Ayzek Azimov (1920-1992; Belorussiya/AQSh)
Amerikalik fantast yozuvchi, fan targ‘ibotchisi. Belorussiyaning Petrovichi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1923 yilda ota-onasi bilan Nyu-York shahriga ko‘chib ketgan. O‘sha yerda Kolumbiya universitetini tugatgan. Mutaxassisligi bioximik. Ilmiy tadqiqotlari uchun falsafa doktori unvonini olgan.
Birinchi qissasi 1939 yili e’lon qilingan. Shundan so‘ng «Poydevor va Imperiya» (1952), «Men robotman», «Mangulik intihosi» (1955), «Neytrino», «Darbadar» (1966), «Koinot oqimlari» (1972), «Poydevor qirralari» (1982), «Poydevor va Yer» (1986) asarlarini e’lon qildi. Azimov fantastikaga intellektual nasr unsurlarini kiritdi va uni badiiy nasrga yaqinlashtirdi. Bundan tashkari asarlaridan ijtimoiy muammolar ham o‘rin olgan. Azimov ilmiy fantastika asoschilaridan biri.
Azimovning bir qancha hikoyalari va «Koinot oqimlari» romani o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
“Koinot oqimlari” romanini o‘qir ekansiz, beixtiyor sobiq sho‘ro davrida paxta yakkahokimligi elimiz boshiga solgan og‘ir oqibatlarni esga olasiz. Asarda yerlik fazogir-tadqiqotchi paxtaning oliy navi – kirt yetishtiriladigan Florina sayyorasini muqarrar xavfdan ogoh etadi…
Ushbu roman Jyul Vern kabi ilmiy fantastika ustalarining asarlarini sevib o‘qiydiganlar va barcha adabiyot muxlislariga mo‘ljallangan. Tarjimon: Ozod Mo'min Xo'ja.
Hikoyalaridan:
ULAR UCHIB KELISHOLMAYDI
(Hamidbek Yusupov tarjimasi)
Hayot tajribalaridan donishmand darajasiga yetgan rigellian irqining vakili Naron — to‘rtinchi avlod galaktikalar solnomachisi edi.
Uning ikkita kitobi bor edi: biri — barcha galaktikalardagi ko‘p sonli ongli mavjudotlar tamaddunlarining hammasi ro‘yxatga olingan katta kitob; ikkinchisi kichikroq bo‘lib, unga Galaktikalar Federatsiyasiga a’zo bo‘lish huquqini beradigan darajada yetuklik va mahoratga erishgan tsivilizatsiyalar kiritilgandi.
Omadsizlik, biokimyoviy va biofizik tengsizlik va ijtimoiy adolatsizlik kabi turli sabablarga ko‘ra tanazzulga yuz tutgan tamaddunlar katta kitobdan o‘chirilgandi.
Ammo kichkina kitobga kiritilgan Federatsiya a’zolaridan birortasi u yerdan o‘chirilmagandi.
Keksa Naron huzuriga kelgan xabarchiga qaradi.
— Naron! — deya xitob qildi xabarchi. — Yagona Buyuk…
— Hoy, mulozamatni kamroq qilaver. Xo‘sh, nima gap?
— Yana bir organizmlar guruhi yetuklikka erishdi.
— Yaxshi! Juda yaxshi! Endilikda unaqalar tez yetilyapti, birorta yil yangiliksiz bo‘lmayapti o‘zi. Xo‘sh, bu safar kim ekan?
Xabarchi galaktika kodini va sayyoraning galaktika ichidagi koordinatlarini aytdi.
— Ha, ha, — dedi Naron. — Men bu olamni bilaman.
U o‘zining silliq yozuvi bilan mazkur sayyora nomini katta kitobga yozib, so‘ng ikkinchisigayam ko‘chirdi. An’anaga ko‘ra, muayyan sayyorada yashovchilarning ko‘pchiligi uni qanday ataydigan bo‘lsa, kitobga ham u o‘sha nom bilan yozilardi. Naron shuning uchun yangi sayyorani «Earth» deb yozib qo‘ydi.
— Bu yosh yaratiqlar rekord o‘rnatishdi, — dedi u. — Ong paydo bo‘lganidan to yetuklikkacha bo‘lgan yo‘lni boshqa hech kim bu qadar tez bosib o‘tmagandi. Umid qilamanki, hisob-kitoblarimizda xatolik yo‘qdir-a?
— Yo‘q, janobim, — dedi xabarchi.
— Ular termoyadro quvvatini olishga erishdilar-da?
— Ha, janobim.
— Axir, bu asosiysi-ku, — Naron jilmaydi. — Yaqin orada ularning fazo kemalari borliqni o‘rgana boshlab, Federatsiya bilan muloqotga kirishadilar.
— Gap shundaki, Yagona Buyuk, — xabarchi istamayroq davom ettirdi. — Kuzatuvchilarning xabar berishlaricha, ular haliyam fazoga chiqishmabdi.
— Qanaqasiga? — Naron hayratlandi. — Haliyam chiqishmabdimi? Hatto fazoviy stantsiyalar darajasigayam-a?
— Hozircha yo‘q, janobim.
— Ammo, agar ularda termoyadro quvvati mavjud bo‘lsa, uning sinov tajribalarini qaerda o‘tkazishmoqda?
— O’z sayyoralarida, janobim.
Naron butun yigirma futlik bo‘yi bilan tikka turib ketdi va bor ovozi bilan xitob qildi:
— O’z sayyoralarida?!
— Ha, janobim.
Naron sekinlik bilan o‘z qalamini chiqardi va kichkina kitobdagi oxirgi yozuvning ustidan chizib qo‘ydi. Oldin bunaqasi bo‘lmagandi, ammo Naron o‘ta donishmand edi va Galaktikaning boshqa a’zolari kabi, yuz berishi muqarrar bo‘lgan hodisalarni avvaldan ko‘ra bilardi.
— Ahmoq eshaklar, — deya ming‘irladi u…
O’QITUVCHI ODAM BO’LGAN EKAN…
(Ingliz tilidan Mahbuba Vahobova tarjimasi)
O’sha tunda Mari bu haqda hatto xotira daftarchasiga ham yozib qo‘ydi. Daftarchaning 2155 yil 15 mayga tegishli sahifasida shunday deyilgan edi: «Bugun Tommi uydan kitob topib oldi!»
Kitoblar haqida Mari bobosidan eshitgan edi. Bobosiga ham o‘z paytida o‘zining bobosi aytib bergan emish. Bobosining aytishicha, bir paytlar yozuvlar qog‘ozlarda chop etilgan!
Tommi topib olgan kitob juda eski edi. Aka-singil uni varaqlay boshlashdi. Kitobda qimirlamay turgan harflarni tomosha qilish ularga haddan ziyod zavqli edi. Chunki ular so‘zlarni ekranda o‘qishga o‘rganib qolishgan edi-da…
— Buni qara! — dedi Tommi, — esizgina… Bunday kitoblarni o‘qib bo‘lgach, tashlab yuborgan bo‘lishsa kerak. Bizning elektron kutubxonamizda millionlab kitoblar bo‘lsa ham, bunisi ulardan ming marta yaxshiroqqa o‘xshaydi. Uni qo‘lda ushlash, hatto yoningda olib yurishing ham mumkin. Men bunaqa kitoblarni tashlab yubormagan bo‘lardim.
— Men ham, — dedi Mari kitobni avaylabgina siypalarkan.U endigina o‘n bir yoshga kirgan, Tommichalik telekitoblarni ko‘p ko‘rmagan edi. Tommining yoshi o‘n uchda, elektron kutubxonaga kiritilgan kitoblarni ko‘p o‘qiydi, til o‘rganishga qiziqadi, hatto qadimiy tillardan ayrimlarini ham o‘zlashtirgan.
— Buni qaerdan topding? — so‘radi qizaloq. Bola kitobdan ko‘zini uzmagan holda qo‘li bilan ishora qildi: «tomdan».
Tommi kitob yozilgan qadimiy tilni uncha-buncha tushunar ekan, uni o‘qishga berilib ketdi.
— Nima haqda ekan? — so‘radi Mari sabri chidamay.
— Maktab haqida…
Mari bu gapdan burnini jiyirdi. «Maktab? Maktab haqida nimani ham yozish mumkin? Men maktabni yomon ko‘raman!»
Qizcha maktabni chindan ham yomon ko‘rardi. Negaki, robot «o‘qituvchi» qizchaga fanlardan test ustiga test berar, u esa hech yaxshi o‘zlashtira olmasdi. Bu holat to uning onasi uyga «o‘qituvchi»ning holatini tekshirib ko‘rish uchun texnik mutaxassisni chaqirmaguncha davom etdi. Mutaxassis o‘zining har xil temir-tersaklarga to‘la asboblar qutisi bilan kelib, «o‘qituvchi»ni bo‘laklab ko‘rdi. O’sha tobda Mari «o‘qituvchi»sining qayta tiklanmasdan, bir uyum temir-tersak holida qolib ketishini shunday xohladiki… Biroq unday bo‘lmadi. Texnik usta hammasi joyida ekanligiga ishonch hosil qildi va bir soat o‘tar-o‘tmas, Marining qarshisida yana o‘sha — bahaybat, qop-qora, savollaru uy vazifalari ko‘rsatib boriladigan sovuqqina ekranli «o‘qituvchi» turardi.
Mari eng yomon ko‘rgan narsa bu «o‘qituvchi» ekranidagi test javoblari va uy vazifalarini qo‘yish uchun mo‘ljallangan ochiq joy edi. U har safar topshiriqlarga olti yoshligida majburan o‘rgatilgan kodni kiritishi kerak bo‘lardi. Robot «o‘qituvchi» esa bahoni darrovgina hisoblab qo‘ya qolardi.
O’sha kuni texnik mutaxassis Marining onasiga qarata dedi:
— Ayb qizchada emas, missis Jons. Menimcha, fanlar sektori me’yordan biroz tezroq ishlaydi. Men uni o‘n yoshga moslab sekinlashtirib qo‘yaman…
Marining umidi puchga chiqdi. U «o‘qituvchi»ni olib ketishsa kerak, deb o‘ylagandi. Bir safar Tommining «o‘qituvchi»sini rosa bir oyga olib ketishgandi-da. Sababi, undagi tarix sektori butunlay yopilib qolgan ekan.
Shularni xayolidan o‘tkazarkan, Mari eski qog‘oz kitobni berilib o‘qiyotgan akasiga dedi:
— Nimaga endi aynan maktab haqida yozishgan ekan? Buning nimasi qiziq?
Tommi singlisiga g‘alati qarash qildi va bilag‘onlik bilan dedi:
— Bunda biznikiga o‘xshagan maktab haqida yozishmagan, tentakvoy! Bu yuzlab yillar oldingi maktab!
Unaqa maktab haqida hech nima bilmasligi Mariga juda alam qildi. U Tommining yelkalari osha kitobga ko‘z yugurtirar ekan:
— Nima bo‘lganda ham u yerda o‘qituvchilar bo‘lgan-ku. Ularning nimasini yozish mumkin? — dedi bo‘sh kelmay.
— Ha, albatta, u yerda o‘qituvchilar bo‘lgan. Ammo ular odam bo‘lgan!
— Odam?! — Endi Mari chinakamiga hayratda qoldi. — Qanday qilib odam o‘qituvchi bo‘ladi?
Tommi kulgudan yorilay dedi.
— Men begona odamning uyimizda menga dars berishini istamagan bo‘lardim, — dedi Mari bidirlab.
Tommi endi jiddiy tortdi.
— Sen bilmaysan, Mari. O’qituvchi o‘quvchilarining uyida yashamagan. Maktab uchun alohida, maxsus binolar qurilgan. Hamma bolalar o‘sha yerga borib tahsil olishgan.
— Ular bir xil saboq olganlarmi?
— Albatta, tengdoshlar bir sinfda bir xil saboq olishgan…
Endi Mari o‘sha qiziq maktablar haqida ko‘proq bilish ishtiyoqiga tushib qoldi. Tommidan kitobni ovoz chiqarib o‘qishini yalinib so‘ray boshladi.
Ularning onasi «Bolalar! Maktabga!» deb chaqirganda ular kitobni hali yarmigacha ham o‘qib ulgurishmagan edi. Mari Tommiga yolvorgan ohangda dedi:
— Darsdan so‘ng kitobni yana o‘qiymiz-a?
— Bo‘pti, — dedi Tommi. Uning o‘zi ham kitobda yozilganlar ta’sirida g‘alati ahvolga tushib qolgandi.
Mari uylaridagi maktab deb nomlanadigan xonaga kirdi. Bu xona uning yotoqxonasi ro‘parasida edi. Ichkarida robot «o‘qituvchi» qizni kutib turgan ekan, Mari kirgach, uning ekrani yorishdi va «Iltimos, kechagi uy vazifalarini kerakli joyga kiriting», degan sovuq temir ovoz yangradi. Mari xo‘rsinib, ko‘rsatmani bajardi. U hamon bobosining bobosi bola bo‘lgan paytlardagi qadimiy maktab haqida o‘ylardi. «Barcha bolalar kulishib, o‘ynab-kulib maktab hovlisiga kirib kelishgan, — o‘ylardi qizcha havas bilan entikib. — Sinf xonasi degan joyda barchalari birga o‘tirishgan, ularga bir xilda saboq berilgan. Kun oxirida barcha o‘quvchilar uyga ham birga qaytishgan. Uy vazifalarini birga tayyorlashgan, bir-birlariga ko‘maklashishgan, bahslashishgan… O’qituvchilari ham odam bo‘lgan ekan. Demak, u bilan bemalol gaplashish, maslahat olish, hatto do‘stona suhbatlashish mumkin bo‘lgan…»
Mari o‘sha vaqtda bolalar o‘z maktablarini qanchalik sevganlarini tasavvur qilishga urinar, «Maktab ham, o‘qituvchilar ham shunchalik yaxshi bo‘lishi mumkin ekan-da! O’sha vaqtlarda bolalarga qanday mazza bo‘lgan ekan-a!» deya o‘ylardi.