Shahzod Ahmad (1932-2012)
Shoir va faylasuf Shahzod Ahmad (شہزاد احمد) Hindistonning Amritsar shahrida tug‘ilgan. Keyinchalik Pokistonga ko‘chib kelgan. 1956–1958 yillarda Lahor universitetida psixologiya va falsafa fanlari bo‘yicha magistrlik darajasini olgan. U ko‘plab she’riy va ilmiy kitoblar muallifi. Bir qator jahon she’riyati namoyandalarining asarlarini urdu tiliga tarjima qilgan.
YaRADOR QUSh
Yuragimda bir qush yashaydi,
Na kuylay olar, na ucha olar,
Na atrofdan bir don izlaydi.
Hech qachon yog‘maydigan yomg‘ir ostida
Bo‘kib o‘tirar.
Charaqlab turgan quyoshni sog‘inar.
Rangsiz bo‘lsa-da
Mayli deb o‘ylar.
Uning nurlarini his qilmas ko‘zi,
Ko‘rmaydi, quyoshga talpinmas o‘zi.
Ko‘zida aks etar vayrona bog‘lar,
Yuzida alamu g‘amlardan dog‘lar.
Tilida ming bitta ta’mni tuyadi,
Baridan o‘tkirroq g‘amni tuyadi.
Uyasini so‘rasangiz gar –
Tark etilgan bahaybat shahar.
Rus tilidan Aziz Said tarjimasi