Bernar Dade (1916)
Bernar Dade (Bernard Dadié, 1916, Asini, Abidjan yaqinida, Kot-d’Ivuar) — yozuvchi, dramaturg, shoir, folklorchi. Frantsuz tilida ijod qiladi.
XALQIMGA
Ularga yot dunyodan chiqdim,
begonaman,
o‘gayman ularga!
Ular to‘qigan biron kitobda
men haqimda bitta ham so‘z yo‘q —
Chunki xalqning bolasiman men!
Biroq Afrika ham uyg‘ondi oxir
alg‘ov-dalg‘ov asr suronlaridan.
Odamlar,
bo‘sh kelmang, bo‘shashmang!
Mahbusxona,
chorrahalar,
ishchi baraklari oldida
hayqiraman duch kelgan odamga;
Sen o‘ziga-o‘zi xon, o‘ziga-o‘zi beksan,
axir sen xalqsan!
Kim o‘zin har nega
ega deb bilsa,
Kim seni ishlatib tishlasa noning.
Kim bog‘lab ko‘lingni kiydirsa kishan,
Kim bo‘g‘sa bo‘yningdan asrlar bo‘yi
Liq to‘la sandiqning ustida turar.
O‘ylashar chiriydi deb
shu sandiqda
bizning erkni, bizning baxtni.
Ana, karillashar harom boyligu
zo‘ravonligidan quturib.
Har oqshom hisoblab foydani
«Qora» deb kulishar ustingdan.
Bunga o‘zing yo‘l qo‘yding —
Bo‘yningga zahmatdan soldilar kishan.
Elkangda qamchinlar izi — achishar.
Ammo sen o‘ziga-o‘zi xon,
o‘ziga-o‘zi beksan —
axir sen xalqsan!
U, erki o‘zida xalq!
Anglarmisan sen
Haqorat dilingni og‘ritmasmi hech?
Orzuing toptashar surbetlik bilan,
Achchiq hasratingdan shodmondir ular,
Iflos etik bilan tepib ko‘ksingga
«Qulsan! — deb jirillar. — Qulligingcha qol!»
Xo‘rlik o‘zligingni qildi notayin.
Sen erkinmi shunda?
Ha! Faqat sen!
Sen o‘ziga-o‘zi xon,
o‘ziga-o‘zi beksan!
Sen sug‘ording yerni qon ila,
Sholi ekding, qurding ko‘priklar.
Ip yigirding. Qilding —
neki kelsa inson qo‘lidan.
Va sen, faqat o‘zing
Boshpanasiz, nonsiz izillab yurding.
Mahbusxona darvozasi oldida
yotding changga belanib xor-zor.
O‘, o‘ziga-o‘zi xon,
o‘ziga-o‘zi bek xalq!
….Ularga yot dunyodan chiqdim,
begonaman. Kuchliman ulardan.
Ular to‘qigan biron kitobda
men haqimda bitta ham so‘z yo‘q —
chunki xalqning odamiman men.
Qadimiy Afrika uyg‘ondi lekin,
alg‘ov-dalg‘ov asr suronlaridan.
Odamlar,
bo‘sh kelmang, bo‘shashmang!
Mahbusxona, chorrahalar,
ishchi baraklari oldida
hayqiraman
o‘z yerimning odamlariga:
Sen — zavodlar shohi!
Sen — dalalar sultoni!
sen — xalqsan,
demak,
O‘ziga-o‘zi xon,
o‘ziga-o‘zi beksan!
MEN BUNI BILAMAN
Mashina olishga yetmasa kurbim —
Odam qatoriga qo‘shishmas ular.
Hech vaqo bo‘lmasa kissamda agar —
Odam qatoriga qo‘shishmas ular.
Hashamdor hovlim ham bo‘lmasa —
Odam qatoriga qo‘shishmas ular!
Ha, men buni bilaman!
Topolmasam hech narsa
To‘lashga suv pulini —
Odam qatoriga qo‘shishmas ular.
Surishar u joydan-bu joyga doim,
ortiqchaman ular ichida.
Eski, yirtiq lattadek otishar derazadan,
qornim ochdir, yuragim qalqar ichki larzadan.
Uyalaman ulardan!
Ular ta’qib etar meni o‘g‘ri deb,
Ochligim xavf solar boyliklariga.
Izg‘ir doim izimdan qo‘yilgan ayg‘oqchilar.
Xavfliman sandiqlari,
seyflari uchun.
SarqitI, banklari,
tartib, hukumati uchun.
Negaki men — yo‘qsul, sadaqa qilolmayman.
Ularda shafqat hissin qo‘zg‘ataman doimo.
Ha, men buni bilaman!
Ammo kelar bir tun — ulug‘ do‘nishlar tuni,
Ular tortishar xira,
so‘ngra chirib bitarlar,
Uz nohaqliklarI so‘ng bor chaqnab o‘ldirar.
Xalq qo‘zg‘alar, demak, ertaga.
Ha, qo‘zg‘aladi xalq.
Ha, qo‘zg‘alar qullik ila kishanband etilgan
xalq.
Mehnatning muzaffar qo‘shig‘i
Birlashgan kishilarga
Baxsh etadi shodlik.
Va yuraklar zarbiga bo‘lib ketar hamohang.
Ha, ertaga! — G‘olib chiqadi inson.
Qit’alar birlashib baxtiyor bo‘lgay.
Oqu qora, sariq-yashil — hammasi
Birodar bo‘ladilar!
Ha!
Oqu qora, sariq-yashil — hammasi
Birodar bo‘ladilar!
Bizlarni muhabbat birlashtirar abadiy.
Biz manmanlik, ochlikni o‘ldiramiz manguga.
Er yuzida toki hech inson
Orzu qilayotgan insonni,
Qayg‘u chekayotgan insonni,
Sevayotgan insonni,
Yashayotgan insonni —
O‘z jigarin ezmasin
Hech qachon, hech qachon, hech qachon!
ZANJIRLAR
Yoqayin deb xo‘jamga
habash o‘zga habash bo‘yniga
osayotgan zanjirlar
qanday og‘ir, og‘irdir.
To‘smang xalqning yo‘lini!
Bitsin zanjirlar,
Qochsin yo‘ldan g‘ovlar!
Toza suvlar ko‘msin yer yuzin —
kirlik, ifloslikni supursin!
Yoqayin deb xo‘jamga
habash o‘zga habash bo‘yniga
osayotgan zanjirlar
qanday og‘ir, og‘irdir.
Qo‘llarimni qisib og‘ritgan zanjir
og‘ir, og‘ir, og‘irdir axir!
Parchalansin, bitsin kishanlar!
A’zam O‘ktam tarjimalari
YoQTIRMAYMAN
Biz qoralarga bo‘yinbog‘ nechun?!
Men olifta Yevropa
bo‘ynimga taqqan itning zanjirini
osib olganman.
Belimga kamar emas,
zobit Yevropaning
zanglagan kishanini taqqanman.
Boshimda temir qopqoq,
devona Yevropaning qopqog‘i.
Dubulg‘ani menga ravo ko‘rishmas.
O‘limni olib yuraman qo‘limda,
alahsiragan Yevropaning o‘limini.
Qo‘llarim soat taqishni yoqtirmas.
Toshlarni yomon ko‘raman,
zalvorli qabr toshlarini,
zindonlarning devoridagi toshlarni.
Qabristonlar yonidagi
toshdan tiklangan mahbusxonalarni
qo‘riqlayotgan soqchilarning qo‘lidagi
kalitlarni yomon ko‘raman.
Yomon ko‘raman
raqsga tushayotgan shaharlar uzra
tun sukunatida sirtlon kabi qichqirayotgan
qarg‘alarning chinqirig‘ini.
Ko‘rishni istamayman
bolalarning ko‘zidagi yoshni,
onalarning qarashidagi g‘am-g‘ussani.
ilojsizlikdan tirishgan peshonalarni,
azobga botgan nigohlarni,
qo‘rquvdan sarg‘aygan yuzlarni,
ko‘rishni istamayman.
Ko‘r bo‘lsam yaxshiydi,
har kun ko‘rguncha
yupun ayollarni,
zabun erlarni.
Tilanib turgan bolaning
dildiragan qo‘llarini
ko‘rishni istamayman.
Sadaqa so‘rab turgan
Kelajakni…
ko‘rishni istamayman
Istamayman!..
QO‘LLARIMIZNING ChIZIQLARI
Kaftdagi chiziqlar,
Qo‘ldagi chiziqlar —
Parallellar to‘rimas,
Meridianlar halqasi emas.
Tog‘ yo‘llari emas,
Daraxt po‘stlog‘idagi o‘yiqlar emas,
Qadim janglar izi – chandiqlar emas.
Kaftdagi chiziqlar,
Qo‘ldagi chiziqlar —
Ilonizi xandaqlar emas,
Tikonzorlar aro o‘tgan
So‘qmoqlar to‘rimas,
O‘pqonlarning qovoq uygan darzimas.
Kaftdagi chiziqlar,
Qo‘ldagi chiziqlar —
Uqubat ildiz otgan
Torko‘chalarning chalkashligimas,
Ko‘z yoshlarining achimsig‘ini shimgan
Ariqlarning nozik kalavasi emas.
Qahr zanijirimas,
Dor ipi emas…
Kaftdagi chiziqlar,
Qora, oq, sariq
Qo‘llardagi chiziqlar —
Chegara tasmalari emas,
Dalalarning marzasimas,
Uvatlar emas,
Janjallar to‘pini bog‘lagan
Kanoptola to‘qimasimas.
Qo‘ldagi chiziqlar —
Hayot yo‘lidir,
Do‘stlikning va yorug‘ Taqdirning,
Baxtning va Ko‘ngilning chiziqlaridir.
Qo‘ldagi chiziqlar —
O‘lganlar va tiriklarni
Abadiy bog‘lagan,
Turli mintaqalardagi do‘stlarni
Bog‘lagan
Nafis zanjirdir.
Qo‘ldagi chiziqlar
Qoramas,
Oqmas,
Sarg‘ishmas.
Qo‘ldagi chiziqlar
Orzularimizni
Bir guldasta kabi bog‘lagan
Rishtadir.
ART KO‘Z YoShLARINGNI!
Afrika, art ko‘z yoshlaringni!
Bolalaring qaytmoqda,
qaytmoqda jonajonlar,
Bo‘ronlar, chaqmoqlar oralab,
samarasiz sargardonlikdan
qaytmoqda
ovvorayi jahonlar.
To‘lqinlar qahqahasi va yelvizak shiviri ostida,
tong shafag‘iga o‘ranib,
shom yallig‘ida tovlanib,
mag‘rur cho‘qqilardan tushib,
oftob otash sochgan savannalardan
dashtu biyobonlardan
kelmoqda sen tomon,
bo‘ronlar, chaqmoqlar oralab,
besamar tentirashlardan
qaytmoqda ular.
Afrika, ko‘z yoshlaringni art!
Bizning yuraklarimiz
achchiq qismat
va shonlarning
barcha buloqlaridan
to‘yib ichgandir.
Qalbdarimiz ochiq
yarqiragan diydoring uchun,
o‘rmonlaringning xush bo‘ylari,
suvlaringning jodusi,
osmoningning moviyligi uchun,
nurlaringning erkalashi,
shabnamga chayilgan maysalaringning jozibasi uchun
tashna qalblarimiz.
Afrika, art ko‘z yoshlaringni!
Bolalaring qaytmoqda.
Kaftlarida tuhfalari bor,
qalblarida — ishq.
Bolalaring qaytmoqda
seni orzular va umidlarning
libosiga burkamoq uchun.
FARANG OHANGIDA MUNOJAT
Zolimlar ahlidan
qutqar, Xudoyim.
Johillar jahlidan
qutqar, Xudoyim.
Josuslar sehridan
qutqar, Xudoyim.
Ozod qilaman deb aldayotgan Yevropaning
aldamchi mehridan
qutqar, Xudoyim.
Ularning cheki yo‘q mulk da’vosidan
qutqar, Xudoyim.
Yana mansabdorning nafs balosidan
qutqar, Xudoyim.
Mustamlakachilikdan,
yakkahokimlikdan
qutqar, Xudoyim.
Afrika “muammosida ilmi zo‘r”lardan
qutqar, Xudoyim.
Muzaffar munofiqlardan, riboxo‘rlardan
qutqar, Xudoyim.
O‘lganlar ruhiga orom ber, Tangrim.
Qo‘shiqlarimiz va orzularimiz haqdir.
Avvalo bizni
qulligimizga sabab bo‘layotgan
nafsimizdan
va hammaga ishonib ketaverishimizdan,
laqmaligimizdan
qutqar, Xudoyim.
Omin!
ZANJIRLAR
Og‘ir, og‘ir, judayam og‘ir —
Xo‘jayinga yoqmoqlik uchun
Zanji
Zanji uchun yasagan zanjir.
Xalq yo‘lini to‘smang, olg‘a yo‘l olsin!
Zanjirlari sinsin,
Tushov yo‘qolsin!
To‘siqlarni kechib uyg‘onsin jonlar,
Yiqilsin devorlar, yitsin to‘g‘onlar.
Toza suvlar toshsin, bog‘larga yursin,
Chirkin jinoyatlar qonini yuvsin!
Og‘ir, og‘ir, judayam og‘ir —
Xo‘jayinga yoqmoqlik uchun
Zanji oyog‘iga
Zanji osgan zanjir.
Og‘ir, og‘ir, dahshatli og‘ir
Qo‘llarim bog‘lagan bu temir zanjir!
Sinsin, axir, yo‘qolsin, axir!
Karim Bahriyev tarjimalari