Oshiq Bayoniy (1965-2005)
Turk baxshilik (oshiqlik) adabiyotining yorqin namoyondalaridan biri Oshiq Bayoniy (Aşık Beyani) 1938 yilda Turkiyada tug‘ilgan. Ijod olamiga 1965 yilda “Babialida saboh” gazetasida e’lon qilingan “Dag‘lar” (“Tog‘lar”) she’ri bilan kirib kelgan. Oshiq Bayoniy 19 avgust 2005 yilda avtohalokatga uchraydi va olamdan ko‘z yumadi.
BIR NAFAS
O‘zidan bir dunyo mol-mulk istasang,
Sihat-salomatlik tila bir nafas.
Biz murod olish-chun keldik uzoqdan,
Nihoyat bag‘rimga bosdim bir nafas.
Sel yanglig‘dir bu hayotning oqishi,
Aql dastgohida to‘qirku naqshni,
Ko‘zga ko‘rinmas, yo‘qdir yo‘ldoshi,
Sohib bo‘l, uchirma yelga bir nafas.
Qalb urar, qon poklanar nafasdan,
Behuda sarflama ibrat ol sasdan,
Bir qush misoli uchar-ketar qafasdan,
Gar uchsa tutilmas, illo, bir nafas.
SENING
Sening yoshlaringni artmoq murodim,
Sening shu giryoning mahv etdi meni.
Sening og‘ushingda seni qidirdim,
Sening shu qo‘llaring mahv etdi meni.
Sening nozlaring bu – arazlashlaring,
Sening oq kipriging, kamon qoshlaring,
Sening go‘zal sarvdek qaddu qomating,
Sening qora zulfing mahv etti meni.
Sening shubhalaring menda bir qarash,
Sening sukunating pinhon bir talash,
Sening ro‘molingda kamalak otash,
Sening yonoqlaring mahv etti meni.
Sening ohu kabi surmali ko‘zing,
Sening zulflaring-la yashirin yuzing,
Sening dudog‘ingdan suzilgan so‘zing,
Sening shu tillaring mahv etti meni.
Sening ro‘molchangda nozik bir naqshing,
Sening o‘qtin-o‘qtin sirli boqishing,
Sening Bayoniydan hurkib qochishing,
Sening shu yollaring mahv etti meni.
YoMG‘IR
O‘rmonni kesibon, yoqsak biz agar,
Bulut bizdan ranjir, ko‘l bo‘lar yomg‘ir.
Yaxshilikni himoya qilolmasak gar,
Tuproqlar sudralar, mil bo‘lar yomg‘ir.
Osmondan yerga sochilar shafqat,
Erda qadr topar yuksalar qat-qat,
Dengizlar gavdasi – bulutlar qanot,
Kiprigingga qo‘ngach, sel bo‘lar yomg‘ir.
To‘g‘onlar qurib, gar, ekinlar eksak,
Jaholatning qo‘llarini qayirsak,
Tog‘larga, toshlarga daraxtlar eksak,
Samolar namlanar, ko‘p bo‘lar yomg‘ir.
Buloqlar – tomiri emasmi yerning,
Bayoniy kuylagan go‘zal bu elning,
Gar oldini to‘ssak, tez oqqan selning,
Porloq nurlar uchun manbadir yomg‘ir.
KO‘NGIL ShAHRI
Bino aylaganim – ko‘ngil shahrini
Tamaliga sabr toshidan otdim.
Shu olamning totilmagan qahrini,
Zahmatini to‘zim ila berkitdim.
Devorini to‘g‘ri, tekis qurganda,
Derazadan do‘stlik yeli esganda,
Poydevorga huzur qadam bosganda,
Adovat-la, kibrni tashqari otdim.
Vijdon maskaniga adolat qurib,
Hur fikrning qat’iy qarorin surib,
Hatto, nafsni qamab, kishanlar urib,
G‘iybat-la, g‘arazni ezib yo‘qotdim.
Qusur bag‘ishlamoq osondir tilga,
Ko‘shk qurmoq istarkan har bir ko‘ngilga,
Qo‘shnisi ham bo‘ldim men Ka’ba ila,
Kunda tez-tez Me’roj tomonga ketdim.
Daraxt ekdim, bog‘ga, tog‘ va toshlarga,
Ilm-la san’at yaratdim, kezmam bekorga,
Qo‘l uzatdim insonlarga, iqrorga,
Shu usulda insonlikni Haq etdim.
Senlik, menlik deya nafs talashganga,
Jaholat-la yanglish yo‘lga tushganga,
Irqni, tilni, dinni so‘roq etganga,
Birlik maktabida hayot o‘rgatdim.
Bayoniy, sendadir sening yodgoring,
Seni, sen izla, top, budir san’ating,
Oydin bo‘lsin deya yuksak qurbating,
Oy-la va yulduzlar-la qadrini yopdim.
OShIQMAN
G‘am-qayg‘u keldi ko‘zyoshim to‘ldirib,
Bulbul gulga, men bir gulga oshiqman.
Ochilmagan yo‘llarni ham ochaman
Bulbul gulga, men bir yo‘lga oshiqman.
Hayot karvonini boshdan kechirdim,
E, voh, qo‘ldan qancha fursat qochirdim,
Hayot daraxtiga ko‘ngil uchirdim,
Bulbul gulga, men bir shoxga oshiqman.
Bayoniy der, Haqni qidirib topdim,
Daryolardan kechib, ummonga chopdim,
Ko‘ngil arisini gullarga taqdim,
Bulbul gulga, men bir bolga oshiqman.
Turk tilidan Jumali Shabanov tarjimasi