Hamdi Chalabiy (1448-1509)
Turk adabiyoti tarixida birinchilardan bo‘lib “Xamsa” yozgan shoir Hamdi (Hamdi Çelebi) Bolu yaqinidagi Go‘ynukda tug‘ildi. Uning otasi Oqshamsiddin bayramiya tariqati shayxlaridan bo‘lib, Hamdining yoshligi so‘fiylar davrasida kechadi. 10 yoshligida yetim qolgan Hamdini akalari o‘z tarbiyasiga oladilar. Hamdi Chalabiy oilada 12-farzand edi. Tazkiralarda H. Chalabiy haqida ma’lumotlar kam. Uning Bursa madrasalaridan birida mudarrislik qilgani va Shayx Ibrohim Tannuriyning muridi bo‘lganligi ma’lum. Hamdining hayoti qashshoqlikda kechgan. Akalari uning fiqh ilmini o‘rganib, qozi bo‘lishini istashgandi, ammo bo‘lajak shoir bu yo‘ldan bormadi. Akalari bilan orasi buzilgan Hamdi shoir sifatida o‘ziga homiy ham topmagan. U “Yusuf va Zulayho” asarini yozib, Sulton Boyazid II ga taqdim qilganligi, biroq shoir e’tiborsiz qolgani haqida yozadilar. Shuning uchun shoir “Yusuf va Zulayho”ga o‘z taqdiridan shikoyat qilib yozilgan bobni kiritgan. Bir umr moddiy muhtojlikda yashagan shoir Hamdi Chalabiy Go‘ynukda vafot etadi va otasining yonida dafn qilinadi.
Shoirning asosiy adabiy merosi bo‘lgan “Xamsa” dostonlari quyidagilar:
1. “Yusuf va Zulayho”; 2. “Layli va Majnun”; 3. “Tuhfat-ul ushshoq”; 4. “Qiyofatnoma”; 5. “Mavlud”.
“Yusuf va Zulayho” dostoni 1491–92 yillarda yozib tugatilgan. Bu dostonni “Xamsa”ning birinchi asari qilib olishni shoir o‘z taqdiri ham Yusuf taqdiriga o‘xshab ketganligi uchunligini aytadi. Hamdi o‘z dostonini yozishda mashhur tojik shoiri A. Jomiyning “Yusuf va Zulayho”siga suyangan. Yusuf obrazi sharq adabiyotida keng tarqalgan obrazdir. Bu obraz dast¬lab “Tavrot”va “Injil”da, so‘ngra “Qur’on”da o‘z ifodasini topgan. Xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyotda Yusuf nihoyatda go‘zal, olijanob, dono shaxs sifatida tasvirlanadi. Sharq xalq¬lari adabiyotining bir qancha yirik namoyandalari “Yusuf va Zulayho” nomida dostonlar yaratganlar. Dostonlarda Yusufning hasadgo‘y akalari tomonidan savdogarlarga qul qilib sotilishi, oqibat Yusuf Misr fir’avnining amaldorlaridan Potifarning xonadoniga kelib qolishi hikoya qilinadi. Potifarning xotini Zulayho Yusufni sevib qoladi va unga izhori dil qiladi. Xojasiga sadoqatli Yusuf Zulayho ishqini rad qiladi. Alamzada Zulayho tuhmat qilib Yusufni zindonga tashlatadi. Zindonda Yusuf fir’avnning soqiysi va novvoyi bilan birga bo‘ladi. Ularning tushlari ta’birini aytadi. Ma’lum vaqtdan so‘ng fir’avn qo‘rqinchli tush ko‘rib, ta’birini so‘rash uchun Yusufni zindondan chiqaradi. Yusuf fir’avnga yurtda yetti yil to‘qchilik, yetti yil ocharchilik bo‘lishini aytib, to‘qchilikda g‘alla g‘amlashni maslahat qiladi. Fir’avn bu ishlarni Yusufning o‘ziga topshiradi. Qahatchilik boshlangach boshqa ellardan ham Misrga g‘alla izlab odamlar kela boshlaydi. Yusufning akalari ham keladilar. Xullas, Yusuf o‘zini tanitgach akalari kechirim so‘rashadi. Yusuf otasi va boshqa qarindoshlarini Misrga oldirib keladi. Yusuf dardida yig‘lab-yig‘lab ko‘r bo‘lib qolgan Yoqub o‘g‘li Yusufning barmoqlari ko‘ziga tekkach ko‘ra boshlaydi (Yusufning ko‘ylagini ko‘ziga surtish varianti ham bor.) Yusuf va Zulayho o‘rtasidagi munosabatlarga ham shoirlar turlicha yondoshganlar.
Yusuf va Zulayho haqidagi rivoyatlar asosida Firdavsiy (X-XI asr), Baxtiyoriy (X asr), Shiod Hamza (XIII), Ali (XIII asr), Suli Faqix (XIII), Shahobiddin Oshiq (XIV), Rabg‘uziy (XIV), Dariy (XIV), Durbek (XV), A. Jomiy (XV), H.H. Chalabiy (XV), Nozim Xiraviy (XVII), Hoziq (XIX) va yana boshqa ko‘pgina fors-tojik, o‘zbek, turk, ozarbayjon shoirlari dostonlar yaratganlar. Dostonlarda har bir shoir o‘z davrining muhim voqealari, axloqiy va falsafiy qarashlarini aks ettirishga intilganlar. Masalan, Durbekning “Yusuf va Zulayho” dostonida shahar¬ning qamal qilinish kartinasining berilishi, shuningdek dostonlarda Yusuf obrazining talqini ham turlicha. Yusuf haqida¬gi ilk dostonlarda Yusuf va Zulayho ilohiy obraz markazida tasvirlansa (masalan Yusuf va Zulayhoning qayta yosharishi), keyinchalik Yusuf va Zulayho muhabbati dunyoviy talqin qilina boshlandi. Durbek va Abdurahmon Jomiy dostonlarida bosh qahramonlar tarixiy shaxs, Zulayhoni go‘zal qiz sifatida tasvirlaganlar.
Yusuf va Zulayho obraziga XX asrning yirik so‘z ustalari Nozim Hikmat va T. Mannlar ham murojaat qilganlar. T. Mann “Yusuf va uning akalari” asarini, Nozim Hikmat “Go‘zal Yusuf” asarini yaratdi. O‘zbek shoiri Ramz Bobojon ham “Yusuf va Zulayho” nomli asar yaratgan.
Hamdi o‘z obrazlarining yanada hayotiyroq chiqishi uchun dostonga o‘z davriga xos xususiyatlarni, turmush tarzidagi detallarni kiritadi.
“Layli va Majnun” Hamdi “Xamsa”sining ikkinchi dostoni bo‘lib, Nizomiy dostoni asosida yozilgan. 1499–1500 yillarda yozilgan bu dostonga A. Navoiy “Xamsa”sining ta’siri ko‘proq bo‘lgan.
Uchinchi doston “Tuhfat-ul ushshoq”ning yozilgan sanasi aniq emas. Tasavvuf ruhidagi bu asar ikki yoshning sevgisi haqidadir.
“Qiyofatnoma” va “Mavlud” Hamdining to‘rtinchi, beshinchi dostonlaridir. 150 baytlik “Qiyofatnoma” insonning ichki va tashqi dunyosi uyg‘unligi haqida bo‘lsa, “Mavlud” payg‘ambarning tug‘ilishi to‘g‘risidadir.
H. Chalabiyning kichik bir devoni ham bizgacha yetib kelgan va u Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi.
“YuSUF VA ZULAYHO”DAN
Karvon chun yo‘lga ravon bo‘ldi,
Yusufning ko‘zlariga qon to‘ldi.
Ashki yo‘llarni lolazor etdi,
Yig‘labon har yerni pinor* etdi.
Bir-ikki marhala chun ketdilar,
Modarining qabriga ham yetdilar.
Ul maqomga erishdi, chunki murur**
Tushdi modar mozori uzra bu nur.
Tushdi Rohil uzra rohiladan***,
Ayrilib qoldi magar qofiladan.
Ul mozorni quchib, qilib zori;
Dedi yuz dard ila shu guftorni:
“Ayri tushdim padardan, ey modar,
Menga zulm etdilar birodarlar.
Gul kabi avval olib bordilar,
Gul kabi so‘ngra yerga urdilar.
Guldayin avaylaganim badanni,
Surdilar tuproqqa ul rasanni****.
Tosh ila urdilar; zabun bo‘ldim,
Lola yanglig‘ g‘ariqi xun bo‘ldim.”
Ohkim sarvi nozparvardin,
Bo‘ldi ustuni xonai dardin.
Qahr ila choh qa’riga otdilar,
Oqibat banda debon sotdilar.
Koshki men ham o‘lsam, ey onajon,
Senga hamxona bo‘lsam, ey onajon.
Roviylar deydiki, ul vaqt bul mozor,
Zori qildi go‘yokim oshiqi zor.
Dedi: “Yig‘lama, ey ko‘zim nuri,
O‘tda yoqma bu xoki mansurni.
Mendan senga bashoratlar,
Hali qo‘ngay boshingga davlatlar.
Ki podshoh bo‘larsan Misr shahriga,
Egilibon kelgaylar eshigingga.
Yana bo‘lar xoki poying ularga toj,
Kelgaylar huzuringga bo‘lib muhtoj.
Dargohingga arzi hol aylagaylar,
Sadoqatin bayon aylagaylar.”
Bu xitobni chun Yusuf ayladi go‘sh,
Bo‘ldi dardu firoq ila behush.
Yotib anda bu hol ila qoldi,
Karvoni ancha-muncha yo‘l oldi.
__________
* Pinor – buloq.
** Murur – o‘lgan.
*** Rohil – ko‘chgan, rihlat etgan.
**** Rasa – yolg‘iz.
Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.