Jahon
September 28, 2020

Muqag‘ali Maqatoyev (1931-1976)

Muqag‘ali Maqatoyev (Mұqag‘ali Sүleymenұlы Maqatayev) Olmaota viloyati Norinko‘l tumanidagi “Qorasoz” manzilida tavallud topgan.
M.Maqatoyev qisqa ijodiy faoliyati davrida qozoq she’riyatida inqilob qilgan novator shoir sanaladi.
U badiiy tarjima sohasida ham katta ishlar qildi. Jumladan, Dantening “Ilohiy komediya”sini, V. Shekspirning sonetlarini, Uolt Uitmenning she’rlarini qozoq tiliga tarjima qilgan.
Uning “Hormang, do‘stlarim”( 1966), «Qaldirg‘ochim, keldingmi?” (1968), “Mavr”(1969), “Vodarig‘, yurak”(1972), “Oq qushlar uxlaganda” (1974), “Shu’lam mening”(1975), “Umr dostoni”(1976), “Umr o‘zani” (1978), “Basira”( 1981), “Yurak zarblari” (1982), “Cho‘lpon” (1984) kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.

DASTURXON USTIDA

(O‘zbek yigitiga)

Tegrangda turfa ne’mat hamda qimiz.
O‘yda — she’r, ko‘ngilda — kuy, jonda — tamiz
Jannatning durkun fayzi shu zaminda,
O, do‘stim, ko‘p go‘zal-a Olmaotamiz?

Ayniqsa ajib bunda manzaralar,
Olatov bag‘ridan bir sas taralar.
Ohuday bir-birining izin quvib,
Otilar qoyalardan sharsharalar.

Yurakda shahrimga bor chin sadoqat,
Havo ham havo emas — istirohat.
Tomoshaga kelgin bir,
O‘zbek do‘stim,
Soyalarda o‘ynab-kul, ayla rohat.

Qimiz ich, qazidan ol, tortinmagin,
Toqqa chiq, daryoga tush, salqinlagin.
O‘zingning xalqing kabi bag‘ri ochiq,
Unutma, qozoq degan xalqning borin.

Esingga solib qo‘yay men yana bir,
Albatta, Olmaotaning bog‘iga kir.
Kiyikday sho‘x va ma’sum qizlarimiz
Joniga joning bilan o‘t yoqa bil.

Tegrangda turfa ne’mat hamda qimiz,
O‘yda—she’r, ko‘ngilda—kuy, jonda—tamiz.
Toshkentdek cho‘ng shahardan tashrif etgan,
O, do‘stim, ko‘p go‘zal-a Olmaotamiz?!

XAYR, OQQUVLAR!

Ko‘lni tashlab ketib borar oqquv-g‘ozlar,
Xayr endi, yaxshi boring, suluv nozlar!
Yuragimda mahzun-mungli doston qoldi,
Oqqordayin qanoti-la oqquv yozgan.

Oqquvlar sizga boqib dilda dog‘lar,
Termular ortingizdan hazin tog‘lar.
Adashib siz-la birga ketdi balkim,
Bokira tuyg‘ularim, ma’sum chog‘lar!

Havoni qanotingiz tebratgan on,
Tuyg‘ular og‘ushida titraydir jon.
Ufqqa singarkansiz, ko‘nglim oqib —
Ko‘zimni tikib qoldim men nigoron.

Oq ko‘lni oydin mavjlar chulg‘ab oldi,
Sizlardan dalam ko‘zi qiymay, toldi.
Nega men yaralmadim oqquv bo‘lib,
Odam bo‘p o‘z-o‘zimga sig‘may qoldim.

Oqquvlar, armonlarim dilda bisyor,
Uchmoqqa mening na bir qanotim bor!
Qirlarim unsiz o‘krab qoldi mening,
Ko‘llarim yetimdayin qoldi zor-zor!

EY, O‘LAN!

Ey o‘lan, menga tekkan enchim eding,
Yuksalayin, qonimga kel-chi mening.
Mening senda azaldan ko‘nglim bordir,
Sen ham meni xush ko‘rib, ko‘nglim, deding.

Qoshimga kel, qalbimni uqqin — tushun,
Tez kela qol, bobom Abay ruhi uchun.
Behishtdagi uyangni qo‘yib turgin,
Sen umrimga keraksan, ardoq qushim.

Ey o‘lan, jon berayin senga qandoq,
Jonsiz o‘lan jonimni so‘rar har choq.
Bir o‘yim — yuragimda qazo topib,
Bir o‘yim — bo‘g‘izimda turibdi naq.
Ey o‘lan, jon berayin senga qandoq?

UMR O‘ZI NE DESAM

Umr o‘zi ne desam,
Umr uchqur tulpor, ha.
Cho‘chib ketding nega sen?
Qo‘ygil, jonim, cho‘chima.

O‘z-o‘zingni ayamay,
Umr degan — chin yonmoq.
Bir narsaga xumorday,
Bir narsadan jirkanmoq.

Birovlarni aldash — u,
Birovlarni aldamoq.
Kimdadir ko‘rsang qayg‘u,
Qo‘ldan kelsa qo‘llamoq.

Dil to‘la hasrat va g‘am,
O, do‘stim, bersin to‘zim!
Umr o‘zi ne desam,
O‘zim ekan, ha, o‘zim…

KUYLA, JONIM

Qarshi olmagan
Qarshi olmasin hech qachon.
Sen kuylab ber,
Kuying ila baxsh aylagin jon!
Yangrog‘ing yetsin yashil tog‘larga,
Aks sado bersin unga qirlar qadrdon.

Kuyla, jonim, bobong qo‘shig‘in kuyla.
“Ko‘kjendet” taralsin ufqlar bo‘ylab.
Ajib ertaklarning dunyosi sari
Etaklasin meni tuyg‘ular, o‘ylar.

Kuyla, jonim,
Dardlarni ko‘krakdagi!
Tinsin bir zum hayot
Er-ko‘kdagi!
Qir tinglasin,
Aks sado taratsin tog‘lar,
Mangulik qo‘ynida — yo‘rgakdagi.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

AYoLLAR

Ayollar-ay, ayollar-ay, qandaysiz?
Go‘zallikda Quyoshdaysiz, Oydaysiz!
Birov qovoq uysa – undan qolmaysiz,
Birov sevdim desa – sizlar bormaysiz.

Ayollar-ay, ayollar-ay, qandaysiz?
Shirinlikda asaldaysiz, boldaysiz!
Ayollar-ay, mug‘ombirlar, quvlar-ay,
Ayol desa – ko‘zlar porlab turgan-ay.

Hammasini bilib turib, indamay,
Ketasizlar tinglab turib, tinglamay.
Ayollar-ay, mug‘ombirlar, quvlarsiz,
Ayollar-ay, barchangiz suluvlarsiz!

… Ayollarni erkaklardan ko‘p deydi,
O‘y-bay, o‘y-bay, bo‘laversin ko‘p, mayli!
Ayol axir go‘zallik-ku, go‘zallik,
Go‘zalliklar sira ko‘plik qilmaydi!

* * *

Tug‘iladi chin shoir, tug‘ilar u,
Halizamon bol – zahar tomizar-ku.
Esirlarning ayrilmas sirdoshi bo‘p,
Jallodning ham ko‘zidan yosh oqizar u.

She’r so‘zlari yomg‘irday otilganda,
Otilganda, osmondan o‘qilganda,
Soqovlarga til bitar,
Kar eshitib,
Ko‘z paydo bo‘lajakdir so‘qirlarda.

Tug‘iladi chin shoir halizamon…

KUYLASAMMIKAN?..

Kuylasammikan, yig‘lasammikan – bilmayman,
Oldimda turgan odamni manov kim deyman?!
Oldimda turar adashib yurgan orzuyim,
Yig‘latsammikan, yupatsammikan – bilmayman…

Oldimda mening adashib ketgan huv armon,
Ayiruv qiyin chehrasin buning munglardan.
Etilmayotib gullarin uning kim yulgan?
Oldimda mening – og‘och-ku ko‘klay quvralgan!

– Tanimadim-ov… topolmadim-ov seni men,
Ko‘zlaring o‘xshash, jonim-ov, qayda ko‘rganman?
– Oxirgi marta adashib kelib, sen bilan,
Sirlashmoq uchun, munglashmoq uchun kelganman…

Samarim mening ko‘kladi, biroq o‘smadi,
O, qachon menda yoshlikning o‘ti o‘chgani!
Bir paytlar meni orzu qilgansan, to‘g‘rimi?
Esingga ol-chi… (esiga oldi – esladi!..)

– Esimda, ha-ya, esimga tushdi qora qiz,
Unutilib ketgan, sovushib ketgan oramiz.
Kechagi xumor, mastona jonning o‘rnida
Tandir bo‘p qolgan ayol o‘tirar, qarangiz!

Yoshlikdan yolg‘iz qovoq bilan bir qosh qolgan,
Qop-qora sochlar endi oqara boshlagan.
Olov bo‘p sevgan, joniday ko‘rgan “jon yori”
O‘qilgan xatday to‘rt buklab yirtib tashlagan.

– Esimda mening yoningga sening borganim,
Parvo qilmading, so‘zimni mening olmading.
Osmonda eding, kulgu bilan sen aldading,
Aldagan ko‘yi olislayverding, armonim!..

– Olislayverding, olislayverding, armonim,
Adashib sendan, dovonlar turar oldda ming.
Zuvvlatib o‘tgan, changlatib ketgan yo‘lingda
Gul bo‘lib o‘sib, quray bo‘p qotib qolganman.

– Esimda mening, esingga sen ham olib ko‘r,
Ul kundan qolgan esdalik bormi, olib kel.
Ilashib ketgan, adashib ketgan sen bilan
Yoshligim qayda, yoz kunim qayda – topib ber!

– Eshikni ochib, yo‘lga kuzata olmadim,
Xush bo‘l deb endi qo‘lingni qisib qolmadim.
Payqamabman ham, ne bo‘lib ketdi yon-yog‘im,
Cho‘rt kesildimi umidsiz mening armonim?!

Jonimda mening armon bo‘p mangu yur, mayling,
Lop etib so‘ngan umidning nesin puflayin?
Yoshlik-ov, seni tushunish qiyin, bilmayin,
Kuylasammikan, yig‘lasammikan, bilmayman…

Muzaffar Ahmad tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari