Jahon
October 4, 2020

Pol Elyuar (1895-1952)

Elyuar Pol (Paul Éluard; asl nomi Ejen Emil Pol Grendel) (1895.14.12, Sen-Deni, Sena departamenti — 1952.18.11, Sharanton) — frantsuz shoiri. Dastlab, 1919 yil dadaizm (modernizm yo‘nalishidagi adabiy-badiiy oqim) ruhida jumboq va tushunish bir qadar og‘ir bo‘lgan she’rlar yozgan («Hayvonlar va ularning egalari, odamlar va ularning hayvonlari», 1920; «Namunalar», 1921).
1924 yil A.Breton, L.Aragon va boshqalar bilan birgalikda syurrealizm yo‘nalishida ijod qiluvchilarning namoyandasiga aylangan. Keyinchalik fashizmga qarshi xarakterdagi dostonlar yozgan («1936 yil noyabr», «Gernika g‘alabasi», 1938).
Elyuar lirikasida birodarlik, mehnat ulug‘langan («Qayg‘u yomg‘iri», 1926; «Haqiqiy hayot», 1932; «Atirgul hamma uchun», 1934 va boshqalar to‘plamlari), «Ochiq kitob I» (1940), «Ochiq kitob II» (1942) va boshqalar asarlarida vatanparvarlik tuyg‘ulari aks etgan.
Elyuarning «Ozodlik», «She’riyat va 1942 yil haqiqati» she’rlari Qarshilik ko‘rsatish harakatining dasturiga aylangan. «Siyosiy she’rlar» (1948), «Axloq sabog‘i» (1949), «Feniks» (1951) va boshqalar to‘plamlarida tinchlik va erkinlik uchun kurash g‘oyalari ilgari surilgan.
Vafotidan so‘ng unga Xalqaro Tinchlik mukofoti berilgan (1953).

ChAQMOQ ChAQNAGANDA

U endi yo‘q bunda

Deraza raxida o‘tirib
Momaqaldiroqni qo‘riqlar etak bog‘lab olgan bir ayol
Bulutlar shoshadi chalib yiqitmoqda biri-birini
Ko‘rimsizgina qizaloq
Ko‘m-ko‘kkina
Eski divanda o‘ynab o‘tirar yolg‘iz
Vijdoni Sukunatni qiynar.

Men bu ko‘cha bo‘ylab nazar tashladim
Toshlarga yam-yashil daraxtlarga
Qorga qumga suvga
Tashqi suratiga hayotning xullas.

Unutolmayman ammo
U shu yerda yashagan edi
Bog‘ni sayrga olib chiqardi shunda,
U kulganda kulguning qori
Loy uzra harirday yoyilar edi.

QALAM YaSAYDIGAN MAHALLADA

Kunduzni qo‘yib yubormaslik uchun
Savat to‘qimoqda
So‘nggi qaldirg‘och
Bu tashlandiq ko‘zning
Atrofini chizmoqda so‘nggi qaldirg‘och

Qishloq kaftidagi
Issiq uyquning
Urug‘ini cho‘qiydi oqshom

Xayrli tun sizga fikrlar

Sukunatning ismini aytib
Ovozsiz ovozsiz chorlayman.

ShE’RIYaT TANQIDI

Albatta men jirkanaman
Burjuylarning
Ayg‘oqchilarning
Va poplarning saltanatidan
Lekin men yuz karra ko‘proq jirkanaman
O‘sha saltanatni meningdek o‘tli
Yomon ko‘rolmagan kimsalardan, ha!

Ushbu she’riyatning tanqidin
Mening she’rlarimdan ustun ko‘ymagan
Qulzoda yuziga tuflayajakman.

OXIR ZAMON

Andre Bretonga

Bahor gullar bilan yerning yuziga
Qizillik yugurgan bir ajib onda
Surma halqasidagi bu ko‘zlar
Xarobalar kurshagan qasrlarga o‘xshar
Uning nigohida
Ajratib turibdi tubi yo‘q bir jar
Barcha yaqinlari u haqda o‘ylar
Lekin u bilmaydi
Uning hayoti yo‘q faqat hayotigina emas
Uning ko‘ksi sokin
Jingalak sochlari tirishib
Alla aytayotganin manglayn eshitmas

So‘z emish qanday so‘z
So‘zlamoq unpng oyog‘ida yurish bilan teng
Uni qo‘li bo‘lib ko‘rpani titrab ushlamoqqa teng
Ko‘zlar shundoq ham ochiqdir kalit kerakmas
Quyosh qahri emas qon dog‘idir bu
Uyqusiz tun emas bu za’faronlik

Xuddi sahroda paydo bo‘lib qolgan tabibday
Aqlga sig‘maydi erk degani ham
Kun tubida so‘lg‘in alanga
Ana mangulik ham boshlandi
Va tamom bo‘ladi shu to‘shak bilan

Hech narsaga tushunmay
Hech narsani bilmay kimga gapiryapsan
Ortiq tushunmasang
Tushunishni istamasang hatto
O shafqat qiling
Nima o‘zi gapirmoq so‘zlamoq nima.

ETUK MUHABBATNI IZLAGAN ShO‘RLIK

Qish yalang‘och novdalar aro
O‘lik kovurg‘alar davrasida qish
Odam skameykada o‘tirar
Odamlardan qochgan odam ko‘chada mana
Bo‘g‘zigacha yolg‘izlik
Suriling joy bering ko‘rimsiz g‘ussaga
G‘ussaning ko‘rg‘oshin ko‘zgusiga
Tosh tomchilariga g‘ussaning
Chirik haykallariga joy bering
Yaxshilik unutib qo‘ygan xayolga
Haqiqat juldurin kiygan xotiralar
Va qora nurga va kechagi yong‘inga joy bering
Yanada kuchliroq sevmoq uchun
Yanada chuqurroq tushunmoq uchun
Bu odam o‘z uyini o‘z qavatini
O‘z xonasini topolmay adashdi
Manzara qayerda boshlanar
Soat nechada
Qayerda tunaydi ayol
Tushiga qiz siynasi emas
Tunning emizigi yulduz kirayotgan
Qip-yalang‘och yo‘lovchini tun
Quvib yetar to‘shak ustida
Tangadan ham mungliroq
Parchalar bor dunyoda
Lekin ularda quyosh jaranglaydi
Osmon o‘ynaydi
Shipshiydam devorlar bor
Va suvoq yorig‘i
Loyqa soyalari allalar unda
Isyonkor qon mavjud tomirlarda yugurik
Lablarning to‘lqini ostidagi qon
Qo‘llarni ushlasangiz-chi,
Qarasangiz bo‘lmaydimi ko‘zlarga
Zabt eting
Olinglar bu qiyofani
Saroylar ortida xarobalar ortida
Qutilar quvurlar ortida
Insonning ko‘zlari oldida shundoq
Chang bosgan yomg‘irpo‘shini
Tinmay silkiyotgan maydonga
Bostirib kiradi yozning kunlari
Va o‘sa boshlaydi moviy shamshirlar
O‘sha maydonda
Yumuq ko‘zlar ichra
Barglar shovqinida
Quvonchning hosili yetilar
O‘sha bepoyonlik bo‘yoqlarida
Yana chayiladi chehralar
Bu esa o‘tmishning xunuk kunlari
So‘lkavoyga parchinlangan
Yombilar yuzida muzlagan o‘z burgutlari bilan
Soat va lahzalar tomirini to‘ldirguchi
Telba faxri bilan
Zanjirband tog‘larning qoni bilan kelgan kunlar
Osmonning yarmini qaldiroqqa
To‘ldirgan va ketgan kunlar
Yolg‘iz bir ko‘zguni
Qirol gulchambari iskanjasida
Ayovsiz qisib o‘rtagan kunlar
Yolg‘iz ko‘zgu yolg‘iz yurak
Lekin oqshomni lim-lim to‘ldirgan bu qo‘shiq
G‘oyib bo‘lgan ko‘chalar aro
Osoyishta yangrab borar tobora
Ko‘z va quloqlarni to‘ldirgan
Tushlarga qo‘lini uzatayotgan qo‘shiq
Dunyoni rad etgan bu zohid sevgi
Yoniq ko‘z yoshlarda g‘arq bo‘lgan
Tashvishlar ichra to‘lg‘ongan sevgi
Yanchilgan mayib bo‘lgan bu orzu
Kulgili orzu
Zamin ostidagi bu mutanosiblik
Bu qashshoq qabila
Qashshoq
Chunki butun umri bo‘yi
U sof oltin izladi tinmay
Etuk muhabbatni topmoqchi bo‘ldi.

YoMONLIKNI UNUTIB

Ko‘zlarda sho‘r daryo, yurakda cho‘ng tog‘ —
Qotib qolgan qayg‘u, ko‘z yoshdir tomgan.
Tirik odam. U boylik so‘ramaydi
Turmada g‘amginu, uyida g‘amgin.

Havo motamsaro, tun qora, tokim
So‘qirni ko‘chaga haydayolmasin.
Kuchlilar turmada. Ojizlar hokim.
Qirol ayanchlidir. Malika taxtda.

Gunglarning labida tabassum va «oh»,
Qo‘rqoqlar ko‘zida chirir haqorat.
Bunda hamma narsa kuydirar — evoh! —
Cho‘ntakdan qo‘llarni chiqarmang minba’d!

G‘ira-shira soya…
Va dunyoning bor bebaxtligi.
Ular tepasida mening muhabbatim
Boshpanasiz itday turar muallaq.

VA TABASSUM

Olamda qop-qora biror yog‘dusiz
Tunning o‘zi yo‘qdir ishoning menga
Yo‘q deyapman-ku axir yo‘q
Hatto eng dahshatli qayg‘uning ham biror
Nurli va lang ochiq derazasi bor
Olamda orzu bor xizmatga tayyor
Qondirilishi kerak bo‘lgan istak bor
Ochlik bor to‘ydirilish kerak bo‘lgan ochlik
Olamda olijanob yurak bor
Va ishonchli qo‘llar salomi
G‘amxo‘r nigohlar bor
Hayot bor
Siz va boshqalarning o‘rtasida
Baham ko‘rilishni istovchi hayot.

M.Solih tarjimalari

OZODLIK

Maktabimda har bir daftarga
Taxtaga ham oppoq devorga
Daraxtlarga qumga va qorga
Men ozodlik so‘zin yozaman

O‘qiganim har sahfa bobga
O‘qilmagan har bir kitobga
Toshga qonga kulga shu tobda
Men ozodlik so‘zin yozaman

O‘tmish zamon o‘yi loshiga
Lashkarlarning sovutboshiga
Podsholarning taxtu tojiga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Cho‘l changalzor adoqlariga
Undagi qush nidolariga
Pok bolalik sadolariga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Tunlardagi zavqi nihonga
Nonushtaga qo‘yilgan nonga
To‘ylardagi har dasturxonga
Men ozodlpk so‘zin yozaman

Hovuzdagi loyqarang kunga
Yog‘dularda yongan sukunga
Ko‘ldagi oy taratgan unga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Qanot qoqqan qush nafasiga
Dalaga ufq alangasiga
Tegirmonlar ko‘lankasiga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Tong hovuri har bir titroqqa
Kemalarga dengiz qirg‘oqqa
Aqlu hushdan ayrilgan toqqa
Men ozodliq so‘zin yozaman

Ko‘pirgan oq bulut kaftiga
Tund bulutning shumshuk aftiga
Zor yig‘lagan yomg‘ir taftiga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Jilvalangan sarobiy qatga
Jomxonaga rangin qabatga
Fahm etilgan har haqiqatga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Uyg‘ongan har so‘qmoq ko‘ziga
Ilonizi yo‘llar yuziga
Gavjum maydonlarning o‘ziga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Har bir yoniq chiroq nuriga
Tunning o‘chiq chiroqlariga
Yashaganim har uy to‘riga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Ikki bo‘lak olma po‘stiga
Yotog‘imga oyna ustiga
Ko‘rpam yolg‘izligim do‘stiga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Uyimizning ostonasiga
Narsalarning qiyofasiga
Muqaddas o‘t alangasiga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Xushbaxtlarning tik qomatiga
Do‘stlarning sof muhabbatiga
Har salomi sadoqatiga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Shabnam misol tiniq hayratga
Lablardagi noz ishoratga
Ilhaqlikka g‘arq sukunatga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Go‘shamning xor xarob holiga
So‘ngan mayoqlar savoliga
G‘amlarimning chalduvoliga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Firqatning dard ginalariga
Tanholikning siynalariga
O‘lim ajal zinalariga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Qaytib kelgan sog‘lik omadga
O‘tib ketgan har falokatga
Yana kelgan umida baxtga
Men ozodlik so‘zin yozaman

Shu bir so‘zning qudratin bildim
Bilgach yana ruhan tirildim
Hurlik istab dunyoga keldim
Men ozodlik so‘zin yozaman.

JASORAT

Parijda qahraton.
Parijda ochlik.
Kashtanzor ko‘chalar to‘la muhtojlik.
Gadoydek yupun Parij,
Parij xor, g‘arib –
Metrodagi horg‘in kabi uxlar tik turib…
Yo‘qsullarning boshiga tushdi yangi kulfatlar.
Sitamkash Parijning aqlu xayolin
Yong‘in,
Sovuq havo yutmoqda betin.
Ochlikdan sulaygan ishchilarning
Mehrini,
Qahrini yutmoqda bu tun…
Faqat sen yordam deb o‘tinma, Parij!
Yana avvalgidek yashashga tirish!
Shu ochliging,
Muhtojliging,
Yolg‘izboshliging,
Qora baxting bilan Parijsan, Parij!
Ko‘zlaringda porlab turar
Insoniylik, kuch.
Go‘zal shahrim, Parij,
Sen – olmos qilich!
Qarshingda zolimlik zahrin socharkan,
Seni ko‘mmoq uchun go‘rlar ocharkan,
Haqqing yo‘qdir ko‘nmoqqa hech bu haqsizliklarga!
Bosqin, talon, zulmning bu o‘rasidan
Qutulgaysan, jasur Parij!
Ey, mag‘rur Parij,
Ey, olisda miltillagan yulduzim, Parij!
Sen biz uchun mangu o‘chmas umid mash’ali,
Qutulgaysan azoblardan, bu yot kirlikdan!..
Umidlaning, jasurlaning, ey yo‘ldoshlarim!
To‘g‘ri, yo‘qdir bizda etik yo temir qalpoq,
Yo yaltiroq mundirlar ham yo‘q egnimizda,
Biroq porloq quyosh oqar tomirimizda!
Quyoshimiz qaytdi yana,
U oramizda!
Qancha eldosh,
Qancha tildosh o‘ldi biz uchun,
Ularning-da qaynoq qoni yuragimizda
“O‘ch!” deb oqar,
Arvohlari ko‘klardan boqar.
Mana, yana tong otmoqda.
Parij ufqida
Qutulish va erk quyoshi yuksalmoqdadir.
Quchoq ochib yangi bahor kelmoqdadir,
Itoat va qullik, zulm bo‘lgusi tor-mor!
Qullik – bizning dushmanimiz,
Bilaylik bir bor!
Ammo… qullar qulligini anglagan zamon,
Ko‘tarar isyon.

1942

ZULMAT

Nima ham qilar edik, biz yashadik mozorda.
Fashistlar bizni ezdi har yer – ko‘cha-bozorda.
Nima ham qilar edik, yondi shahru xiyobon,
Jizg‘anak bo‘lib yondik biz-da, xuddi biyobon.
Nima ham qilar edik, och-yalang‘och qirildik,
Qurolsiz edik chunki, qo‘li kaltalik qildik.
Nima ham qilar edik, kezdik sharpaday tunda,
Sevdik bir-birimizni shu shafqatsiz ochunda.

ISPANIYaDA

Bir qonli daraxt bo‘lsa Ispaniyada agar,
U hurlik daraxtidir.
Agar Ispaniyada bo‘lsa biror botir til,
U erkdan so‘zlar nuqul.
Bir qadah sharob bo‘lsa Ispaniyada agar,
Uni-da millat ichar.

Rus tilidan Tohir Qahhor tarjimaci

L’AMMOUREUSE

Elle est debout sur mes paupieres
Et ses cheveux sont dans les miens,
Elle a la forme de mes mains,
Elle a la couleur de mes yeux,
Elle s’engloutit dans mon ombre
Comme une pierre sur le ciel.

Elle a toujours les yeux ouverts
Et ne me laisse pas dormir.
Ses reves en pleine lumiere
Font s’evaporer les soleils,
Me font rire, pleurer et rire,
Parler sans avoir rien a dire.

OShIQ

Qabog‘imga qo‘ndi bir dildor,
Sochlarimga ilashmish sochi,
Unda mening qo‘lim shakli bor,
Ko‘zlarimning rangiga-da mos,
Soyam ichra berkingay qochib
Xuddi ko‘kka otilgan bir tosh.

Ajab, har on ko‘zlari ochiq,
Uxlashimga bermaydi izn.
Erib bitar hattoki quyosh, —
Ming orzusi nurlarga to‘liq,
Kuldirar va oqizar ko‘z yosh,
Gapirtirar, faqat bir so‘z yo‘q.
Frantsuz tilidan A’zam Obidov tarjimasi

ShE’RIYaT TANQIDI

Shubhasiz men nafratlanaman
Burjuylar
Josuslar
Ruhoniylar saltanatidan
Biroq men yuz hissa ko‘p jirkanaman
O‘sha saltanatni mendek yoniqib
Yomon ko‘rolmagan har bir odamdan.

Ushbu she’riyatning tanqidin
Mening she’rlarimdan baland tutmagan
Olchoqlar yuziga tupurgum albat!

QALAM YaSAYDIGAN GO‘ShADA

Savat to‘qimoqda
So‘nggi qaldirg‘och
Ushlab qolmoq uchun kun yog‘dusini
Qarovsiz ko‘z qirg‘oqlarini
Chizayotir so‘nggi qaldirg‘och.

Qishloq kaftidagi
Mayin uyquning
Zarralarin cho‘qilar oqshom

Tuningiz xush bo‘lsin fikrlar

Sukunatni o‘zimga qaratib
Jimgina chorlayman jimgina.

TABASSUM ILA

Olamda zim-ziyo tunning o‘zi yo‘q
Inon aytar so‘zimga axir
Tim qorong‘u qayg‘uning hatto
Yog‘duga lang ochiq derazasi bor
Bedor turgan orzu bor hali
Ro‘yobi muqarrar istak bor
Ochlik bor och yurgan ochlik
Olamda yengilmas yurak bor
Umidvor qo‘llarning siqishuvlari
Iltifotli nigoh bor
Hayot bor
Boshqalar bilan bo‘lishishni istagan hayot

BO‘LMAG‘UR XOTIRA

Oqshomgi qushlarning
To‘zg‘oq cho‘qqisi
Ko‘chalarning muyulishida
Ayol nafasining soyasi
Shukuhli zimiston
Quchishayotgan isyonlar bilan

Yomg‘ir-la to‘la hovuchlar
Fonuslar va barglar ostida
Limmo-lim sukunat
To‘kiladi vaqt ushoqlari
Vaqt endi shoh emas
Yo‘laklarning surgunlarida
O‘tirar
Yod olingan kulgular bilan
unib-o‘smas diqqinafasda
oqmas suv va xayolsiz oqshom
choradir asli
Yolg‘izlik yanglishar
Sahrolarni unutayotgan
Olovlangan birgina o‘pich.

ShE’RLAR

Daraxtlarda osig‘liq yurak – shoxchalardan uni uzib ol,
Tabassum va kulgu, hadsiz nazokat.
G‘olibsan, sofsan sen, tiniq qiyofa,
Novdalarda ko‘kka qo‘l uzatasan.
Olislarda yig‘lar bir go‘zal,
Kurashlarga chog‘langan qalbi.
Do‘ngliklarda yastangan, ojiz
Osmon qaysi rangda – shaffof yo g‘amgin
Imkonsizdir ko‘ngil qo‘ymaslik.
Kunlar, uzun barmoqlar quvlab o‘tar biri birini,
Gullar so‘lib borar, yomg‘irlarda hijron boshog‘i.
Qaynoqqon vujudi iyulning kutar nelarni.
Jonsiz nigohlarda tikila turib,
Qayd etmoq chinnining kumush tovushin.
Musiqa, yalang‘och qo‘llar oqligi.
Shabada tutashar qush qanotiga –
Samoning rang-quti o‘char tobora.

OZOD QO‘LLAR

Bu o‘sha

Yashil yulduzlar aro maysazor o‘sha
Bu o‘sha qarovsiz kulbada
Bu o‘sha zim-ziyo ko‘chalar bo‘ylab
Bu o‘sha tagkursi cho‘qqilarida
Bu o‘sha ko‘krak qafasida tiz cho‘kayotgan
Bu o‘sha qorda ketib borguvchi

Har doim devorning ortida
Chohlarning qa’r-qa’riga cho‘kkan.

Singan oyna

Derazaning ortida shamol
Osmon etaklari tikkama-tikka
Epsiz qo‘llaringga suykalar samo.

Atirgul — daraxt

Qo‘li ochiq yil yerni to‘ldirib tashlar
Dalalarga osmon tikilar
Maysalar betida yumaloq
Yolqinlanar gulli shudringlar.

Tanholikda

Men sensiz
Tanholikda yashashim mumkin

Buni kim aytmoqda
Bu kim – sensiz nafas olguvchi
Yolg‘izlik uzra

Yashash – hamma bilan yuzma-yuz turib
Yashash – o‘zing bilan basma-bas kelib

Odimlar oqshom

Shaffof axir har bitta zarra
Sim-sim erib ketyapman bu tun.

Erk

Ozodlik salgina aylanar boshing
hamda yalang oyoqlar
Ozodlik yaxshisan mayinsan juda
Ko‘klamdan ham tiniq tortinchoqlikda

14 mart havosi

Afsungar qush bolalar do‘sti
Kutyapman bahorning qadamlarini

Er sovuqqon ham ixtiyorsiz
Yarim kun ninalari
Tikar tongning ipak etagin

Ko‘z tashladim yoshlik chog‘imga
O‘tkinchi ranglarni yoqalab
Ilk gul ochgan og‘ochni ko‘rdim

Yashilliklar qirg‘oqlarida
Suv olamga evrilgan edi.

Lahza ko‘zgusi

U shu’la sochadi
U ko‘rsatar buyumlarning taqir mohiyatini
U bosh tortar lahzalik chalg‘imoq imkonlaridan
U – tosh
Harakat va nigohlarning
Metin toshi u
Uning sovuq yarqirashida titrab erib borar niqoblar
Siqib tutilgancha
Qo‘l tutishmas o‘zga qo‘l bilan
Olislaydi mas’ud lahzalar
Qushlar singgib ketar shamolga
Osmon moviy butun borlig‘i ila
Qismatida moviydir inson

Sen ila

Finjon kabi ko‘chalarning qo‘lidan tutdim
To‘ldirilgan haybatli yog‘dular ila
Limmo-lim baxtiyor so‘zlardan
Va besabab jilmayish ila
Erning eng avj mevalari-la

O‘yinchoq odamlar o‘tar ko‘chadan
Qushlar to‘ldiradi moviy bo‘shliqni
Qizcha ozg‘in oqarinqiragan
Yuzida mung abadiyati

Ertaklardan chiqib kelgan qiz
Bo‘y ko‘rsatib orzularimga
Yon bosadi mening istaklarimga
Bolalikning olis tovlanishlari
Tilla ko‘chalarga yonboshlar asta.

Hayqiriq

Jo‘ngina tuyular hammasi
Mavhum manzarasin to‘kdim yolg‘onning
Artilgan ishora bo‘m-bo‘sh kunlarni yengib
Er sharining chekkasiga irg‘itdim
Xaridorgir saqich qarashlarini
Hayqira boshladim
To mengacha hamma
Ohista gapirdi ohista yozdi
Juda ham mayin
Ovoz hududimni kengaytirdim men
Hammasi jo‘n
Ko‘zlarimni o‘limdan olib hayotga tikdim
Olislarni mendan bekitardi u

Birgina ovoz

Va birdan sharpalar g‘oyib bo‘ladi
Ko‘zdan olislamas endi hech qachon
Hayotda yashashda haqqi qolganlar
Yolqinlangan yozni yaxshi bilaman
Qubbalar ostida kuylaydi ovoz
Yarog‘lar adovati ila
Yuragimni chaqirar bo‘ronlarida
Bahor va yoz kuz va qish
Odamlar yulduzlar
O‘z nasliga boqib shodon qiyqirar
Mening hayqirig‘im
Odimlaydi pillapoyada
Umidning poyonsiz zinalari u
Gulxanlar ship-shiydam kuydirolmaydi
Nafis kuch quyilar tomirlarimga
Ayoz yegan olma yetilar
Muzli u qoplangan harorat bilan
Mana saxiy yalangliklarda
Osuda uyquda orzuparastlar
Osmon juda tiniq
Hayqirig‘im uchib qo‘nar sayhonliklarda
Osoyishta uxlasin deb orzulaganlar
Mayin maysalarga so‘zlar sochilgan
Har bir so‘z samoga oroyish berar
Inonaman biz tutgan lahza
Avlod ajdodlari muhabbatimning
Baxtning umidlari
Favvora yasaydi hayqirig‘imda
O‘zga chaqiriqning qoyalarida
Kimningdir sadosi bo‘lishni istar
Ovozim.

Yasmin teruvchi

1

Uning nurli qalbi tovlangan tupda
Tiniq tongning ko‘k tishchalari
Ham yashil kemalar bulog‘i

2

Ko‘z ilg‘amas uning qo‘llari
Yasmin shoxlariga egildi
Oftobning tig‘lari ostida
Yarim yalang‘och
Muz jaranglar shaxdam qadamda

3

U chizgan tasvirning sohillarida
Er va osmon munkillab borar

4

Yulduzlarni jamlayapti u
Hech qachon bo‘lmagan yerlarda
Charchoq bilmay toliqmay
Yulduzlarni terar u.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimalari

GO‘ZAL VA O‘XShASh

Kun so‘nggidagi bir chehra
Kunning xazonlari aro bir beshik
Tugayotgan yalang‘och yomg‘ir
Butun boshli quyosh yashirin
Buloqlarning bulog‘i zamin tubida
Barcha ko‘zgularning siniq ko‘zgusi
Sukunat tarozisidagi bir qiyofa
Barcha toshlari singari bir tosh
Kunning so‘nggi nurlarining sopqoni uchun
Unutilgan barcha qiyofalarga o‘xshash qiyofa

IChKI KEChINMALAR

I

Kirasan sirg‘alib sovugan havodek
To‘shakka gullar opa singillaring
Og‘a inilaring esa mevalar
Tugayotgan mavsumlarining
Kamalak rangli nur
Takrorlanayotgan pastu balandlik
Qo‘llaring ko‘zlaring va sochlaring
Quchoq ochadilar yangi abadiy
Evrilishlarga
Ishon ishon ishon
Tabassum qilishingga o‘zingga o‘zing
Ilk bora
Ishon
O‘zingga tabassum qilishingga
Abadiy
O‘lim haqida o‘ylamasdan

II

Shiddat bilan sening sharpang
Ezg‘ilaydi tunni g‘ijjak ustida
Kelib o‘rmonlarda qil hukmdorlik
To‘fonlarning hamlalari
O‘ziga yo‘l axtarar sening uyingdan
Sen ehtiroslari o‘ylab topilgan
Shaxslar qatoridan emassan
Tashnaligingda ko‘proq ziddiyat
Cho‘kkan ayollardan
Kel bu yerga bo‘sani ichgil
Seni g‘amgin qilgan olovga bo‘ysun

III

Muzdagi qaysi quyosh tuxumni eritib yuborayotgan
Qanday g‘alati omad bahor kelib qoldi bir zumda

IV

Kuydiruvchi ham yovvoyi kuchning chehrasi
Qora sochlar ichra oltin Janubga oqar
Gunohkor tunlarda
Oltin yutib yuboradi nopok yulduzni
Hech kim bo‘lishmagan to‘shakda
Chakka tomirlarda
Xuddi siynalarning uchidagidek
Hayot bo‘yin zgmaydi
Ko‘zlarni o‘yib olmas hech kim
Na ularning yolqinini va na yoshlarini icha olmaydi
Qon ulardan ustun g‘alaba qiladi faqat o‘zichun
Tuzatib bo‘lmas quyushqondan chiqqan
Foydasiz
Bu salomatlik zindon quradi

V

Yolg‘iz istagim seni sevmoq
Yomg‘ir vodiyni to‘ldiradi
Baliq daryoni
Seni yolg‘izligimning bo‘yiga moslab yasadim
Bekinishga butun dunyo bor
Kunlar tunlar bir birimizni anglab olishchun
Ko‘zlaringda sen haqdagi o‘ylarimdan
Sening tasavvuringdagi olamdan
Boshqa hech narsani ko‘rmaslik uchun
Qaboqlaring boshqaradigan kunlar va tunlar

* * *

Hatto olis bo‘lsak ham bir birimizdan
Bizni birlashtirar har narsa
Sen farqlagin aks sadoni
Ko‘zguning ham farqiga yetgin
Xona bilan saroyni farq qil
Farqla har erkak va har bir ayolni
Yolg‘izlikning farqini angla
Bu doimiy sening qismating
Bu doimo mening qismatim
Bizlar shunday baham ko‘rganmiz
Biroq ishonganding qismating menga
Senga topshirmoqdaman qismatimni

* * *

Alvido g‘amginlik
Salom g‘amginlik
Sen shiftdagi chiziqlarga yozilgansan
Men sevgan ko‘zlarga yozilgansan sen
Sen qashshoqlik emassan hech ham
Negaki eng bechora lablar seni sotib qo‘yadi
Bir tabassum bilan
Salom g‘amginlik
Sevishgan vujudlar sevgisi
Xayrixohlik birdan namoyon bo‘lgan
Muhabbatning qudrati
Xuddi vujudsiz bir maxluq kabi
Tushkun qiyofa
G‘amginlik go‘zal chehra.

* * *

Tisarilayotgan qop qora osmon
Nayza yumshoq yerga sanchilar
Issiq to‘shakka kirayotgan
Sovuq qotgan qiz kabi
Oy zaminni nurga cho‘mdirar
Qolganlarni esa undar hayot sinovlariga

Frantsuz tilidan Murodxon Niyozxoniy tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari