Bayoniy (1859-1923)
Muhammad Yusuf – adabiy taxallusi Bayoniy XIX asr II yarmi va XX asr boshlarida Xorazmda yashab ijod etgan zamonasining zabardast tarixnavis olimi, ajoyib shoiri va mohir tarjimoni boʻlgan. Bayoniy tarixnavis olim sifatida “Shajarayi Xorazmshohiy” va “Xorazm tarixi” nomli tarixiy asarlaryni yozdi, qator tarixiy asarlarni arabcha va forschadan oʻzbek tiliga tarjima qildi, shoir sifatida esa mukammal devon tuzdi.
U Xivada xonlik qilgan Eltuzarxon (1804–1806) avlodidandir. Uning otasi Bobojonbek Olloberdi Toʻraning oʻgʻli boʻlib, Eltuzarxonning nabirasi edi. Bayoniy 1859 yilda Xivada dunyoga keladi va yoshlikdan boshlab ilm, adabiyotga, sheʼriyatga qiziqadi. Bayoniyoʻz zamonasining atoqli xattotlaridan va musiqashunoslaridan biri ham boʻlgan. U suls, kufiy, rayhoniy, shikasta va boshqa xil xatlarni yaxshi bilgan va oʻz zamonasining talantli shoir va tarixnavis olimi boʻlib yetishgan. Bayoniyning yuksak mahorati haqida Tabibiy bunday deb yozadi:
“Bayoniyki bor shoiri xush bayon,
Soʻz ichra qilur durri gavhar ayon.
Bu ham asli bu xonadondin erur,
Soʻzi ruhu el jismiga jon erur.
Muhammad Yusufbek nomi aning,
Husul aylamak ilm komi aning”.
Bayoniy oʻzidan boy yozma meros qoldirdi. Bayoniyning mazmundor va ajoyib gʻazallarini oʻzi ichiga olgan devonining bir necha nusxasi qoʻlyozma holida saqlanmoqda. Bu devonlardan uning gʻazallari, muxammaslari, ruboiylari, qasidalari oʻrin olgan.
Bayoniyning sheʼriy asarlari XIX asr II yarmi va XX asr boshlari oʻzbek adabiyotini va shuningdek shoirning hayoti va ijodini oʻrganishda katta ahamiyatga egadir. Shoir sheʼriyatida asosiy oʻrinni lirika egallaydi. U zamonasining ilgʻor fikrli kishisi sifatida qaynoq hayot ichida yashadi va uning ijodida oʻsha davrdagi ijtimoiy hayot oʻz ifodasini topdi.
Muarrixning “Shajarayi Xorazmshohiy” risolasida Abdulgʻoziyxon Munis va Ogahiy qalamiga olgan davr va Xiva xonligida 1873 yildan 1914 yilgacha sodir boʻlgan tarixiy voqealar tasvirlangan. Mazkur risola yuqorida nomlari zikr etilgan mualliflar asarlarining xulosasi va davomi hisoblanadi. Munis va Ogahiyning asarlari hashamdor, qiyin til bilan yozilgan. Ularda arabcha va forscha soʻzlar va ogʻir iboralar koʻp uchraydi. Bayoniy ana shu qiyinchiliklarni bartaraf qilish maqsadida Munis va Ogahiy asarlarini bir jildga toʻplab, qisqartirib, sodda til bilan qayta yozib chiqqan. Bu toʻgʻrida muallif asar soʻzboshisida bunday deb yozadi: “Men Muhammad Yusuf al-mutaxallis bil-Bayoniy ibni Bobojonbek, bu tariqa arz qilaman. 1329/1911 yil jumod ul-avval oyining yigirma ikkisida bu asarni yozishga boshladim. Bu ishni Asfandiyorxon menga Tolibxoʻja ibni Avazberdi orqali buyurdi”.
Munis Eltuzarxonning farmoniga muvofiq “Firdavis ul-iqbol” nomli asarini yozgan. Munis bu asarni tamomlay olmay 1244/1829 yili vafot etadi. Ollohqulixon Ogahiyga bu chala qolgan asarni yozib tamom etishni buyuradi. Ogahiy bu asarni yozib tamomlaydi. Soʻngra Ogahiy XIX asrda Xorazmda xonlik qilgan xonlarning har biriga atab, alohida-alohida bir necha asar yozgan.
Muallif oʻz asarining oxirida quyidagi maʼlumotlarni keltiradi: “Men, Muhammad Yusuf Bayoniy bu kitobni (“Shajarayi Xorazmshohiy”. – Q. M. ) yozib tamom etdim. Keyinchalik Asfandiyorxon vaqtida sodir boʻlgan tarixiy voqealarni yozib, bu kitobimga qoʻshaman”.
Xorazmda tasnif etilgan Bayoniyning mazkur tarixiy asari, Xorazm, ayniqsa Xiva xonligi tarixini oʻrganishda aniq maʼlumot beruvchi asosiy manba boʻlib xizmat qiladi. Bayoniyning bu tarixiy asarida Xiva xonligining siyosiy tarixi juda mufassal bayon etilgan. Xiva xonligining siyosiy hayotida roʻy bergan katta voqealardan biri Xiva xonligini Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi edi. Bu voqea Xorazmda Muhammad Rahimxon II hukmronligi davrida sodir boʻlgan. Muhammad Yusuf Bayoniy oʻzining “Shajarayi Xorazmshohiy” asarida bu masalaga juda mufassal toʻxtab oʻtgan va bu borada qimmatli maʼlumotlarni keltirgan.
Ayniqsa shaharlarni mudofaa qilishda olib borilgan ishlar, koʻrsatilgan qarshiliklarga qaramay, Xiva xonligiga qarashli shaharlarning Chor Rossiyasi qoʻshini tomonidan birin-ketin bosib olinishi va Chor generallarining bu yerda olib borgan shafqatsiz siyosati, chorizm askarlari tomonidan aholining, ayollar va bolalarning begunoh qirgʻin qilinishi, obod joylarning xarobaga aylantirilishi haqqoniy tasvirlab berilgan.
Xonlikning iqtisodiy hayotida yer egaligi va soliq masalasi asosiy masalalardan edi. Bu masalalar boʻyicha ham mazkur asarda ancha maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, xonliqda olib borilgan qurilish ishlari va turli mansablar, ularga kimlarning tayin etilganligi va boshqa qator masalalar boʻyicha ham yaxshi maʼlumotlar berilgan.
Xiva xonligida Muhammad Rahimxon II davrida meʼmorlik boʻyicha ham ancha ishlar amalga oshirilgan. Madrasalar, masjidlar, minoralar, bogʻlar, koʻpriklar qurilgan. Asarda bu binolarning qachon qurilganligi ham koʻrsatib oʻtilgan. “Shajarayi Xorazmshohiy”da Bayoniy tomonidan keltirilgan bir-ikki misolni olib koʻraylik.
Bayoniyning yozishicha: “Maʼlum boʻlsinkim, xon xazratlari (Muhammad Rahimxon II. – Q. M. ) bagʻoyat mushfiqi fuqaro va bagʻoyat xayr doʻst kishi erdilar. Koʻp madrasalar va masjidlar bino qildilar. Koʻp madrasalarning binolariga sabab boʻladilar. Andogʻkim, Muhammad Murod devonbegi bir madrasa bino qildi. Yusuf mahramgʻa buyurib bir madrasa bino qildilar. Qadam yasavulboshi bir madrasa bino qildi. Ibrohimxoja bir madrasa bino qildi. Yusuf Yasavulboshi bir madrasa bino qildi. Husayn Muhammadboy bir madrasa bino qildi. Doʻst Aʼlam bir madrasa bino qildi. Qoziy ul-kuzzot Qozi Muhammad Salim bir madrasa bino qildi. Islomxoja bir minorali madrasa bino qildi. Bu binolarning hammasi ul hazratning (Muhammad Rahimxon II. – Q. M. ) targʻibotlari bila boʻldi. Yana Nurillabek otligʻ hovlilarining atrofida koʻp bevatanlarni vatanlik etdilar. Yana Tozabogʻ atrofida ham koʻp bevatanlarni vatanli etdilar. Toʻrt oliy masjid bino qildirib, Tozabogʻda vatan tutgan bevatanlar, toʻrt masjid qavmi boʻldilar. Yana Yanga qalʼada, Nurillabek hovli va bogʻlarining sharqi shimoli tarafida koʻp bevatanlarni vatanli etdilar. Bir oliy masjid bino qildirib, ul yerni Sultonobod ismi birla mavsum etdilar. Koʻp yerlarni obod etdilar. Koʻp masjidlar, madrasalar va qorixonalar bino boʻlib, koʻp yerlar obod boʻldi”.
Bayoniyning mazkur tarixiy asarida shu davrda Xiva xonligidagi adabiy muhit, shoirlar va olimlar, Muhammad Rahimxon II – Feruzning ajoyib shoir va maʼrifatli hukmdor boʻlganligi haqida ham anchagina maʼlumotlar keltirilgan. 1326/1908 yili Ahmadjon Tabibiy tomonidan shu davrda yashagan shoirlarning tazkirasi tuzildi. Bu haqda Bayoniy quyidagi maʼlumotni keltiradi: “Xon hazratlari sheʼrga koʻp zavq paydo qilib erdilar. Oʻzlari ham burundan Feruz taxallusi bila mutaxallis boʻlub, sheʼr aytur erdilar…”
Yuqoridagi fikrimizning tasdiqi sifatida Bayoniy tomonidan keltirilgan ijtimoiy-iqgisodiy va madaniy hayotga oid bir-ikki misolni qayd etib oʻtdik. Bunday misollarni juda koʻplab keltirish mumkin. Bayoniyning bu qimmatli tarixiy asari, olimlarimiz, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining akademiklari Ya. Gʻulomov, M. Yoʻldoshev kabilar tomonidan oʻrganilgan va bir qismi nashr etilgan.
Bayoniyning ikkinchi tarixiy asari “Xorazm tarixi” nomi bilan ataladi. Bu asarning ilk boblari maʼno jihatidan “Shajarayi Xorazmshohiy” asariga oʻxshab ketadi. Lekin yozilish uslubi bilan undan farq qiladi. Muqaddimada koʻrsatishicha, Bayoniy oʻz asarini koʻpchilik bahra olsin uchun sodda til bilan yozgan. Afsuski, 15 bobdan iborat bu asarning faqat 8 bobigina saqlangan. Qolgan boblari yoʻq. Uning yagona nusxasi OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda.
Bayoniy bu asarlarni yozish bilan bir qatorda, koʻpgina tarixiy asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. U Mavlono Darvesh Ahmad tomonidan arab tilida yozilgan umumiy tarixga oid “Sahoyif ul-axbor” nomli katta asarni oʻzbek tiliga oʻgirgan. Bayoniy shuningdek, Binoiyning “Shayboniynoma”, Jarir at-Tabariyning “Tarixi Tabariy” nomli asarlarini tarjima qilgan.
Bayoniy boshqa tarjimonlar tomonidan tarjima qilingan asarlarni tahrir ham qilgan. Atoulla ibn Fazlulla Husayniy tomonidan yozilgan “Ravzat ul-ahbob” nomli asarning II qismini oʻzbekchaga oʻgirilgan tarjimasini tahrir qilgan.
Bir soʻz bilan ayttanda, Muhammad Yusuf Bayoniy oʻz zamonasining talantli shoiri, atoqli tarixnavis olimi va mohir tarjimonidir. U oʻzbek madaniyati tarixida oʻziga xos faxrli oʻrinni egalaydi. Olim va shoir tomonidan yaratilgan adabiy va tarixiy asarlar oʻzbek xalki madaniyati tarixini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.