Umar Nafiy (1582-1636)
Asli ismi Umar bo‘lgan XVII asrning mashhur shoiri Nafiy (Ömer Nef’î) Arzirumga yaqin bo‘lgan Hasanqal’a degan joyda tug‘ilgan. Nafiy taxallusini unga do‘sti, davrining taniqli tarixchisi Ali G‘olib o‘g‘li bergan. Ijodining ilk davrida shoir Zarriy taxallusi bilan she’rlar yozgan.
Nafiyning otasi Qrim xonlari xizmatida edi. Yoshligidayoq iste’dodi namoyon bo‘lgan bo‘lajak shoirni Murod Posho Istambulga olib keltiradi. Sulton Ahmad I davrida poytaxtga kelgan Nafiy Usmon II, Mustafo kabi sultonlarga qasidalar yozgani ma’lum. Ammo Murod IV Nafiyga juda katta g‘amxo‘rlik qiladi. Shoirning eng ijodi gullagan davr ham Murod IV homiyligidagi vaqtdir. O‘zi ham she’rlar yozgan Murod IV “she’r olamining sultoni bo‘lgan bu toza so‘zlovchi shoirga” ashaddiy muxlis bo‘lgani ma’lum. Sulton shoirni xos majlislarga chaqirar, uzoq suhbatlar qurar, she’rlarini tinglab katta-katta ehsonlar berardi. Sultonning “erkatoyi” bo‘lgan, juda yaxshi ma’lumotli, arab, fors tillarini bilgan Nafiy haqida tazkiralarda ma’lu¬motlar kamligi haqida savol tug‘ilishi mumkin. Aytishlaricha Nafiy juda “achchiq tilli” shoir bo‘lgan. U o‘z satirik she’rlarida yirik amaldorlar, davlat miqyosidagi kishilarni ham hajv qilgan. Shuning uchun uning dushmanlari ham ko‘p bo‘lgan, balkim shu sabab zamondoshlari shoir haqida yozishni xush ko‘r¬magandirlar.
Murod IVning Nafiyga homiylik qilishini ularning tabiatan, bir-biriga o‘xshashligi bilan izohlashadi, ayrim adabiyotshunoslar (Masalan: Ahmad Qaboqli). Shuning barobarida Murod IV avvalgi sultonlarga nisbatan adabiyot, san’atga e’tibor ko‘rsatib, davlatda tinchlik-osoyishtalik hukm surayotganini isbotlamoqchi ham bo‘ldi. XVII asrdagi tashqi va ichki nizolar usmonlilar imperiyasini ancha charchatib qo‘ygandi. Murod IV davlatning avvalgi ulug‘vorligini ilm-fan, adabiyot, madaniyatga rag‘bat ko‘rsatish bilan biroz bo‘lsa-da tiklashga urindi. Murod IV shoirni qanchalik yaxshi ko‘rmasin, gohida ranjigan vaqtlari ham bo‘lgan. Lekin, bu uzoqqa cho‘zilgan emas. Nafiyning satirik asarlari, sultonga yoqsa ham, tanqid qilingan shaxslarga yoqmasdi, albatta. Nafiy hajviy asarlarini to‘plab “Sihomi qazo” (“Taqdir o‘qlari”) deb ataydi va sultonga taqdim qiladi. Murod IV Beshiktoshi saroyida “Sihomi qazo”ni o‘qib o‘tirarkan, nogoh havo o‘zgarib, shohning yoniga yashin kelib tushadi. Bundan huzursizlangan va o‘zgacha ma’no kashf etgan sulton Nafiyni chaqirtirib keltiradi va unga bunday hajviy asarlar yozmaslikni tayinlaydi. Shoir ham so‘z beradi. Ammo biroz vaqt o‘tgach Nafiy, sultonning kuyovi vazir Bayram Posho haqida hajv yozadi. Bundan g‘azablangan Bayram Posho Nafiyni jazolashga sultonning roziligini olishga erishadi. Shoirni aldab saroyga chaqirtiradi va yerto‘lada bo‘g‘ib o‘ldirtirib jasadini dengizga uloqtirtirib yuboradi. Biroq Nafiy yozgan hajviy asarlar xalq o‘rtasida tezda mashhur bo‘lib ketgandi.
Nafiy adabiy merosini uch guruhga bo‘lish mumkin. Birinchisi, turk tilida yozilgan “Devon” bo‘lib, “so‘zim” radifli na’t bilan ochiladi. “Devon”da Mavlono Jaloliddin Rumiyga madhiya va 57 qasida bor. Shuningdek 119 ta g‘azal, tarkiband shaklida yozilgan “Soqiynoma” hamda qit’a, ruboiylar bor.
Ikkinchisi, shoirning forscha “Devoni”dir. Devonda 8 na’t, 8 qasida, 1 soqiynoma, 1 faxriya, 21 g‘azal, 171 ruboiy bor. “Devon”ning bir nechta nusxalari Turkiya va Yevropadagi kutubxonalardan topilgan. Adabiyotshunos olim Ali Nihod Tarlan bu nusxalarni qiyosiy o‘rganib, hamda turkchaga tarjima qilib, 1944 yilda Istambulda nashr ettirgan.
Uchinchisi, Nafiyning hajviy asarlarini to‘plagan “Sihomi qazo” majmuasidir. Bundagi asarlar saviya jihatidan bir xil emas. Ayrim nusxalari bir-biridan farq qiladi. Haj¬viy asarlarda asosan Nafiyga zamondosh amaldorlar ob’ekt qilib olingan. O‘sha davrda yashagan shoirlardan ayrimlari ha¬qida ham Nafiyning salbiy fikrlari aks etgan.
Shuningdek, Nafiyning “Tuhfatul-ushshoq” nomli 97 baytdan iborat qasidasi ham bor. Bu asar Fuzuliyning “Anisul Qalb” dostoniga va shu mavzudagi asarlarga nazira tarzida yozilgani uchun, adabiyotshunoslar bu asarni mustaqil nazm namunasi sifatida sanamaydilar.
Davrining g‘azalnavis va hajvchi shoiri sifatida tanilgan Nafiy ijodida ko‘zga tashlangan o‘ziga xoslik she’rlardagi ko‘tarinki ohangdir. Shoir bu ohangni saqlash uchun turk, arab, fors so‘zlaridan ustalik bilan foydalanadi. Shu yo‘sinda Nafiy qasidalaridagi uslub, devon she’riyatida qoliplashgan uslubdur. Shoirning so‘z manbai boy bo‘lishi mumkin, lekin uni she’rda musiqiy bir tarzda berish ham bor. Ishq, falak, hij¬ron, visol mavzusidagi Nafiy g‘azallari bu borada muvaffa¬qiyatli chiqqan. Shoirning ijodiy diapazoni keng, u g‘azalla¬rida faqat ishqiy mavzularni emas, harb va qahramonlik, tasavvuf mavzularini ham mahoratla yorita olgan. Shoir tanlagan mavzusini o‘zi istagandek tasavvur etar, uni yoritishda ham qiy¬nalmasdi. U o‘zigacha hech qo‘llanmagan kalimalar va ta’birlarni ustalik bilan she’r mag‘ziga singdirib yuborardi. Nafiyning she’rlarida yangicha bir ohang, xayol va hayot kuchi bordek. Masalan, shoirning urush tasviriga bag‘ishlangan misralarini o‘qi¬sangiz, qilichlarning jaranglanishini tuygandek bo‘lasiz.
Nafiy ijodining yana bir o‘ziga xosligi majozlarga boylik, kuchli va ko‘tarniki ruhdir. Shoir gohida aruzning qat’iy qoliplariga rioya ham qilmasdan, so‘zlarga o‘zgacha ohang ba¬g‘ishlashga intiladi. Boqiy singari she’r “texnikasi”ga emas, ko‘proq so‘z ohangiga e’tibor beradi.
Nafiy she’riyatni ulug‘ ne’mat deb bilgan. U shoirlarni sultonlardan yuqori qo‘yadi. “Shoirlar bo‘lmasa, o‘tib ketgan shohlarni hech kim bilmasdi ham, eslamasdiyam ham” deya yozgandi Nafiy. Shoir g‘azallarida ayni paytda mag‘rurona yozilgan misralarni ham uchratamiz. Gohida u o‘zini barcha zamondoshlaridan ustun qo‘yadi. She’r aytganida hatto “hofiz ham jim turadi” tarzidagi o‘ziga ishonch va bino qo‘yish ham bor.
Nafiyning hajviyoti ayniqsa o‘z davri uchun xarakterli bo‘lib, shoir turk adabiyoti tarixida birinchilardan bo‘lib, sulton saroyining ichki kirdikorlarini qalamga oladi. Undagi laganbardorlik, soxtalik, ko‘zbo‘yamachiliklarni fosh qiladi. Shuning uchunmi Nafiy hajviyoti xalq o‘rtasida tez tarqalardi. Xalq ham shoirga kerakli hurmatni ko‘rsatardi. Tarixchi Kochubey Bayram Posho tomonidan o‘ldirtirilgan shoirning jasadini dengizga tashlashini ham, xalqdan Nafiy o‘limini yashirish uchun qilinganligini yozgandi.
Nafiy g‘azallari, ayniqsa satirik she’rlari bilan XVII asr turk she’riyatiga yangicha bir ohang olib kirgan shoir bo‘lib qoldi.
UMAR NAFIY G‘AZALLARIDAN
Oshiqqa hech ta’na qilmang, mubtalodir naylasin,
Odamga mehru muhabbat bir balodir naylasin.
Ko‘ngli dilbardan uzilmasa ajabmi oshiqning,
G‘amzasila to azaldan oshinodir naylasin.
Zulfiga qolsa parishon aylamasdi dillarni,
Ani tahriq* aylagan bodi sabodir naylasin.
Netsin, bo‘lsa muhtarib** holi dili ushshoqdan,
Siynasi oyinayi olam namodir naylasin.
Bo‘lmasa Nafiy ne qilgay dilbasta zulfi dilbara,
Tab’i sho‘xi doma tushmas bir humodir naylasin.
___________
* Tahriq – yondirmoq, suvsatmoq.
** Muztarib – iztirobli, xasta, yig‘lagan.
* * *
Bahor bo‘lsa, yana sayru guliston bo‘lganin ko‘rsam,
Go‘zal sayr aylamoq ushoqqa oson bo‘lganin ko‘rsam.
Latofatdan ko‘rinsa osumonning aksi har yerda,
Chamanda o‘zga bir olam namoyon bo‘lganin ko‘rsam.
Yana roz duxtarin paydo etib azmi qaror etsam,
G‘aming xotirda nopaydoyu pinhon bo‘lganin ko‘rsam.
Qizarsa, gul-gul o‘lsa, tobi maydan ro‘yi so‘zonim,
Ruhi jononi ham, gul ham guliston bo‘lganin ko‘rsam.
Safodan bir-birining siynasin chok etsa dilbarlar,
Go‘zallar mast bo‘lib dasti giribon bo‘lganin ko‘rsam.
Boqib goh siynayi jonona, goh jomi mayi noba,
Dili devona barru* bahra sulton bo‘lganin ko‘rsam.
Muxassal** bundayin bir kun ko‘rmasdan o‘lsam, ey Nafiy,
Falak men o‘lmayin hok ila yakson bo‘lganin ko‘rsam.
___________
* Barr – 1. va’dasiga sodiq, muhsin, karamli. 2. Tuproq, yer, yer yuzi.
** Muxassal – xulosa, natija, nihoyat.
Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.