Farididdin Attor (1145-1221)
Jahon so‘z san’atining zabardast namoyandalaridan biri, yirik mutasavvif shoir Farididdin Abuhomid Muhammad ibn Abubakr Ibrohim Nishopuriy (فريد الدين العطار) Nishopur atrofidagi Kadkani qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Abubakr ibn Ibrohim attor va tabib edi. Bu kasb o‘g‘liga ham meros bo‘lib o‘tgan. Shoirning Attor nomi bilan xalq ichida mashhur bo‘lishi va uni adabiy taxallus qilib olishi shundan.
Yoshligidan ilm tahsiliga qiziqqan Muhammad adabiy, diniy, hikmatu kalom, nujum, tib va dorishunoslik fanlarini chuqur o‘zlashtirib, o‘z davrining peshqadam kishilaridan biriga aylanadi. U so‘fiylik muhiti va tasavvuf ahli orasida yashaganidan bu ta’limot unga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Uning o‘zi ham yirik shayx va avliyo bo‘lgan. Shayxlar shayxi Majdiddin Bag‘dodiy qo‘lidan darveshlik xirqasini kiygan. Eronlik mashhur adabiyotshunos Sayid Nafisiy ham uni kubraviya tariqatining davomchisi bo‘lgan, deb hisoblaydi. Shunga qaramay, Attor tariqat sulukida Shayx Rukniddinning muridi sanaladi. Aslida u uvaysiy bo‘lib, mashhur so‘fiy Mansur Hallojning ruhidan tarbiya topgan. Alisher Navoiy Jaloliddin Rumiy tilidan bu haqda:
«Shayx Mansur Halloj nuri yuz ellik yildin so‘ngra Shayx Farididdin Attor ruhiga tajalli qildi va uning murabbiysi bo‘libdir», — deb yozadi. Ayni paytda, Attor Jaloliddin Rumiyning kelajagini bashorat qilib, unga o‘zining «Asrornoma» kitobini hadya etgan.
Rumiyning: «Attor ruh edi-yu, Sanoiy uning ikki ko‘zi. Biz Sanoiy va Attor izidan keldik», — degan iqrori bejiz emas. Alisher Navoiyning ham Attorga ixlos-e’tiqodi baland bo‘lib, besh yoshida «Mantiq ut-tayr»ni yod olgani, bir umr uning ijodidan ta’sirlanib, hayotining so‘nggida unga «tarjuma rasmi bila» javob aytgani — «Lison ut-tayr»ni yaratgani ma’lum. Bu dostonda Navoiy Attorni — Qaqnus, o‘zini — Qaqnus bolasiga o‘xshatgan edi.
Attor juda sermahsul shoir bo‘lib, undan 50 ming bayt she’riy asar qolgan. Shoirning she’riy devoni, «Muxtornoma» ruboiylar to‘plami, «Mantiq ut-tayr», «Xusravnoma», «Asrornoma», «Ilohiynoma», «Musibatnoma», «Bulbulnoma», «Ushturnoma», «Javhar uz-zot» dostonlari va «Tazkirat ul-avliyo» tazkirasi ayniqsa mashhur.
Attor asarlari, asosan, tasavvuf haqiqatlari bayoniga bag‘ishlangan. Shuning uchun ham uning tasavvuf adabiyotidagi maqomi yuksak. Mutasavvif shoir bo‘lganligi uchun Sho‘ro davrida bizda Attor ijodiga mutlaqo murojaat qilinmagan. Mustaqillikdan keyin Najmiddin Komilov shoirning «Ilohiynoma» masnaviysining nasriy tarjimasini e’lon qildi. Kitobga Attorning hayoti va ijodini yorituvchi, dunyoqarashi va asarlarining mohiyatini ochib beruvchi kirish va so‘ng so‘zlar ham ilova qilingan. Mirzo Kenjabek esa «Tazkirat ul-avliyo» asarini turkchadan tarjima qilib, nashr ettirdi.
Farididdin Atgor — forsiy so‘z san’atidagi zabardast ruboiynavislardan biri hisoblanadi: uning «Muxtornoma»si 5000 ta ruboiyni o‘z ichiga oladi. Albatta, ularning barchasi bizgacha yetib kelmagan. Asarning Eronda nashr etilgan so‘ngga nashrida, ilovalar bilan qo‘shib hisoblaganda, 2279 ta ruboiy berilgan.
So‘fiyona ruh va mazmunga yo‘g‘rilgan bu ruboiylar, bir so‘z bilan aytganda, Ollohni ulug‘lash, ilohiy ishqni avj pardada kuylash, insonlik mohiyatini anglash, kamolot yo‘lida parda bo‘lgan jism, nafs va dunyoni mazammat qilish, ma’shuqa ta’rif-tavsifi, visol umidi-yu, ayriliq azoblari tasviriga bag‘ishlangan.
1
Ey dil, shod bo‘l, yaxshi-yomon o‘tgusidir,
Bir kuni qulni begumon o‘tgusidir.
Bor ne’matiyu quvonchi bu dunyoning
Umring kabi solgancha suron o‘tgusidir.
2
Sham shulasi tushmish sharobga bu kecha,
Sust ketdi dilim mening kabobga bu kecha,
Qo‘y uyquni, ber quloq rubobga bu kecha,
Obod ne bor, yuz tutar xarobga bu kecha.
3
Gul ochdi yuzin, biz-da ko‘ngil ochgaymiz,
May shavqi bilan g‘am qo‘lidan qochgaymiz.
Gul qovjiragay o‘tsa bahor, vaqt yetsa,
Bizlar-da ajal sharbatini ichgaymiz…
4
Imkon bor ekan, topib yaqin ulfatni,
Bog‘-rog‘lar aro joyiga qo‘y ishratni.
To bog‘lamayin qo‘lu oyog‘ingni ajal,
Sol ishga, uvol qilma kuchu quvvatni!
5
Gul jilva qilib, yashnadi bo‘ston, ey do‘st,
Sayr ayla g‘animatda guliston, ey do‘st;
Xar narsani xohlasang — muhayyo bunda,
Qil aysh ila ishratni bearmon, ey do‘st!
6
Gul to‘nini chok qilibdi — kirsam boqqa,
Ko‘r: g‘unchani yel solibdi ne qiynoqqa.
May ich, yel esar sensiz-u mensiz ham ko‘p,
Biz-chi, yotamiz boshni qo‘yib tuproqqa.
7
Dunyo to qiyomat bevafo bo‘lgaydir,
Haq bandasiga ishi jafo bo‘lgaydir.
Ming yil yashasang-da Nuh kabi dunyoda,
Bir kun seni jisming-da fano bo‘lgaydir.
8
Ey dil, chekasan jahon g‘amini tokay?
Kelgan o‘sha labga jon g‘amini tokay?
It, cho‘chqaga kon bu iflos manzil aro —
Chekmoq do‘zaxiy taom g‘amini tokay?
9
Ey dil, bu tuban dunyo uchun xor bo‘lma,
Murdoriga karkas* qushidek yor bo‘lma.
Dunyoga jaxrn xalqi giriftor bo‘ldi,
Sen o‘zni tani — unga giriftor bo‘lma.
_________
* Karkas — o‘limtik bilan kun ko‘ruvchi yirtqich qush.
10
Tokay bu jahon bizga qilar ranju sitam?
Qiynaydi qachongacha xayoli ko‘nu kam?
Hech narsaga arzimaydi har ikki jahon,
Har narsa uchun muncha chekarmiz nega g‘am?
11
Ey dil, bu xatarli yo‘lda misli bodsan,
Osmonu zamin tashvishidan ozodsan.
Oy nur sochadi — to‘yib-to‘yib boq ko‘kka,
Besh kun bu hayot zavqi bilan to shodsan.
12
Dil bo‘ldi gunohdan siyoh, ey soqiy,
Keltirdi figon, dodga gunoh, ey soqiy,
Tavba sari tuggil endi roh, ey soqiy,
Umr yetdi nihoyasiga, oh, ey soqiy.
13
Na yangi bo‘lar qayta bu ko‘hna jahon,
Na xohishiga ko‘ra qilar ish inson.
Ey soqiy, agar may ber-u, gar berma sira,
Sirlar bari sirligicha qolgay pinhon.
14
Sultonsan mayxo‘rga mudom, ey soqiy,
Biz bog‘lab bel, senga g‘ulom, ey soqiy.
G‘am dastidan o‘ldik, jon bag‘ishla endi —
Bizlarga tutib bir-ikki jom, ey soqiy.
15
Ishqing g‘ami kimda bu qadar bo‘lgaydir,
Durdkashu* rindu darbadar bo‘lgaydir.
Lavh uzra yozishdi: buni(ng) bosh-oxiri yo‘q —
Ul har kuni yuz bora batar bo‘lgaydir.
___________
* Durd — may quyqasi, qoldig‘i. Durdkash — may quyqasini ichuvchi; mayxo‘r; o‘ta ichuvchi. Tasavvuf adabiyotida yakrang so‘fiylar, malomatiylar tushunchasida o‘tgan, qo‘ldan ketgan ish ma’nosida keladi.
16
Ey do‘stlar, ajal fe’lini xo‘b bilgaysiz,
Har kun necha bor o‘zni rizo qilgaysiz.
Vaqt borida jam bo‘ling, keyin ming istab,
Hech birga bo‘lolmassiz-u, soch yulgaysiz.
17
Qay kun meni ishqiga duchor keltirdi,
Besabru qaroru bemador keltirdi,
Tasbehu ridoyu zunnor keltirdi,
Jon o‘rniga, ko‘r, nelarni yor keltirdi?
18
Ishqingda dinimni yangilab olgim bor,
Tarsobachaning do‘sti bo‘lib qolgim bor.
Zunnorni qavat-qavat belimga bog‘lab,
Dastorni sharobga ayribosh qilgim bor.
19
Yor ishqi tilar: bedilu bedin bo‘lsam,
Xummoru xarobotiyu Majnun bo‘lsam.
Devonaligim tufayli orzu qilaman:
Eng oqilu men — barchadan ustun bo‘lsam!
20
Zohidligu taqvodorligim o‘tdi hisob,
Endi menu yangi dard ila ko‘hna sharob.
Kun-kecha din ichra avvalu oxir edim,
Bu kun menga avvalu oxir dayri xarob.
21
Shu sallani tashvishi meni ko‘p qiynar,
Jon tinchir edi sharobga almashsam gar.
Kissamda agarchi bir chaqam yo‘q, ammo,
Har ikki jahon chimchilog‘imda o‘ynar.
22
Bu kecha sochar nur oy guliston ichra,
Bu kecha ochar yuzin gul bo‘ston ichra.
Gul rangli sharobni quy, bo‘larmi uxlab,
Bu kecha charogon bu shabiston* ichra?!
__________
*Shabiston — tungi yotoq; xilvatxona; ishratxona, bazmgoh.
23
Biz bu kecha mayxona aro bo‘ldik jam,
Tinglab nayu chang, qolmadi dillarda g‘am.
Har ikki jahonni unutib, bo‘ldik shod,
Hamroh edi bizga mayu ma’shuqayu sham’.
24
Tog‘ orqasidan yuzini ko‘rsatdi kun,
Shod ayla diling, har nima bo‘lsa-bo‘lsin!
Umringki vafo qilmasa, ne foydasi bor —
Har qancha uying oltinu zarga to‘lsin?!
25
May tut, sanamo, dil g‘amu hasratga to‘la,
Yuvsin u jahon qayg‘usini bir yo‘la.
Tez bo‘l! Qara: maysa chiqa keldi yerdan,
Sen kirmay yerga jomni jomga ula!
26
Atrofga boqib, yurak-yurakdan ilg‘a:
Er misli behisht, oqadi tog‘dan jilg‘a.
Sahro-da behisht kabi, jahannamni unut,
Hurdek yor ila kez bu behishtni birga!
27
Qo‘zg‘al, qani, gul kissasidan zar to‘kadi,
Oftob-da muvofiq unga gavhar to‘kadi.
Zar bo‘lsa agar, qum kabi to‘k-u, may ich,
Bir kun seni-da falak muqarrar to‘kadi…
28
Gul jilvasi gulshan ichra paydo bo‘ldi,
Bulbul tili yechildi-yu, shaydo bo‘ldi.
Billur kabi jomga quy qizil may, bog‘ ham —
Yomg‘ir suvidan misoli miyno* bo‘ldi.
____________
* Miyno — shisha, may shishasi; oyina; may.
29
May tut, qani, jono, toza gul ochildi,
Bulbul tilidan so‘z guhari sochildi:
Er qa’rida yolg‘iz yotishin kim bilsa,
Yolg‘iz o‘tirishni u kishi bas qildi.
30
Bas, qancha davom etgusi bu bedodlik?
Kunlar quvishar tekkanidek ozodlik.
Quy mayni hayallamay, umr o‘tmoqda —
Qasrat ila bilmay nima ayshu shoddik.
31
Ko‘p izladi-yu, topmadi dil bir hamdam,
Bor intilish-u orzusi topdi barham.
Takdir ishiga tan ber-u, may ich, yillar —
Ming ista, buyurmagan edi shu dam ham.
32
Ishq ichra ulug‘ligim kichiklikka garov,
Bu yuzni(ng) qizilligi sariqlikka garov.
Din sof mayining qatrasi ham yo‘q menda,
Sajjodani durdaga qilay tikka garov!
33
Dunyo degani aslida bir rasvo joy,
Bu rasvo joyda nima izlaysan, hoy?
Deysanki: bu dunyoda omonatman, voy,
Lek past ketasan — so‘z va ishing poyma-poy.
34
Bu dunyoi g‘addorni ne qilgaysan?
Bu dushmani oshkorni ne qilgaysan?
Bas, sen na it-u, na cho‘chqa, na qoplonsan,
Bu manzili murdorni ne qilgaysan?
35
Bu dasht aro jon agarchi sarson kechdi,
Bir qilni-da bilmay, necha qil yechdi.
Ko‘nglimda agarchi ming quyosh porlar edi,
Bir zarra kamolga yo‘l topolmay o‘chdi…*
__________
* Bu ruboiy Abu Ali ibn Sinoga ham nisbat beriladi.
36
Jonni so‘ramang, oshiqi ul diydordir,
Dilni so‘ramang, volai* ul guftordir,
Bu jonu dilim xazinai asrordir,
Lekin, ne qilay tilimni(ng) qulfi bordir.
___________
* Vola — oshiq, shaydo, maftun.
37
Bir oshiqi pok-u, bir dili zinda qani?
Bir kuyganu befikri parokanda qani?
Kimni qarama: o‘z g‘amu dardiga asir,
Bas, ikki jahonda Tangriga banda qani?!
38
Ey dil, ma’rifat mayidan qilding no‘sh,
Sotma ilohiy sirni, tutib og‘zing bo‘sh.
Sal narsaga tog‘ chashmasidek urma jo‘sh,
Daryo bo‘lasan, agar o‘tirsang xomush.
39
Ey dil, bari chorang seni(ng) bechoralig-ey,
Bir go‘shada o‘ltirganing ovvoralig-ey,
Non senga — jigar, suving-chi — xunxoralig-ey*,
Alqissa, ilojing seni(ng) bir boralig-ey.
____________
* Xunxora — bu yerda: qon ichuvchi.
40
Ey tolibi Haq, bechora bo‘lma muncha,
O‘zni unutib, ovvora bo‘lma muncha.
Mardlar kabi o‘z botinishta ayla safar,
Ahli nazara nazzora bo‘lma muncha.
41
Iqror yo‘lida na bir qaroring bordir,
Inkor safidan na chet — kanoring bordir,
Chunki qilasan xayol ishim yengil deb,
Ey akli qasir, uzui koring bordir…
42
Goh tonggi fig‘on uchun senga qo‘l beradi,
Goh bir oh uchun tuhfani mo‘l-ko‘l beradi.
Bexud bo‘lishni istashimning sababi:
Bexud qilsa, O‘zi sari yo‘l beradi.
43
Bas, qildi ado meni bu yoqimsiz ish —
Yuz yo‘l ila har kun o‘zni o‘ldirish.
Bir juft mug‘ona* may tila Zardushtdan,
Echib niqob, odamni qilay namoyish.
_________
* Mug‘ona may — ilohiy tajalliyot nuri va murshidi komilning qudsiy nafasiga ishora.
44
Zohid kabi tokay riyo qilgaysan?
May quyqasini simirki, mard bo‘lgaysan.
Qon bo‘ldi jigar zuhdu munofiqlikdan,
Ey rindi qalandar, qachon kelgaysan?
45
Tarsobacha tavbamni meni sindirdi,
Keldi kecha — zulfini qo‘limga berdi,
Chorlab meni raqs etgali qaytdi-ketdi,
Zunnorni qavat-qavat o‘radi-bordi.
46
Boshimda na bir kibru xavo ko‘rgaysan,
Ko‘nglimda na arzu iddao ko‘rgaysan,
Nuqta kabi dardu g‘am yuborgil menga,
Chin kufru ovoralikni to ko‘rgaysan.
47
O‘z qobig‘ing ichinda tutibsanmi maqom,
Ishq ichra kamol yo‘q senga, ishing hali xom.
Pok bo‘lmasa har ikki jahondan ko‘ngling,
May quyqasi mayxona aro senga harom.
48
Tongda dil o‘tidan bemalol, ey soqiy,
May qaynadi-yu, bo‘ldi halol, ey soqiy.
Riyo ila yaxshilik qilishdan afzal
May birla qimor-da, ehtimol, ey soqiy.
49
Hasratda yoqib, joning olar ishq dardi,
Darmondir unga faqat qalandar durdi.
Darvesh dilidan sidq ila uchgan ohning
Zohidga nasib bo‘larmi hatto gardi?!
50
Ishtahang bo‘lsin karnay, ey soqiy,
To‘lsin ichishta taomu may, ey soqiy.
May ber, bu dil ibtidoda qon bo‘lgan edi,
Intihoda to tavba qilay, ey soqiy.
51
Tokay bu zamondan chekaman g‘am, soqiy?
Xushmasmi sanam zulfini tutsam, soqiy?
To qo‘lda shu imkon bor ekan, boy bermay,
Zulfini tutib, qo‘ynida yotsam, soqiy!
52
Bizdek hali ko‘plarni tayin, ey soqiy,
O‘z komiga tortar bu zamin, ey soqiy,
Ko‘nglishta buni olma yaqin, ey soqiy,
O‘tmoqda umr — qadahni sun, ey soqiy!
53
Taqvoni desang, so‘zu gudozdan qolasan,
Kibr paydo qilib, shavqu niyozdan qolasan.
Tegramda ko‘p aylanma mening, ey zohid,
Bu darveshu rind uchun namozdan qolasan.
54
Xohlar esang o‘zni unutishni oson,
Foniy bo‘l — orzushta yetarsan shu zamon.
Bir lahza qalandarlik bozoriga kir,
Qoshingda bo‘lar namoyon har ikki jahon.
55
Tokay avom elni deb nuqul, ey soqiy,
Kissang og‘iru diling yengil, ey soqiy,
Tokay bu adovatu chug‘ul, ey soqiy,
O‘tkinchi jahonga silta qo‘l, ey soqiy.
56
Top bir sanamu makoning bo‘lsin xilvat,
Qur maysazor uzra u bilan xush suhbat.
Bugun g‘ami-yu, ertani(ng) tashvishini qo‘y,
Umr yeldek o‘tar — har damini bil g‘animat.
57
Etmasmiz balki zarradek baxtga ham,
Qamdamlar ila bir yerda bo‘lmasmiz jam.
Bu lahza nasib bo‘larmi qayta yo yo‘q?
Bas, suhbatu diydorni qadrlang har dam.
58
Dil may kabi istar hum aro manzilni,
Gul tal’ati mayet ayladi ming bulbulni,
Ish qilgali bor ekan kuchi qo‘lning to,
Naqd ishga g‘animatda uraylik qo‘lni.
59
Umriga ko‘ra agar kichikdir bu ko‘ngil,
Tut mayni, g‘amu dardi emasdir yengil.
Sarg‘ish shu quyosh ostida alvon may ich,
Sarg‘ishligini quyoshni-da darddan bil.
60
Bo‘ston aro toza gul ochildi, ey do‘st,
Qulfi dili bulbulni(ng) yechildi, ey do‘st.
Bo‘lmas kishiga mudom nasib bunday dam,
Kim oqil — uning qadrini bildi, ey do‘st!
61
Qay kunki, ajalning qo‘liga tushgaymiz,
Bargdek hayot daraxtidan uchgaymiz.
Dil shoddigi deb jahonni g‘alvirga soling,
Er ustidan yer ostiga to ko‘chgaymiz.
62
Gar istar esayet, dil g‘ami bir dam ketgay,
May ho‘pla, ko‘ngilga yetsa may, g‘am ketgay.
Och bandini bandidan go‘zallar zulfin,
To tan band-bandga ajralar dam yetgay…
63
Tushmish chekimizga bizning aqli nosavob,
Isyon ko‘tarib dil, qilmish mayli sharob.
Kechdik oru nomusdan, g‘shpt — yostig‘imiz,
Bas, bizga makon kunji xaroboti xarob.
64
Chang o‘rtanibon qilmoqda nola-figon,
Har nolasida, seningcha, qon hidi nihrn.
Nay cheksa bahor chog‘ida ohu nola,
Deysan: taralar bu kuy go‘rimdan begumon.
65
Dil dardi zahar — barchani aylaydi halok,
Jono, kel-u, tut daf’i uchun bodai pok.
Tut maysazor uzra mayni, ko‘p qolgan emas —
To bo‘lg‘usi maysazor bizning-da bu xok.
66
Qo‘zg‘alki, hilol tun uzra tikdi chodir,
Tark ayladi oshufta quyosh ham oxir.
Keltir shamu mayu nuqlu* xandon o‘ltir,
Qaytib yana kelmaydi bu tunlar — sohir*.
______________
* Nuql — gazak.
* Sohir — sehrgar.
67
To‘ldirdi rafiklar maysazor bog‘imni,
May birla yuvishdi dildagi dog‘imni
Gul dardida ashkimga cho‘milsin tuproq,
Quyganlaricha g‘isht etib tuprog‘imni.
68
Qo‘zg‘al, ishimizda bir samar bo‘lg‘usidir,
Asbobi sharob muxtasar bo‘lg‘usidir.
Botmoqda umr quyoshi, bas, ayla shitob,
Xush qo‘lda mudom boda agar bo‘lg‘usidir!
69
Ey dil, bu jahonda nima ko‘rding — hechdir,
Davr qissasiga quloqni berding — hechdir,
Har yoqqa qarab yelib-yugurding — hechdir,
Bir go‘shada oqibat o‘tirding — hechdir.
70
Tut toza sharob, dilni aritsin g‘amdan,
Forig‘ u fasoddan-u, emin olamdan.
Mahv o‘lsin to maylu havo fir’avni,
Bo‘lsin may fir’avni Fir’avnga tan.
71
Dedim: dilu jonni senga yor ayladim-ey,
Har ne yo‘g‘u borimni nisor ayladim-ey.
Dedi: o‘zi kimsanki, qilarsan yo yo‘q?
Men aslida seni beqaror ayladim-ey!
72
Deydi: bevafo bo‘lding — shundoqmidi ahd?
Do‘stdan judo bo‘lding — shundoqmidi ahd?
Har kun necha bor bizdan uzoq tushding, bas,
Begonanamo bo‘lding — shundoqmidi ahd?
73
Oshiq kishi dunyo ishidan fard bo‘lgay,
Har ikki jahondan kechar-u, mard bo‘lgay,
Dil misli alanga-yu, dami sard bo‘lgay,
Oyoq uchidan boshi qadar dard bo‘lgay.
74
Biz rasmu rusum xirqasini otganmiz,
Xirqa badaliga boshimiz sotganmiz.
Bizning yo‘limizda har nima gov bo‘lsa,
Jon bo‘lsa-da hatto, bahridan o‘tganmiz.
75
Bizmiz-u, mayu mutribu ul mushkinxol*,
Hijronsiz hosil buldi ayyomi visol.
Turgan yerimiz yor ila firdavs misol,
Bu may harom ermas, O‘zi qilgan-ku halol!
__________
* Mushkinxol — qora xolli ma’shuqa.
76
Rind ahliga biz bo‘lgali esh kelganmiz,
Qilmoqqa safo*, jo‘shu xurush* kelganmiz.
Qo‘l silta neku* bad, kufr ila islomga,
May durdini tutki, durdno‘sh kelganmiz.
__________
* Safo — riyozat chekiga natijasida dilning nafs xohishlari, yomon illatlar, g‘addor dunyo va Xudo yodidan bo‘lak narsalardan qutulib, poklanishi.
* Jo‘shu xurush — hayajonu jazavaga tushish, zavqu tug‘yon.
* Nek — yaxshi, xayrli, xush.
77
Qon bo‘ldi jigar, keltir jom, ey soqiy,
Dunyo ishi ming hiylayu dom, ey soqiy,
May tut menga, umr o‘tdi, o‘zing ham oz-oz —
Ich har kuni, xullasi kalom, ey soqiy.
78
Gul chehrasida nasimi Navro‘z xushdir!
Gulshanaro ruxsori dilafro‘z xushdir!
Shod bo‘l buguningdan-u, unut o‘tganni,
O‘tgan kundan ochmaganing so‘z xushdir!*
___________
* Bu ruboiy Umar Xayyomga ham nisbat beriladi.
79
Tong otdi-yu, tunning etagi chok bo‘ldi,
May ich, nega ko‘ngling yana g‘amnok bo‘ldi?
Tonglar hali ko‘p otar, qadahni sipqor,
Bizning-chi, borar yerimiz shu xok bo‘ldi…
80
Bosh og‘rig‘ining dafi uchun tutgil may,
Tun bo‘yi ichib chiqqan edik paydar-pay.
Biz mastu xarob bo‘lib fano dayri aro,
Dovruq solamiz xarob jahonga shunday.
81
Maxmurlarga jom to‘latib, may quygil,
Chang yangrasin-u, to‘xtamasin nay, quygil.
Jomlar bo‘shasa g‘am yema aslo, soqiy,
May quyqasidan olib, payopay quygil.
82
Ochildi gul, atrofda baxrr, ey soqiy,
Tokay qiladi zamona xor, ey soqiy.
May jomi — qoshingda, sabzaxat yor — mahram,
Bo‘lsin senga manzil sabzazor, ey soqiy.
83
Har lahza dilim qoni farovon bo‘lgay,
Ko‘zlardan oqib, misoli ummon bo‘lgay.
Tuprog‘imdan ko‘za qilar bo‘lsa kulol,
To‘ldirsa uni suvga, to‘la qon bo‘lgay.
84
Ey yor, falakka yetdi zorim sensiz,
Bir lahza dilimda yo‘q qarorim sensiz.
Kuydir meni, kel, sen — sham-u, men — parvona*,
Jon chiqqusi kuymasam, nigorim, sensiz.
85
Changdek mudom qilish kerak nola-xuro‘sh,
Ummon kabi ming chayqalish-u, jo‘sh urish.
So‘zdan kamimiz qolmadi, ey mahramlar,
Fursat yetdi bo‘lishga endi xomush.
86
Kuydim vamingda andoq, ey sham’i Tiroz,
Ishqingda kuyib sham’ kabi, o‘chgum boz.
So‘zimni qilay muxtasar, aytib bo‘lmas —
Ko‘nglimni ochib, uzun tunlarga roz.
87
Na oshiqi bechoraga chora qilasan,
Na xasta ko‘ngil sari nazora qilasan.
Chiqmaysan-u pardadan o‘zing tashqariga,
Ushshoq pardasini nega pora qilasan?
88
May bo‘lsa, sharobu mohtob, ey soqiy,
May uyquni haydaydi shitob, ey soqiy.
Otash to‘la dilga boq-u, qo‘y tuproqni,
Suv keltir-u, yelni bil sarob, ey soqiy.
89
Bog‘ bo‘lsa, oqar suv yana, ey sham’i Tiroz,
May ber-u, ushat tavbani, yangratgin soz.
Shod bo‘lki, oqar suv bong urib aytgaydir:
Ketyapman oqib, orqaga qaytmasman boz.
90
Ko‘rsatdi chaman ichra yuzin gul, soqiy,
Qayg‘uda ko‘rolmay uni bulbul, soqiy.
May quy, hali tuproqqa kirib, may bo‘lamiz,
Bizni-da uzatishar qo‘lma-qo‘l, soqiy.
91
Maysa zamin uzra cho‘zdi til, ey soqiy,
Shabnamga yuzini yuvdi gul, ey soqiy,
Jasmin-da latif shoxlarini ko‘rsatdi,
Bas, tavbaga hech borarmi qo‘l, ey soqiy?
92
Tokaygacha so‘zing to‘rtu yetgi, soqiy,
Gul bo‘lsa nima, tikan-da netdi, soqiy?
Chal sozni shitob, aylama zoye’, mutrib,
Quy bodani tez, umrimiz o‘tdi, soqiy.
93
Bir qushki ajib, yulduzlar dona unga,
Ul ahdi azal emish jovidona unga.
Gar jomi jahonnamoni izlarsan, u —
Sandiqda nihon, ko‘ksing esa xona unga.
94
Bir zotki U, mavjud unda na sen-u, na men,
Bilmasmiz ne sir bor bunda na sen-u, na men.
Parda ko‘tarilsa, o‘xshashin bilgaymiz
O‘zi O‘zigayu unda, na sen-u, na men.
95
Sir yetsa, o‘zingdan-da uni pinhon et,
Bu dardi bedarmondan ayla umid.
Aylantir-u oyinaga bu joningni,
Ul oyinani sevikli jonon sari tut.
96
Gohida kurashning oldida borgaysan,
Goh dard elining orqasida yurgaysan.
So‘shtiga yetish oson emas bu ishning,
Bu ish ulug‘ — mard turib bergaysan.
97
Dedim: so‘rama — fano bo‘libman andoq,
Dedi u: baqoga yetkazarman shundoq,
Ya’ni ko‘rasan o‘zingni yo‘qlik ichra,
Borliqni senga bag‘ishlasam-da mutloq.
98
Bilmoq esang osuda yashash hikmatini,
Ranj yetsa, unut xafa bo‘lish odatini.
Har ikki jahrn daryo kabi ursa-da jo‘sh,
Har ikki jahonga sotma dil rohatini.
99
Har qaysi muammoni-da hal qilsa bo‘lar,
Gumroh yuribon-da rahnamo bo‘lsa bo‘lar.
Bir lahzada ming yil yashash ham mumkin,
Bir lahzada ming joyda yo bo‘lsa bo‘lar.
100
Tegrangda faqat falak urarmi javlon?
Ko‘yingda sening ikki jahon sargardon.
Oftobsan-u, jon ichra tutibsan oshyon,
Oftobni ko‘ribdi kim buningdek pinhon?
101
U menga dedi: moyili e’zoz bo‘lma,
Xorlik tila-yu, bo‘lak sarafroz* bo‘lma.
Soyam ekaningni hech unutma, shod bo‘l,
Mendan sira ajralma — qaro yuz bo‘lma.
__________
* Sarafroz — yuksak, baland, mag‘rur, boshi yuqori ko‘tarilgan.
102
Har o‘qki, kelar bo‘lsa agar jonondan,
Jonni hadaf* aylaki, u o‘tsin jondan.
Har ikki jahondan-da najot istar esang,
O‘zdan-da yashir, so‘z ochma bu paykondan.
__________
* Hadaf — nishon.
103
Boshdan kiraman sening yo‘lishta har kun,
Motam tutaman sening g‘amingda har tun.
Na sen kabi yorga dil berishga jur’at,
Na sen kabi yordan dil uzishlik mumkin.
104
Ey mushkulin o‘zi hal etolmay o‘tgan,
Yor vasliga bir lahza yetolmay o‘tgan.
Ey suv bo‘yida tashna-yu zor jon uzgan,
Ganj uzra gadolikdan qutulmay o‘tgan.
105
Bor a’zolaring quloq bo‘lmog‘i kerak,
Jon tinglash uchun mupggoq bo‘lmog‘i kerak.
Deding: tariqat tolibi qanday bo‘lgay?
Ko‘z osmon-u, til tuproq bo‘lmog‘i kerak.
106
Sevgi siriga yetish uchun javlon et,
Jon ichra topib joy, uni jonga bekit.
Boshingni yo‘lida tikkaning ul sirni
Gar topsang, o‘zingdan-da uni pinhon tut.
107
Haq tolibi qon yutib-yutib yo‘l bosgay,
Bosh xam etib, o‘zidan ketib yo‘l bosgay.
Sen qo‘y-u uzoq yo‘lga qadam, hech so‘rama,
Yo‘l aytar o‘zi yo‘lchi netib yo‘l bosgay.
108
Yuksak tutaman bu faqru gadolikni,
Bergum na zamin, na ko‘kka bu boylikni.
Sog‘ligu ozodaligu lazzat — ishim,
Shohlikka alishmagayman tanholikni.
109
Gohida so‘zimni yuz junundan derlar,
Gohi esa aqli zufunundan* derlar.
Oqil kishilar zar ila naqsh etgaylar,
Oshiq kishilar bu bag‘ri xundan derlar.
_____________
* Zufunun — ilmu hunaru fazilatlar sohibi, donishmand.
110
Dil g‘am ila qon yig‘lamagan tun yo‘qdir,
Pok obro‘ga dog‘-dog‘ tushmagan kun yo‘qdir.
Umrimda men ichgach, ko‘zimdan qayta —
Tuproqqa to‘kilmas mayi gulgun yo‘qdir.
111
Ey turk qalandar, menga tut toza sharob,
Bir-ikki qadah ichib, bo‘lay mastu xarob.
O‘tkinchi jahon ne’matiga tashna bu tan —
Aylanmasidan tuproqqa tut mayi nob.
112
Har lahza dilim qoni farovon bo‘lgay,
Ko‘zimdan oqib-oqib, u ummon bo‘lgay.
Gar ko‘za qilishsa meni(ng) tuprog‘imdan,
Ul ko‘zaga suv solsa agar, qon bo‘lgay.
113
Bu aql kamolini jununda ko‘rgay,
Tanning asosini xoku xunda ko‘rgay,
Bu ko‘z ikki olamni ichinda ko‘rgay,
Ustuxonu tomirni tashinda ko‘rgay.
114
Ey vohki, kutilmaganda bir dard yetgay,
Jon tashvishi har dam jigaring qon etgay.
Kim bo‘g‘zigacha botsa bu dunyo loyiga,
Bor-yo‘g‘ini boy berib, jahondan ketgay.
115
Jonim bor ekan, falak kabi charx uraman,
Har lahza visol vasfida nuqta suraman.
Hech kim hali topmagan u narsani tilab,
Yo‘qotmaganim narsani izlab yuraman.
116
Faryod uramiz ko‘yingga to yetgaymiz,
Vasling — orzu, o‘zgasini netgaymiz?
Har bir nafasimizda ming jon bordir,
Raqs aylab, uni senga nisor etgaymiz.
117
Behuda yashab o‘tdik jahon ayvonida,
Un o‘ldi vujud falak tegirmonida.
Ming dardu nadomatki, to ko‘z ochdik —
Ko‘rdik o‘zimizni shum ajal qopqonida.
118
Men bir qush edim — uchgan roz olamidan,
Pinhon qilayin ov qarilik g‘amidan,
Bir kimsani topmadim-u Haq mahramidan,
Qaytdim ortga qolib ko‘ngil odamidan.
119
Jon chiqdi hayot zavqi nimadir bilmay,
Tan so‘ldi sira kayfu safoni qilmay.
Tunlar bedor yor g‘amini chekkan dil,
Bir lahza quvonch manzilini etmadi tay*.
_________
* Tay — yurish, kezish, bosib o‘tish.
120
Har bir nafas olganda kelar labga bu jon,
Hayron bu tirikligimga o‘zim-da chunon.
G‘am-g‘ussada kechdi umrim, bir mahbub —
Topilsa, o‘tardi xush tunlar begumon.
121
Bir hid keladi xoru haqir jonimga,
Har lahza meni tashna qilar qonimga.
Har o‘qqi, solib kamonga men otsam agar,
Kelib tegadi o‘z dili vayronimga.
122
Men ojizu xor — dilimda armon doim,
Bechoraligim g‘amini yerman doim.
Gar mingta eshik ochilsa menga har kun,
Halqa kabi ko‘chada qolarman doim.
123
G‘ofillik ishim — biror hunar yo‘q menda,
Ul ahli nazardan hech nazar yo‘q menda.
Ertayu kech ishim mening nola-figon,
Oh, qayga boray, o‘zga hunar yo‘q menda.
124
Davron g‘amidan dilimda ming hasrat bor,
Orzu-tilagim ko‘zini tutmish g‘ubor.
Na hamnafasim bor-u, na g‘amgusor,
Oshufta ko‘ngilman-u, parishon ro‘zgor.
125
Yor hajridan o‘zimni qachon men tortay?
Mushtoq bu dilu jonga yana g‘am ortay.
Bir dardki, falakni(ng) qaddini etmish xam,
Dil qolmadi — dil dardini qanday tortay?
126
Har damda solar bu charx ko‘nglimga tugun,
Poklikni u aylar ta’qib lahza sayin.
Bir qatra bu qon, Tangri haqi, so‘yla o‘zing,
Bu hodisaga qancha chidashi mumkin?!
127
Kim ham mendek ishq ichra bechora bo‘lar?
Ko‘nglim kabi qaysi ko‘ngil ovvora bo‘lar?
Dardimni mening agarda bir zarrasini —
Tog‘ cheksa, uning-da ko‘ksi ming pora bo‘lar.
128
Nokas kishilardan bu dilimda g‘amdir,
O‘lsang qani, chunki suhbati motamdir.
Nokas kishilar bilan behinpta tushsam,
Do‘zax tilagum, unda uqubat kamdir.
129
Nokas ila non yesam agar, qon bo‘lgay,
Sassiq so‘zidan tab’ uyi vayron bo‘lgay.
Bir lahza yonida o‘tirish bir yon-u,
Ul yetti jahannam o‘ti bir yon bo‘lgay.
130
Bechorani bir hojati bo‘lmaydi ravo,
Oshiqqa berar va’da-yu, qilmaydi vafo.
G‘am shuki, meni tanholik go‘shasida
Qo‘ymas sira o‘z g‘amim ila — bu ne jafo?!
131
Dunyoi tuban nima? Sitam dargohi,
Har bir qadamingda ming o‘liklar ohi.
Gar naqd esa, u kiroyi shodlik qilmas,
Gar favt* esa, taxt barchaga o‘lim chohi…
___________
* Favt — yo‘qotish, tso‘ldan berish; o‘lim.
132
Qay kimsa tuban dunyo izmshsh tutar,
Fir’avn kabi do‘zax to‘riga tushar.
Itlarga makon chunki bu murdor dunyo,
Dil bersa bu murdorga kim — itdan battar!
133
Daryo-ku jahon — suvda qurarlar taxtni,
Badbaxt kishilar shunda ko‘rarlar baxtni.
Har zarra bu tuproq aslida bir boshdir,
Johil qavm o‘ylamay urarlar raxtni.
134
Bilsang, bu jahon boshdan-oyoq dud bo‘ladi,
Mavjud nima bo‘lsa, u fano zud bo‘ladi.
Nobud edi, chunki har bud asli azal,
Bud bo‘ldimi, bas, bir kuni nobud bo‘ladi.
Ergash Ochilov tarjimalari