Bao Chjao
QALANDAR SYuGA JAVOBIM
Qishloqda guruchdan
olishar sharob.
Xrizantema gullarin
ko‘mdi qalin o‘t.
Har holda dillarda
ezgulik serob!
Qani, hey, xo‘jayin,
bizlarga may tut!
Nifret qadahlarga
may quyma hech ham –
Kuz quyoshi orom
baxsh etar jonga.
Oltindan yasalgan
qimmatbaho jom
Mehr bera olmas
badbaxt insonga.
“Qadimga taqlid” turkumidan
* * *
Ko‘lda suv o‘tlari
sarg‘aymas hamon,
G‘ozlar uchib ketdi
janubga tomon.
Kuzgi chirildoqlar
musiqa chalar,
Tunda sochin yoyar
yolg‘iz ayollar.
Uylariga qaytgan
navkarlardan men
So‘radim, nechuksan
yorijonim, sen.
Uzoq chegarada
jang ketar hamon,
Og‘ir xo‘rsinaman
boqib sharq tomon.
Belimning bog‘ichi
keng bo‘lib ketdi,
Yuzim so‘ldi,
hijron jonimdan o‘tdi.
Shum toleyim buncha
achchiq va taxir,
Tun cho‘zilgan sayin
o‘rtanar bag‘ir.
Sandiqchamda ko‘zgum
chang bosib qoldi,
Sin uzra tortanak
oshiyon soldi.
* * *
Xon mulkida ajoyib
tog‘lar tizmasi bordir.
Cho‘qqilarning boshlari
ko‘kka yetgan serviqor.
Quyoshga ters qoyalar
saratonda ham qordir,
Gulshan vodiylar husni
kuzda ham misli bahor.
Tongda ko‘rdim bulutlar
cho‘qqilar aro parqu,
Tun-kechalar tinmaydi
maymunlar qichqirig‘i.
Yo‘l azobin chekyapman
o‘rtar meni g‘am-qayg‘u,
Yuragimda jarohat,
bedavo dard og‘rig‘i.
Shiyponchada may berib,
mehmon qilsinlar mani,
Visolingni sog‘insam
may ichaman atayin.
Irodamiz tosh kabi
qattiq bo‘lsaydi qani,
Fe’limiz ipak misol
bo‘lsaydi yumshoq, mayin.
Rus tilidan Tursun Ali tarjimasi.