Mive Tuvaqboyeva (1952)
Mive Tuvaqboyeva Dosho‘g‘iz viloyati, Bo‘ldimsoz tumani Quvonch Otaboyev nomidagi qishloqda tavallud topdi. Mive Tuvaqboyevaning “Sahro qizi” (1981), “Belanchak” (1986), “Non ta’mi” (1991) kabi she’riy to‘plamlari va bir qancha ilmiy-publitsistik asarlari chop qilingan.
ODAMLAR ORASIDA
Dengizlar achchig‘in, chuchugin totgan,
Chorloqlar misoli suyagi qotgan,
Men insonman ezgulik-la baxt topgan
Odamlar orasida.
Gohi o‘tgan kunlar xatosin sezdim,
O‘zimcha yashadim, o‘zimcha kezdim.
Ma’nosin izladim har dono so‘zning
Odamlar orasida.
Betaqlid yashadim hayot yo‘limda,
Suyanib yashadim aziz elimga,
Baxt topdim yaxshi niyat-fe’lim-la
Odamlar orasida.
Goho qayg‘u chekdim, qalbim poralab,
Yashamadim nopoklarni soyalab,
Vatan, sening tuzing yedim halollab,
Odamlar orasida.
El-yurt shodligini ko‘rib yuksaldim,
Taqdirda ne bo‘lsa, men uni oldim,
Halollik, poklikning qadrin biloldim,
Odamlar orasida.
Yuksaklarda bilib oddiy martabam,
Ojizlarga qo‘lim berib ketarman,
Hali manzil uzoq, ko‘p yo‘l o‘tarman,
Odamlar orasida.
Kimlar otar bo‘ldi aldov halqasin,
Kimlar madad berdi, Tangri yalqasin,
Bayroq qilib yashang tinchlik havasin,
Odamlar orasida.
SUBH YeLLARI
Kunchiqar o‘radi alvon ro‘molin,
Osmon yerga naqd ayladi jamolin.
Lovullaydi Tong yulduzi, hilolim,
To‘xtatsang-chi uni, subh yellari.
Tarqalgandi endi qishning tumani,
Erta bahor olib kelding turnani.
Sening kuying tinchlantirar ummonni,
Maqomlaring malham, subh yellari.
Majnuntollar egib turar boshlarin,
Tinchin buzib sho‘x-sho‘x qaldirg‘ochlarni,
Silab-siypalaysan sunbul sochlarni,
E’zozlab esaver, subh yellari.
Hukmron kechaga yasalib yakun,
Qaylarga yo‘qoldi yulduz to‘la tun?
Quchog‘ingga olib borliqni butun,
Uyqudan uyg‘otgin, subh yellari.
Men o‘z taqdirimdan norozimasman,
Gullarni hidladim, ishqida mastman.
Salom yo‘lladim men ezgu ixlosdan,
Etkazing salomim, subh yellari.
Oppoq tongda sayroq qushlar ovozin,
Jonga lazzat, shifobaxsh havosin,
Qalbga quyib, jo‘shdir ilhom daryosin,
Sen mening orzuyim, subh yellari.
Ko‘rib kunchiqarning alvon shafag‘in,
Esladim hayotning bergan sabog‘in.
Men sevgan yigitga sensan choparim,
Yoshligim va sevgim, subh yellari.
QALBIMDA BAHOR
Yana yuragimda jo‘sh urdi bahor,
Diydalarda chirpinganda dengizlar.
Sevgi xumoridan chaqinlar chaqar,
Majnuntollar shivirlashgan xush – kezlar.
Jilolanib bahor kelgach zaminga,
Erib bitdi qattiq tuyg‘u toshlari.
Mayin shamol, sen bog‘larni ardoqla,
Hamda olib kelgin oppoq qushlarni.
Navbahorda ushalganda orzuyim,
Xayollarim oq bulbullar yonida.
Nish urgan maysalar, kulgan iqboli,
Ishqim ko‘rdim g‘unchalarning labida.
Eh, erkatoy shamol, shifobaxsh shamol,
Avvalgidek o‘ynasang-chi sochlarim.
Umrim bahorini takrorlab, qushlar
Ovoziga jo‘r bo‘lishga boshlagum.
Yomg‘ir yog‘ar, ko‘chalarda raqs aylar,
Bu yomg‘irmi, yo muhabbat maqomi?!
Osmon Yerga sevgisini baxsh aylar,
Insonga o‘rgatib ahdu vafoni.
Turkman tilidan Olim To‘rayev tabdili