Ubaydiy (1487-1539)
Dashti Qipchoqdagi o‘zbeklar davlatining asoschisi Abulxayrxonning evarasi, Buxoro hokimi Mahmud Sultonning o‘g‘li Abdulg‘ozi Ubaydullo Bahodirxon (عبیدالله خان) XVI asr Movarounnahr adabiy-madaniy hayotida katga o‘rin tutgan mashhur siymolardan biridir. Tarixga, ko‘hna merosga nisbatan hukm surgan biryoklama sinfiy munosabat tufayli uzoq yillar mobaynida uning hayoti va ijodini o‘rganish imkoniyatidan mahrum bo‘lib keldik. Buning sababi Ubaydulloxonning xonligi — «ezuvchi sinf» vakili ekanligida edi.
Ubaydulloxon Movarounnahrni shia mazhabidagi Shoh Ismoil boshliq Eron safaviylari — qizilboshlar istibdodidan saqlab qolgan. Uning Markaziy Osiyo xalqlari tarixidagi bu buyuk xizmati muarrixlar tomonidan xanuz o‘zining munosib va haqqoniy bahosini olganicha yo‘q. Dindor podshoh sifatida u Muhammad sunnatini rivojlantirgan va mustahkamlagan, tasavvuf ravnaqini har jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Zero, Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy o‘zining muborak ismini bergan, uning shogirdi — Mir Arab nomi bilan mashhur bo‘lgan Amir Abdulla Yamaniy murshidlik qilgan Ubaydiyning o‘zi ham so‘fiy shayx — naqshbandiy edi. Ayni paytda, u Ahmad Yassaviyga ergashib, hikmatlar yozgan. Hofiz Tanish Buxoriyning «Abdullanoma» asarida yozilishicha: «Uning davri va xalofati zamonida Movarounnahr, xususan, Buxoro viloyati gullab-yashnadi».
Shayboniy hukmdorlardan Ko‘chkinchixon va uning o‘g‘li Abusaidxon davrida Buxoro noibi bo‘lgan, 1533—1539 yillarda esa Buxoroda mustaqil xonlik qilgan shayboniylar sulolasining bu yirik namoyandasi donishmand davlat arbobi va jasur sarkarda bo‘libgina qolmay, zamonasining «barcha fazilatlar bilan bezangan» (Mirzo Haydar) har jihatdan yetuk kishisi edi. U «she’r ilmlarida sohibi fan» (Hasanxoja Nisoriy) bo‘lib, o‘zbek, fors-tojik va arab tillarida qalam tebratgan iste’dodli zullisonayn shoir, Qur’on mutolaasini osonlashtirish uchun turkiy tilda «At-tajvid» risolasini yaratgan ilohiyot olimi, shariat qonunlari bo‘yicha maxsus kitob bitgan faqih, yetti xil husnixatda yoza oladigan, xususan, nastaliqni juda go‘zal ko‘chiradigan xattot, Qur’onni tajvid bilan qiroat qiladigan hofizi Qur’on, musiqa ilmida va ashulada mohir san’atkor ham edi.
Ubaydiy o‘zbek, fors-tojik va arab tillaridagi she’rlarini to‘plab, uch devon tartib bergan. Bir muqova ostida joylashtirilgan va «Kulliyot» deb atalgan bu kitobning yagona qo‘lyozmasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida 8931 raqami bilan saqlanadi.
Ubaydiy nafaqat turkiy, balki forsiy adabiyotda ham zabardast ruboiynavislardan hisoblanadi. Uning «Forsiy devon»ida 418 ta ruboiy mavjud. Bu ruboiylarda islom va iymon ulug‘lanib, tasavvuf va futuvvat yuyalari targ‘ib qilinadi, ilohiy va dunyoviy ishq tarannum etilib, Olam va Odam to‘g‘risidagi falsafiy mulohazalar ifodalanadi. Ular orasida zamonadan, charxu falakdan shikoyat, pand-nasihat ruhidagi, tarjimai hol xarakteridagi ruboiylar ham anchagina. Shoirning diniy bid’atchilikni qoralovchi, rofiziylarga qarshi kurashga da’vat etuvchi ruboiylari ham mavjudki, ular Shoh Ismoil Safaviyning shia mazhabidagi sipohiylari — qizilboshlarning Bobur boshchiligida Movarounnahrga bostirib kirishi va Ubaydulloxonning ularni bu muqaddas tuproqdan quvib chiqarshn uchun olib borgan jangu jadallari munosabati bilan yozilgan.
Ubaydiy ruboiylarining tili ravon, uslubi sodda va go‘zal, mazmuni keng va teran. Ular dunyoning barcha pastu balandini ko‘rgan, hayotning butun achchiq-chuchugini totgan, inson fe’lining turfa tuslanishlarini obdan o‘rgangan, ilmi zohir va ilmi botinni o‘zida mujassam etgan olim va orif insonning qalbidan qaynab chiqqan hikmatlardir.
1
Bu jon mudom sening adoying bo‘lsin!
Bu dil hamisha mubtaloying bo‘lsin!
Bir jon ne bo‘lar — senga fido etmak uchun
Yuz jonim agar bo‘lsa, fidoying bo‘lsin!
2
Dil dardi uning davosiga arzimagay,
Jon rohati ham jafosiga arzimagay.
Ey dil, tilama ikki jahon ayshini hech,
Arzirmi g‘amishta u va yo arzimagay?!
3
Ey dil, gar shohlik taxtida o‘ltirasan,
Har dam meni oshuftayu hayron ko‘rasan.
Bu shohlig-u, bu shuhrat-u, bu dabdabadan
Darveshu faqirlik yaxshiroq gar so‘rasang!
4
Tortar o‘ziga ishqu havosi yorning,
Aylar meni lol husni safosi yorning.
Ko‘zimga qilib surma oyog‘i gardin,
Boshimni etarman xokiposi yorning…
5
Hukmingda magar mamlakati Misru Yaman,
Farmoningda mulki Xitoy hamda Xo‘tan,
Bor boyligini yig‘sang-da yer yuzining,
Ey shoh, jahondan eltasan bitta kafan!
6
Bo‘ldi ishim ishqingda mening hayronlik,
Har lahza falak misoli sargardonlik.
Yaxshi bilasan O‘zing mening holimni,
Oshiq ishi devonaligu nodonlik.
7
Bizga bu falak gohi vafo, gohi sitam,
Goh shodlig-u, goh farog‘at-u, gohi alam.
Hech dil g‘amu shodlikdan emasdir xoli,
Dunyoni(ng) g‘amu shodligi birga har dam.
8
Inson zoti doim asiri hoyu havas,
Har sufraki, ko‘rsa — ustida misli magas*.
Donu suv ilinjida zabun qush monand
Har lahza balo domida-yu, bandi qafas.
________
* Magas — pashsha, chivin.
9
Qosh qoqadi ishva bilan ul sarvi ravon,
Qalbimni qilib kiprigi o‘qiga nishon.
O‘qdek o‘ziga tortishidan dilda hadik,
O‘qdek o‘zidan otmasin uzoqqa debon.
10
Baxsh etgusi Olloh o‘zi ne’mat bizga,
Ilmu ma’rifat, gavhari hikmat bizga.
Uzmasmiz umid rahmatidan, qilg‘aydir —
Har ikki jahonda O‘zi rahmat bizga!
11
Nuri yaqiningdan bu nuri ko‘ngilning,
Nash’angdan erur ham sururi ko‘ngilning.
Hech dilda huzur bo‘lmas O‘zingsiz, Sensan —
Har ikki jahonda huzuri ko‘ngilning!
12
Dildan sira ham qilma yiroq iymonni,
Har lahza yaqin ayla iymonga jonni.
Zikring ila har nafas safo ahli kabi
Quv dildan O‘zing vasvasai shaytonni.
13
Xush ulki, tutar maqom fano dayri aro,
Aylab diliga mudom Xudo yodini jo.
Sidq ila qadam qo‘yib vafo ko‘yiga ul,
Haq yo‘lida boqmas ikki dunyoga qiyo.
14
Yoriga bo‘lar hamisha yor chin oshiq,
Qilmas sira uzlatni shior chin oshiq.
Ishq olamida o‘zgani ilmas ko‘zga,
Yoriga etar jonni nisor chin oshiq.
15
Ishqing asari ruhimda bo‘lgach paydo,
Ko‘z birla ko‘ngil O‘zingga bo‘ldi shaydo.
Ismingni agarchi keltirarman tilga,
Maqsud menga ismingdan erur musammo*.
________
* Musammo — nomlangan, ism berilgan.
16
Gar bo‘ldi ziyoda qayg‘uga eshligimiz,
Yolg‘izlik hasratida dilreshligimiz*,
Ollohga shukr, afzal erur shohlikdan,
Ey darveshlar, hamisha darveshligimiz!
_________
* Dilreshlik — xasta dillik, dilafgorlik.
17
Yo Rab, menga duch ayla dili ogohni,
Ko‘rsatsin u solik kabi menga rohni.
Lutfu karaming birla bu dam ogoh et
Ul Ka’bai vaslingdan Ubaydullohni.
18
Mahsharda so‘ralgay — ahdingga ayla vafo,
Ahdingni buzib, o‘z-o‘zingga qilma jafo.
Kim chiqsa mudom o‘z ahdining uddasidan,
Bilgil uni mardlar aro mardi Xudo!
19
Ey xoni jahon, bo‘lsin Haq yor senga!
Shohlar bari qullik etsin izhor senga!
Bo‘ldi Hirot mulki muyassar, endi —
Bo‘lsin yetti iqlim giriftor senga!*
___________
Bu ruboiy Ubaydulloxonning amakisi Muhammad Shayboniyxonning 1507 yili Xirotni qo‘lga kiritishi munosabati bilan yozilgan.
20
Mastman hidiga Hirot bo‘stonlarining!
Oshuftasiman sarvi xiromonlarining!
Tengsiz barisi husnu malohat ichra,
Dod dastidan-ey Hirot jononlarining!
21
Ey dil, kezamiz olib Hirot yoshlarini,
Endi bu shahar bog‘lari, suv boshlarini.
Ul «Bog‘i xiyobon»4 ichra bir davra tuzib,
Soqiy qilamiz Hirot qalamqoshlarini!
_________
* «Bog‘i xiyobon» — Hirotdagi mashhur bog‘.
22
Men sarv kabi Hirotda sokin bo‘ldim,
Har bog‘u xiyoboniga maftun bo‘ldim.
Oy yuzli go‘zallarining husniga boqib,
Aqlu hush uchib, misoli Majnun bo‘ldim.
23
Ishqingda dilim g‘uncha kabi bog‘lab qon,
Devona bo‘libman, ey sahroyi jonon!
Men — banda: jonu dildan ado etgayman,
Podshohim — o‘zing: har nima qilsang farmon.
24
Sen kiyma yashil libosing, ey sarv, aslo,
Kiysang, bo‘lasan gul kabi sho‘xu ra’no,
Bir kun bu jahon boshdan-oyoq bo‘lsa fano,
Yo‘q guldek o‘zingni bezatishda ma’no.
25
So‘z birla ko‘rar esang, shariat shuldir,
Fe’l birla ko‘rar esang, tariqat shuldir.
Xomush o‘tir-u, dam urma hech holingdan,
Nazdida muhaqqiqni(ng)* haqiqat shuldir.
26
Sen bilsang agar, bu ko‘zagarlar, ey dil,
Tuprog‘imiz uzra qurib olib manzil,
Mayxo‘rlar uchun tuprog‘imizdan bizning
Ko‘za yasamoq bilan bo‘larlar mashg‘ul.
27
Ey Tangri, zafar qadahini suz menga,
Yor bo‘lsin tole’ kecha-kunduz menga.
Shavqingda ziyod bo‘lishini istayman
Kayfiyatu dardu holatu so‘z* menga.
_______
* So‘z — quydirish, o‘rtash; olov, alanga.
28
Ey dil, olam elidan uzilgan yaxshi,
Xilvatni o‘ziga go‘sha qilgan yaxshi,
G‘ayr ahlidan qochgan-u qutulgan yaxshi,
Begona qoshida xomush o‘jan yaxshi.
29
Ey dil, Ka’ba orzusida yurmoq na xush!
O‘zni riyozat yo‘liga burmoq na xush!
Boshingni qo‘yib Ka’ba ostonasiga,
Ko‘nglingni ochib, yuzingni surmoq na xush!
30
Mayxona aro qo‘ysa qadam jonona,
Maydan ko‘pirar sog‘aru ham paymona.
Kayf ichra chunon na’ra urarmiz, arshga —
Etgay bemalol bu na’rai mastona.
31
Ul sho‘x hamisha dilrabo erdi menga,
Undan necha mehru vafo erdi menga.
Faryodki, tark ayladi oshnolikni,
Yot bo‘ldi o‘shalki, oshno erdi menga.
32
Hech tutma o‘zingga yor bekorlarni,
Ko‘rdik hamisha xor bekorlarni.
Bir ish boshini tut — sira bekor yurma,
Tark ayla bekorlikni-yu, bekorlarni.
33
Ey sho‘x, qilarmisan sira tarki jafo?
Javring kabi kosh yetsa edi menga vafo.
Tokay etasan jafoyu bedodu sitam,
Qil manga vafo — sen-da musulmoni Xudo!
34
Mardlar bilar asrorini dilu jonning,
Kayfiyatu holini bani insonning.
Sof, toza ko‘ngilni(ng) qadrini bilgaylar
Sohibnazaru so‘fiylari davronning.
35
Orzum shu: Xudo porsolik baxsh etsa,
El tashvishidan judolik baxsh etsa.
Aylab u o‘zimdan o‘zgadan begona,
Aql ila mudom oshnolik baxsh etsa.
36
Hirot shohi, xrlingni yomon qilgayman,
G‘uncha kabi bag‘ring to‘la qon qilgayman.
Tig‘ zarbi bilan seni Hirotdan haydab,
Bir umr ovorai jahon qilgayman.
37
Ey do‘st, yomon ish qilsang, men na qilay?
Iblisni agar pir bilsang,.men na qilay?
Men borma desam-da, bording-u, g‘am ko‘rding,
Sen o‘zingga o‘zing qilsang, men na qilay?
38
Ishqingda bo‘lak yor na qilar oshiqda,
Begona bilan kor na qilar oshiqda.
Izlab seni ishq dashti aro misli sabo
Oromu qaror na qilar oshiqda.
39
Uchratmadim Olloh siridan ogohni,
To boshlasa Haq yo‘lga u men — gumrohni.
Ollohim, etib lutf chaqirsang netgay,
Qoshingga yaqin bilib Ubaydullohni.
40
Bir dam xayoling aylasa hamroz meni,
Undan sira etmagin judo boz meni.
Yo‘q senga yaqinrog‘i muqarrablardan,
O‘zingga muqarrab etganing soz meni!
41
Ko‘ying tuprog‘i bo‘ldi to manzilimiz,
Ketsin qo‘shilib somonu suvu gilimiz.
Ka’ba kabi bizni dilni-da ayla tavof,
Ka’badan emas kam sira bizning dilimiz.
42
Ey dil, ey dil, Xudoga xos et o‘zni,
Ham xosi o‘shal ahli xavos et o‘zni.
Zinhor seni g‘ofil etmasin shirki nihon,
Ul shirki nihondan xalos et o‘zni.
43
Men yor sari qay kunki safar qilgayman,
Ishq karvoni orqali xabar qilgayman.
Rihlat kuni yetsa, jonni aylab sarbon,
Karvon yo‘lini tinch, bexatar qilgayman.
44
Rind ahli bebodayu qadah bo‘lgaymi?
Bejomu may olamda farah bo‘lgaymi?
Demang sira majlis ichra ur-sur qilmang,
Bejanggu jadal ayshu tarab bo‘lgaymi?
45
Dunyo molu mulkini netarman, ey yor,
Hajringda o‘lim topish menga soz ming bor.
Yolg‘iz umidim: ikki jahonda, yo Rab,
Zor qilma o‘zingdan o‘zga zotga zinhor!
46
Yo‘q bo‘lsa yuzing, gulni uraymi boshga?
Yo‘qdir nazarim lola kabi sirdoshga.
Kiprikda tizilgan qatra-qatra qonni
Ne deb atayin bahor gulidan boshqa?!
47
To ko‘rdim-u husningni — seni suydim men,
Dil o‘g‘irida o‘zga o‘yin tuydim men.
Vaslingdan uzoq har kecha hajring g‘amida
Hasrat uyi ichra sham’ kabi kuydim men.
48
Ey Tangri, hamisha ayla firo‘z meni,
Tark etmasin iqbol kecha-kunduz meni.
Shavqingda mudom o‘rtashini istayman
Kayfiyatu dardu holatu so‘z meni.
49
Olloh yo‘lida kimki agar zar o‘ynar,
Bir kuni, tong yo‘q, boshini gar o‘ynar.
O‘ldirsa-yu yuz bor, yana jon baxsh etsa,
Jon birla u yangidan muqarrar o‘ynar.
50
Olamda biror sabotu bunyod yo‘qdir,
Bir xotiri xurramu dili shod yo‘qdir.
Og‘ir ham uzoq safar turar oldingda,
Bezod uni qanday o‘tasan, zod* yo‘qdir.
__________
* Z o d — bu yerda: ruhiy oziq.
51
Lutfing ila berding dili ogoh menga,
Ber xilvati xosing sari yo‘l, oh, menga.
Ishq ahliga bo‘ldi ismim avrodi* namoz,
To bo‘ldi noming virdi* sahargoh menga.
___________
* Avrod — zikrlar, duolar. Bomdod namozidan so‘ng o‘qiladi.
* Vird — duo.
52
Xayringni darig‘ tutmading avboshlardan,
Tavfiqni-da lutfing ila ayyoshlardan*.
Ollohim, umid O‘zingdan — Od qavmi kabi
Er yuzini pok ayla qizilboshlardan!*
____________
* Ayyosh — ishratparast, aysh-ishratni sevuvchi.
* Shia mazhabidagi Ismoil Safaviy sipohiylari o‘n ikki xil rangdagi lenta o‘ralgan bosh kiyimida yurgani uchun qizilboshlar deb atalgan.
53
Har ikki jahonda ishq erur rahbarimiz,
Irfon nuri dil dengizida gavharimiz.
To ko‘hna libosi ma’rifat bor tanda,
Kechdik zaru ziynati jahondan barimiz!
54
Charx etdi judo mendan o‘shal mohimni,
Etkazdi falakka nolai ohimni.
Sham’dek kuyar-u, yig‘lagusi holimga
Har kim eshitar ohi sahargohimni.
55
Xalq suhbatidan chekkaga tortdim o‘zni,
Dunyodan uzildim, Haqqa qotdim o‘zni.
Ko‘z qorachig‘idek seni ko‘rgan lahza
Behud bo‘lib, ey do‘st, yo‘qotdim o‘zni.
56
Yo Rab, karaming qildi Senga yor meni,
Lutfing o‘zgadan ayladi bezor meni.
Har lahza O‘zing asra — urib til tig‘ini
Qilmoqchi esa har kishi bemor meni.
57
Ey sen — shior etgan dinini Hazratning*,
Gar istar esang ravnaqini millatning,
To‘k qonini sunnat tig‘i birlan doim
Kim yoqsa agar otashini bid’atning!
_________
* Bu yerda Muhammad alayhissalom qo‘zda tutilmoqda.
58
Yorning joni yorga nisor bo‘lsa, na xush!
Dard ahliga darmonu mador bo‘lsa, na xush!
Oshiq kishi oshuftayu xor bo‘lsa, na xush!
O‘z ko‘ngli kabi asiru zor bo‘lsa, na xush!
59
Ka’ba qiblasi erur har insu jonning,
Pok rutbasi, chunki uyidir Rahmonning.
Sen qora qo‘ngil ila tavof etma uni,
Bu dargohi oliy mahaki* insonning!
___________
* Mahak — oltin-kumushga surtilib, ularning toza-notozaligini aniqlaydigan tosh; sinov toshi.
60
Ey do‘st, agar ishim yurishsa, na xush!
Maqsadga yetib, dilim yorishsa, na xush!
Men tashrifidan do‘stning ajab xushholman,
Do‘st do‘sti bilan mudom ko‘rishsa, na xush!
61
Dilga o‘t soldi nozu istig‘nosi,
Aqlu hushim oddi qomati ra’nosi.
Zulfi kabi aylab meni sargashtayu zor,
Hayron etdi husni olamorosi.
62
Bir toifada havoi nafsu shayton,
Bir toifada rizoi dinu Rahmon,
Bir toifada umidi vasli jonon,
Bir toifaning ko‘ksida dog‘i hijron.
63
Men g‘amzadaga ishing adovat mangu,
Solmish bu adovat yuragishta qayg‘u.
Qilding-ku gunoh — endi nedir uzr aytmoq?
Uzri gunohidan battar degani shu!
64
Bu mash’alga jon gulshani maskan bo‘lsin!
Misli sarv uning makoni gulshan bo‘lsin!
Shu mash’aladan barcha omilliklarning*
Zulmat kechada ko‘zlari ravshan bo‘lsin!
__________
* Omil (Omul) — hozirgi Chorjo‘y shahrining qadimgi nomi. Eronning Mozandaron (Tabariston) viloyatida ham shunday shahar bo‘lgan.
65
Biz kelmadik olamga faqat istab jon,
Yo surgali do‘stlar ila davru davron.
Biz bunda jamoling ko‘rgali kelganmiz,
Bas, maqsadimiz emas tamoshoi jahon.
66
Ul qavm asiri dog‘i hijrondirlar,
Tuproq bilan yakrang-u, yaksondirlar.
Darvesh kabi bo‘lsa-da ular suvratda,
Ma’no olamida shohu sultondirlar.
67
Tokay yig‘lay dardu g‘amingdan, ey dil?
Oshiqligu oshuftaligingai bas qil!
Tutsam yo‘lini soz edi darveshlikning,
Podshohlikdan bo‘lmadi maqsad hosil.
68
Men o‘zga go‘zallarni netay, bo‘lmasa yor?
Gar turmasa qoshimda mudom erka nigor?
Ko‘z gavhari u vale ko‘zimning yoshidek
Gar topmasa na ko‘zda-yu, na yuzda qaror?
69
Davron g‘amidan zarracha g‘am yo‘q menda,
Charx aylanishidan-da alam yo‘q menda.
Ishqingda yo‘qotmishman o‘zimni andoq —
Parvo senga ham, o‘zgaga ham yo‘q menda.
70
Anduh to‘la olam g‘amidan dam urma!
Sindirma safo jomini — barham urma!
Kofirtabiat nafsing uchun tir bo‘lsang,
Yuz bor senga tig‘ ursa-da, sen dam urma!
71
Tokay ko‘raman turqini avboshlarning?
Tokay eshitay ayshini ayyoshlarning?
Dunyoda qizilboshdek yomon toifa yo‘q,
Ber margini, ey Xudo, qizilboshlarning!
72
Ey Tangri, hamisha ayla manzur meni,
G‘am olamida xurramu masrur meni.
Lutfing bois Nishopur azizlarining
Pok ruhi bu kun qo‘lladi oxir meni!
73
Hech kimsaga tekkizma zaboni poking,
Bo‘lsin, desang, osuda bu joni poking.
Iflos qiladi og‘izni g‘iybat, bilsang,
Bas, bulg‘ama hech qachon dahoni poking.
74
Bermish hamma narsani Olloh senga,
Tutmish nusrat yalovin, ey shoh, senga.
Qayga qadaming yetsa, Xudo hukmi bilan
Ochilg‘usi fath eshigi har goh senga.
75
Ey dil, ikki dunyo g‘amidan dam urma!
Bas, ko‘rgan emassan uni san, dam urma!
Nokas eli boshishta agar tig‘ ursa,
Yuz bor tig‘ urgani bilan dam urma!
76
Ey Tangri, seningsiz menga jo(y) berguchi yo‘q,
Shafqat-la mudom lutfu ato berguchi yo‘q.
Sen bermasang dardimga davo — kim bergay?
Sendan o‘zga menga davo berguchi yo‘q.
77
Fayz yetgusi zikr ila dili ogohga,
Ul fayz egasi yaqin bo‘lar Ollohga.
So‘z derlar-u «lo iloha»dan, yetgaylar —
Mohiyati «lo iloha illalloh»ga.
78
Ul barchani to‘yg‘azar o‘lim sharbatiga,
Ul barchani o‘tqazar balo masnadiga.
Yotqizga-yu bir kuni fano tobutiga,
Ul barchani bir-bir tiqar tuproq qatiga…
79
Ey Tangri, karamingni fuzun ayla menga,
Qo‘llab meni, lutfing tunu kun ayla menga.
Tortar esa qayda fitna girdobi meni,
Ul fitna balosini zabun ayla menga.
80
Yor ayladi to nafsi sitamkor meni,
Sust etdi o‘z ilkim ila ham xor meni.
Xorlikka sabab sustlik ekan, bas, yo Rab,
Bul ikkisiga qilma giriftor meni!
81
Intilsam agar sohibi gavhar bo‘laman,
O‘z dushmanim ustidan muzaffar bo‘laman!
Noumid emasman sira — Haq lutfi bilan
Balki butun olam uzra sarvar bo‘laman!
82
Haq lutfi bilan agar nazar topgayman,
Qayga qadamim yetsa, zafar topgayman.
Har fathu zafarning ketidan paydarpay,
Haq lutfi bilan fathi digar topgayman!
83
Dunyoda zo‘r o‘g‘ri Ahmadi Afshordir,
Ustozi Said G‘iyosaki ayyordir.
Har yerda tuban o‘g‘ri, qaroqchi bordir,
Homiysi ularni(ng) mana shu murdordir.
84
Tokay ko‘rasan xoru parishon o‘zni,
Har lahza xarobu xonavayron o‘zni.
Majnun kabi devona bo‘l-u, ayla xalos
Olam elining qo‘lidan, ey jon, o‘zni!
85
Yor sehru fusun bandiga soldi bu kecha,
Yuz ishva bilan dilimni oldi bu kecha.
Boshim nega ko‘kka yetmasin bu baxtdan —
Dil o‘rnida ko‘ksimda u qoldi bu kecha.
86
Bulbul kabi ko‘nglim nola etsa, ne ajab?
Parvoz kilib, arshga yetsa, ne ajab?
Aylansam-u tuproqqa vafosi yo‘lida,
Hokim-da vafo hidin taratsa, ne ajab?
87
Ko‘z haqqi, liqoyingni sevarman, ey do‘st,
Har lahza safoyingni sevarman, ey do‘st.
«Sev, — desang, — itimni», seni deb ul itni —
Timsoli vafoyingni sevarman, ey do‘st.
88
Ey do‘st, zafar nasimlari yelmoqda,
Bizga g‘alaba xabarlari kelmoqda.
Bir g‘oziy o‘zini dushman ustiga otib,
Yov boshini jismidan judo qilmoqda…
89
Afsuski, davri ishratu mul kechdi,
Vaqti sumanu lolayu sunbul kechdi.
Qayda meni(ng) gulchehram — uning orazisiz,
Faryodu fig‘onki, mavsumi gul kechdi!
90
Ishq olami ichra porsolik xushdir!
Nokasdan ilik yuvish — judolik xushdir!
Yor bo‘lsa agarda nomuvofiq — kechmoq,
Yor bo‘lsa muvofiq oshnolik xushdir!
91
Ishi bu jahon xo‘blarining ayyorlik,
Ul kampiri shumdek qilig‘i g‘addorlik.
Zinhor ular makridan o‘lma g‘ofil,
Ezgu sifatin ko‘rdim esa pargorlik*.
_________
* Pargor — tsirkul. Bu yerda majozan sarson qilish, o‘z atrofidan aylantirish, ovora qilish ma’nosida kelayapti.
92
Yor dardida jon hamisha hayronim erur,
Dil kuygan o‘shal siynai so‘zonim erur.
Ul barcha parishon dillar jam’iyati —
Sohibi dili zoru parishonim erur.
93
Ko‘yingda topilmas kishi to Majnun emas,
Dil yo‘qki, chekib g‘amingni u mahzun emas.
Ko‘zlarga nigoh tashladim-ey ko‘z uyidan,
Bir diydani ko‘rmadimki, ul purxun* emas.
_________
* Purxun — qonli, qonga to‘la.
94
Ishq olami ichra dilda bir zor qani?
Siynam kabi bir siynai afgor qani?
Dil ohi kabi hamdamu dildor qani?
Dildosh jo‘ralar, hamnafasu yor qani?
95
Ul sho‘xki, dilozoru jafokorim erur,
Ham yori vafodoru havodorim erur,
Yuz nozu karashma ichra makkorim erur,
Harchand sitamkoru dilozorim erur.
96
Bul ko‘xna jaxrn boshdan-oyoq vayrondir,
Obodligi tuproq ila yaksondir.
Sen unda makon tutma sira — ko‘hna jahrn
Oromgahi devu dadu* shaytondir.
____________
* Dad — yirtqich, yovvoyi hayvon.
97
Har sunbuli toza zulfi dildor emish-ey,
Har lola jamoli lolaruxsor emish-ey,
Har sarvi baland qomati yor emish-ey,
Har g‘uncha dili bir oshiqi zor emish-ey.
98
Ey diyda, degil, menga yetar binolik,
Ey aql, dema, na xush bu donolik!
Biz jumla gunohkoru xatokorlarmiz,
Afv etmasa Ul, bo‘lgay ajab rasvolik.
99
Bir sho‘x sanamu soyai shamshod bo‘lsa!
Dillar yana g‘am qaydidan ozod bo‘lsa!
Xushdir juda may jomiyu mahbub husni
Anhoru saroyi Astrabod bo‘lsa!
100
Muhtojga qayish — asli karomat shuldir,
Bir ishki, yo‘q ortida malomat — shuldir.
Har ikki jahonda, soliko, iymonni
Qutqarguchi chin rohi salomat shuldir.
101
Ilm asli hama tasavvuru tasdiqdir,
Bilmoq uni Haq lutfi bilan tavfiqdir.
Chunki bu tasavvurot tasdiq juz’i,
Nazdida muhaqqiqni(ng) bari tahqiqdir.
102
Sendan rizo ko‘zlagan Ubaydullohdir,
Lutfing so‘rab bo‘zlagan Ubaydullohdir.
Har ikki jahonda ko‘zu ko‘ngil birlan
Sendan seni izlagan Ubaydullohdir.
103
Rind ahlini(ng) sarmanzilidir manzilimiz,
Olam elidan ozodlik hosilimiz.
Ul dilki, jahonda yarar ishga — boshqa,
Ul dilki, yaramas ishga — bizning dilimiz.
104
O‘z ilmiyu fazli bila kim mag‘rurdir,
O‘z baxtiga dushmanlik ila mashhurdir.
Har dilki, Xudo nuri bilan ma’murdir,
Jahl zulmatidan forig‘u ham masrurdir.
105
Har yo‘l bila Haq vasfini qilmoq na xush!
Yor-ko‘k zikr aytishini bilmoq na xush!
Sokin bo‘libon yolg‘izlik go‘shasida
Har lahza Xudo yodi-la bo‘lmoq na xush!
106
Ul sho‘xi jafopeshaki, dildor bizga,
Har yerda qilar u qasdi ozor bizga.
Jom birla qadah misoli la’li labisiz
Qon yig‘lash-u, qon ichish erur kor bizga.
107
Yor orazining husnu safosi o‘zga,
Yor manzilining obu havosi o‘zga.
Firdavs agarchi yaxshi joydir, ammo,
Yor turgan o‘shal joyni(ng) bahosi o‘zga.
108
Mavjudligim boisi g‘amingdir, jonon,
Ko‘nglim mulki sening g‘amingsiz vayron.
Qo‘rqar kishilar namuncha jon bermoqdan?
Yo‘lingda berish jonni juda ham oson.
109
Diydorini bir ko‘rish uchun zor bo‘ldim,
Diydorining orzusida bemor bo‘ldim.
Bas, davlati diydoriga yetkaz, yo Rab,
Umrim boricha tolibi diydor bo‘ldim.
110
Bulbul biz uchun o‘qiydi bog‘ ichra g‘azal,
Shodlik ulashar ko‘ngilga gullarki, go‘zal.
Ul pirniki, mug‘ dayri aro ko‘rgaysan,
Mayxonalar ichra bizga yo‘lboshchi o‘shal.
111
Ollohi karimning karami yor menga!
Pok ruhi ulug‘larni(ng) madadkor menga!
Haq yo‘lida boshdan jonu dil birla kechib,
Kuffor qonini to‘kish erur kor menga!
112
Har kimsaki, Haq ishlaridan mahrumdir,
Ul ham Haq-u, ham xalq oldida mazmumdir.
So‘z ochmak emas ravo kishining ishidan,
Haq oldida chunki hammasi ma’lumdir.
113
Kimning dili toshdan-da esa mustahkam,
Dilmas o‘sha toshdir chinakam, yo‘q shubham.
Undandir uzoq saodatu davlatu baxt,
Bedavlatu besaodatu badbaxt ham.
114
Yor bizga agar yor bo‘lsa — davlat shu!
G‘amxo‘ru talabgor bo‘lsa — davlat shu!
Yor bo‘lsa-yu bizga u vafo rasmi ila,
Begonaga ag‘yor bo‘lsa — davlat shu!
115
Har ranji g‘azot yo‘lini rohat bizga,
Aksincha, unutmoq uni mehnat bizga.
Biz yo‘lida sidq ila tikibmiz boshni,
Bosh ketsa agar yo‘lida — davlat bizga!
116
Ko‘nglingda agar maraz yo‘q bo‘lsa, na xush!
Sevgida biror g‘araz yo‘q bo‘lsa, na xush!
Zo‘r do‘stlarimiz agarchi bordir, ammo
Bu do‘stlik aro g‘araz yo‘q bo‘lsa, na xush!
117
Aldamchi jahon gulshani gulxan bizga,
Mo‘min eliga zindonu maskan bizga.
G‘ayr ahliga ko‘ngil berish — eng rasvo ish,
Bundan hazar aylaki, u dushman bizga.
118
O‘ldirsam agar rofiziylarni, bu — ravo,
Bu ish ila Haq hukmini etgayman ado.
Kim og‘iz-burun o‘pishsa bu qavm bilan,
Dushman erur u bizga, emas do‘st aslo.
119
Shukri hamaning arzimagay ehsonga,
Zikri hamaning loyiq emas g‘ufronga.
Bizning hama toatdan ulug‘ rizvoni,
Toat bari shoyista emas rizvonga.
120
Olam elining sherlari ro‘boh* sesha,
Sarvarlari bir xodimi dargoh senga.
Nusrat jilovini tortma hech bu yo‘ldan,
Har yerda zafar hamisha hamroh senga.
___________
* Ro‘boh — tulki.
121
Ey yor, nima gap, zamona fosid* bo‘ldi,
Ul kayfu safo bozori kosid* bo‘ldi.
Qilmasdi birov bizga hasad — endi esa
Makr ila hasad etdi-yu, hosid* bo‘ldi.
__________
* Fosid — buzilgan, buzuq, nojo‘ya.
* Kosid — kasod.
* Hosid — hasadgo‘y.
122
Bu bog‘ni bugun havosi bisyor xushdir!
Husning nuridan sabzayu gulzor xushdir!
Olloh haqi, gul g‘unchasidek pardada bo‘l,
Chehrangni sening ko‘rmasa ag‘yor xushdir!
123
Har kimga ayon bo‘lsa sirri Olloh,
Olam elining barcha siridan ogoh.
Kimning dilida: «lo iloha illalloh»,
Sir olamida u zot erur shohanshoh.
124
Mardlar ishi behukmu befarmon bo‘lmas,
El birlan ularning ishi oson bo‘lmas.
Ranjitma kishini — seni ranjitsa-da u,
Tariqi futuvvatda bu arkon bo‘lmas.
125
Dunyoda, netay, nomu nishonni sensiz?
Ham Xizr kabi umri jovidonni sensiz?
Sensiz menta darkor emas bu jonu jahon,
Jono, ne qilay jonu jahonni sensiz?!
126
Yor bo‘lsa haqiqiy, bevafolik qilmas,
O‘z yoriga bir lahza judolik qilmas.
Yorlar safiga kirsa-da yotlar nogoh,
Begona bilan u oshnolik qilmas.
127
Har kimda bu g‘am uyida manzil bo‘lgay,
Shodlikka u ne tarika moyil bo‘lgay?
G‘am-qayg‘uli bu zamonda, ey yori aziz,
Bir kishi topilmaski, u xushdil bo‘lgay.
128
Yo Rab, senga dil hamisha moyil bo‘lgay,
Doim xayoli vasl ila vosil bo‘lgay.
Ul dil sanalur g‘ofil emas gar sendan,
Ul dilmas, agar sendan u g‘ofil bo‘lgay.
129
Haq lutfiga gar loyiq esam men — g‘amnok,
G‘am zangidan dil oyinasi bo‘lgay pok.
Bu quvvat ila zeru zabar qilg‘umdur
Qal’ang seni bo‘lsa-da qal’ayi aflok!
130
Dil ahliga men yoru yaqin bo‘lgim bor,
Ham do‘sti azizi ahli din bo‘lgim bor.
Bir lahzada har ikki jahonni unutib,
Dil ahli kabi go‘shanishin bo‘lgim bor.
131
Mard ulki, agar mute’i farmon bo‘lsa,
Bir nojo‘ya ish qilsa, pushaymon bo‘lsa.
Kam ko‘rmak o‘zin — mardlar kamoli, toki
Qar narsada o‘z aybi namoyon bo‘lsa.
132
Kim Haqni unutsa — o‘sha g‘ofil bo‘lgay,
Ko‘ngli o‘lar-u, tuproq ila gil bo‘lgay.
Kim ko‘ngliga Haq yodi bilan bersa hayot,
Ul ikki jahonda barhayot dil bo‘lgay!
133
Ishqing g‘ami ko‘nglimda fuzun bo‘lgaydir,
La’lingni ko‘rolmay, diyda xun bo‘lgaydir.
Ko‘z gavharisan — ketma sira ko‘zdan uzoq,
Ko‘z gavhari birla ko‘z butun bo‘lgaydir.
134
Har bodki, o‘shal Buxoro yoqdan yelgay,
Gardeki, menga yo u tarafdan kelgay,
Har lahza o‘shal epkin-u xoli mushkin
Ul «Bog‘i diloro» hidin ma’lum qilgay.
135
G‘am-g‘ussa o‘tida yoving har on kuysin!
O‘z dardiga qovrilsin-u, pinhon kuysin!
Sunniylar yoqqan bu urush otashida
Din dushmani — rofiziy beomon kuysin!
136
Ey Tus, bu kun xarobu vayron bo‘lding,
Sovrilding-u yellarga — parishon bo‘lding.
Ostin-ustun qildi balo tog‘i seni,
Tuproq bilan sen yana yakson bo‘lding.
137
Tus mulkida Haq bizga ato baxsh etgay!
Bor bo‘lsa shaharda har vaqo — baxsh etgay!
Muhlat bering-u, mening kabi sabr aylang,
Har qal’aki bor, bizga Xudo baxsh etgay!
138
Dunyoda Xudo lutfu ato baxsh etgay!
Uqboda huri nozik ado baxsh etgay!
Har ikki jahonda nimani istar esam,
Ul istaganim menga Xudo baxsh etgay!
139
Ko‘zim kuyar ul sarvi ravon furqatida,
Ko‘nglim kuyar yori mehribon furqatida.
Dard otashi birla chorasizlik g‘amidan
Ko‘ksim kuyar, o‘rtanadi jon furqatida.
140
Do‘stlar, dilima balo bo‘lishga ne sabab?
Xasta jonima jafo bo‘lishga ne sabab?
Har lahza mening hamdamu yorim edingiz,
Bir bora bu kun judo bo‘lishga ne sabab?!
141
Joning vujuding tufayli g‘amnok bo‘lgay,
Aybu kinadan garchi diling pok bo‘lgay.
Ziyrak ko‘zim-ey, ko‘rib turibsan-ku o‘zing:
Bor bo‘lsa nima, oqibat u xok bo‘lgay…
142
Tus shahrini qal’asi to vayron bo‘lmas,
Zarra kabi har yoqqa parishon bo‘lmas,
Bo‘lmas bu shahar yangidan aslo obod,
To Tus qaro yer ila yakson bo‘lmas!
143
Bu ko‘z yoshlar diydai giryondandir,
Dilning ko‘zidan-u, diydai jondandir.
Bo‘lgay ular muzdi* afvu rahmat, chunki
Haq qo‘rquvidan-u, zikri Qur’ondandir.
____________
* Muzd — xizmat xaqi, ish haqi; mukofot.
144
Dushman dili bu jahonda mahzun bo‘lsin!
Dil qoni tepib ko‘ziga, purxun bo‘lsin!
Bu lahza menga yetipgdi yangi nusrat,
Bu fathu zafar qutlug‘u ma’mun* bo‘lsin!
___________
* Ma’mun — xavf-xatarsiz, tinch-omon.
145
Tokaygacha fisq ahli bilan yor bo‘lasiz?
Olamdan-u, o‘zdan necha bezor bo‘lasiz?
Pandim shu: qiling fisqu fujurdan tavba,
Gar qilmasangiz tavba — keyin xor bo‘lasiz!
146
Oshiqlik udum-rasmi to paydo bo‘ldi,
Oshufta dilim jahonda yakto bo‘ldi.
Har dil u pari zulfiga shaydo bo‘ldi,
Devona dilim kabi u rasvo bo‘ldi.
147
Farzona dilim ko‘yingda Majnun bo‘lsin!
Ko‘nglimda yuzingning ishqi afzun bo‘lsin!
To rashku hasad ichra yumuq g‘uncha kabi
Oshufta ko‘ngillar bari mahzun bo‘lsin!
148
Noshukur kishi podshodan noligay,
Har mehnatu ranju har balodan noligay.
Haq dushmani u — hech gana qilmas o‘zidan,
Ham do‘sti Xudoyu, ham Xudodan noligay!
149
Ishrat uyiga so‘fiyimiz kam kirdi,
Bu g‘amzadalarga ta’na tig‘in urdi.
Kirdi-yu hasad birla parishon qildi,
Qay damki, bizing davrani ko‘zi ko‘rdi.
150
Ul toifa ko‘nglim asiri g‘am qildi,
Mazlum kishilarning ko‘zini nam qildi.
Bizning bu karamlarni karam birla etib,
Ne tong, bekaramlar karam ham qildi.
151
Umrim u go‘zal ishqi bilan o‘tgusidir,
G‘am gardi aro misli tuman o‘tgusidir.
Ko‘z bog‘ladim Haqdan o‘zgadan, chunki umr
Ko‘zni yumib-ochguningcha san o‘tgusidir…
152
Ich yonganidan ko‘zimda ob qolgan emas,
Betob bo‘lib, tanimda tob qolgan emas.
Tortdim g‘amingda shu qadar bexoblik,
G‘amdida bu ko‘zim ichra xob qolgan emas.
153
Ey do‘st, ko‘ying to menga manzil bo‘ldi,
Vaslishta yetishmak orzui dil bo‘ldi.
Dil orzusi yolg‘iz shu edi vaslingdan,
Yuz shukr, ko‘ngil maqsudi hosil bo‘ldi.
154
Ezgu ishimizga nafs mone’ bo‘ldi,
O‘tkinchi jahon ayshiga qone’ bo‘ldi.
Afsuski, bir ish qilmadik Olloh yo‘lida,
Qimmatli hayot shu xilda zoye’ bo‘ldi.
155
Haqdan u azizlarki, xabar topmishlar,
Yuz bor valilardan-da nazar topmishlar.
Maqsudu murodini ular-da doim
Tun yarmida yoinki sahar topmishlar.
156
Na holi dilim charxi falak bilgaydir,
Na sirri nihonimni samak* bilgaydir.
Holimdan emas Xudodan o‘zga ogoh,
Na ins-u, na jin-u na malak bilgaydir.
__________
* Samak — bu yerda yer osti ma’nosida kelib, falakka qarshi qo‘yilayapti.
157
Ollohni tanishni eng ulug‘ davlat bil!
Har ikki jahonda izzatu hurmat bil!
Tuz haqqin unutmak — o‘g‘rilikdan battar,
Tuz haqqini oqlashni buyuk ne’mat bil!
158
Ey shohi zamon, Haq karami yor bo‘lsin!
Pok ruhi ulug‘larni(ng) madadkor bo‘lsin!
Tig‘ bo‘lsa agar jang kunida har dushman,
Ul tig‘ kabi qo‘lingga giriftor bo‘lsin!
159
Haq yo‘lida jonimga urarman paykon,
Dushmanga bu dunyoni qilarman zindon.
Haq dushmani deb naq Xoja Abdulxoliq
Dunyosiga shamshir uraman bearmon!
160
Farzand agar mute’i farmon bo‘lgay,
Haq lutfi unga mudom farovon bo‘lgay,
Beshubha, buningdek farzand har doim
Ko‘zing nuri-yu, rahmati Rahmon bo‘lgay!
161
Ul qavmki, mol-dunyoga mag‘rur bo‘ldi,
Haq lutfidan mosuvoyu ma’zur bo‘ldi.
Ul qavmki, anglab buni, tark etdi uni,
Har ikki jahonda shodu masrur bo‘ldi.
162
Etganda ajal bu ko‘zlaring ko‘r bo‘lgay,
Ul damda maqomu manziling go‘r bo‘lgay.
Go‘r ichra taning bo‘lga-yu pora-pora,
Har porasi bitta ulushi mo‘r bo‘lgay.
163
Ruhim begumon senga har on yor erdi,
Oshufta bu jonim-da mudom zor erdi.
Dil bo‘lgan emas endi giriftor senga,
Ul asli azal senga giriftor erdi.
164
Har kim senga bir omonatin keltirdi,
Va’dangni olib, senga ishonch bildirdi.
Bas, aslo omonatga xiyonat qilma,
Ul yukni diyonat yuzidan qoldirdi.
165
Ey yor, agar xayr etsang, xush bo‘lgay,
O‘zni g‘animi g‘ayr etsang, xush bo‘lgay.
Xush bo‘lsa-da olam senga dil olamidan,
Dil olamiga sayr etsang, xush bo‘lgay.
166
Har kimsaki, johillar ila bo‘lgaydir,
Din hukmicha, g‘ofillar ila bo‘lgaydir.
Har kimsa yaqin bo‘lsa kamol ahli bilan,
Haq lutfi-la komillar ila bo‘lgaydir.
167
Chin dildan ibodating ado qilgayman,
Har dam seni(ng) haqqingga duo qilgayman.
Izlab bu jahon ichinda diydoringni,
Vaslingni u dunyoda da’vo qilgayman.
168
Haq yodidan ayri ko‘ngil eng mazmumdir*,
Shayton bilan aloqasi ma’lumdir.
Har kimki Xudo yodi bilan bedor emas,
Bunday kishini tirik dema, marhumdir.
____________
* M a z m u m — ayblang‘an, yomonlangan, nafratlangan.
169
Sargashtasi yorning dilu jondan kechgay,
Ovvorasi bo‘lsa, xonumondan kechgay.
Devonasi aqlu hushini tark aylab,
Bir lahzada har ikki jahondan kechgay.
170
Afsus, bebaho umr ravon o‘tgusidir,
Bu bebaho umr kabi jahon o‘tgusidir.
Etmak uchun lomakonga parvoz aylab,
Jon qushi jahondan begumon o‘tgusidir.
171
Ishqingda har oshiq dilu jondan kechgay,
Ham naqdi hayoti jovidondan kechgay.
Vasl orzusida ko‘zni yumib-ochguncha
Ham jonidan-u, ham bu jahondan kechgay.
172
Kim to‘kkali obro‘ying shitob qilgaydir,
Xalq o‘rtasida ta’na-itob qilgaydir,
Sen unga javob aylama-yu, jim o‘ltir,
O‘rnishta farishtalar javob qilgaydir.
173
Bo‘lg‘ay na xush ichish bahor faslida may,
Gulzor oralab, dastalasang gul-da atay.
May tut menga to yangrar ekan nolai nay,
Men may ichay eslab seni, ko‘zi quralay.
174
Qildim-u sahar tavofi Sulton Sanjar*,
Dedim: ko‘rsat zafar yo‘lin, ey rahbar!
Dedi: zafar istab, duo qilsang sahar,
Haq lutfi-la topga(y)sen sahar vaqti zafar.
___________
* Sulton Sanjar — saljuqiylar sulolasidan sakkizinchi hukmdor (1118—1157).
175
O‘tkinchi jahondan padaring qildi safar,
Bil, ushbu safardan senga yetmaydi xabar.
Pandimni qulog‘ingga il, ey joni padar:
Sen o‘z tashvishingni qil-u, chekma g‘ami zar!
176
Ushla otining jilovidan ishratning,
Shodlik bu — shamol, tut etagin davlatning.
Olam elining azizi bo‘lmoq ersang,
Solik kabi tanla yo‘lini uzlatning.
177
Sabr ayla jafoga, ey ko‘ngil, bo‘lma tez,
Solik kabi Haqdan o‘zgadan et parhez.
Aylar seni lutf etsa muqarrablardan,
Qahr aylasa-da, etmagil isyon hargiz.
178
G‘am xayliga* dardiga mudom malham bo‘l,
Bechora sag‘irlarga yoru hamdam bo‘l.
Topmoq tilasang Haq nazaridan asare,
Darvesh elini yaqin tutib, mahram bo‘l.
_________
* Xayl — to‘da, guruh, toifa; el, jamoa.
179
Yor ishqida o‘zni zor qilmoq yaxshi,
Bir go‘shani ixtiyor qilmoq yaxshi.
Sokin bo‘lib ul tanholik go‘shasida,
Yor yodini dilga yor qilmoq yaxshi.
180
Yodingdan uzoq etma bu dilso‘zlarni,
Zulmatga mubaddal* aylama ko‘zlarni.
Berganda visol mujdasini xoslarga,
Qahr etib, mahrum aylama bizlarni.
____________
* Mubaddal — almashtirish, o‘zgartirish.
181
Ishq bodasidan agarchi mastsan — shod bo‘l!
Qildingmi najot yo‘liga qasd san — shod bo‘l!
Xalqdan uzilib gar kecha-kunduz, ey dil,
Yo‘qlik go‘shasida haqparastsan — shod bo‘l!
182
Har yerda nayu maydan esa jo‘shu xuro‘sh,
Bul jo‘shu xuro‘sh ichra ichish boda na xush!
Zohid kabi bozorga o‘zish solma-yu hech,
Porsoliging el ichra sira aylama pesh.
183
Ey mard, o‘zingga berma ko‘p oroyish,
Oroyishi dunyoni erur oloyish*.
Osoyishi yo‘qdir bu vujud shahrining-ey,
Ul mulki adamda bor magar osoyish.
_________
* Oloyish — ifloslik, kirlik.
184
Haq yod etishini istasang, zokir bo‘l!
Bir dam g‘ofil o‘lma Undan-u, hozir bo‘l!
Ne’mat tilasang visoli bog‘idan agar,
Har bir nafasingga shukr et-u, shokir bo‘l!
185
O‘tli yuragimni ayladi sard firoq,
Etdi yana bag‘rimni to‘la dard firoq.
Xokiy vujudimdan meni xorij aylab,
Tuproq kabi qildi meni-da gard firoq.
186
Topsa nazaringdan bahra bir zarra xok,
Bo‘lgay o‘sha zarraning maqomi aflok.
Mayxonai ishqing ichra beboklarmiz,
Lutfing ila bizlarni-da sen qilgil pok.
187
Har lahza go‘zal yuzingni ko‘rmoq mushkul,
Har dam oyog‘ingga yuzni surmoq mushkul.
Vaslishta yetishmoq qiyindir, jono,
Hajr ichra visolsiz-da yurmoq mushkul.
188
Ey homiyi dinu hofizi* mulku milal*,
Ey qotili kufru dofe’i jangu jadal.
Har qaydaki qo‘zg‘alsa biror fitnayu sho‘r,
Aylarsan uni daf’ etib tadbiru hiyal*.
____________
* Hofiz — saqlovchi, ximoya qiluvchi.
* Milal — millatlar, xalqlar.
* Hiyal — hiylalar, firiblar, aldovlar.
189
Ey sho‘x, qilarsanmi sira chorai dil,
Tokay bo‘lasan qotilu xunxorai dil.
Qondir labi har itingning — dil qoni u, boq:
Yotar har yer-har yerda bir porai dil.
190
Bo‘ldi-yu Xudo lutfi menga yor, ey dil,
Etdim u qizilbosh guruhin xor, ey dil.
Olloh karamidan bor umidim: bo‘lgay —
Ul to‘dani shohi-da giriftor, ey dil.
191
Ey ishq eli shohi, dil koshonasida,
Kel so‘zlashayik, mavzu: dil afsonasi-da.
Ko‘rsatsang agar gul yuzing ummid bog‘ida,
Porlar edi ming quyosh ko‘ngil xonasida.
192
Qilgancha tavakkal Xudoga keldik,
Mardona niyat bilan g‘azoga keldik.
Bir-ikki qadam ilgari chiq sen ham, yov,
Olis yo‘ldan biz istiloga keldik.
193
Dunyosida yaxshilikni men kam ko‘rdim,
Har holatu raftorida* motam ko‘rdim.
Hech tinglamay unda shodlik nag‘masini,
Olam-olam mashaqqatu g‘am ko‘rdim.
__________
* Raftor — yurish, xirom aylash, xarakat.
194
Tokaygacha dil otashidan g‘ash bo‘laman?
Yig‘lab uning ishqida mushavvash* bo‘laman?
Ichdan otashu tashdan esa ko‘z yoshi,
Tokay asiri obu otash bo‘laman?
__________
* Mushavvash — tashvishli, parishon, beorom.
195
Qon yosh to‘kaman — diydalarim namnokdir,
Ohlar uraman — dilimda ming bir chokdir.
Tuprog‘im o‘shal qon tufayli qizg‘ish,
Jismim o‘sha ohdan yelga uchgan xokdir.
196
Yuz shukr, yuzimni oyog‘ingga surdim,
Yillab men shu orzu-tilakda yurdim.
Jon bor ekan tanda, topmadim osoyish,
Jon bahridan o‘tdim-u, osoyish ko‘rdim….
197
Keldik barimiz-da mustaqim* yo‘l birlan,
Ko‘ying sari pokiza, salim* dil birlan.
Oyoqni qabartirib vafo yo‘lida,
Ko‘rishgani keldik shu qadim el birlan.
__________
* Mustaqim — to‘g‘ri, rost.
* Salim — sog‘lom, salomat, omon.
198
Bir dard dilimda bor — davo xohlayman,
Haq dorushshifosidan shifo xohlayman.
Hech narsani Haqdan o‘zgadan so‘rmasman,
Har narsani ham bersa Xudo xohlayman.
199
Qirg‘og‘i yo‘q ummon olam ichra odam,
Ummon aro inson umri bir kemai g‘am.
Gar qilsa hujum ajal nahangi nogoh,
G‘arq aylar-u, tortar o‘ziga komi adam.
200
Qizg‘onaman ishq bodasshsh Odamdan,
Bir tomchisi ortiq uni mulki Jamdan.
Etgay dilu jondan ikki olam g‘amini,
Bir qatrasi a’lo har ikki olamdan!
201
Ey dil, meni na dev-u, na dad qo‘rqitgay,
Yo aybu gunohlar beadad qo‘rqitgay.
Olamda bulardan sira yo‘q xavfim, lek
Do‘st ko‘nglidagi kinu hasad qo‘rqitgay.
202
Oshiqligu oshuftalik bo‘lgach ishim,
Ul ahli safoni(ng) suhbatidir xohishim.
Sargashta ko‘zim gavharidek zor-hayron,
Ezgu yuziga Rasulnidir navozishim.
203
G‘am go‘shasi ichra ulfati g‘am — bizmiz,
Ham g‘amzadalarga do‘stu hamdam — bizmiz.
Kamdek shu yog‘i, qarang, bu dunyo ishiga:
Angushtnamoyi* ahli olam — bizmiz.
__________
* Angushtnamo — mashhur, dong taratgan.
204
Ko‘rgum u safo ahlida bir nuru safo,
Ko‘rgum u nuru safo kabi mehru vafo.
Har lahza basirat ahli yanglig‘, yo Rab,
Ko‘rgum nimaga boqsam O‘zingni tanho.
205
Rindeki, halollik ichra yakto — bizmiz,
O‘z rindligi-la jahonda tanho — bizmiz.
G‘am dahrida bozori fano rindi kabi
Rindeki, alam-g‘amga beparvo — bizmiz.
206
Yor hajrini vahmi bila bemor bo‘ldim,
G‘am toshining ostiga ko‘p afgor bo‘ldim.
Zulfiga asir qildi meni zor ko‘ngil,
Zor ko‘ngilni dastidan giriftor bo‘ldim.
207
Oshuftasimiz qomati ra’nosini biz,
Devonasi sunbuli sumansosini biz.
Ul bo‘lsa jahonning joni — ko‘z gavharidek
Hayroni jamoli olamorosini biz.
208
Ey do‘st, na darvesh-u, na xoqon bo‘ldim,
Na shohu biror mulkka, na sulton bo‘ldim.
Olamda o‘zimcha na u, na bu bo‘ldim,
Haq xohlagani kabi bir inson bo‘ldim.
209
Oshufta bu jon sening fidoying bo‘lsin!
Sargashta bu boshim xoki poying bo‘lsin!
Har ish bo‘ladi sening rizoying birlan,
Alqissa, menga sening rizoying bo‘lsin!
210
Mug‘ dayrida biz may xumiga bosh urdik,
Mug‘lar ila may o‘pib ko‘zu qosh urdik.
Taqvoyu vara’ni bizdan istarlar, biz —
Taqvoyu vara’ shishasiga tosh urdik.
211
Tokay bu zamon g‘amidan afsona bo‘lay,
Afsonai har oqilu farzona bo‘lay.
Oshiq bo‘la-yu, ikki jahrndan kechibon
Bir Laylisifat ishqida parvona bo‘lay.
212
Tokay firoq zahrini tun-tun ichaman?
Tokay g‘amida jomi purxun ichaman?
Tokay yashayin yor labisiz tashnajigar?
Eslab labini bodai gulgun ichaman!
213
Haddan o‘tdi g‘amu malolim, na qilay?
G‘addor zamon berdi zavolim, na qilay?
Dodimni O‘zingga aytaman shomu sahar,
Gar tinglamasang sen-da bu holim, na qilay?..
214
Na maykada-yu, na jomi Jam ko‘rgayman,
Na mardi karim-u, na karam ko‘rgayman.
Sayri adam asbobini taxt aylash shart,
Qasdi adam etmish hamma ham — ko‘rgayman.
215
Ishqing ulug‘ ummonida bir xas — bizmiz,
Shavq gulshani ichra guli navras* — bizmiz.
Bizlarga muruvvat et, g‘arib shahr ichra
Darveshi g‘arib, bexeshu bekas — bizmiz.
_________
* Navras — yangi o‘sib kelayotgan, yosh.
216
Ul sho‘x firoqi tig‘idan afgorman,
Hijroni balosi vahmidan bemorman.
Har o‘qki, undan yetadi jonimga,
Jon ichra alif aylagali tayyorman.
217
Yuz shukrki, men ahli shariat bo‘ldim,
Ham mashhuri arbobi tariqat bo‘ldim.
Maqsad menga asrori haqiqat, shundan —
Men oshiqi asrori haqiqat bo‘ldim.
218
Ey yor, sening ishqingda giriftor men ham,
Yuz g‘am bilan oshuftaman, ey yor, men ham.
Ko‘rsatgil uzoqdan gahi diydoringni,
Ey yor, senga tolibi diydor men ham.
219
Mushtoqiman husni olamoroyingni,
Ham bandasi turrai* sumansoyingni*.
Ey gul, talab vodiysida misli sabo
Izlab yelaman qomati ra’noyingni.
_________
* Turra — kokil, soch o‘rimlari, zulf.
* Sumanso — sumanga o‘xshagan.
220
Ey husn elining shohi, gadoying bo‘ldim,
Majnun kabi zoru mubtaloying bo‘ldim.
Begona bo‘lib hammadan-u, jondan ham,
Chin dil bila men sening fidoying bo‘ldim.
221
Lutf etsa Xudo menga ne bok vahmi jahim,
Uzmasman umidni sira sendan-da, naim.
Har ikki jahonda men gunohdan cho‘chimam,
Har ikki jahonda Haq karim hamda rahim.
222
Ey do‘st, fano dayrida hamxona bo‘lay,
Sarhalqai* ahli dayru rindona bo‘lay.
Bezdim juda xonaqohdan-u, istayman —
Rind ahli kabi sokini mayxona bo‘lay.
__________
* Sarqalqa — yetakchi, boshliq.
223
Oshuftasimiz qomati shamshodingning,
Bandasi hamisha sarvi ozodingning.
Har sho‘xiga har shaharning oshiqmasmiz,
Biz oshig‘i sho‘xi Astrabodingning!
224
Tokaygacha bechorayu hayron bo‘laman?
Zulfi kabi sho‘xlarni parishon bo‘laman?
Ixlos ila xizmatin qilish orzusida
Men navkari sultoni Xuroson bo‘laman!
225
Ey Tangri, hamisha notavoningman o‘zim,
Pinhona yuzingta nigoroningman o‘zim.
Muhtoj agarchi senga ko‘pdir vale,
Eng bandai zor — bexonumoningman o‘zim!
226
Tokaygacha so‘z darozu ko‘toh deyman,
Yo‘l ranji, safar azobidan oh deyman.
Demakka bu bari hasbatanlilloh* deb,
Bas, endi mudom hasbatanlilloh deyman.
___________
* Hasbatanlilloh — Xudo uchun, Xudo haq-hurmati uchun.
227
Dunyoi tuban ham bevafoni na qilay?
Ul ma’shuqi har shohu gadoni na qilay?
Dilu din uchun u bir baloyi ofat,
So‘yla, bu kabi turfa baloni na qilay?
228
Sensiz menga jon chikora — jonni na qilay?
Jon olami ichra bu jahonni na qilay?
Gar kavnu makonu* lomakon sensiz esa,
Ul kavnu makonu lomakonni na qilay?
_________
* Kavnu makon — borliq, koinot.
229
O‘zdan o‘tibon, yoriman bexeshlarning,
Ham zaxmiga malham bari dilreshlarning.
Tuproq uyida o‘zni baland tutmoq bas,
Xoki qadamiman jumla darveshlarning.
230
Ey yor, yuzingga qachonki tushdi nazarim,
Yo‘qdir hech o‘shandan beri o‘zdan xabarim.
G‘am tunida ohimdan hazar et zinhor,
Nogoh seni to tutmasin ohi saharim.
231
Ka’bani tavof etgali Bag‘dod boramiz,
Ko‘ngilni qilib xurramu ham shod boramiz.
Ka’ba safari anjomini shay aylab,
Botin uyini etgali obod boramiz.
232
Ming qatla shukr — har kun ahad deyman men,
Yuz bor uni, ming bor — beadad deyman men.
Ixlos ila anjumandayu xilvatda
Ollohu ahad, samad, samad deyman men!
233
Ishq maktabida bu kun sabaq ayturman,
Safha-safha, varaq-varaq ayturman.
Sen tingla so‘zimni-yu, itoat ayla,
Men chunki hadisi hukmi Haq ayturman.
234
Yuz shukrki, Haq dushmaniga yormasman,
Haq do‘sti bilan yorman-u, ag‘yormasman.
Dushman kabi nafsimga giriftormasman,
Zorman Unga-yu, o‘zgaga hech zormasman.
235
Bu kulol, bilsang agar, ey shayxi kirom,
Qilgay butun elning xokidan ko‘za tamom.
Jismingni ajal bir kuni tuproq etsa,
Bir ko‘za qilar seni-da qoyilmaqom.
236
Hasrat chekaman misoli ahli motam,
Har yoqdan yetar ko‘nglimga lashkari g‘am.
Umring qadaxiga sira mag‘rur bo‘lma,
Chil-chil sinar u jafo tig‘i tekkan dam.
237
Ochlik g‘amidan yetdi bu jon labga, ajab,
Tark ayladi-ketdi meni bor ayshu tarab.
Men vositayu sababni, yo Rab, ne qilay?
Bevosita rizqni berasan ham besabab.
238
Hamrozu azaldan unga, hamxona manam,
Hamkosai doimiyu begona manam.
Mayxona bilan yaqinligim bordir azal,
Shundan mudom sokini mayxona manam.
239
Ishq axlidek ishq elida afsona o‘zim!
Afsona-yu, yor bazmida begona o‘zim!
Laylisifat ul yor ishqining dashti aro
Aqlu hushidan begona devona o‘zim!
240
Yov ta’na toshin bo‘ynima ilsa, ne qilay?
Bag‘rimni jafo tig‘i-la tilsa, ne qilay?
Asli ikki pulga qimmat olam shuni deb,
Bo‘g‘zimga mening kelib tiqilsa, ne qilay?
241
Etkazgusi Olloh sari xilvat kishini,
Toat etay, unutib jahon tashvishini.
Umr avvalida ortmadim dunyo ishidan,
Umr oxirida endi qilay din ishini.
242
Vasling harami ichinda xos ayla meni!
Hajring g‘ami bandidan xalos ayla meni!
Xoslar ila suhbat tuzadi mahramlar,
Ko‘rsat karam-u, O‘zingga xos ayla meni!
243
Har lahza talab qilar visolingni dilim,
Vasling talabidir ko‘nglim ichra hosilim.
Bir kuni vafo ko‘yida o‘lsam, ey do‘st,
Orzum shu: taratsa vafo bo‘yini gilim.
244
Ishq ichra manam yagonai ikki jahon,
Oshnoyu kamolda toq sanamga, nigaron.
Ishqida falakdek eruram sargardon,
Bo‘lmaydi tutib bu sirni eldan pinhon.
245
Haq nomisiz, ey, so‘zingni yelga sochma,
Gapni ba’zilardek sira olib qochma.
Yum ko‘zni-yu Haqdan o‘zgasidan doim,
Zinhor uni Haqdan o‘zgasiga ochma.
246
Zulfing havasi yashaydi ko‘nglimda mudom,
Yuz shavqi base yashaydi qo‘nglimda mudom.
Qoshing kabi biz tarafga ham bir qayril,
Qoshing qorasi yashaydi ko‘nglimda mudom.
247
Na mehnati dardu dog‘ bor ko‘nglimda,
Na hasrati bog‘u rog‘ bor ko‘nglimda.
Har ikki jahondan o‘ldi ko‘nglim forig‘,
Har ikkisidan charchoq bor ko‘nglimda.
248
Ey Tangri, meni xalqqa rahbar ayla!
Sardaftaru sarfarozu sarvar ayla!
G‘am dashti aro falak kabi sargardon —
Etma meni-yu, dilim munavvar ayla!
249
Jon olamida sen kabi bir jon bo‘lmas,
Husningni ko‘rib, men kabi hayron bo‘lmas.
Ko‘ying kabi menga bog‘i rizvon bo‘lmas,
Mendek unda bir bulbuli nolon bo‘lmas.
250
Ey rofiziylar, sizni halok qilgayman!
Sizlar kabi nopokni pok qilgayman!
Tokay ketingiz ko‘rsatasiz qumtepadek?
Shul qumtepadek sizni-da xok qilgayman!
251
Din yo‘liga tik boshni — sarafrozlik qil,
Doim jihod ahli ila hamrozlik qil.
Tez vasliga yetmoq tilasang Ollohning,
Topshir Xudoga jonni-yu, jonbozlik qil.
252
Ahdingga xilof ish sira, ey yor, qilma,
Har yerda o‘zingni bu bilan xor qilma.
Va’daga ba’zan vafo qilolmassan ham,
Bas, hech kishiga va’dani bisyor qilma.
253
Ka’baga kishi borsa — na xush davlat bu!
Unda yugurib, horsa — na xush davlat bu!
Olloh uyida bori jahonni unutib,
Rabbiga dilin yorsa — na xush davlat bu!
254
Ul o‘tli muhabbating ko‘nglimda mudom,
Fikri g‘ami furqating ko‘nglimda mudom.
Sensiz o‘tirgan esam-da har majlisda,
Andishai suhbating ko‘nglimda mudom.
255
Keltirmadi yorim yodiga ko‘nglimni,
Ham yetmadi bir bor dodiga ko‘nglimni.
Dil orzusi undan ushalarmi desam-ey,
Etkazmadi hech murodiga ko‘nglimni.
256
Ishq etagidan qo‘lingni ko‘toh ayla,
Yo‘l gardidek o‘zingni xoki roh ayla.
Har ishni Xudo yo‘lida qilmoq bo‘lsang,
Olloh haqi, xolisanlilloh ayla!
257
Haq do‘stiga, ey do‘st, madadkorlik qil,
Yorligu havodorligu g‘amxorlik qil.
Olloh yo‘lida qilib har ezgu ishni,
Haq lutfu karamiga umidvorlik qil.
258
Bir lahza, ko‘ngil, xurramu masrur bo‘lma,
Uz toatu zuhding ila mag‘rur bo‘lma.
Sen o‘zni unut — muqarrabi Haq bo‘lasan,
Lek Haqni unutma sira — kofir bo‘lma!
259
Rahmat tarafdorligu sardorligingga!
Rahmat vafodorligu ham yorligingga!
Rahmat vafo yo‘lida bizga qilgan
Olloh karami birla madadkorligingga!
260
Haq yo‘lida, ey do‘st, uchrashish bor bizga,
Ollohning o‘zi pushtu panoh, yor bizga.
Haq qo‘llamasa — zafar muyassar bo‘lmas,
Gar mo‘ru malaxdek jangchi bisyor bizga.
261
Ey dil, vujudingni tark etib, foniy bo‘l!
Nafsingni taloq ayla-yu, ruhoniy bo‘l!
Hech tinglama yolton ila nohaq so‘zni,
Haqni eshit-u, Haqni de — haqqoniy bo‘l!
262
Etkazgay u sho‘x jabru jafo oshiqqa,
Yuz turfa g‘amu dardu balo oshiqqa.
Shu kungacha hech kimga vafo qilmadi, bas,
Qilmog‘i gumon endi vafo oshiqqa.
263
Sindi qadahi-yu, ketdi Jam ham izidan,
Chekib alamu anduhu motam izidan.
Bu g‘amkadada* birgina shodlik tilasang,
Kelgay qidirib shu lahza ming g‘am izidan.
_________
* G‘amkada — g‘am uyi; majozan: g‘amgin dunyo, qayg‘uli olam.
264
Hech so‘zlama yolgon, ey yaxshi inson,
El oldida noravo gapirmoq yolg‘on.
Bossin desang oldinga ishim rostlik ila,
Kasb ayla-yu rostlikni, rost so‘zla har on.
265
Mayxona aro tolibi kommiz barimiz,
Rindmiz, agarchi neknommiz barimiz.
Bizdan sira jom birla karomat tilama,
Zeroki, muridi shayxi xommiz barimiz.
266
Ey, ezgu jamoling tarabafzoyi* hama,
Diydoringni ko‘rish tamannoyi hama.
Tortmasman oyog‘ingni xoki ko‘yingdan,
Zero, xoki ko‘ying erur joyi hama.
___________
* Tarabafzo — xursandlikni oshiruvchi.
267
Yo‘q jismim aro mador, oh dardingdan!
Dilda g‘am o‘qi qator, oh dardingdan!
Tokay chekay, ey nigor, oh dardingdan!
Oh dardingdan, ming bor oh dardingdan!
268
Yolg‘izlikdan nolima, ey yaxshi kishi,
Haqdan tila — Haqdan bitadi banda ishi.
Olloh degil, hasbatanlilloh degil,
Bo‘lsin desang Ollohni(ng) mudom navozishi.
269
Tokaygacha yig‘lar dilu jon dardingdan?
Tokay qilaman nola-fig‘on dardingdan?
Dunyodan o‘tarman g‘amu hasrat birlan
Faryod etibon, oh chekibon dardingdan!
270
Ey, qiblai hojot Sening dargohing,
Qilgay tavof har zot Sening dargohing.
Qoldirmagay olamda biror kimsani ham
Bechorayu benajot Sening dargohing.
271
Yayrar vujudim ne’matining lazzatidan,
Osuda dilim furqatining mehnatidan.
Yuz qatla shukrki, bahramand etdi O‘zi
Lutfi buluti-la yog‘dirib rahmatidan.
272
Na o‘z ishimizdan malulmiz* barimiz,
Na g‘ofilu nodon-u, na go‘lmiz barimiz.
Yuz qatla shukrki, ahli olam ichra
Biz ummati hazrati Rasulmiz barimiz!
____________
* Malul — ranjigan, g‘amgin, xafa, jafo chekkan.
273
Ey Tangri, bu qulga karamingni yor qil!
Bandangni O‘zingdan o‘zgadan bezor qil!
Tunlar meni g‘aflat uyqusiga qo‘yma,
Et ogoh O‘zingdan-u, mudom bedor qil!
274
Ishqida go‘zallarni xarobdir barcha,
Shavq o‘tida o‘rtanib, kabobdir barcha.
Oydek esa-da uyquda qadr tunidagi,
Oydek yuzi birla oftobdir barcha.
275
May majlisida may ila sarxushlik soz!
Hushyorlikdan hamisha behushlik soz!
Sen borsang agar majlisga odob ila
Xomush o‘ltir, baridan xomushlik soz!
276
O‘tkinchi jahonni tark etib ketdi hama,
Ruhning qafasin bir-bir silkitdi hama.
Aslida yaralgandi qaro tuproqdan,
Aylandi yana tuproqqa — yitdi hama…
277
Yolg‘iz o‘zi na ranju alam bo‘lgaydir,
Na zulmu sitam, na dardu g‘am bo‘lgaydir.
Har qayda quvonch bor — qayg‘u ham bo‘lgaydir,
Ikkisi mudom birga — baham bo‘lgaydir.
278
Bir lahza nafs mute’i farmon bo‘lmas,
O‘z qilmishidan sira pushaymon bo‘lmas.
Dunyodagi bor mazhablar hukmi bilan
Kofir atalur u — hech musulmon bo‘lmas!
279
Olsang-da jahonni zo‘r bilan — oxiri hech,
Yuz yil yashasang-da unda san — oxiri hech.
Dunyodagi bor shohlar oyog‘ingni o‘pib,
Tursa seni(ng) xizmatingda shan — oxiri hech.
280
Ey yori aziz, kishi mazallat* chekmay,
Etgaymi xazinaga mashaqqat chekmay?
Din davlatini qo‘lga kiritolmassan,
Din yo‘lida to jafoyu mehnat chekmay.
_________
* Mazallat — xor-zorlik, bechoralik.
281
Yo Rab, hamma dardga davo qilgaysan,
Dorushshifoyingdan shifo qilgaysan.
Quldir eshigingda shohlari dunyoning,
Sen kimni shoh-u, kimni gado qilgaysan.
282
Berguvchisan, ey Tangri, murodimni o‘zing,
Ham tinglaguchisan arzu dodimni o‘zing.
Sen qo‘llamasang — yurishmagay hech bir ish,
Berguvchisan har ishda kushodimni o‘zing.
283
Ey solik, agar bo‘lsang mardlar fardi,
Pok dilishta qo‘nmasin riyoning gardi.
Mardona suluk aylagil andoq, toki
Mardlar atasinlar seni mardlar mardi!
284
Yo‘q o‘zga g‘ami agarda yorim bo‘lsang,
Nechuk chekayin g‘am — g‘amgusorim bo‘lsang.
Yaldo tunidek bo‘ldi kunim hajringda,
Koshki uni yoritguchi norim bo‘lsang.
285
Bo‘ldim Xudo lutfi bilan xoni Hirot,
Boshim bezadi afsari sultoni Hirot.
Boz ustiga, bo‘ldim ko‘zim gavharidek
Oy yuzli go‘zallaringni(ng) hayroni, Hirot!
286
Bo‘lmay turib, ey yor, hanuz xoni Hirot,
Boshim bezamay afsari sultoni Hirot,
Aqlu hushim oldilar Hirot hurlari-yu,
To‘ldi bu dilim ohiga osmoni Hirot.
287
Ey marhami jon, menga davo keltirding,
Bul xasta dilu jonga shifo keltirding.
Izlardim uni o‘zga shifoxonadan-ey,
Lutf aylab O‘zing, menga davo keltirding,
288
Orzum shu: meni xalq ichra mumtoz* ayla!
Lutfu karamingni men sari boz ayla!
Yo Rab, menga in’oming farovon aylab,
Vaqt keldi, bu bandangni sarafroz ayla!
_________
* Mumtoz — sarbaland; tanlangan, saralangan, afzal.
289
Ey, koshki Vatan «Bog‘i xiyobon» bo‘lsa,
Yo «Bog‘i safid»u, «Bog‘i zog‘on» bo‘lsa,
Yo «Bog‘i diloro»yu, «Jahonoro» ham,
Yo «Bog‘i guliston»u, «Gulafshon» bo‘lsa!*
____________
Bu yerda Hirotning mashhur bog‘lari tilga olingan.
290
Chiqmaydi sira yodimdan yodi Hirot,
Haq qo‘llasa gar bergayman dodi Hirot!
Bo‘lgay yana yangidan ishratobod
Aysh-ishrat ila mehnatobodi Hirot.
291
Haq lutfi bilan bo‘lsam agar xoni Hirot,
Insofu adolat ila sultoni Hirot,
Haq lutfi bilan o‘shal zamon bo‘lgayman
Hamsuhbatu hamnishini xo‘boni* Hirot.
_________
* Xo‘bon — go‘zallar, zebo qiz va ayollar.
292
Jon gulshanida g‘unchai xandonim o‘zing,
Dunyo bog‘ida sarvi xiromonim o‘zing.
Sensiz bu ko‘zim hech nimani ko‘rmaydir,
Ey gavhari bu diydai giryonim o‘zing!
293
Ey dil, mendan na ko‘z, na jon topgaysan,
Na nola-yu faryodu figon topgaysan.
Topay seni deb o‘zni yo‘qotdim andoq —
Mendan endi na nomu nishon topgaysan.
294
Ey banda, sira bermagil ozor kipgaga,
To bor ekan umring, bo‘laver yor kishiga.
Qil andisha — hech dilni giriftor etma,
To nogoh o‘zing bo‘lma giriftor kishiga.
295
Bosmaydi ishing olg‘a tavakkul qilmay,
Andishai juz’u fikrati kul(l) qilmay.
Gul qoshida dam urma vafodan aslo,
To jabri tikaniga tahammul* qilmay.
__________
* Tahammul — sabr, bardosh, chidam.
296
Hech vaqti g‘azot uzru takalluf qilma,
O‘zingni shu tarz ahli taassuf qilma.
Aytay senga, ey pokiza tiynat g‘oziy,
Zinhor g‘azo oni taxalluf* qilma!
_________
* Taxalluf — ixtilof, nomuvofiqlik, qarshilik.
297
Kechib vujudingdan agar hur bo‘lasan,
Haq mehriga yor, lutfiga ma’mur bo‘lasan.
Vosil bo‘lasan vasliga-yu Ollohning,
Nur olamida boshdan-oyoq nur bo‘lasan!
298
Ey Tangri, bashar ahliga koring bordir,
Pinhon nazaring tushguchi yoring bordir.
Har ikki jahonning egasi Sendirsan,
Har kim bila gohi ixtiyoring bordir.
299
Dunyoda topilmaydi o‘zingdan xubroq,
Ham husnu jamol olamida marg‘ubroq*.
Zebolar ichinda yo‘q o‘zingdan o‘tari,
Sendan ko‘ra bo‘lmaydi kishi mahbubroq.
__________
* Marg‘ub — yoqimli, sevimli, ma’qul; dilkash, xushro‘y.
300
Tokay bu tiriklik mayidan mast bo‘lasan?
Xorlikka tutib yuz, bir kuni past bo‘lasan.
Olloh yo‘lida sen o‘zligingdan kechgil,
To O‘zi bilan manguga payvast bo‘lasan!
301
Sen mardsan agar bo‘lsang amir nafsingga,
Ogohu hazir bo‘l bir umr nafsingga.
Olamda sira ozodlik topmassan,
Ey banda, agar tushsang asir nafsingga!
302
Umr o‘tdi g‘amu g‘ussa bilan, ey voliy,
Bir lahza dilim bo‘lmadi g‘amdan xoli.
Xushhollikdan bormi jahonda xabare,
Yo xushhollik ketdi jahondan bosh olib?!.
303
Gar bo‘lsa jahon zeru zabar, g‘am chekma!
Yo bo‘lsa u bundan-da batar, g‘am chekma!
Sendan so‘ramaydi hech kishi hech narsa,
Bo‘lsang baridan bas, bexabar, g‘am chekma!
Ergash Ochilov tarjimalari