Jahon
October 4, 2020

Bobo Afzal (XIII asr)

Bobo Afzal taxallusli Muhammad ibn Hasan ibn Husayn Afzaliddin Koshoniy mashhur fors-tojik shoiri va faylasufi bo‘lib, ba’zi g‘azallarini istisno qilganda, asosan, ruboiy yozish bilan shug‘ullangan. Shoirdan 483 ta ruboiy yetib kelgan bo‘lib, ularda hakimona mulohazalar so‘fiyona mushohadalar bilan omuxta bo‘lib ketgan. “Minhojul-mubayyin” (“Haq yo‘lining bayoni’), “Madorijul-kamol’ (“Kamolot maqomlari”), “Rohi anjomi noma” (“Ilohiy yo‘lning nihoyasi”), “Arznoma”, “Jovidonnoma» (“Barhayotlik siri”) nomli falsafiy asarlari ham mavjud.

RUBOIYLAR

* * *

Aqlingni yig‘ib, angla hayot mazmunini,
Ol qo‘lga chuvalgan ishlaring tizginini.
Butxona bo‘libdi har xayoldan ko‘ngling,
Sindir butini — Kabaga aylantir uni,

* * *

Nodon kishilar nonga sira bo‘lmadi zor,
Noqis kishilarning hamisha omadi yor.
Boq, banda bo‘lishga arzmmas zotlarning
Qo‘lida qator cho‘ri bilan qullari bor.

* * *

Bu ishq azaliydiru abad bo‘lgaydir,
Bu ishq oshig‘i beadad bo‘lgaydir.
Yuz bersa qiyomat, ishq o‘tidan har dil –
O‘tgan esa bebahra, u rad bo‘lgaydir.

* * *

Qattiq bo‘lsang, tig‘dek yukori tutishar,
Yumshoq bo‘lsang, mum kabi ezib o‘tishar.
Egri bo‘lsang, tortishar o‘zga yoydek,
To‘g‘ri bo‘lsang, o‘qdek uzoqqa otishar.

Fors tilidan Ergash Ochilov tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari