Jahon
February 1, 2021

Anor (1938; Ozarbayjon)

Atoqli ozar adibi Anor (Anar Rəsul oğlu Rzayev) 1938 yili Boku shahrida mashhur shoirlar Rasul Rizo va Nigor Rafibeyli xonadonida tavallud topgan. 1960 yili Ozarboyjon Davlat universitetining filologiya fakultetini, 1964 yili esa Moskvadagi Oliy stsenariynavislik kursini tugatgan.
U “Dantening yubileyi”, “Oq ko‘rfaz”, “Besh qavatli uyning oltinchi qavati”, “Muloqot”, “Sizsiz”, kabi asarlarida zamondoshlar obrazini yaratishga intiladi, an’anaviy tushuncha va urf-odatlarning ular hayotiga ta’sirini tadqiq qiladi.
Anor «Har oqshom o‘n birda» (1969), «Kun keldi» (1971), «Taxmina» (1993) filmlari uchun stsenariy ham yozgan.


Anorning otasi shoir Rasul Rza, onasi shoir Nigar Rafibeyli. Anor - Ozarbayjonning taniqli jamoat va davlat arbobi, Ozarbayjon Demokratik Respublikasining birinchi sog'liqni saqlash vaziri va Ganja general-gubernatori Xudadat bey Rafibeylining nabirasi. Otasi tomondan u Mammedxonlining avlodi.

Hayoti

Anor 1945-yilda 10 yillik musiqa maktabiga (hozirgi Bulbul maktabi) o'qishga kirdi va 1955-yilda kumush medal bilan tugatdi.

Anor va Zemfiraning(Anorning rafiqasi) ikkita farzandi bor. Katta o'g'li Tural arab olimi va diplomat, Misr Arab Respublikasidagi Ozarbayjonning elchisi va qizi Gunel Boku davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini bitirgan.

Faoliyati

1991-yil mart oyida Anor Yozuvchilarning IX-qurultoyida bir ovozdan Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining raisi etib saylandi. 1997-yili 30-oktabridagi Ozarbayjon yozuvchilarning X-qurultoyida Anor qayta bir ovozdan Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi etib saylandi.

1995-yilda u Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyaviy komissiyasining a'zosi bo'ldi.

Anor 2014-yili Turkiyaning Eskishehir shahrida IV-Turk dunyosi adabiyoti jurnallari kongressining qarori bilan Turkiy tilli mamlakatlar Yozuvchilar uyushmasining birinchi raisi etib saylandi.

Olgan mukofotlari


Adabiyot haqida

Shushadagi oʻsha oqshomni juda yaxshi eslayman, biz ayvonda oʻtirardik, men toʻqib-bichgan “ijod”­imni otam, onam va singillarimga oʻqib beryapman… Oʻqib boʻlganimdan keyin… Otamning koʻzlaridagi ifoda butun umr xotiramga muhrlanib qolgan: bu hayrat, quvonch va afsus aralash bir ifoda edi. Uning soʻzlari ham yodimda: “Mana, sen ham yozuvchi boʻlding…”. Otam aynan shunday dedi, holbuki, mening yozgan narsamga qarab, bunday xulosaga kelib boʻlmas edi. Bilasizmi, u afsuslanganday xoʻrsinib shunday degandi. Albatta, otam bunday taqdir egasining hayoti yengil boʻlmasligini bilardi.

* * *

Yozuvchi daromadni koʻzlab, shuhrat yoki pul uchun emas, mashaqqat chekib topgan fikrlari, boshidan kechirganlari, oʻzining ruhiy holati va maʼnaviy olamini kim bilandir boʻlishish istagini tuygani uchun yozadi. U yozmasa turolmagani uchun yozadi. Qolgan narsalar uning uchun muhim emas, balki ular asosiy ishining ortidan ergashib keladigan narsalardir.

* * *

Mening nasrdagi, kinodagi deyarli barcha asarlarimni avvaliga oʻtkir tigʻ bilan kutib olishgan, lekin yillar oʻtib, ular adabiyotda munosib oʻrnini egalladi.

* * *

Har bir yozuvchi, agar haqiqiy yoki soxta yutuqlari bilan koʻzi qamashib qolmagan boʻlsa, oʻziga yetarli darajada tanqidiy qarashi lozim. Yoʻqsa, u oʻz-oʻziga mahliyo boʻlishdek xavfli kasallikka uchraydi.

* * *

Biz virtual zamonga kirib keldik, bu yerda kitobxonlikka qandaydir ovloq joylar ajratilgan. Shu bois haqiqiy adabiyotni sevgan, mutolaaga qiziqishini saqlab qolgan kishilar yanada qadr topa boradilar.

* * *

Baʼzilar oʻzini koʻrsatish uchun madaniy qadriyatlarga qoʻl koʻtaradilar, ulugʻ kishilarga yopishadilar. Bu samarasiz nigilizm, men buni bir soʻz bilan “Gerastrat kompleksi” deb atagan boʻlardim.

* * *

Vatanparvarlik men uchun tantanali ravishda eʼlon qilinadigan soʻzlar emas, u ezgu ishlarni, oʻz vazifasini sidqidildan ado etishdir. Men uchun bemorlarni muvaffaqiyat bilan operatsiya qiladigan, lekin vatanparvarlik haqida gapirmaydigan malakali jarroh hech nimani eplamaydigan, lekin vatanparvarlik haqida ogʻiz koʻpirtiradigan nodondan koʻra koʻproq vatanparvardir.

* * *

Muammosi boʻlmagan yozuvchining oʻzi yoʻq. Lekin ijod odamni baʼzi bir muammolardan qutqaradi. Har holda menda shunday: agar shu haqda yozmasam, muammo meni gʻajiydi, botinimda yashab, meni ich-ichimdan xarob qiladi. Muammo haqida yoza boshlasam, oʻzimni shu azobdan xalos boʻlganday sezaman.

* * *

Yozuvchilik maʼnaviy ehtiyojdan, odamlarga oʻz soʻzini yetkazish istagidan, oʻz xalqiga, oʻzi yashayotgan jamiyatga xizmat qilish xohishidan, dilidagini aytish zaruriyatidan kelib chiqadi. Agar senda buning uchun isteʼdod boʻlsa, ogʻir mehnat qilishga tayyor boʻlsang, unda shu ishni tanlayver.

* * *

Baʼzan beor tanqidchi oʻrtamiyona muallifni shu qadar yuksakka koʻtarib, unga shunaqangi madhu sano oʻqiydiki, beixtiyor: “Tilimizda Fuzuliy, Vagif, Mirza Fatali, Sobir, Mirza Jalilga munosib ehtiromimizni munosib tarzda bayon etadigan soʻzlar tugab qolmadimi?”, deging keladi. Afsuski, bu hozirgi kunimizning achchiq haqiqatidir.

* * *

Isteʼdodli odam boshqa bir isteʼdod egasiga hech qachon hasad qilmaydi. Oʻzgalarning muvaffaqiyatiga hasad qilish omadsizlarga xos narsa.

* * *

Yozuvchi, avvalo, oʻzgacha nigoh egasidir. Yozuvchida aqlli boshdan tashqari yana anglashga arzigulik koʻp xususiyatlar borki, bularga oʻrganib boʻlmaydi. Bu – ham hayotiy tajriba, ham zakovat, shu bilan birga, hissiy tuzilmalar. Chunki birgina zakovat bilan faqat mushohadaga asoslangan mavhum sanʼat yaratish mumkin. Agar bunda qalb, yurakdan chiqqan qandaydir joʻshqinlik, shiddatlar boʻlmasa…

* * *

Adabiyot market emas, marketing ham emas, u bozor qonunlaridan kelib chiqib boshqarib boʻladigan soha ham emas. Ehtimol, ortimizdan kelayotgan avlod ijodiy tuzilmalarni bozor qonunlariga asoslanib boshqarar. Boʻlishi mumkin. Lekin bu bizga toʻgʻri kelmaydi.

* * *

Balki bu balandparvozlik boʻlib tuyular, lekin men hamisha oʻzimni zimmasiga ulugʻ vazifa yuklangan odam deb his qilardim, shu menga kuch berardi. Mana shu vazifa meni har vaqt tetik tutib turadi. Men oʻlimdan qoʻrqmayman, bilamanki, oʻylab qoʻygan barcha ishlarimni bajarmaguncha ketmayman.


"Yosh kitobxon" kitoblari