Giyom Apolliner (1880-1918)
Giyom Apolliner (Guillaume Apollinaire; haqiqiy ismi — polyakcha Wilhelm Albert Vladimir Apollinaris de Wąż-Kostrowicki — Vilgelm Albert Vladimir Aleksandr Apollinariy Vonj-Kostrovitskiy; 26 avgust 1880, Rim — 9 noyabr 1918, Parij) — frantsuz shoiri, XX asr boshida Yevropa avangardining atoqli namoyondalaridan biri.
MIRABO KO‘PRIGI
Mirabo ko‘prigining ostidan oqar Sena,
Oqib borar muhabbat,
Bir narsa qolar faqat –
Qayg‘ularning ortidan quvonchlar kelar yana.
Tun boshlanar, g‘arib, beqadr,
Men qolaman, kunlar ketadir.
Mavjlar uzra suzishib, goh kaftni qo‘yib kaftga,
Shodon suhbat quramiz,
Shavq-la quloch uramiz –
Qo‘llarimiz o‘xshaydir suv uzra yongan o‘tga.
Tun boshlanar g‘arib, beqadr,
Men qolaman, kunlar ketadir.
Suvlarda oqib o‘tgan ixtiyorsiz yaproqday
Sevgimiz oqib ketar,
Dillarni qayg‘u tutar…
Tag‘in umid chorlaydir tundagi toq chiroqday.
Tun boshlanar g‘arib, beqadr,
Men qolaman, kunlar ketadir.
Suvda har soat, har kun, har hafta yana-yana
Oqib borar muhabbat…
Bir narsa qolar faqat –
Mirabo ko‘prigining ostidan oqar Sena.
Tun boshlanar g‘arib, beqadr,
Men qolaman, kunlar ketadir.
SANTA TURMASI
(turkumdan)
* * *
Qo‘rqinch, badbo‘y turma hovlisi
Tag‘in hazil-mazaxga to‘ldi:
“He, joningni iblis ovlasin!”
“Giyom, senga nimalar bo‘ldi?..”
“Yasha!” demas Lazarga hech kim,
Derlar: “Tirik tobutga tush, o‘l!”
Oh, qo‘shig‘im… oh, jononlarim…
Oh, erkin kun, xayr, omon bo‘l.
* * *
Ha, men oldin edim bir odam,
Endi otim eslardan chiqdi.
Ha, yigirma beshinchi xonam,
Raqamim, ha, yigirma ikki.
Xira tuynuk ortida oftob
Kir lattaga o‘ralgandayin;
Masxaralab meni u shu tob,
She’rimdan chars boqishi tayin.
Nuragan, kir devorlar tund, jim.
Shiftdan ba’zan changlar sepilar.
Tepamdagi bo‘lmada mahkum
Vosvoslanib ingrar, tepinar.
* * *
Kunlar o‘tar judayam sekin,
O‘xshar mozor yo‘liga kunlar –
Bo‘m-bo‘sh… kim bor, deysanu lekin
Na o‘tgan bor va na qaytganlar…
Bir-biriga o‘xshaydi kunlar.
Rus tilidan Tohir Qahhor tarjimasi