshxonada biror yegulik hozirlayotib bor ovozda gaplashar, idish-tovoqlarni taraqlatib, mavrid-bemavrid xandon otib kulganimiz-kulgan edi. Ammo baribir, oʻzim payqamagan holda, oʻrtadagi eshikka oʻgʻrincha koʻz tashlab qoʻyardim. Ikkimiz ham oʻz yotogʻimizga kirgach esa uydagi saslar tinib, hammayoq suv quygandek jimjit boʻlib qolar, bir-birimizga xalal bermaslik uchun oyoq uchida bildirmay yura boshlardik.)

Hodisalar xotimasi muhim boʻlmaganida, bularning barini yozib oʻtirishga hojat yoʻq edi. Qay bir oqshom yotishdan oldin suv ichgim keldi. Irenaning yotogʻidan chiqayotib oshxona yoki hammom tarafdan gʻalati saslarni eshitdim. Haliyam nimcha toʻqib oʻtirgan singlim taraddudlanib qolganimni koʻrib, bir soʻz demay yonimga keldi. Ikkimiz ham diqqat bilan oʻsha tarafga quloq sola boshladik. Shovqin tambalangan eshik ortidan emas, aynan yoʻlakdan – shundoq roʻparamizdan kelayotganiga shubhamiz qolmadi.

Men shu zahoti Irenaning qoʻllaridan tutdim-da, hech qayoqqa qaramay ortga yugurdim. Dahlizga oʻtib, eshikni mahkam yopdim.

– Bu tarafni ham egallab olishdi, – dedi singlim ma’yuslanib. Chuvalashib yotgan kalava yopiq eshik ortida qolganini payqagan Irena qoʻlidagi ishini beparvogina yerga tashladi.

– Biror narsa olishga ulgurmadingmi? – dedim.

– Hech narsa, – dedi u ham.

Egnimizda bori bilan qolib ketdik. Javonimda oʻn besh ming peso pulim borligini esladim, ammo endi kech edi. Qoʻlimda qolgan soat millari kechki oʻn birni koʻrsatardi. Singlimni asta yelkasidan quchib (adashmasam, piq-piq yigʻlar edi u), uyni tark etdik. Birdan xoʻrligim keldi. Soʻnggi eshikka ham qulf solib, kalitni oqova ariqqa uloqtirdim. Bu ishimdan oʻzimning kulgim qistadi. Bu mahalda kim ham oʻgʻrilikka tushardi, buning ustiga, uy allaqachon ishgʻol qilingan boʻlsa.

Ispan tilidan Sharifjon Ahmad tarjimasi.


Хулио Кортасар. Ишғол қилинган уй (ҳикоя)

Кенг ва шинамлиги бир ён-у, қадим ва кўҳналиги бир ён бу кошона ота-боболарим хотираси-ю олис аждодлар руҳи муқаррарлиги билан биз учун қадрли эди. Қолаверса, меҳрибон ота-онамиз бағрида беташвиш болалигимиз кечиб ўтди бу ерда.

Четдан қараганда ақлсизлик бўлиб кўринар, аммо каттагина бир оилани бемалол сиғ дира оладиган ҳайҳотдек уйда кўпдан буён Ирена иккимиз ёлғиз яшашга кўникдик. Ҳар куни эрталаб еттиларда уйғониб, хоналарни обдан супуриб-сидирар, даричаларни очиб, туни бўйи димиққан ичкари ҳавосини янгилар эдик. Соат ўн бирга яқин охирги бир-икки хонани Ирена ихтиёрига қолдириб, ўзим эса нонушта ҳозирлашга уринардим. Доимгидек роппа-роса ўн иккида тамадди қилиб бўлганимиздан сўнг идиш-товоқларни ювишдан бошқа айтарли ишимиз қолмас эди. Дастурхон атрофида ўтирган кўйи улкан ва сокин кулбамиз ҳақида, уни бегоналар ёрдамисиз чиннидай тоза тутаётганимиз ҳақида ўйлаб, кўнглимиз чоғланарди. Баъзи пайтлари эса айнан шу уй туфайли иккимиз ҳам сўққабош қолиб кетдикми деб дилимиз озроқ хира ҳам бўларди. Мана, масалан, Ирена ҳеч бир сабабсиз икки марта совчиларни қуруқ қайтариб юборди, ўзим эсам унаштирувдан сал олдин ҳеч кутилмаганда Мария Эстердан ажралиб қолдим. Иккимизнинг ҳам ёшимиз қирққа яқинлашиб борар ва бу уйда бир замонлар дебоча олган кўҳна насаб айнан биз иккимиз билан – ака-сингилнинг беғавғо ва одми турмуши билан поёнига етади дея ўз хаёлларимизда ишонар эдик. Қазо вақтимиз етгач, баднафс ақраболар уйни эгаллаб, хонавайрон қилмасларидан аввал ўзимиз буни бир ёқлик қилсакми деб ўйлаган вақтларимиз ҳам бўлди.

Ҳамиша камсуқум Ирена умрида бировга озор бермаган, хонанишин кунларимизда ҳам эрталабки юмушларини битиргач, ётоқхонасига кириб, курсига ўнғай жойлашиб оларди-да, кеч оқшомгача бир нималар тўқиб ўтирарди. Нега у доим тўқиш билан машғуллигини яхши тушунмасдим. Ҳамма аёллар сингари шу баҳонада бошқа иш қилмаслик учун ҳам бу эрмакка муккасидан берилар деб ўйласам, Ирена бошқаларга сира ўхшамасди. У фақат рўзғорга керакли нарсаларни – масалан, мен учун қалин пайпоқ, ўзига эса қишлик камзул тўқир, бирор жойида нуқсон кўрса, битиб қолаёзган нимчани ўйлаб ўтирмасдан сўтиб ташлар, шундай пайтлари саватда аввалги шаклини ёқотмай тўлғанаётган ипларни кузатиб завқланардим. Шанба кунлари шаҳар марказига Ирена учун ип харид қилишга борардим, рангларни яхши танлашни билганимдан Ирена бу ишда менга бутунлай ишонар, шу пайтгача ҳали бирорта калавада адашмадим. Шу сайрлар баҳонасида китоб дўконларини ҳам айланиб, фаранг адабиётига доир янги китобларни бесамар суриштирардим. 1939-йилдан буён Аргентинага арзирли бирор нарса келмай қўйганди.

Яхшиси, кулбамиз-у синглим ҳақида гаплашаверайлик, ўзим ҳақимда қизиқарли ҳеч вақо айтолмайман. Хуллас, агар уззукун тўқиш билан овора бўлмаганида, Иренанинг кунлари қай ҳолда кечишини хаёлимга ҳам келтира олмайман. Масалан, бирорта китобни қайта-қайта мутолаа қилиш тушунарли, аммо салкам тайёр либосни сўтиб, яна бошидан тўқийверишни ақлга сиғдириш қийин. Бир сафар кийим жавонининг пастки тортмасидан бир тўп оқ ва зангор, бинафшаранг жун рўмолларни топиб олдим. Уларнинг барига куядори сепилиб, худди растага қўйилгандек ораста тахлаб қўйилган эди. Пулга зориқишимиз бўлмаса, ҳар ойда қишлоқдаги қўрғонимиздан даромад келиб турган бўлса, бунча рўмол нимага керак? Буни сўрашга ботинмадим. Афтидан, тўқиш жараёнининг ўзигина муҳим эди унга, бу ҳунарнинг машқини олган Иренанинг моҳир ва чаққон бармоқларини соатлаб томоша қилиш мумкин, кумушдек товланган симлар жимирлаши-ю сават ичида ўмбалоқ ошаётган калавага маҳлиё бўлиб кунларни беармон соб қилиш мумкин эди. Чиндан гўзал эди бу манзара.

Хоналар жойлашуви ҳеч эсимдан чиқмаса керак. Емакхона, деворларига гилам осилган ҳашамдор бўлма, кутубхона ва учта ётоқ уйнинг қарши тарафида жойлашган бўлиб, деразаларидан Родригес Пеня кўчаси шундоқ кўринар эди. Ирена иккимиз истиқомат қилаётган ҳаммом, ошхона ва икки ётоғ-у асосий меҳмонхонадан иборат бу тарафга узун йўлак орқали ўтиш мумкин бўлиб, йўлак ўртасидаги вазмин эшик бир бутун уйни иккига ажратиб турарди. Бизнинг бўлмадан гулдор сопол идишлар билан безатилган бошқа даҳлизга, ундан ўтиб эса ташқарига чиқиш мумкин эди. Ҳалиги оғир эшикка етмасдан сўлга қайрилсангиз, ошхона билан ҳаммом рўпарасида ҳозир бўласиз. Ўртадаги эшик очиқ пайтлари уйимиз жуда ҳам кенг ва маҳобатли кўринади. Тамбалаб қўйилганда эса бунинг бутунлай акси – оддий одамларнинг тор ва ғариб кулбасидан фарқи қолмайди. Ирена иккимиз ҳамиша мўжазроқ шу қисмида яшаб келдик, қарши тарафга эса фақат супуриб-сидириш учунгина ўтамиз. Лекин бунча чанг қаердан пайдо бўларкин, ҳайронман – кечагина обдан артиб-ювилган мебеллар худди биров бу ерга юз йил оёқ босмагандай дарров қат-қат ғубор билан қопланиб қолаверади! Нафсиламбри, Буенос-Айрес аҳли, эсини танибдики, чанг-у ғубор билан аёвсиз кураш олиб боради. Намгарчилик тақчил-у тупроғи қуруқлиги учунми, ҳаво тўла гард-у хок, озроқ шамол эсса борми, тамом – мармар токчалар юзаси-ю меҳмон кутиш тадоригида столга эндигина ёзилган гулдор дастурхон ичлари тупроққа тўлади-қолади. Супургини сермашингиз заҳоти бир булут ғубор ҳавода муаллақ осилиб туради-да, сўнг бошқа мебеллар-у севимли пианино юзасига шундоққина чўкиб қолаверади. Шаҳар аҳли омонсиз бу курашда ҳалигача зафар қуча олган эмас.

Кейинги воқеалар бир умр ёдимда қолади. Доимги оқшомларнинг бири эди, девордаги соат саккизга занг чалган маҳал Ирена ўз ётоғида нимадир тўқиш билан машғул эди, мен эсам мате қайнатиб ичгим келди. Йўлак бўйлаб қия очиқ эшик олдига бордим-да, ошхонага кираётиб кутубхонами ёки емакхона тарафдан келаётган ғалати шовқинга эътибор қилдим. Ичкарига яширинча кириб олган биров ким биландир тортишиб гаплашаётгандай туюларди. Емакхонадаги курсилар гурсиллаб ерга қулагандай бўлди. Шу пайтнинг ўзида йўлакда ҳам шовқин-сурон кўтарилди. Ўтакам ёрилаёзганидан жон ҳолатда эшикни зичлаб ёпдим, яхшиямки, калит бу тарафда эди, эҳтиёт шарт зулфинни ҳам суриб қўйдим.

Кейин ошхонада мате қайнатиб, синглимга ҳам келтирдим-да:

– Эшикни тамбаладим, нариги хоналарни эгаллаб олишди, – дедим.

Ирена қўлидаги ишини қўйиб, ҳорғин нигоҳи билан менга тикилди:

– Аниқми? Ишончинг комилми?

Бош ирғадим.

– Начора, – деди у яна тўқишга тутинар экан, – бизга шу ер ҳам етади.

Мен ҳамон ўзимни босиб ололмагандим. Ора-сира ўша тарафга кўз ташлаб мате ичарканман, кулранг камзул тўқиётган Иренанинг бармоқларига яна маҳлиё бўлдим. Камзул жуда чиройли эди.

Биринчи кунлар жуда қийин бўлди, чунки эшик ортида севимли буюмларимиз қолиб кетган эди. Менинг фаранги китобларим кутубхонада, синглимнинг ҳам бир талай сочиқлари-ю қишки шиппаклари бой берилди. Айниқса, арчаёғоч трубкамга кўп зор бўлдим. Ирена эса яна ўзи суйган эски шаробни соғинаётганини билиб турардим. Баъзан ўзимиз англамаган ҳолда тортмаларни очиб кўрардик-да, излаётган нарсани топа олмай:

– У ёқда қолибди, – деганча чорасиз хўрсиниб қўярдик.

Аммо бу вазиятнинг афзал томонлари ҳам йўқ эмасди. Мисол учун, бутун уйни йиғиштириш ташвишида аввалгидек каллайи саҳарлаб туриш ўрнига энди кечроқ уйғонадиган бўлдик. Бирпасда ҳаммаёқни саранжом-саришта қилиб, тушликни ҳам биргалашиб ҳозирлашни одатга айлантирдик. Бошқа томондан эса бекорчи вақтимиз кўпайиб қолганидан ялқовликка ружу қўя бошладикми, билмадим, аммо ҳар қалай, кечки овқатни ҳам аввалдан тайёрлаб қўядиган бўлдик.

Тўқиш-тикиш ишларига энди кўпроқ вақти бўлаётганидан Ирена мамнун эди. Менга эса китобларимдан айрилганим алам қилар, аммо нохуш кайфиятимдан унинг ҳам дили хира бўлмасин деб, буни имкон борича билдирмаслик учун отамдан қолган почта маркалари билан андармон бўла бошладим. Умуман олганда, ҳаётимиз бир маромда кечиб борар, зерикишга вақт йўқ эди. Меникидан кўра шинамлиги учун коʻпроқ синглим ётоғида ўтириб, ўз эрмакларимиз билан шуғулланардик. Баъзан Ирена ҳозиргина ўзи тўқиган чиройли чечак нақшларини менга кўрсатар, «Буни қара, худди себаргга ўхшайди!» ‒ деб завқланарди.

Мен эса, ўз навбатида, олис мамлакатлар, масалан, Белгиянинг Эйпен-Малмеди бўлгаси манзараси туширилган маркани қўлига тутқазиб, у ерлар ажойиботларидан сўзлаб берардим. Аста-секин тор макондаги зиқ бу турмушга ҳам кўникиб, ортиқча хаёлларга берилмай қўйдик. Орзу-ўйларсиз ҳам кун кечирса бўлади-ку ахир.

(Ҳар сафар Ирена уйқусида босинқираган пайтлари мен ҳам чўчиб уйғониб, алламаҳалгача ухлолмай чиқардим. Тушларнинг аллақайси теран пучмоқларидан дебоча олиб, қай бир маъбуд ҳайкалига мансуб ва ё инсон овозига зоʻр бериб тақлид қилаётган тўтиқуш ғарғарасига ўхшаш бу саслар мени ростдан чўчитар эди. Бир сафар Ирена менинг ўзим ҳам алоқ-чалоқ туш таъсирида саросимага тушиб, ҳайқирган кўйи устимдаги ёпинчиқни ҳар тараф улоқтириб ташлаганимни айтиб берди. Ётоқларимиз ўртасида меҳмонхона бўлса-да, тунлари нафас олишимизни, хўрсиниқ ва йўталларимизни бемалол тинглаб, чироққа чўзилган қўлларимиз ҳаракатини ҳам сезиб, бедор ётардик.

Уйдаги сукунатни ўзимиздан бошқа биров бузмас, кун бўйи ошхонада куймаланишимиз овози-ю Ирена қўлидаги тўқув симларининг ўзаро тегиниб жаранглаши ва почта маркалари тадқиқига муккасидан кетган менинг албом саҳифаларини варақлашимдан ҳосил сасларгина эшитиларди. Ҳаммомда чўмилаётган пайтлари Иренанинг кумушдай жарангли алла хиргойиси атрофга баралла таралар, нариги томондагилар биз борлигимизни билсин деган тусмолда атай қилармидик, билмадим, аммо ошхонада бирор егулик ҳозирлаётиб бор овозда гаплашар, идиш-товоқларни тарақлатиб, маврид-бемаврид хандон отиб кулганимиз-кулган эди. Аммо барибир, ўзим пайқамаган ҳолда, ўртадаги эшикка ўғринча кўз ташлаб қўярдим. Иккимиз ҳам ўз ётоғимизга киргач эса уйдаги саслар тиниб, ҳаммаёқ сув қуйгандек жимжит бўлиб қолар, бир-биримизга халал бермаслик учун оёқ учида билдирмай юра бошлардик.)

Ҳодисалар хотимаси муҳим бўлмаганида, буларнинг барини ёзиб ўтиришга ҳожат йўқ эди. Қай бир оқшом ётишдан олдин сув ичгим келди. Иренанинг ётоғидан чиқаётиб ошхона ёки ҳаммом тарафдан ғалати сасларни эшитдим. Ҳалиям нимча тўқиб ўтирган синглим тараддудланиб қолганимни кўриб, бир сўз демай ёнимга келди. Иккимиз ҳам диққат билан ўша тарафга қулоқ сола бошладик. Шовқин тамбаланган эшик ортидан эмас, айнан йўлакдан – шундоқ рўпарамиздан келаётганига шубҳамиз қолмади.

Мен шу заҳоти Иренанинг қўлларидан тутдим-да, ҳеч қаёққа қарамай ортга югурдим. Даҳлизга ўтиб, эшикни маҳкам ёпдим.

– Бу тарафни ҳам эгаллаб олишди, – деди синглим маъюсланиб. Чувалашиб ётган калава ёпиқ эшик ортида қолганини пайқаган Ирена қўлидаги ишини бепарвогина ерга ташлади.

– Бирор нарса олишга улгурмадингми? – дедим.

– Ҳеч нарса, – деди у ҳам.

Эгнимизда бори билан қолиб кетдик. Жавонимда ўн беш минг песо пулим борлигини эсладим, аммо энди кеч эди. Қўлимда қолган соат миллари кечки ўн бирни кўрсатарди. Синглимни аста елкасидан қучиб (адашмасам, пиқ-пиқ йиғлар эди у), уйни тарк этдик. Бирдан хўрлигим келди. Сўнгги эшикка ҳам қулф солиб, калитни оқова ариққа улоқтирдим. Бу ишимдан ўзимнинг кулгим қистади. Бу маҳалда ким ҳам ўғриликка тушарди, бунинг устига, уй аллақачон ишғол қилинган бўлса.

Испан тилидан Шарифжон Аҳмад таржимаси.