Jahon
October 4, 2020

Mirzo Abdulqodir Bedil (1644-1721)

Mirzo Abdulqodir Bedil (عبدالقادر بیدل) — qiyosi yo‘q shoir, mutafakkir va jamiyatshunos olim, o‘ziga xos faylasufona qarashlar sohibi bo‘lgan insondir. Asli Shahrisabzning barlos urug‘idan bo‘lgan shoirning ota-bobolari Hindistonga ko‘chib borib, o‘sha yerda turg‘un yashab qolishgan. Hindistonning Azimobod shahri yaqinidagi Patnada 1644 yilda harbiy xizmatchi oilasida tavallud topgan Bedil 1720 yilning 5 dekabrida Dehlida vafot etadi.
Otasidan yetim qolgan Abdulqodir onasining qo‘lida tarbiyalanadi. Uning bilim olishga bo‘lgan chanqoqligini sezgan amakisi Mirzo Qalandar bilan tog‘asi Mirzo Zarifning yaqindan yordami tufayli savodini oshiradi, arab tili grammatikasini, hind va urdu tillarini, so‘fiyona qarashlarni o‘zlashtiradi. Uning tinimsiz intilishlari va izlanishlari hatto o‘n yoshida yozgan ilk ruboiylarida yaqqol sezilib, atrofidagilarni hayratga soladi. Oltmish yoshga borganida yozgan «Chor unsur» asarida o‘zining hayotiga, tarjimai holiga va dunyoqarashiga oid fikrlarini bayon qilgan.
Yigirma yoshida birinchi marta she’rlarini jamlagan Bedil umri davomida ko‘p yo‘llarni bosib o‘tdi. Xalq hayotini yaqindan o‘rgandi, zamon evrilishlari va munofiqliklarini ko‘rdi, bularni o‘z ijodida aks ettirishga, insonlarni doimo yuksaklikda, ittifoqlik va mehr-muruvvatlilikda bo‘lishga chaqirdi, bu tuyg‘ularni goh oshkor, goh kinoyali, goh tashbehlar vositasida qalblarga yetkazishga harakat qildi…
Nihoyatda sermahsul, tinmas va izlanuvchan shoir bo‘lgan Bedil katta meros qoldirdi. Uning «Kulliyot»iga kiritilgan asarlarining o‘zi 130 ming misra she’r va 50 bosma toboqdan ortiq nasrni tashkil etadi. «Tilsimi hayrat», «Tarkibot va tarjeot», «Muhiti a’zam», «Turi ma’rifat», «Ishorat va hikoyat», «Ruqa’ot», «Chor unsur», «Irfon», «Nukot», «G‘azaliyot», «Ruboiyot» kabi bir qancha asarlari mavjud.
Eng dolzarb janr hisoblangan ruboiylar yozishda ham Mirzo Bedil katta mehnat qildi. Uning 3861 ruboiy yozib qoldirganini aytadilar.

G‘AZALLAR

* * *

Bo‘libdir g‘amga oshyon maskani dil,
Shu bois g‘am kelur, so‘rsam: qani, dil?

Ko‘zim maqsudi vasling-u, qani ko‘z,
Dilim yodi g‘aming, ammo qani dil?

Adashgan korvonga qo‘ng‘iroqcham,
Na kuylar kuylamasdan nolani dil?

Kishi yo‘qdir kishiga zoru muhtoj,
Vale dil tutganidir domani dil.

Qadam qo‘yganda xoki turbatimga
Bo‘l ogohkim, oyog‘ing bosgani dil.

Agar-chi suvratim Bedildir, ammo
Qilur boshdin-oyoqashkim mani dil.

* * *

Zahm o‘ldi yana chashmi purob o‘ldi, bizim dil,
Rangin qadah ichra qon sharob o‘ldi, bizim dil.

Gulbog‘u chaman faslida tosh o‘lsa u ko‘ngil,
Dasht uzra g‘ubor o‘lsa-da, ob o‘ldi, bizim dil.

Vasl anjumani ichra hayo jom bo‘libdur,
Ob o‘lsa agar bodai nob o‘ldi, bizim dil.

Ne hosil, ayo nola, bul otash nafasingdan,
Qon bo‘l, seni deb bo‘yla kabob o‘ldi, bizim dil.

Bir chashma-ku to‘foni xayol ichra bu olam,
Bedil, na iloj, emdi sarob o‘ldi, bizim dil.

* * *

Parishon xotirim deb g‘am yaralmish,
Yana chashmim tufayli nam yaralmish.

Qilur mavj gavharu oina javhar,
Ajab, beorzu dil kam yaralmish.

Atarlar g‘uncha poymolini gul deb,
Ne hol, shodlik aro motam yaralmish.

Sabo to‘zg‘itgudek bir kaft tuproq
Qo‘shilgach qon ila, odam yaralmish.

Qoshimga kelsa gar farmoni taslim,
Egilgum, qoshim asli xam yaralmish.

Agar xeshlik uchun paydo bu olam,
Mening ko‘nglimga ko‘nglim ham yaralmish.

Dilning dardiga yo‘qdir chora, Bedil,
Bo‘lib sohibmuhr Hotam yaralmish.

Erkin Vohidov tarjimalari

* * *

Ishq dog‘i kabi nurga niqobdir, yuragim,
Oyina kabi dard ila sofdir, yuragim.

Har lahza bir uxlab yana tez uyg‘onadur,
Har dam ishi rohat va azobdir, yuragim.

Mavjlanganidan kim ani sarchashma demish,
Sarchashma emas, asli sarobdir, yuragim.

Paymonasi lim to‘ldi bo‘lib paydo shahd,
Mulkingda umrdoshi hubobdir, yuragim.

Kel!.. O‘t ber, alangamni tomosha ayla,
Lov yonmasa, umri ne hisobdir, yuragim.

Sen so‘rading, berdim yulib ko‘ksimdan,
La’ling bu savol, unga javobdir, yuragim.

Shabnam kabi suv olamidandir gohi,
Goh misli qadah ichra sharobdir, yuragim.

Umrim necha dam? Tinmay urar bilmakka,
Chin kasbi sanoq, kori hisobdir, yuragim.

Umrimni xayol etsam, hech yo‘qdir samari,
Yong‘in nafasim, shunga kabobdir, yuragim.

Ko‘z-ko‘z qiladir daryo pufaklarni necha,
Vasl ko‘zgusiman, ammo hijobdir, yuragim.

Tosh oyinavu, tomchi guhar bo‘ldi, biroq
Afsus, hamon xonaxarobdir yuragim.

Ming tomir ila chirmadi g‘aflat, garchi,
Bedil, necha hikmatga kitobdir, yuragim.

* * *

Yod etib shavqingni, singan xasta dillar shoddir,
Shisha dillarga bu chil-chillar muborakboddir.

Oh va ko‘z yoshim egiz, men bir ajib mirobman,
Shu shamol, bu suv bilan dard bog‘larim oboddir.

G‘aflat ichra men hayotni mehribon bildim g‘alat,
Har damim qo‘sh tig‘li xanjar, umr esa jalloddir.

Hayratim og‘zi metin, yumshoqdir undan toshtuxum,
Folboqar oynam sinib, bundanki u zuryoddir.

Umr qushim parvozi tindi shisha ko‘nglim ichra, oh,
Tip-tiniq ushbu qafasning sohibi sayyoddir.

Zoru muhtojmiz agar-chi, biz qanoat bir-la boy,
Tashna dil qong‘aymu hech, dunyo saroboboddir.

Bo‘ldi bulbul nozga tutqun, holbuki, bir ursa par,
Ko‘rkidanmas gul, o‘zidan ham o‘zi ozoddir

Aqlu hush jomi siniq, undan salomatlik oqar,
Telbalik rohat yaratmakda ajib ustoddir.

Vasl oqshomida isfandlar ne xush charsilladi,
Ishqni madh aylab kuyibdurman, bu — bir isbotdir.

Ko‘p ulug‘ tushlarga loqaydmiz, nechunkim, o‘ngda ham
Uxlagudek damda bir dunyo, axir, bunyoddir.

Biz Xito — naqsh o‘lkasin kezsak, oyoqning izlari
Mo‘yqalamdir go‘iyo, surgan ajib Behzoddir.

Surmalar baxtlar qarosindan nishon kiprikdagi,
Ishqni kokillar sezib to‘lg‘andi — jim faryoddir.

Keksa bu jonimni kovlab, baxt yo‘lin ochdim, ne baxt
Qomati yoy, chunki Bedil, teshai Farhoddir.

* * *

To tug‘ildim, har qulog‘imga mudom afsun kerak,
Dil til olgancha cho‘kib yotmoqni istar — xun kerak.

Ishq balosi husn baxtiga hamisha zordir,
Laylining noz bazmiga albatta bir Majnun kerak.

Ehtiyoj bor etdi yo‘klikdan jahonni, do‘stlar,
Qilgali jo dilga himmat, yangragan qonun kerak.

Ketmagay dud hech yolingdan, kulga gulxan do‘nmayin,
Go‘iyo yuvmoqqa ust-boshim kirin, sobun kerak.

Vahmga taslim akl bor-yo‘qni farqlab bilmagay,
Nokeraklar kecha o‘rtab, bo‘ldilar bul kun kerak.

To‘kmasinlarmi yulib marjonlarin kipriklarim,
Oh, yoshurmoqqa nahot shunday go‘zal mazmun kerak.

Tong bu — borliqning jahonda bir damidir bedaxl,
Bir nafas diydor uchun borliqqa bul gardun kerak.

Ehtiyoj insho etib ja’m qildi tarqoq so‘zimiz,
Harfi nomavzunimiz, chun bo‘lmog‘i mavzun kerak.

Benafaslikka giriftor Bediling qabr ahlidek,
Chun o‘lim zanjirdur, zanjir uchun majnun kerak.

* * *

Yoniq matlablarim bergay olovga dostonlarni,
Bo‘yar qong‘a murod-maqsadlarim barcha bayonlarni.

Asl manzilga yetmasdan, qolib ketding, bo‘lib man-man,
Jaranglardan topib kirgay qaroqchi korvonlarni.

Shovullab turgan o‘rmon sirlarinda, ayt, ne hasrat bor
Ki, qushlar ko‘zyoshi girdobg‘a berg‘ay oshyonlarni.

Yurakdan gardlaring art, to tiriksan, intizom baxsh et,
Axir, fayzi bo‘lak tartibga solmoqning do‘konlarni.

Labing dilni olib, mendan miyiqlar jon so‘raydirlar,
Yomon o‘rgatdi o‘g‘ring poraga bul posbonlarni.

Sen olgan har zaif damdan umr bo‘yi so‘nib keldi,
Mozorlarga sha’m etma vaqt yelinda ustixonlarni.

Yutib kelmoqda sen turgan qirg‘oqni ajdaho toshqin,
Qayiqni sindiru, sog‘ ket, yo‘qotding bu makonlarni.

Ko‘zingning yoshlari yulduzlarin yanchib kuningni ko‘r,
Tegirmon aylab aylantirdi ohing osmonlarni.

G‘azab ahlin tiyib turg‘il sehrlab sen odob birlan,
Ki, o‘qlar qoshida ko‘r ta’zim etgan bul kamonlarni.

Jahondir xomxayol oshxonasi, armonni yeb to‘ydim,
Nechun tinglay sovuqtandirdan oqqan boshqa nonlarni.

Men ojiz sajdaman, aylab tavof, so‘ng manglayim birlan
Naqsh qildim shamolga xoki birlan ostonlarni.

Qarab yor, tinglay bir kun, yetar, bas, jim bo‘l, ey Bedil,
Men oyna bag‘riga jo ayladim faryod-fig‘onlarni.

* * *

Toki chaman tomonidan bo‘yi bahor, yetib kelar,
O‘zni netib yod etayin, nomai yor, yetib kelar.

Ikki ko‘zu bitta labin juft etadir qaddima yor,
To‘rt beadab raqam bilan ming iftixor, yetib kelar.

Shodligu g‘am dog‘larini masxara qilgali kulib,
Bag‘rida dog‘, xanda qilib, u lolazor, yetib kelar.

Ochdim aza, yo‘qoldi yo‘l dashti adam quchog‘ida,
Tong, yoritish uchun yo‘lim, siynafigor, yetib kelar.

Kuydi yurak sipand bo‘lib, chiqdi nafas baland bo‘lib,
Sen yo‘nilib, so‘ngra qo‘lim senga, dutor, yetib kelar.

Jim o‘qigil bu ma’rifat kitobini, ayo, aziz,
Qilsang ovozingni baland, boshinga dor, yetib kelar.

Tang bu tiriklik ichra xalq yupandi so‘zu soz bilan,
Yo‘q esa har nafasda bu dilga fishor1, yetib kelar.

Shodligu baxtimizga qo‘l yetmagi ko‘p qiyin bizim,
Chiqsa agar xumordan u, tag‘in xumor, yetib kelar.

Dag‘dag‘a qilma qudratu husnu tarovatingni hech,
Tonggacha sha’m so‘nar, axir, faxringa or, yetib kelar.

Singan oyoq qachongacha haqtalabin qilar ado,
Ikki ko‘zim yuzimga, oh, topib mador, yetib kelar.

Ohi hazini qaqratib qo‘ysa azizlar labini,
Bering xabar, yosh to‘kibon Bedili zor, yetib kelar.

* * *

Ko‘zlaringga, tengsizim, bo‘lsin fido mayxonalar,
Goh qurib, goh to‘lg‘usi imong bilan paymonalar.

Oshiq o‘z qalbini yoqmoq payti chaqmoq oldi o‘t —
Sha’m alanga olgani payt kuydilar parvonalar.

Ishq-junun sahrosida esdi dovullar aylanib,
Sochlarin bir hilpiratsinlar debon devonalar.

Ishqimizning qadri yo‘qdildan chiqib bo‘lgan bayon,
Boy berib ganjin, huvillab qoldilar vayronalar.

Mehrimiz berdi olovga bir taroqdo‘konlarin,
Sochlarin qandoqtarar endi bizim jononalar?!

Sha’mga dil dardimni aytib turganim payt keldiyu,
Uyqu uxlab qoldi, tinglab tonggacha afsonalar.

Qahr qah-qahlab tishin qayrar hasading betida,
Sabr etar tishsiz qilich jim-jit, bo‘lib mardonalar.

Nomuvofiq bo‘lsa ahli anjuman bo‘lgay xarob,
Jam emasliqdan sochilgaylar boshoqdan donalar.

Sharmi bo‘lsa, bir-birovga ko‘z olaytirmasdi el,
Suq kirib, shatranj o‘yin maydoni bo‘ldi xonalar.

Toki bor imkoni, Bedil, qil zamon ahlini tark,
Tutmagay odamni do‘st hech bu hayobegonalar.

* * *

Zor qanot qoqsamki, bexudlik ayon, bo‘lg‘usidir,
Bu bilan isyon emas, holim bayon, bo‘lg‘usidir.

Bir qadam ham behuda ketmas agar hush izlasak,
Yo‘qsa, tosh, g‘aflat bosib, bizdan nishon, bo‘lg‘usidir.

Bo‘l faqir sen xokisorlik birla, oxir bir kuni
Bir hovuch xokingga yel taxtiravon, bo‘lg‘usidir.

Gar xudosizlarga qolsa ushbu ummonlar kuni,
Parchalangan barcha yelkan, kema qon, bo‘lg‘usidir.

Vahmu tuhmat g‘am balosi birla har ko‘k barhayot,
Bolu parning ko‘lkasi tog‘ deb gumon, bo‘lg‘usidir.

Qanchalik hurkitmangiz, baxt qushlari mijjamdadir,
Ming qanot bir kiprigim ichra nihon, bo‘lg‘usidir.

Gar ayon aylay desam ojizligim, ojiz tilim,
Ko‘zlarim faryod chekar, bu ne fig‘on, bo‘lg‘usidir.

Avjlanib vahshatli suhbat bo‘ldi har til bir olov,
Ahli korvon yoqqan o‘t ham korvon bo‘lg‘usidir.

Mangu bir rohat shudir, ja’m bo‘lsa ummid-ixtiyor,
To‘plasa qush parlarin gar, oshyon, bo‘lg‘usidir.

Har nedan kechmayusa, Bedil, arzigaydir haq yo‘li,
Bir yuking bo‘lsa bu yo‘lda ming dovon, bo‘lg‘usidir.

* * *

Ey fazlu kamoloti ayonlar va nihonlar,
Mani nafas mahv etadi, so‘zni — zabonlar.

Tuzmakchi edim shoda qilib gavhari vasling,
Shart uzdi nafas torini yongan u fig‘onlar.

Xok bo‘ldi, biroq bo‘lmadi hech mahrami diydor,
Ko‘z ko‘zgusiga to‘ldi shu boiski to‘zonlar.

Yohu deya to‘kmakchi edim o‘zni qadahga,
Lov yondi nafas, qaynadilar qalbdagi qonlar.

Sajdangni ko‘rib shiddat ila to‘xtagan o‘qman,
Otgan edilar, holbuki qudratli kamonlar.

Har mo‘y bo‘lib til sening vasfingni o‘qir shod,
Har harfing ila xattu savod chiqqan hamonlar.

Yo‘qlik changining toshqinimiz, obi baqomas,
Suv loyqasimiz, bizni degish* olgani onlar.

Maydon uza ne tilni tilib yeldi qalam, ayt,
Ming yo‘rtsa-da u, noqis erur barcha bayonlar.

Uchqun kabi osmonga uchib so‘ndimu bildim,
Kenglikka samo zor, fursatga — zamonlar.

Yong‘in nafasing, Bedil, uni sotsa bo‘lurmi,
Hayratda qotib, taxta bo‘lib qoldi do‘konlar.

———————
* Degish — kuchli suv oqimidan daryo o‘ng qirg‘og‘ining mutgasil o‘pirilib turishi.

* * *

Yoniqdil gavhari yo qatra-qatra nob, shabnamlar,
Yo ko‘zyoshdek jahon sirri nihon, noyob, shabnamlar.

Ki g‘aflat zulmatin ogohlik nuriga jam qilmas,
Sahar bedor yonar milt-milt, yutib zardob, shabnamlar.

Qayerga bormayin, ko‘zyoshlarim menga vatan bo‘ldi,
Jahonni qatralardan ayladi selob, shabnamlar.

O‘zingdan ketma dardingga bo‘lib mag‘rur, ko‘zim yoshi,
Ki sutdek nurlarin qildi bu tun mahtob, shabnamlar.

Ajabmas ko‘zyoshim bo‘lsa agar jononima manzur,
Ne yanglig‘, oh, charaqlar, ko‘rsa gar oftob, shabnamlar.

Tizildi minglagan ko‘z gavhari ruxsori oyimga,
Qatorlashgan kabi gulbarg uza shaffof, shabnamlar.

Zulumot pardasin olg‘ay sig‘ib haddi, ulardan tong,
Meni dilxastani qilg‘ay batar betob, shabnamlar.

Yuzi gullar visolida ko‘rinmas baxt nishoni hech,
Shu bois lolalar bag‘ridadir xunob, shabnamlar.

Zaiflik tavqi bo‘ynimda, ki yuksaklikka daxlim yo‘q,
Oyoq ostida ming yulduz kabi serob, shabnamlar.

* * *

Sensiz tashlansa bog‘ga, ko‘zyoshli nigoh, suvda,
Men bir oyina yanglig‘… qolgan kabi bog‘, suvda.

Husningdan hijob aylab ko‘zgu bo‘lmasam bo‘lmas,
Quyoshga boqib bo‘lmas ul bo‘lmasa, oh, suvda.

Inju-inju ter terlar bahor tongi chamanda,
Yutib barin bosh eggan gullar begunoh, suvda.

Tabassum qilganigda o‘g‘rilar ko‘rdi la’ling,
La’ling — Zuhro, qo‘l yetmas, shundan jigar dog‘, suvda.

Ey omonlik istagan, oldingdadir ming ofat,
Sohilda o‘t lovullar, kemang-chi qirog‘ — suvda.

Olamning har ashyosi bir dilga do‘nsam deydi,
Har qatra orzu aylar bir kun dur bo‘lmog‘, suvda.

Dunyodir cheksiz ummon, durrin junbushda izlar,
Bilmaski dur o‘zinda, bilmaski dur, oh, suvda.

Istarsan dahr ichinda lochin misoli parvoz,
Kech bu havasdan, g‘ofil, sen bo‘kkan bir zog‘, suvda.

Sharm ahlining faryodi kelmakda qulog‘ingga,
Niqoblari yirtilgan pufakdir, andog‘, suvda.

Ruhni o‘limdan o‘zga poklantirguvchi yo‘kdir,
Shundan yulduzlar milt-milt, shundandir saboh, suvda.

Nadomat birla terlab bormoqdadirmiz oldga,
Misli suvdek goh yerda, misli to‘lqin goh, suvda.

G‘aflat ahli beqaror, fe’linda hech sabot yo‘q,
Misli sha’m tolesidek alangada, yog‘, suvda.

Bedil, seni o‘ylamay ishqqa g‘arq ikki dunyo,
Kim ham qayg‘urar tuzni cho‘kib borar chog‘, suvda.

* * *

Sharh etib mavj borlig‘in, daryoda tug‘yon, har nafas,
Jam ruhim fosh, go‘iyo qo‘ynimda rayhon, har nafas.

Chiqsa gar qanday dovon yo‘lingda, shart o‘tmak oshib,
Aylasin ertangni bu kun, mayli, payhon, har nafas.

Matlabingga yetmaganlik dardidan sen to‘kma yosh,
To‘ksang ham hattoki ter, xijlatda, ul qon, har nafas.

Ushbu borliq bir kitob, sen ayla band sherozasin,
Tongga boq, yo‘qlikni jam ayladi har on, har nafas.

Dard erur ishq, otashinda bir bo‘lak iksir bor,
Sen bu o‘tda, borlig‘im, boshdan-oyoq yon, har nafas.

Senga qurbon xoklar gar cheksam oh, to‘zg‘ib ketar,
Bir oyoq bossam fig‘on tortguvchi ming jon, har nafas.

O‘z-o‘zingdin qilmayin vahm, jur’at et, o‘tgil kechib,
Sen o‘zingga sen o‘zingsan misli ummon, har nafas.

Gullaridan parlarimga nusxa gar olmas esam,
Ustidan uchmoqqa qo‘ymas ushbu bo‘ston, har nafas.

Bevatan majnun erurman, bo‘lmisham sahro aro,
Ohularning ko‘zi ichra zoru sarson, har nafas.

Bor nazokat, bor sehr billur qadah ichra nihon,
Qo‘y, xalal berma tamosholarga, mujton, har nafas.

Do‘ndirar o‘z kulfatin tolega, Bedil, ahli dard.
Surma qilgum senga dildog‘imni, jonon, har nafas.

* * *

Iki ko‘z gaharingdan kom olurman,
Iki dunyoga juft bodom olurman.

Gadodirman g‘arazsiz, shafqatingdan
Yalinmasdan tilib, in’om olurman.

Sening bazmingda uxlabman, bu ham baxt,
Oyoq qo‘y boshima, ilhom olurman.

Bo‘lib majnun mashrablarga ulfat,
Urarman toshga shisha, jom olurman.

Musaffolik har qatra teringdan
Sahar shabnam kabi andom olurman.

Ayiq nafsimni bog‘lab, ovlab anqo,
Oxir men xomxayol deb nom olurman.

Sadoqat va mehr maydoni ichra
Shahid bo‘ldim, abad… orom olurman.

Ayonsan, hech qiyo boqmaydi olam,
Xavotir bundan har ayyom olurman.

Solib, Bedil, o‘zimni bilmaganga,
Hama vasl istasa, payg‘om olurman.

* * *

Faxr etarlar sajda aylab shundayin ostonaga
Bosh qo‘yib manglay terin chin ahli inson to‘ksalar.

Yo‘qlik hamyonidan hech tushmas umr naqdi, dalil —
Yitmagay, uydan neni eltib biyobon, to‘ksalar.

Chok-chok Bedilning har chokin qilib ming chok, ne tong,
Gulfurushlar subhidam xandon-xandon to‘ksalar.

Haq debon dil makrin el borincha imkon to‘ksalar,
Tomchidek gavhar uchun, mayliga, ummon to‘ksalar.

Jilvardgar to‘rt fasl gulshan, agar bulbullari
Tinmay har chah-chahda bir-bir qatradan qon to‘ksalar.

To‘ldirib tashlar tikanga intizorlik bog‘ini
Yosh etib kipriklaring gar ahli hijron to‘ksalar.

Lolalar qotil bo‘lib tuhmatga qolmay deydilar,
Har bahorda sachratib qonimni har yon to‘ksalar.

Nega ishq me’morlari ta’mir etar dil qasrini,
O‘zlari qurgan zahot vayron-vayron to‘ksalar.

Ahli ishq bo‘lg‘ay musaffo ishq o‘ti-la, cho‘g‘larin
Gar etaklarga hayiqmasdan-ki bir on to‘ksalar.

Ayb bo‘lar ayb etsangiz andishasi yo‘qlarni gar
O‘zlari obro‘sin aylab abri nayson, to‘ksalar.

Sajdagohdir himmati ahli fanoning, bosh qo‘ying,
Erga tuproq aylab o‘zni, har mahal jon to‘ksalar.

Shabnamin bermas tekin ushbu chamanda ko‘zlarim,
Sarf bo‘lar minglab nigoh, bir durri g‘alton to‘ksalar.

Dard qushing uchdi vujuddan, bosh-oyoq yong‘in ko‘rib
O‘t qo‘yib misli qamishzorlarga giryon to‘ksalar.

Qaltirar qo‘l tiyg‘ tutishga qatl uchun, bergay madad
Qonlarimni pirpirab har bitta mujgon, to‘ksalar.

Faxr etish-chun qayda loyiq bosh, qo‘yib ostoniga,
O‘tganida terlarin gul yuzli jonon to‘ksalar.

* * *

Chin kamolot ixtiyor qilmoqchiman,
Ya’ni yo‘qlik oshkor qilmoqchiman.

Ko‘p chigal borliqo‘rish-arqoqlari,
Men nafas-la tor-tor qilmoqchiman.

Ham olib qancha sifr yo‘qlikdan, oh,
Bir o‘zimni, chun, hazor qilmoqchiman.

Hech kishi bermas javob, so‘rsam savol,
Tog‘ aro faryodi zor qilmoqchiman.

Dard dog‘idan bahor bo‘lg‘aymu deb
Lolazorga e’tibor qilmoqchiman.

O‘tsa o‘tsin, mayliga, gul fasli, yor,
Bir qadahdan ming bahor qilmoqchiman.

Topmaguncha dilda mushtoqlik kamol,
Men visolni intizor qilmoqchiman.

Farqi yo‘q, do‘zaxmi-jannat manzilim,
Yod Sizni, gul’uzor, qilmoqchiman.

Bir gunohim afv etishga arzimas,
Arzitay deb, qayta bor qilmoqchiman.

O‘tdi yuz qat osmondan orzu,
Unga o‘zni men duchor qilmoqchiman.

Bo‘lmasa ibrat dalili davramiz,
Sha’m yoqib, sayri mozor qilmoqchiman.

O‘z tanim tuprog‘ini yo‘qyaikka xat
Bitgali men bir g‘ubor qilmoqchiman.

Vasl yo‘q, chun, ikki olamdan kechib,
Endi uzlatni qaror qilmoqchiman.

Osmon bir yuztuban bechoradir,
Men ne chOra; men ne kor qilmoqchiman.

Etdi vaqt, Bedil, o‘zimdan men qochib,
Suhbatimdan endi or qilmoqchiman.

* * *

G‘amlarimni oh, qilib ta’sir, ravshan aylagay,
Sha’m torin tunlari taqdir, ravshan aylagay.

Tong shamolidan yonibdur bog‘ aro yuz ming charog‘,
Har yaroni shundayin shamshir, ravshan aylagay.

Bu jahonning nazmu nasrin yoritar tong shu’lasi,
Soch qarosini oqartib piyr, ravshan aylagay.

Motam ahlin davrasi jim qaddin etgan halqadek
Sha’m chekib dod, ko‘rsatib zanjir, ravshan aylagay.

Ahli ishq g‘avg‘o solib yoqqan baland gulxan bilan
Ko‘zlarin o‘rmon ichinda sher, ravshan aylagay.

Misli to‘lqin yo‘qlig‘imdan borlig‘im bunyoddir,
Ma’nilar vayroniman, ta’mir, ravshan aylagay.

Kechgil ovning matlabindan, chun umid sahrosini
Bil, chaqin, kezsin debon, naxjir*, ravshan aylagay.

Chaqnashing, ey uchqunim, sog‘liq-omonliq jilvasi,
Borlig‘im, borliqtolib tadbir, ravshan aylagay.

Bul yaro — fonusda yo‘q, Bedil, omonliq nuri hech,
Sha’m — boshoq o‘qin etib taqrir, ravshan aylagay.
_____________
* N a x j i r — qulon, kiyikning otga o‘xshash bir xili.

* * *

Kibr ila mardlik g‘ururin yuki barham bo‘lg‘usi,
Toki manmanlik ziyod, sharmu hayo kam bo‘lg‘usi.

Xom sut emgan, na iloj, el og‘ziga tutmang elak,
Mulzam etmak istaganlar elni, mulzam bo‘lg‘usi.

O‘tdi ayyom, etmagay or endi xalqtaqliddan,
Sal qo‘yib bersang-chi, har tosh Iso, Maryam bo‘lg‘usi.

Nish urar majnun xayol, ildiz yoyib nayrang qilar,
Tortsa bosh bug‘doy agar jannatdan, odam bo‘lg‘usi.

Sha’m yonib kuymak bilan ham ravshanu ham dog‘dir,
Dilda ham shodlik va g‘am, to‘y hamda motam bo‘lg‘usi.

Izlamang ishqni quruq gap — so‘zdan hech, ogoh bo‘ling,
Birga tug‘yon qilsa juft dil, ikki olam bo‘lg‘usi.

Teng tarozudir adolat, ey faqir, qo‘l urmag‘il,
Hurmatingga og‘sa bir yon, ne’mati kam bo‘lg‘usi.

Misli tasbih shodasiman, kechsa bir donam agar,
Boshqadonam o‘tmagining navbati ham bo‘lg‘usi.

Fe’li poklar xislatin o‘zgartar, aynitmas fano,
Paxta ham kuygach, jarohatlarga marham bo‘lg‘usi.

Ishq aro diydor hayosi bunchalar zalvorlidir,
Ko‘zlar ochilgan zahoti, mijjalar xam bo‘lg‘usi.

Ko‘p g‘animat anglabon gul vaslini tong dastidan,
Barcha shabnam dod chekib, ko‘z yosh kabi nam bo‘lg‘usi.

Haq-adolatdan kechib, nafs yo‘liga kirgan kishi
Behuda ichgan qasam bir kun kelib sam* bo‘lg‘usi.

Tiymasang tilni, zamon maddohlarining madhidek,
Bir sovuq yel tarzida, Bedil, so‘zing jam bo‘lg‘usi.
__________
*S a m — zahar.

* * *

Ishq ahli agar tasbihu zunnor, yozurlar,
Har dilni debon dona, giriftor, yozurlar.

Haq fahmini takror qilish shart emas aslo,
Purkabki olov safhaga, yakbor, yozurlar.

Kipriklar ila tahrir etib, bizga pinakda
Maktublarini, oh, necha dildor, yozurlar.

Chok-chok bu yurak sharhini keskir u qalamlar
Bil, zor yozurlar, ki ne miqdor, yozurlar.

Bilmam, shoshilib do‘stga ne eltgusi choparlar,
Ko‘zgumidi maktub, nega diydor, yozurlar!

Ming mo‘jizadan daftar ochar umri abadlar,
Yor, sarvi qadingdan tokay raftor, yozurlar.

Zulfingdan umid maktubidir qon bu yurakka
Xatlarni tugun birlaki, gulnor, yozurlar.

Chun, ajzga panoh qancha zaif qomati birla
Xok uzra necha harfni alifvor, yozurlar.

Sahfam-ku g‘arib, unga sharaf naqshini ammo
Kim yozmadilar ham yana bisyor, yozurlar.

Peshtoqi parixonaga manglay bitigimni
Sir deb ko‘chirib, buncha ulug‘vor, yozurlar.

Faryodi tinib ahdi qafas uchsa falakka
Minqorlar ila sharhi dilin zor, yozurlar.

Afv etguchi pokiza qalamlar qilibon sharm
Ne qilsam agar, oni nigunsor, yozurlar.

Dardimni bayon aylaguchi, ayt bu ne hujjat,
Qabrimga mening, deb, dili bemor, yozurlar.

Tosh ostida minnat cheksa yotgum to qiyomat,
Ustimga agar soyai devor yozurlar.

Tun misli peshonang qaro, Bedil, ki bu sirni
Bil, kun kabi ravshan deya, oshkor, yozurlar.

* * *

Oh, jilvasini aning niqob, sotar,
Bir rohatga o‘xshagan ming azob, sotar.

Ko‘z-ko‘zlama ko‘lmak uzra pufagingni,
Kissamda dengiz bor mening, hubobsotar.

Hadiksirab titrar shabnamlar milt-milt,
Bog‘, ularni qilib gulob, sotar.

Ko‘zlarim goh g‘aflat, goh hayratdan yumuq,
Baxt to‘lasang, jahon iztirob, sotar.

Ming hunar birla to‘qigan ipaklarimni
Olib u, bir qatra sharob, obsotar.

Yonib-yonib turar g‘amsevar bu yurak,
Ko‘p tashna bo‘ldi xaridoring, obsotar.

Jigarlar dog‘i qadrini ne yerdan bilursan,
Bor, do‘koningdan qolma, ey kabobsotar.

Maftun bo‘lib erdim bir quyoshchehraga,
Meni yer qilib ul, oftob, sotar.

Baxtiga qaro rang singidi Bedilning,
Bo‘yoqfurush unga sarob, sotar.

* * *

Junun ayt, qaydasan, vayrona qayda,
Quruq cho‘pman, bir otashxona, qayda.

Charaqlatding, ki, zorlarning charog‘in,
Qani, kul bo‘lg‘uchi parvona, qayda.

Uyalding o‘zgadan, qo‘rqding o‘zingdan,
O‘zingdan kech… keyin begona, qayda.

Quruq dovruq taratmish vahm — cho‘pchak,
O‘zing afsonasan, afsona, qayda.

Jahondir bir yumurtqa, mag‘z—o‘zinda
Ani izlashga o‘zga xona, qayda.

Qafas ko‘ksimda bir qush bor, iloj ne,
Yurakdan suv tutarman, dona, qayda.

O‘yingda manzilu, Bedil, yo‘ling yo‘q.
Xayol qil, Ka’bayu butxona, qayda.

* * *

Foniy bo‘lsam-da baqo, shul yerdadir,
Baxtu kulfat mutlaqo, shul yerdadir.

O‘z dilimni tark etib ketgum qayon,
Bor umid: bor muddao, shul yerdadir.

G‘am matoimdir, do‘konim sajdagoh,
Ketma sargardon, ziyo, shul yerdadir.

Bo‘lma g‘ofil yo‘llaringning changidan,
Ko‘zlarimga to‘tiyo, shul yerdadir.

G‘uncha dilni etma tark, eng xushchiroy,
Eng muattar oshno, shul yerdadir.

Pokdil, xurram yasha borliq aro,
Garchi husni bevafo, shul yerdadir.

Yo‘q buningdek fazlu nuqson, izla ming,
Ming saodat, ming balo, shul yerdadir.

Tong yeli to‘zg‘itdi xok… sen behuda
Bo‘lmagil mag‘rur, havo, shul yerdadir.

Zorman, diydorga eltar korvon,
Qo‘ng‘irog‘idan sado, shul yerdadir.

Ketdi do‘stlar, o‘p oyog‘i izlarin,
Assalomu alvido, shul yerdadir.

Etgali vaslingga Bedil dod etar,
Dodiga yetgil, nido, shul yerdadir.

* * *

Ko‘z yoshlarimni mijjalarim shitob, to‘kar,
Hayo dardi yuzimga mening gulob, to‘kar.

Umr o‘tkinchidir, qolmabu saboqdan bexabar,
Har lahzada bir varag‘ini bu kitob, to‘kar.

Dog‘ bo‘lgan dilning zorlaridan g‘am yema,
Suvlarin nafasing bu oyinaga behisob, to‘kar.

Jahon jilvalarin g‘ubor bilgan bir gul
Qonimni g‘uncha kabi, kiyib niqob, to‘kar.

Chaman gulbunlari uyqu aralash boqib go‘yo,
Xayolimga nigoh — gullarini, berib azob, to‘kar.

Chaqnoq nigohu ko‘zyosh ila bayon bo‘ldi yongan dil,
Ummon yashin hamda yomg‘irlari bilan iztirob, to‘kar.

O‘zdan ketmak ila navbahor bo‘lur oshiqdili,
Ko‘rinmay, tong nurlarini oftob, to‘kar.

Omonliq mayini tama qilma falak shishasidan,
Fitna toshlarini yog‘dirar, desang serob, to‘kar.

Beqarorlig‘imdan o‘z borlig‘im seliman o‘zim,
Ko‘z yosh ham o‘zini o‘zi ravonu purob, to‘kar.

Pufakdek yorilarsan o‘z nafasingdan o‘zing, Bedil.
So‘z aytmaslik gunohingni sening, berib azob, to‘kar.

Matnazar Abdulhakim tarjimalari

* * *

Oyina kabi necha tabu tobdir dilimiz,
Chun dog‘i junun shu’laniqobdir, dilimiz.

Ko‘zgu kabi bir umr xayol bazmi ichinda
Hasrat ko‘zida bir mija xobdir, dilimiz.

Bizmiz va nafas mavji firibgardiru botil,
Sarchashma* demangizki sarobdir, dilimiz.

Paymonamiz to‘lgusi o‘shal lahzaki shodmiz,
Bazmingda bir hamzarfi* hubobdir, dilimiz.

Otash qo‘yu betobligimizni kuzatib tur,
Kuymakdin uza oxir ne bobdir, dilimiz.

La’ling chu jon oldi, ko‘ngil ketdi ilikdan*,
Ya’niki savolingga javobdir, dilimiz.

Sarshor* olov sog‘arining jur’akashimiz*,
Suv olamida shabnamu sofdir, dilimiz.

Nedur bu nafas so‘ngi — saranjomi nihoyat?
Bir umr tamomila hisobdir, dilimiz.

Behosil urinmak ila hasrat samaramiz,
Andoqki nafas kuydi kabobdir, dilimiz.

Daryoki hubob* birla necha jilva sotardi,
Vasl oinasimiz, hijobdir*, dilimiz.

Yuz tosh o‘lib oyina — ul yuz qatra guhardir,
Afsuski hamon xonaxarobdir, dilimiz.

Afsonanigordir to nafas torida titroq,
Bedil, bu kamand domida xobdir, dilimiz.
________
* carchashma — buloqboshi;
* hamzarf — idishdosh, hamtovoq;
* ilik— qo‘l;
* sarshor —limmo-lim;
* jur’akash — qultillatib ichuvchi;
* hubob — suv yuzidagi qo‘ng‘iroqchalar, pufakchalar (ko‘pik);
* hijob —parda, to‘siq, chimmat.

* * *

«Ul» demagimiz ham, menu ham senga zarurdir,
Andisha qilib yurma. U bul o‘rtada yo‘qdir.

Tanhizu* kadar* oyinasi, ayt, nechuk o‘y bu?
Qay yerda butun* munfail* o‘lmishki, zuhurdir*.

Afsonalaring tutdi haqiqatni bilishdan,
G‘aflat va jaholat asari — otashi Turdir.

Yorlar, meni majhulning* taloshidan qulingiz,
Ul men ila, men — darbadar, oh, bu ne shuurdir?

Ijod chamani subhidami birla quvonmang,
Zero bu tabassum uyi hangomasi sho‘rdir.

Yorlar dami sovuqligini necha yashirdik,
Dandonniki sovuq uradir, o‘rtasi o‘rdir.

Shaxsdan necha timsol ila sen topma tasalli,
Ranj chekmasa sayqalda agar, oyina ko‘rdir.

Xomush esa kim — bosh ila barg anda salomat,
Har gah agar til bol yozadir, yonida mo‘rdir*.

Ko‘p kibr nechun? Necha bu tahqiqu bu taqlid?
Bul hammasi hech hosili yo‘q ishqi g‘ayurdir.

Bedil, senga yo‘l topmadik hech kavnu makonda,
Oyina sarob erdiki, timsoling chuqurdir.
_____________
* tanhiz — poklik, soflik;
* kadar, kudurat — xiralik, tiyralik;
* butun — yashirin;
* munfail — xijolat, sharmisor;
* zuhur — oshkora;
* majhul — e’tiborsiz;
* mo‘r — chumoli.

Asqar Mahkam tarjimalari

* * *

Qazo bosh xatiga ufqningki qaysi kun raqam urdi,
Dedim: ne manglayimga yozilibdurki, qalam urdi.

Olovdagi taqa nafasidan siz g‘ofil o‘lmangiz,
Qadamiga, ki shamning bosh to bazm ichra qadam urdi.

Nigohingga sening zulf singari qattiqtegib qaytdim,
Bu bog‘ favvorasi g‘alvirga misli bir alam urdi.

Bu shodlik sozi iqbol majlisida bo‘ldi chilparchin,
Tanish jomni falak-da Jam boshiga chindanam urdi.

Ahli darvesh shohi bo‘lgan bu xiyra bizning nigohkim,
Haqqoniy ko‘z o‘ngi paydosi — gardlarga hasham urdi.

Hech takalluflarga mastlar zahmatin bermagil, voiz,
Jom labi istamas demakniki, maydan qasam urdi.

Yuz shukrki, tong kabi hech qilmadik isrofchilik biz,
Garchi bizda ham nafas bor, lek oinaga kam urdi.

Jahonda bor ajib uyqu, ne hosildir lekin bundan?
Qildi shunday dil junun, to nafasniki adam urdi.

Faryod-ey, bu dilga bir topingani yo‘l topolmasmiz,
Hama ko‘r eshigida, boshini dayru haram urdi.

Somonidan hubobimning bo‘libdi jiqqa ho‘l iqbol,
To ko‘s shuhrat uchun yangrarki, bil, uyatda nam urdi.

Ne rohat deb damidan pirni kiprik bog‘layin, yo Rab,
U devor go‘shasi besoyadir, qiyshaydi — xam urdi.

Nadomatdan, Bedil, mujgonlaringdan o‘qni yog‘dirgil,
Etagingdan tutay deb istaganlar qo‘lni ham urdi.

* * *

Amal nayrangi bir guli baqo bo‘ldi,
Bahor umidlari chin muddao bo‘ldi.

Emas bizga e’tibor mahrami u kas,
Oinamiz xayoli beriyo bo‘ldi.

Hama joyda hayrat navo yondiradir,
Oinamiz va aksi bir navo bo‘ldi.

Shodman, chunki mening shahid g‘ariblardan
Zaxmning kulgani-ku, xunbaho bo‘ldi.

Oyog‘ing ostiga shundoq to‘kkanim qon —
Hayratlardan o‘zi poymol xino bo‘ldi.

U rangni men oshkoro izlagan edim,
G‘unchani pardadek to‘sgan hayo bo‘ldi.

Bo‘lmadi isboti tahqiqning dilim ham,
Oina o‘z aksi bilan oshno bo‘ldi.

Bo‘lib jilvang mahrami gar yurolmadim,
Nigohing qultumi zaifnamo bo‘ldi.

Faryod, bizning bismillomiz fayzi ila
Mavjdagi bor intilish noraso bo‘ldi.

Ashkning gul sochishida qon isi mavjud,
Xoki bu tasbihimning Karbalo bo‘ldi,

Bu havas sharhining har harfida bordur,
Nimaki menda yo‘q, daxli bajo bo‘ldi.

Dunyo murodining boshidan, ey Bedil,
Kishi topginki, degil: beaso bo‘ldi.

* * *

Agarki dil mahvi muddao aylar,
Maqsudimizni-chi, dil davo aylar.

Dard tama’si yetsa maqsadlikka to,
Humolikka har chivin da’vo aylar.

Zulfi asrorin uning mahv etgani
Gul tomiri domi muddao aylar.

Gar vido etgum desa hirsu havas,
Gavharin dil tuguni ado aylar.

Vahm zanjirin kuzatsa gar havas,
Hama sahroyu tog‘ni havo aylar.

Kasalmand ohimiz ehromi bugun
Havomiz gardini aso aylar.

Agar vosvos solar bo‘lsa tugunin,
Osuda dil domlikni hatto, aylar.

Bedilimiz kamoli barq urar gar,
Oy gardishin yudduzga ato aylar.

Jonibek Subhon tarjimalari

RUBOIYLAR

1

Afv et xalqdan kelsa yaxshi-yu yomon,
Adovatdan qochib, rohat qil, inson!
Kibru hasad bermas kishiga orom,
Odamni mensimay quvildi shayton.

2

Yaxshilik, yomonlik mo‘lu ko‘l bunda,
Qilmishing holidan ogoh bo‘l bunda.
Ko‘ling olur ulkim, qo‘lini olding,
Barchaning foydasi qo‘lma-qo‘l bunda.

3

Yuz shukr tilmadi haq siynamizni,
Oshkor etmay shubha — dil kinamizni.
Borliqdan uyalib suv bo‘lmaguncha
Namoyon etmadi oina bizni.

4

Soch oqargach qo‘ydim dilim g‘ish-g‘ishin,
Erga otdim havo-havas tashvishin.
Sham ravnaq topmagay otganida tong,
Pilik tortar bunda alanga uchin.

5

O‘z shuuringdan bo‘l begona, Bedil,
Jaholat sozin chal devona, Bedil,
Dud ila g‘ubordir bu dunyo bari,
Ko‘z yum, sabil qolsin bu xona, Bedil.

6

Mansab, hasham emas, azobdir bunda,
Ayt, nima soflikka hisobdir bunda?
Eshak, ho‘kiz tagin tozalasinlar,
Mansabdan farroshlik savobdir bunda.

7

Oina ko‘rganda o‘zin beg‘ubor,
Shodlikdan ming rangda bo‘lur jilvakor
Inson mijozida gul ochdi bilim,
Gullasin deb sahro bag‘rida bahor.

8

Havas tarkin etmoq ko‘p mahol bunda,
Erkinlik faqat bir ehtimol bunda.
Nimaga boqmayin dil bo‘lur asir,
Ko‘ngil uzmoq esa, bo‘sh xayol bunda.

9

So‘zlaringda bo‘lsa yumshoqlik bo‘yoq,
Yov ham qilur do‘stlik ko‘zgusin porloq,
Qo‘pol gapdan fitna qo‘pgan chog‘ida,
Bo‘yin tomiringdur bu jangda tayoq.

10

Bu aqlsizlarki, mastu beimon,
Sezgisiz, qattiq jon, xarsang toshsimon
Chig‘anoq quruqlik va manmanlikdan
Na mag‘zu na po‘st bor, quruq ustuxon.

11

Bedil, o‘zni qancha sinab ko‘rmadim,
Lek kamol da’vosi damin urmadim.
Yuz shukrki odob iqboli kulib,
Hech kimdan ortiqman deya yurmadim.

12

Bedil, hamma vaqt ham iztirob bunda,
Tinchlik — xayolu tush yo sarob bunda.
Harakatsiz bo‘lmas hatto chang paydo,
Ildiz suvda, tuproq bir niqob bunda.

13

Ey aql javhari, bo‘l dunyo siriga hamdam,
Makrparvoz zuhdga sen rindona bergil barham.
Olam soqolu salla masxarabozligidir,
Bu xijolatdan qutul, ko‘nglingni uz, ey odam.

14

Bu bir dengiz, ishi bizlarni bo‘g‘moq,
Tig‘u shamshiringga ishonma har choq.
Har to‘lqin intiqom kamoni bunda,
Undagi har baliq o‘q to‘la sadoq.

15

Mantiqsiz afsona tutmish olamni,
Fahm etu o‘ylama hech ko‘pu kamni.
La’nat tavqin ilib shayton bo‘yniga,
Negadir jannatdan quvmish Odamni.

16

Zuhur oinasi jilo topgandan beri faqat
Har maxluq bir-biriga intilar, bo‘lar ulfat.
Hech kim nazar tashlamas o‘zining ahvoliga,
Bulbul bo‘ldi guldan mast, gulga havolash odat.

17

Tuban tabiatingdan chiq, ey bedor dil,
Lofning bezak pardasin aylama manzil.
Baxmal to‘shak na hojat kelmasa uyqu,
Tun matosin to‘quvchi korgohni tark qil.

18

Kim boylik fikriga asiru betob,
Tomchi may hididan xo‘p mastu xarob.
Bedil, mol jamg‘armoq zahmatin chekma,
Dur terilgan bilan ip bo‘lmas serob.

19

Har narsada ong-la asosu nisbat,
So‘ngra fahm et nadur ma’niyu surat.
Odam ho‘kiz emish, baliqqa mingan,
Baliq havodamish… Qani haqiqat?!

20

Bu xarobazorda istasang rohat,
Do‘stga qo‘shilib top dilga halovat.
Toki bir-biridan kipriklar judo
Uyqusiz ko‘zlarda iztirob, zahmat.

Shoislom Shomuhamedov tarjimalari

"Yosh kitobxon" kitoblari