Iso Masihiy (1470-1512)
15 asrning oxiri 16 asr boshlaridagi turk she’riyati olamidagi yorqin yulduzlardan biri – Iso Masihiy (Priştineli Mesihi) 1470 yil Albaniyadagi kichik shaharlardan bo‘lgan Prishtinada tug‘ildi. Iso Masihiyning oilasi haqida, ya’ni uning ota-onasi, qanday muhitda bolaligi kechgani to‘g‘risida deyarli ma’lumotlar yo‘q. Shoir hayoti haqidagi asosiy fikrlarni Latifiy va Oshiq Chalabiylarning (“Mashoir ush-shuaro”) tazkiralariga suyanib aytish mumkin.
Bo‘lajak shoir yoshligida Istambulga kelib, madrasada o‘qiydi. Shu bilan birga, xattotlikni o‘rganadi. Yaxshi xattot, qobiliyatli shoir bo‘lgan Iso Masihiy Boyazid 2 ning vaziri a’zami Xodim Ali Poshoning nazariga tushadi va sulton devoniga ishga olinadi. Devon kotibi Iso Masihiyning daromadi yaxshi bo‘lib, tabiatan hissiyotli shoir Istambulda juda zavqli hayot kechiradi. Uning mehmondo‘stligi, ulfatbozligi tezda butun shaharga tarqaladi. Vazir Ali Posho shoir Isoning butun “erkaliklariga” ko‘z yumardikim, uning g‘azallarining ashaddiy muxlisi edi. 1511 yilda shialar bilan bo‘lgan to‘qnashuvda Ali Posho shahid bo‘lgach, Iso Masihiy homiysiz qoladi. Shoir shahzoda sulton Salim 2 ga, sadra’zamga bag‘ishlab qasidalar yozadi, biroq hech biridan iltifot ko‘rmaydi. Keyinchalik Bosniyaga ketadi va o‘sha yerda vafot etadi.
O‘z davrining eng yaxshi lirik shoirlaridan bo‘lgan Masihiy g‘azallari tilining soddaligi, uslubining nafisligi, bayon qilish, tasvirlashning originalligi bilan o‘quvchisini o‘ziga tortadi. Shoir Masihiy deb taxallus tanlashi ham bejiz emas. U she’riyatga yangi ruh bag‘ishlash, g‘azaliyotni yanada jonlantirib, yuqori pog‘onaga ko‘tarishni maqsad qilgan va bunga ma’lum ma’noda erishgan ham. Shoir devoni qasidalar va g‘azallardan tashkil topgan. Sulton Boyazid 2 ga, Ali Poshoga, Husan Poshoga, Salim 1 ga bag‘ishlangan qasidalari mashhur. 1511 yil Ali Poshoning o‘limi munosabati bilan yozgan marsiyasi va ilk bahor tasviriga bag‘ishlangan murabbasi Iso Masihiy ijodining gultoji deyish mumkin. Murabba 18 asrdayoq avval lotin, so‘ng fransuz, olmon, ingliz, rus tillariga tarjima qilingan. She’r quyidagi misralar bilan boshlanadi:
Tingla bulbul qissasin kim keldi ayyomi bahor,
Qurdi har bir bog‘aro hangoma hangomi bahor
Bo‘ldi simafshon anga izhori bodomi bahor,
Ayshu no‘sh etgil, kechar, qolmas bu ayyomi bahor.
Masihiy g‘azallaridagi bosh mavzu sevgi, muhabbat edi. Shu bilan birga shoir tabiat ko‘rinishlarini ham nihoyatda ustalik bilan tasvirlardi. Tabiat hodisalaridan go‘zal poetik tashbeh¬lar topardi. “Bahor tumanining namligi, tongda nozik uyqudagi gullarni uyg‘otish uchun… tong nasimi bulbullarni sayrashga undayotgandek”. Shoir g‘azallarida har bir gul ma’lum bir ma’no, ramz tashiydi. Yasmin – yorug‘ kun timsoli, binafsha – qorong‘u kecha. Tabiat tasvirini shoir shunchalik nafis, tiniq tasvirlaydiki, go‘yo o‘sha tasvir rasmini ko‘rayotgandek bo‘lasiz. Shoir mahorati haqida adabiyotshunos olim V. Garbuzova shunday yozgandi: “Masihiy Boqiydan oldin yashagan lirik shoirlarning eng yaxshilaridan biri edi. Uning g‘azali uslubning haddan tashqari chiroyliligi, tilning nisbatan soddaligi va bayonning birmuncha originalligi bilan xarakterlanadi”. Iso Masihiy turk adabiyoti tarixida birinchi bo‘lib, “shaharangiz” yozgan
shoirdir. Keyinchalik turk adabiyotida juda ko‘plab “shaharangiz”lar yozildi. “Shaharangiz” biror shahar tasviriga, shahar madhiga bag‘ishlangan she’riy asar. Masihiy o‘z “shaharangizi”da Edirna shahrini ulug‘laydi va kichikroq doston deyish mumkin bo‘lgan bu asarning kirish qismida shoir o‘z gunohlari uchun tangri oldida tavba qiladi. So‘ngra shahardagi turmush tarzi, ayniqsa hunarmandlar hayoti juda jozibali tasvirlanadi. Temirchi, ipakchi, paxta tozalovchi, hammom xodimi, tabib va boshqa kasb egalari haqida ma’lumotlar beriladi. Asarning tili ham jimjimador emas, keng xalq ommasi yaxshi tushunadigan tarzda yozilgan. Doston tez orada mashhur bo‘lib ketadi. Zamondosh shoirlar bu asarga taqlidan Istambul, Bursa, Manisa, Eskishahar kabi o‘sha vaqtdagi yirik shaharlarga bag‘ishlab “shaharangiz”lar yozadilar. Lomiy, Niholiy, Faqiriylarning “shaharangiz”lari bunga misoldir.
Masihiyning “Guli sadbarg” deb nomlangan, nasrda yozilgan, 100 maktubdan iborat asari ham ma’lum. Insho tarzida yozilgan, tili ravon bu asarni o‘sha davr nasrining namunasi deyish mumkin. Asarda yozish san’ati haqida so‘z yuritiladi.
Masihiy haqida Latifiyning “Tazkira”sida, Ogoh Sirri Levendning “Turk adabiyotida shaharangizlar va shaharangizlarda Istambul” kitoblarida ozmi-ko‘pmi ma’lumot berilgan.
MASIHIY MURABBASIDAN
Tingla bulbul qissasinkim – keldi ayyomi bahor,
Qurdi har bir bog‘aro hangoma hangomi bahor.
Bo‘ldi simafshon anga izhori bodomi bahor,
Ayshu no‘sh etgil, kechar, qolmas bu ayyomi bahor.
Qayta anvoi shukufi-la bezandi bog‘u rog‘,
Aysh uchun qurdi chechaklar sahni gulshanda o‘tog‘*.
Kim bilur, to bir bahorga kim o‘lib, kim qoldi sog‘,
Ayshu no‘sh etgil, kechar, qolmas bu ayyomi bahor.
Qildi shabnam qayta javhardor tig‘i savsani,
Jolalar oldi havoyi to‘plari-la gulshani,
Kez, tomosho ersa maqsuding meni esla, meni,
Ayshu no‘sh etgil, kechar, qolmas bu ayyomi bahor.
Ruhlari rangin go‘zallardir gul ila lolalar,
Kim quloqlariga turli javhar osmish jolalar.
Aldanib, o‘ylama; bular shunda boqi qolalar,
Ayshu no‘sh etgil, kechar, qolmas bu ayyomi bahor.
Bu gulistonda ko‘ringan lola, gul nu’man-la,
Bog‘ida qon oldi chaqmoq nishtari boron-la.
Orif ersang xo‘sh kechirgil bu dami yoron-la,
Ayshu no‘sh etgil, kechar, qolmas, bu ayyomi bahor.
Abri gulzor ustiga har subhi gavhar bor ekan,
Nafhai boda sahar pur nofai totor ekan.
G‘ofil o‘lma, olaming mahbubligi to bor ekan,
Ayshu no‘sh etgil, kechar, qolmas bu ayyomi bahor.
Oldi, gulzor ko‘rkin oldi bu siyoh bodi xazon,
Adl etib asta-sekin keldi yana shohi jahon.
Davlatida bodalar kom bo‘ldi soqi komiron,
Ayshu no‘sh etgil, kechar, qolmas bu ayyomi bahor.
_________
O‘tog‘ – o‘tov, uy, turar joy.
(Mirtemir tarjimasi)
MASIHIY G‘AZALLARIDAN
Agar afsuni ajal bog‘lamas ersa dahanim,
Jon berarda labining zikri bo‘lar har suxanim.
Sen sanam chehra uchun gar meni davron etsa hok,
Yuzingning oqligiga shahodat bergay kafanim.
Xori hijroning sening oyog‘imga kirsa nogoh,
Parilar g‘amza o‘qi birla chiqargay tikanim.
Shunchalar to‘pu tufang* otdi havodis mengakim,
Zahmidan ko‘p xaroba qal’aga do‘ndi badanim.
Ey Masihiy, men agar qo‘l yuvarsam bu olamdan,
Oftobim bo‘lsin xurshid, ham falak laganim.
_____________
To‘fang – miltiq.
* * *
Yashirmagin soching bo‘yini bizdan,
Ayo kutganimiz shumidi sizdan.
Aytdim boda dahani yor uchun roz,
Xabar ham yo‘lladim unga og‘izdan.
Sog‘inib yurarkan yo‘llar ustida,
Ahvoling so‘rardik yo‘ldan, izdan.
Sodiq emish magar zuhdiga so‘fiy,
Ki ko‘tarmas boshin xilvatda tizdan.
Raqibga, bilmadik, netdik Masihiy,
Ki hech olmayotir ko‘zini bizdan.
Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.