Mahmud Abdul Boqiy (1526-1600)
Mumtoz turk adabiyotining, umuman turk devon she’riyatining eng yirik vakili Boqiydir (Mahmud Abdülbâkî). Uning otasi Fotih jomesining muazzini Mehmet Afandi ilmli kishi bo‘lsa ham, moddiy jihatdan badavlat emas edi. Otasining istagi bo‘yicha Boqiy hunar o‘rganib oilaga moddiy ko‘maklashishi kerak edi. Ammo ilmga bo‘lgan chanqoqlik, tabiat bergan iqtidor tufayli madrasada o‘qiydi, o‘z davrining yirik ulamolaridan dars oladi. Keyinchalik o‘zi ham madrasada dars beradi. 25 aqcha maosh olib ishlab yurgan Mahmud keyinchalik juda yuqori lavozimlarga ko‘tariladi. Boqiy Sulaymoniya madrasasining mudarrisi, Makka qozisi, Istambul qozisi, Anado‘lu va Rumelida qoziaskar vazifalarida ishlaydi. Boqiy yashagan davr usmonlilar davlatining shon-shuhrati porlagan davr edi. G‘azallari va ayniqsa “Sunbul qasidasi” bilan tanilgan shoirni sulton Sulaymon Qonuniy ham juda hurmat qilardi. Sultonning 1555 yilda Eronga yurish qilib zafar qozonishiga bag‘ishlab qasida yozgach, uning obro‘si yanada oshib ketadi. 1566 yil Sulaymon Qonuniy vafot qiladi. Qonuniydan keyingi sultonlar Salim II (1566-1574), Murod III (1574-1595) Mehmed III (1595-1602) ham Boqiyga yaxshi munosabatda bo‘ladilar, shoirga shohona ehsonlar berib, e’zozlaydilar. Bir umr yuqori lavozimlarda bo‘lgan Boqiy 70 yoshida iste’foga chiqadi. Shoir 1600 yil 7 aprelda 74 yoshida vafot qilgan. Boqiyning janozasi Fotih jomesida shayxulislom Sunulloh Afandi tomonidan o‘qilib, dabdabali dafn marosimi o‘tkaziladi.
Usmoniylar davlatida “shoirlar sultoni” deb tanilgan Mahmud Abdul Boqiy o‘z davrida boshqa sharq mamlakatlarida ham mashhur edi. Arabiston, Eron, Hindiston saroylarida ham Boqiy g‘azallarini o‘qishgan. Hatto Eron shohi Boqiyni o‘z saroyiga taklif qilganligi ma’lum. Boqiy Makka qozisi lavozimida turgan vaqtida ko‘plab musulmon mamlakatlaridan ziyoratga kelgan ilm ahli, shoirlar bilan uchrashgan, suhbatlashgan, bu ham shoirning mashhur bo‘lishining omillaridan biridir.
M. Boqiyning poetik ijodi o‘z davrida ham, undan so‘ng ham zo‘r qiziqish uyg‘otib, ko‘pgina turk shoirlari Boqiy ijodiga ergashganlar. Shoirni lirik she’riyatning hoqoni, badIIy so‘z ustasi deb hurmatlaganlar. Ayrimlar Boqiy g‘azallarini, mashhur fors shoiri Hofiz Sheroziy g‘azallari bilan teng qo‘yganlar. Hatto shoir Nodim Boqiy g‘azallaridek g‘azal yozib bo‘lmaydi deya ulug‘laydi. O‘rta asrlarda yaratilgan deyarli barcha adabiy tazkiralarda Boqiy ijodi osmonga ko‘tarib maqtaladi. U turk she’riyatida yangilik yaratgan, she’riyat tilini eng yuqori cho‘qqisiga olib chiqqan shoir sifatida ta’riflanadi. Mana shunday voqeani ham aytadilar. Ijodini juda erta boshlagan Abdul Boqiy o‘z g‘azallarini, o‘sha vaqtdagi mashhur shoirlardan Zotiyga olib kelib ko‘rsatadi. Shoir Zotiy yosh bir yigitchaning shunday ajoyib g‘azallar yozganiga ishonmaydi. Keyinchalik bu g‘azallarni o‘z devoniga kiritadi va bu ishi fosh bo‘lganda “ajoyib shoirdan” o‘g‘irlash ayb emasligini aytadi. Ko‘rinadiki Boqiyni katta-kichik zamondosh shoirlar birdek tan olganlar. Bunga Boqiy g‘azallarining yuksak badIIy saviyada yozilganligi birinchi sababdir. Adabiyotshunos olim Ahmad Qaboqli “Turk adabiyoti” darslik kitobida Boqiy adabiy san’atini yuksak baholab shunday yozadi: “Boqiyning san’ati, bir so‘zla aytganda mukammal bir san’atdir. She’rlarida yuqori darajadagi jo‘shqinlik ilhom va badIIyat bor. So‘zlar tom ma’noda o‘z o‘rnida qo‘llanilib, mazmun chuqur ifodalangan. Zakovat va so‘z san’atlariga alohida e’tibor beriladi. Kalimalarida bir nechta ma’no bera oladigan, misralar ohangini eng yuqori darajaga ko‘taradigan shoirdir”.
Boqiyning bizgacha yetib kelgan devoni asosan g‘azallar va qasidalardan iborat bo‘lib, mazmunan o‘sha davr adabiy muhitiga xos bo‘lgan tradision tarzdadir. Boqiy g‘azallaridagi bosh mavzu – sevgi. BadIIy obrazlar ham (gul, bulbul, may, bahor, kuz va boshqalar) ko‘proq an’anaviy. Lekin, shoir misralarida arab, fors, turk tilida birday qo‘llaniladigan so‘zlarni, masalan, muhabbat, sharob va hokazo, shunday ustalik bilan ishlatadiki, uning ayrim g‘azallarini uch til vakillari ham birdek o‘qib tushunishi mumkin. Boqiyning bu badIIy mahorati xususida, turk adabiyotining tadqiqotchisi prof. V.S. Garbuzova quyidagilarni aytgandi: “Boqiy tomonidan poetik misralarning bu qadar murakkablashtirilishi shuning uchun zohir bo‘ldiki, u uch tildagi (turk, fors va arab tillaridagi) so‘zlardan g‘oyat ustalik va katta qobiliyat bilan foydalanib, ko‘p sonli omonim va sinonimlarni vujudga keltirdi. Boqiy she’rlarida shu qadar kutilmagan o‘xshatishlar, shu qadar murakkab metaforalar, shu qadar ko‘p nozik imo-ishoralar borki, bularni faqat o‘sha davrda juda katta bilimga ega bo‘lgan kishilargina tushunishlari mumkin edi”. Darhaqiqat Boqiy g‘azallarida va ayniqsa qasidalarida ko‘plab aniq fanlarga oid ma’lumotlarni ham uchratamizki, shoir o‘z davrining ancha bilimdon ziyolilaridan bo‘lganiga ishonchingiz komil bo‘ladi. Uning Sulaymon Qonuniyga bag‘ishlangan qasidalaridan birida ko‘plab planetalarning nomi keltiriladi va bu hodisa badIIy san’atdagi timsol, o‘xshatish, qiyoslash vazifasini o‘taydi.
Masalan, qasidaning boshlanishidagi quyidagi misralarga e’tibor qiling:
Hangami shab kungarai qasri osmon
Zayn bo‘lmish edi shu’lalanib sham’i axtaron;
Xeli kavokab ichra yonib mash’ali qamar,
Sahni samoda ravshan edi rohi qahkashon:
Dast cho‘zmish edi kilki shahobga dabiri charx,
Tugro navisi hukmi xudovandi insu jon.
Bazmu falakda sozlar edi Zuhra sozga chang,
Ayshu safoda xurramu, xandonu shodumon.
Bu charx chanbarida tutib davr usulini,
Daffori mehr qilmish edi chehrasin nihon,
Bir tig‘i zar nishonila kirmishdi arsaga,
Shamshir bozi ma’rakayi sahna osmon.
(Mirtemir tarjimasi)
Boqiy she’r tuzilishiga juda e’tibor qilgan. o‘rta asrlar she’riyatida urf bo‘lgan tarix aytish yoki bir baytdan bir necha ma’no keltirib chiqarish mumkin bo‘lgan g‘azallar yozishda kamolot darajasiga ko‘tarilgan. “Texnik she’riyat” sohasida ajoyib namunalar yaratgan shoir, bir-biriga zid bo‘lgan tushunchalarni ustalik bilan bog‘lardiki, bunda mazmun ham buzilmasdi, she’rning shakli ham go‘zallashardi. Boqiy uchun asosiy estetik o‘lchov – nafislik, nazokat va go‘zallik edi. “She’riyat nafis va go‘zal bo‘lishi kerak” — deb yozgandi shoirning o‘zi ham. She’r tuzilishi san’atini zargarona mahnatga qiyoslagan Boqiy, g‘azal kompozisiyasi, ritm tuzilishi, ohangdorlik, musiqiylikka alohida e’tibor beradi. Mumtoz g‘azallarda uchraydigan an’anaviy obrazlarga shoir yangicha yondoshadi. Lolani may to‘la qadahga qiyoslasa, mayxonani gulzorga, chamanga qiyoslaydi. “Sen gulzor istar bo‘lsang mayxonaga kel, gul istar bo‘lsang mana maykosa”. “Bu dunyoning go‘zalligi may va sevgi emasmi?” “O, Boqiy o‘tkinchi dunyo g‘amlarini unut, may to‘la qadahni ko‘tar” mazmunidagi misrlar shoir g‘azallarida tez-tez uchraydiki, buni ramziy ma’noda tushunish kerak. Butun sharq she’riyatida bo‘lganidek, Boqiy she’rlari ham tasavvufiy ruhdan mosuvo emas. Ammo, ko‘proq shoir real hayotni kuylashni afzal ko‘radi. Uning g‘azallarida “Jahon afsonadir, aldanma Boqiy, jom-u shodlik, xayolu xoba benzar” kabi misralar uchrasa-da, tabiatan zavqli, go‘zallikka oshno bo‘lgan shoirning hayotsevarligi uning asarlariga ham ko‘chgandir. Dunyo boqiy emasligi, o‘tkinchi zamonda behuda g‘am-anduhga berilmaslikka undash ma’lum ma’noda ijobiydir. Boqiy g‘azallaridagi nafislik, go‘zal tashbehlar o‘quvchi zavqiga zavq qo‘shib, uning hissiyotini tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi. Kutilmagan o‘xshatishlar kishi zehnini charxlaydi.
Sarv qomatlar iki yonin olurlar yo‘lin,
Raxi gulzora ko‘char yo‘llari Istambulin.
Boqiy forma jihatdan yorqin misralarga nozik insoniy his-tuyg‘ularni ham singdira olgan. Shoirning lirik ideali – “mukammallik dengizi, ilm kemasi, she’riyat maskanidir”.
Mahmud Abdul Boqiy o‘sha davr turk she’riyati tilini yana bir pog‘ona ko‘tardi. U turk tilini leksik jihatdan ham, grammatik jihatdan ham o‘zlashma arxaik so‘zlardan tozalashga harakat qildi. U she’r shaklini mukammallashtirishga ko‘proq e’tibor bersa-da, mazmunni unutgani yo‘q. An’anaviy obrazlarga yangicha estetik yuk yukladi, chiroyli metaforalar, o‘xshatishlar topib, she’riyat badIIyatini yanada go‘zallashtirdi. Mahmud Abdul Boqiy ijodi o‘rta asrlar turk she’riyatidagi nihoyatda nafis va latif, ayni paytda murakkab tilli she’rlarning eng yaxshi namunasidir.
BOQIY IJODIDAN NAMUNALAR
Orazing obi nobdir* go‘yo,
Dug‘oring bir habbobdir** go‘yo.
Dilda anvori mehri ruxsoring,
Obda mohitobdir go‘yo.
Bazmi g‘amda du chashmi purxuning,
Ikki shisha sharobdir go‘yo.
Naqshi husni xatingla safhayi dil,
Bir musavvar kitobdir go‘yo.
Tutdi mehri jahonni ul mohning,
Partavi*** ofitobdir go‘yo.
Boqiyo holi anbarini oning,
Nofayi mushki**** nobdir go‘yo.
_________
* Obi nob – pokiza suv.
** Habbob – suv ustidagi qabariqlar.
*** Partav – ziyo, porloqlik.
**** Nofayi mushki nob – sof mushki anbarni ohu.
MUHIBBIY G‘AZALIGA TAXMIS
Jomayi sihhat Xudodan xalqqa bir xil’at kabi,
Bir libosi foxir bo‘lmas jismga ul qisvat kabi.
Bor ekan baxtu saodat quvvatu qudrat kabi.
Xalq ichinda mo‘tabar bir narsa yo‘q davlat kabi,
Yo‘q erur davlat jahonda bir nafas sihhat kabi.
Ahli vahdat koinotning oqilu donosidir,
Mardi forig‘ olamning mumtozu mustasnosidir.
Ko‘r na der ul, kim so‘zi go‘yo Masih anfosidir:
“Saltanat deganlari faqat jahon g‘avg‘osidir”
Bo‘lmagay baxtu saodat dunyoda vahdat kabi.
Toati Haq munisi bazmi baqodir oqibat,
Suhbati jonu badan sendan judodir oqibat.
Bodi sarsardir fano, olam habodir oqibat,
Qo‘y bu ayshu ishratni, chunkim fanodir oqibat
Yori boqiy istar ersang, bo‘lmagay toat kabi.
Olamni ko‘zdan kechirsang, aylasang bir yil rasad,
Davr ichinda turmasang, ko‘rsang hazoron neku bad.
Har tarafdan oqsa dunyo, moli kelsa loyu ob?
Bo‘lsa qumlar soni qadar umringga haddu adad.
Bo‘lmagay bu shishayi charx ichra bir soat kabi.
Manzili osoyishi uqboga istarsang vusul,
Hubbu dunyodan farog‘at kibi bo‘lmas to‘g‘ri yo‘l.
Shodmon arbobi uzlatdir hamon Boqiy Malul,
Gar huzur etmoq tilarsang ey Muhibbiy forig‘ bo‘l.
Bo‘lmagay vahdat maqomi g‘ussayi uzlat kabi.
Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.