April 3, 2020

10-sinf. ILOVADA BAYROQCHALARDAN FOYDALANISH

1. Bayroqchalardan foydalanishga misollar. Ilovalarda ko‘p foydalaniladigan boshqarish obyektlaridan biri bu bayroqchadir. Bayroqcha o‘rnatilgan va o‘rnatilmagan holatlarda bo‘lishi mumkin. Agar bayroqcha o‘rnatilgan bo‘lsa, nimadir ish qilinadi, o‘rnatilmagan bo‘lsa, hech narsa qilinmaydi.

Bayroqchalardan foydalanishga misol sifatida Word matn muharririning abzas muloqot darchasidagi jildlardan biri quyidagi rasmda ko‘rsatilgan. Unda oltita bayroqcha bo‘lib, ulardan faqat birinchisi o‘rnatilgan.

Delphida yaratilgan ilovalarda ham bayroqchalardan foydalansa bo‘ladimi? Albatta bo‘ladi, bu obyektlar ilovalardan foydalanishni yanada qulaylashtiradi va ulardan keng foydalaniladi.

2.     CheckBox boshqarish obyekti va uning xossalari. Delphida bayroqcha obyekti CheckBox (Tekshirish qutisi) deb ataladi. Bu obyekt obyektlar panelining standart jildida to‘qqizinchi bo‘lib joylashgan. Quyidagi rasmda u qizil hoshiyaga olingan:

CheckBox obyektining asosiy xossasi Checked (o‘rnatilgan) bo‘lib, u ikkita: rost va yolg‘on qiymatlarni qabul qiladi. Uning yana bir foydali xossasi bizga boshqa obyektlardan tanish bo‘lgan Caption (sarlavha)dir. Uning yordamida bayroqcha haqida uning yonida qisqa yozuvlar yaratish mumkin.

3.     Ilovada global o‘zgaruvchilar yaratish. Ilovada bayroqcha obyekti bo‘lib, ilova ishlayotganida bayroqchaning necha marta o‘rnatilganligi muhim bo‘lsin. Bu ma’lumotni qanday saqlash mumkin.

Bu ma’lumotni saqlash uchun quyidagicha ish tutish lozim. Ilovada birorta ortiqcha obyekt yaratib, uni ko‘rinmas qilib qo‘yamiz (Visible:=0). Dastlab uning enini 0 ga teng qilib olib (Width:=0), har safar bayroqcha o‘rnatilganda uning enini bittaga oshiramiz (Width:=Width+1).

Lekin bu chorasizlik alomati. Bu usul bilan o‘zgaruvchilar massivini yaratib bo‘lmaydi. Qaytadan velosiped yaratishni bir chetga surib, oxirgi ilovamiz: butun sonlar yig‘indisini eslaylik.

U yerda biz var i,m,n,s:integer; operatori yordamida bir nechta o‘zgaruvchilar yaratgan edik. Faqat bu o‘zgaruvchilar protsedura ichida yaratilganliklari sababli ulardan protseduradan tashqarida foydalanib bo‘lmaydi. Bunday o‘zgaruvchilar lokal (mahalliy) o‘zgaruvchilar deb atalardi. Ulardan farqli ravishda global (umumiy) o‘zgaruvchilardan dasturning ixtiyoriy joyida foydalanish mumkin.

Global o‘zgaruvchilar dastur (ilova) boshida tavsiflanadi. Bu joyni topish uchun yaratilgan ilovaning dastur kodi oynasiga o‘tamiz va unda tavsiflash operatori varni qidiramiz.

4. Qiziqarli fanlar ilovasi. Bayroqchalardan foydalanishni o‘rganish uchun qiziqarli fanlar so‘rovnomasi ilovasini ishlab chiqamiz. Bu ilova o‘quvchilar orasida so‘rovnoma o‘tkazib, ularning qaysi fanlarga qiziqishlarini o‘rganadi. Ilovani soddalashtirish uchun aniq va tabiiy fanlarning bir nechtasi bilan chegaralanamiz.

Delphida yangi ilova yaratamiz. Unga to‘rtta CheskBox, ikkita Button va bitta Label obyektlarini quyidagi rasmda ko‘rsatilgandek qilib joylashtiramiz. Ilova oynasi va undagi obyektlarning sarlavhalarini Caption xossalari yordamida rasmdagidek qilib o‘rnatamiz:

Ilova kodiga n: array[0..4] of integer; operatorini oldingi bandda ko‘rsatilgan joyga kiritamiz (bitta oldingi rasmga qarang).

Bu massiv elementlariga boshlang‘ich qiymatni berish uchun ilova oynasi form1ni tanlaymiz (ilova oynasining boshqa obyektlardan bo‘sh joyida sichqonchani bosamiz). Object inspector da Events (hodisalar) jildiga o‘tib, undan OnCreate (yaratilayotganda) hodisasini topamiz va uning o‘ng tomonidagi bo‘sh katakchada sichqonchani ikki marta bosamiz.

Natijada ekranda dastur ilovasi oynasi va unda TForm1.FormCreate protsedurasi paydo bo‘ladi. Bu protsedurada begin dan oldin var i:integer; tavsiflash operatorini, undan keyin for i:=0 to 4 do n[i]:=0; sikl operatorini kiritamiz.

Endi ilova oynasida Button1ni ikki marta bosib, ekranning kursor turgan joyiga quyidagi dastur kodini kiritamiz.

n[0]:=n[0]+1; if Checkbox1.Checked then n[1]:=n[1]+1; Checkbox1.Checked:=False; if Checkbox2.Checked then n[2]:=n[2]+1; Checkbox2.Checked:=False; if Checkbox3.Checked then n[3]:=n[3]+1; Checkbox3.Checked:=False; if Checkbox4.Checked then n[4]:=n[4]+1; Checkbox4.Checked:=False; Bu operatorlardan birinchisi har safar OK tugmasi bosilganda (navbatdagi o‘quvchi ovoz berganda) ovoz berganlar sonini bittaga oshiradi. Keyingi to‘rtta if operatorining har biri CheckBox larda bayroqchalar o‘rnatilganligini tekshiradi va ular o‘rnatilgan (mos fanga ovoz berilgan) bo‘lsa, ovozlar soni saqlanadigan o‘zgaruvchi qiymatini bittaga oshiradi. if operatoridan keyingi operatorlar ovoz berish aniqlangandan keyin CheckBoxlarda bayroqchalarni olib tashlaydi va ilova keyingi ovoz berishga tayyor bo‘ladi.

Ovoz berish natijalarini ekranga chiqarish uchun xizmat qiladigan Natijalar tugmasini ikki marta bosib, uning protsedurasiga quyidagi operatorlarni kiritamiz:

Label1.Caption:='Qatnashchilar: '+Inttostr(n[0]);

Label1.Caption:=Label1.Caption+',Mat: '+Inttostr(n[1]);

Label1.Caption:=Label1.Caption+',Fiz: '+Inttostr(n[2]);

Label1.Caption:=Label1.Caption+',Kim: '+Inttostr(n[3]); Label1.Caption:=Label1.Caption+',Inf: '+Inttostr(n[4]);

Bu operatorlardan birinchisi ovoz berishda nechta o‘quvchi qatnashganligini, ikkinchisi matematikaga, uchinchisi fizikaga, to‘rtinchisi kimyoga, beshinchisi informatikaga nechta ovoz berilganligini Label1 obyektining Caption xossasi yordamida ekranga chiqaradi.

Ilovani ishga tushiramiz va uning to‘g‘ri ishlashini tekshiramiz. Quyidagi rasmlarda ilovaning o‘quvchi qiziqqan fanlarini tanlagandagi va so‘rovnoma natijalari aks etgan ko‘rinishlari keltirilgan:

 

1.                Bayroqchalar qanday vazifa bajaradilar?

2.                Ilovaga bayroqchalar qaysi obyekt yordamida kiritiladi?

3.                Bayroqchalarning o‘rnatilganligi qaysi xossasi yordamida tekshiriladi?

4.                Global o‘zgaruvchilar qayerda tavsiflanadi?

5.                O‘zgaruvchilarga boshlang‘ich qiymatlarni qayerda berish mumkin?