Jahon
October 3, 2020

Pir Sulton Abdal (1510-1589)

Pir Sulton Abdal (Pir Sultan Abdal) xalq xotirasida haqsizlikka qarshi kurashgan va shu kurash yo‘lida dorga osilgan jasur shoir sifatida muhrlanib qolgan. U 1510/14 – 1589/90 yillar orasida yashagan deb taxmin qilinadi.
Shoirning asl ismi Haydar bo‘lib, u Sivash mulkiga tobe’ Banaz qishlog‘ida dunyoga kelgan.Banazda bugun ham Pir Sulton Abdalniki bo‘lgan deb taxmin qilinadiga uy, shoirning tirikligidayoq mavjud deb hisoblanadigan majnuntol, uning yonida esa Pir Sulton Xurisondan qaytayotganda hassasiga ilib olib qaytgan deb naqk tiladigan tegirmontoshi bor.
Yigirma yoshida o‘sha davrning yirik murshidlaridan biri — Bektoshiya-Alaviya tariqatida bo‘lgan Said Ali Sylton Dadaning dargohiga boradi.Besh yil davomida kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay xizmat qilgan Yaydar murshididan yetuklik xirqasi va nishonini olgach, tez orada dilini, tilini va qo‘lini haromdan asrash yo‘lidagi chekkan mashaqqatlari evaziga oddiy xalq orasida Pir Sulton nomi bilan mashhur bo‘ladi.Uning haqsizlikka, zolimlarning zulmiga qarshi toqat qilmay, kurash yo‘liga kirishi oddoy xalqning muhabbatini yana-da oshirardi.
Pir Sulton Abdal faqat she’rlari bilan emas, qo‘lga qurol olib zulmga qarshi chiqdi.Anadolu alaviylarining qo‘zg‘oloniga rahbarlik qilganlardan bo‘lgani uchun shoir Sivash hokimi Xizir Roshsho tomonidan qatl etiladi.
O‘tgan asrlar davomida Pir Sulton Abdal adolat va haqgo‘ylik timsoli bolib keldi, uning she’rlari ham insonlar yuragiga eng ezgu tuyg‘ularni olib kirishdan to‘xtamadi.

MANIM ZULFI SIYoHIM

Dod dastingdan, manim zulfi siyohim,
Bir o‘q tegdi, siynam yaralandi, kel.
Bu oxir zamonda yig‘latma mani,
Bu kun savdo jondan orolandi, kel.

G‘amdan iboratdur makonim, yurtim,
Yangramas ovozim, chiqmaydi dodim,
Bir emas, besh emas, o‘n emas dardim,
Qovunlar bosh berdi, shiralandi, kel.

Hasrating-la qabrim qaziymi, so‘yla,
Majnunina rahm etmasmi Layla,
O‘limli dunyodir, kel, halol ayla,
Yuklandi karvonim, kirolandi, kel.

Ne cheksayam, dardli siynam dog‘ bo‘lmas,
Kunlar kelib ketar, umr sog‘ bo‘lmas,
Nashtar tegib yaralarim yo‘q bo‘lmas,
Umrimning qog‘ozi qoralandi, kel.

Pir Sulton Abdalam, haftada, oyda,
Kunlar kelib ketar, yetmaydi foyda,
Ko‘nglim Haq orzular, jonim hoy-hoyda,
Tuprog‘im ustimga kuralandi, kel.

KEL-KEL

Yig‘latmagin mani, dardim buloqdir,
Oshiqlar maydonga shoshmasdan, kel-kel.
Manim jigarjoyim tilim-tilimdir,
Qaynab-da, ko‘krayib toshmasdan, kel-kel.

Falak bir bilarzik* taqdi qo‘lima,
Xayf, yorim rahm etmas holima,
Ajal sharbatini berdi qo‘lima,
Soqiyo bu jonim ichmasdan, kel-kel.

Kel bizning bog‘chaga, aylagin sayron,
Bulbul oshiq bo‘lmish bir gulag hayron,
Sani Mandan bir kun ayirur davron,
Ayriliq o‘rtaga tushmasdan, kel-kel.

Bunda besh-o‘n kunlik ro‘zg‘orim qoldi,
Omonat sohibi keldi-da oldi,
Yuklarim yuklandi, oldimda yo‘ldir,
Umrimning karvoni kechmasdan, kel-kel.

Pir Sulton Abdalam, kechdi umr yozi,
Endi chekmas bo‘ldim javr ila nozin,
Havolanib uchdi ko‘nlimning bozi,
To‘yguncha quvonib uchmasdan, kel-kel.

Turkchadan o‘zbekchaga Xurshid Davron tabdil etgan.

"Yosh kitobxon" kitoblari