Iqbol Mirzo (1967)
Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliyev) 1967 yil 1 mayda Fargʻona viloyati Bagʻdod tumaniga qarashli Qoʻshtegirmon qishlogʻida ziyolilar oilasida tugʻilgan. 1974 yili tumandagi 19-oʻrta maktabga oʻqishga kirib, 1984 yili oltin medal bilan tamomlagan. Shu yili Fargʻona davlat pedagogika instituti (hozirgi FarDU)ning oʻzbek tili va adabiyoti fakultetiga oʻqishga kirgan. Talabalik yillarida harbiy xizmatni oʻtab qaytgan.
1992 yili Toshkentga kelib, “Oʻzbekiston tabiati” gazetasiga muxbir boʻlib ishga kirdi. Keyin “Vatan” haftanomasida boʻlim boshligʻi, masʼul kotib vazifalarida faoliyat koʻrsatdi. 1996 yildan Oʻzteleradiokompaniyada katta muharrir, direktor oʻrinbosari, studiya bosh muharriri boʻlib ishlagan. Ayni paytda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelyapti. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi ham Milliy estarada sanʼatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi raisi vazifalarida faoliyat olib boryapti.
Dastlabki sheʼrlari 1980 yildan boshlab poytaxt matbuotida chop etila boshlagan. 1993 yili “Yurakning shakli” toʻplami (“Kamalak” nashriyoti) eʼlon qilingan. Oʻsha yili “Koʻngil” (Choʻlpon nashriyoti), 1994 yili “Seni sogʻinaman” (Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti), 2000 yili “Meni eslaysanmi” (Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti), 2002 yilda “Tanlangan sheʼrlar” (Gʻ. Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti), 2004 yilda “Qoʻshiqlarim” (“Istiqlol” nashriyoti), “Seni bugun koʻrmasam boʻlmas” (“Istiqlol” nashriyoti), 2007 yilda “Sizni kuylayman” (“Sharq” NMAK), 2010 yilda “Agar jannat koʻkda boʻlsa…” (“Sharq” NMAK), 2014 yilda “Vatan haqida qoʻshiq” hamda “Aytgil, doʻstim, nima qildik Vatan uchun” (“Oʻzbekiston” NMIU), 2015 yilda “Seni bugun koʻrmasam boʻlmas” (Gʻafur gʻulom nomidagi NMIU) nomli kitoblari nashrdan chiqqan.
Iqbol Mirzo zamonaviy oʻzbek adabiyotining zabardast vakilidir. Uning sheʼrlari oʻziga xos nozik tuygʻular, milliy boʻyoqlar, oʻzbekona ohang va falsafa bilan yoʻgʻrilgan.
1999 yili “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 2005 yili “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor boʻldi. Bir necha bor “Yilning eng yaxshi qoʻshigʻi” matni muallifi boʻlgan.
2009 yildan Senat aʼzosi.
2014 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.