Kalim Koshoniy (1585-1651)
Abutolib Kalimi Koshoniy (کلیم کاشانی) (1585, Koshon — 1651, Lohur) Hindistonda boburiylar saltanatining davomchilari bo‘lmish Jahongir Mirzo va Shohjahonlar saroyining malikush-shuarosi hisoblanadi. Ma’lumki, g‘azalnavislikning Ro‘dakiy va boshqalar tomonidan yaratilgan «sabki Samarqand», Kamol Xo‘jandiy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar yuksaltirgan “sabki Eron” va Mirzo Bedil yuksak maqomga ko‘targan “sabki Hindu” uslublari mavjud.
Abutolib Kalimi Koshoniy ana shu “sabki Hindu” uslubining asoschilaridan bo‘lib, zamondoshlari va keyingi davr ahli uni “hallokul-maoniyi soniy” deb atashgan. Shoirdan yirik devon va boshqa bir necha asarlar meros qolgan.
***
Gul fasliyu yuzing, yor, yashartirdi jahonni,
Husning sani bu boqqa yo‘latmagay xazonni.
Toqatlarim toq aylab muncha torlik qilmangiz —
Ey xushkamarlar, muncha tor bog‘lamang miyonni.
Maysa qoshing boshinda tomoshabin egik zulf,
Hasrat ichra tamosho qilar keksa-javonni.
Mijgoning misli xanjar oy yuzingga qadalmish,
Qoshing otar quyoshning boshig‘a bul kamonni.
Naylayki, bul vodiyda bir rahnamo kishi yo‘q,
Yo‘lim Xizri sanarman ushbu regi ravonni.
Parvonani o‘ldirg‘ay, oxir qilar ishi shu,
Ey sham’, andisha ayla, to‘xtat otash zabonni.
Ko‘zlaring oshig‘ingning ko‘nglidin joy olibdir,
Shishasoz birla hamkor etmish bodakashonni.
Kimga qilay shikoyat, Kalim, do‘st sitamidin,
Oydan so‘ramas hech kim aslo dodi katonni*.
* K a t o n — sufiylar zig‘irpoyadan to‘qib kiyishgan kiyim.
* * *
Bu chamanda g‘ayri gul eshitmas afg‘onim mening,
Qayda chaqmog‘ing, falak, yondirsa — oshyonim mening.
Ul qaro zulfing hadisi chiqsa dildan tilga gar,
Misli xat yanglig‘ qaro qilgay til-zabonim mening.
Ucha olmasdan qolib ketdim bu gulshanda, netay,
Ham oyog‘im izidan topmaslar oshyonim mening.
Yonimda o‘ltirmading hargiz tiriklik chog‘ima,
Chalg‘aymu ertan qamishing bu ustixonim mening.
Sham’ kabi bodi saboning yo‘lida yengil ruhim,
Yor visolining nasimi olg‘usi jonim mening.
Bog‘ yarolig‘ tuynugin ko‘rmay dil tashga chiqmag‘ay,
Ham dilimg‘a bir yo‘li kelmay dilistonim mening.
Gulxan niholi kabi bog‘i jahonda holma-hol
Hech kishi ko‘rmas bahorim hamda xazonim mening.
Bas, qaro chimmatlilarni naqshin dilga joyladi,
Tan qaro qildi tomirday bu ustixonim mening.
Kalimo, yodlat she’ringni bir necha diltoshlara,
Bir zabon hech ham qilolmas sharhi dostonim mening.
* * *
Baski, ko‘zdin oqqizdim qonin dili xarobni,
Quchdi xino ol yoshdin panjasin oftobni.
Nazar tashlashga tob yo‘q, uzoq qaray olmasman,
Mayga hirsi ko‘p o‘lg‘ay ringi tunkinsharobni*.
Baski, qaro kunimdan dunyo qoralig‘ olmish,
Ko‘rshapalak qo‘ynida yashirganday oftobni.
Kuydi umid kemasi hajrining chaqmog‘idin,
Tushsa bulutga soyam quritar u sahobni**.
Dilga firib berdi ul, sabru aql naylag‘ay,
Karvonboshi ne qilur chorasig‘a sarobni.
Baski, baxtim shuhrati tab’larga kelmish malol,
Taqiq birodar o‘lsa o‘ldir ko‘zingda xobni.
Har dam sanoqli o‘lg‘ach so‘nggi damingda, ey dil,
Qadrini bilg‘ung ul dam nolai behisobni.
Silsilama-silsila, sochma-soch to belgacha,
Qo‘ldin qo‘lga bergusi zulfing bu pechu tobni.
Dil holig‘a, ey Kalim, muncha yig‘i na hojat?
Yosh to‘kma munchalar san, sho‘r etmagin kabobni.
* Tunkinsharob — tez mast qiladigan, mayzada.
** S a h o b — bulut.
* * *
Qon qaynatdim ko‘zimda ohi otashnokni,
Yuvdim shu otash bila har kinai xoshokni.
Qaydaki may bor esa garduni dunda ne gunoh,
Qo‘ynimizda toshi bor ul shishai aflokni*.
Osmon nodonparastu biz hamma fitratbaland,
Qandayin xaspo‘shlag‘ung sen bu gulxan idrokni.
To taroq rivojini oina ko‘rdim zulf aro,
Qildi qora rang-la pinhon siynayi bechokni.
Yo‘l bo‘yi tipirchilab sarkash otlini qo‘yma(y)miz
To haramdan keltirurga saydi ul fitrokni**.
Bul gulistonda sumbul sochin silar oshifta yo‘q,
Boq chigil bu xotirim chirmabdi qo‘lin tokni.
Intixob etdim bu issig‘u sovuq ro‘zg‘orni,
Qaynoq yoshimu suvin ul chashmai Durdokni.
Ashku ohing, ey Kalim, kelturdi bu olam aro,
Boq tutinsiz yong‘inu selobi bexoshokni.
* Shishai aflok — falak shishasi.
** Fitrok — oshtangan qushni egarga bog‘lash uchun ishlatiladigan sharm tasma.
* * *
Lablarim ochmam, ziyon qilg‘ay til bilg‘onim mening,
Ko‘zlarim yumdim, yarashmas jismi uryonim mening.
Yor taroqing birla zulfing yodga solg‘ay jonim(n)i,
Sensiz bu tan ichra tutmaydur parishonim mening.
Zukkolik nedur, kishi aybini bilmaslik erur,
Anglatar bilganligim ta’limi nodonim mening.
Bir-ikki odim ani ko‘yi boshidin ketmayoq,
Qo‘rqaman oqqizmasa ashki pushaymonim mening.
Bandalikni xizmati yo‘lig‘a men loyiq etib,
Bo‘ldi bul qul tamg‘a manglayda yozilg‘onim mening.
Garchi xorman, izzatim bildirki, bu savdo aro
O‘zni ber manga, shudir sanga berilg‘onim mening.
G‘am yuki ostida man o‘z ichima qilsam safar,
Sham kabi oxir etak etgay giribonim mening.
Hech kishi kelmas xaroba uyimi tegrosina,
Yo‘qlar ul vayronadin mushfiq posbonim mening.
Rahmati abrin biluvchi bo‘lmisham fayzi ila,
Oqibat ish berdi ul etak bulg‘ong‘onim mening.
Isitdim o‘rnim, Kalimo, gulxanining yonida,
O‘zgartolmaydi Sulaymon taxti makonim mening.
* * *
Alanga ichra gar eksam urug‘in mehribonliqni,
Tiriklik suvidin berib etayin bog‘bonliqni.
Ayo do‘st, sanga baxsh etmoq uchun ilkimda bir jon bor,
Kina muzdi uchun bergum necha dushmani jonliqni.
Jahon ayshini xinosi shafaq yanglig‘ fanoiydur,
Dilo, qo‘ldin berib qo‘yma bu ashki arg‘uvonliqni.
Aloqam bu hayotg‘a shunchaki, keldi qarilik ham,
Na chora, muftg‘a men berdim u yoshlik — navjavonliqni.
G‘am bu ko‘ylak emas yechsang xalos bo‘lg‘uli, qo‘rqaman —
Ko‘zim yoshi badihamdin ketkizmasmu ravonliqni.
Anglab yetmoq uchun avval xudbinliq ko‘zgusin tark et,
Nechun xush yetkurur, yora, bu ayni sargardonliqni.
Jahon hech ixtiyor birla kishiga dilnishin bo‘lmas,
Suvi yo‘q manzil karvong‘a o‘tay bilmas makonliqni.
Agar uy sarvi birla oshinoliq aylasa qumri,
Arralardi qanot birla ul sarvi bo‘stonliqni.
Kalim, baxtimg‘a bir xush kun nasib etmay o‘tar bo‘ldim,
Nechuk yod aylamay endi ul ahli shodmonliqni.
BAHOR QASIDASI
Havo ho‘l. Boisi — abri bahordir.
Boqsang, suvday unda aksi oshkordir.
Sanchilmaydir qo‘limg‘a uzsa bog‘bon,
Shukrin aytib yotur tikonu xordir.
Havo ta’blar ila do‘stu munofiq,
Qilichboz sham’, g‘anim — bodi bahordir.
Nasim qo‘ynidin ishratlar yetishgay,
Nihol shodlik raqsidin beqarordir.
Chunon to‘lmishki, sozlardin soz o‘lmish,
Nashtaru qontomir mizrobu tordir.
Kam o‘ldimu anga tashrifi Navro‘z,
Gul zarbi mushtumi-la sharmsordir.
Zamin taqvim sahifasiday ko‘kish,
Qayon ko‘zing tushar unda anhordir.
Chaman suv birla to‘ldi, etagin sarv
Belgacha himaribdir ustivordir.
Qutqu solmas olov ham bu faslda,
Yoqut yanglig‘ har cho‘g‘ning so‘yi bordir.
Tutunmas, gul olovidin kelur hid,
Gulzor tuprog‘ida xushbo‘y beg‘ubordir.
Fazoyu olam jo bo‘lmish dilingga,
Nafas chiqarganimda siyna bordir.
Jannatga orqasin burdi-ku zohid,
Nahot ko‘rmas bunda ne koru bordur?
Zamin boshdin oyoq sabza til o‘ldi,
Eshit rozi dilini — beshumordir.
Xoksorlik-la oyoq izini o‘pdi,
Lola bargin poyandozing solodir.
Navro‘z bulutlariga vasl yozar, deb,
Qalam sarbozidin ummidi bordir.
Lola — may, quyqasi ostig‘a cho‘kmish,
Orom qaydinki bu ro‘zg‘orda bordur.
Bilmam maysa nechun ungay bu bog‘da,
“Vafosizni ko‘ray!” deganmi yordir.
Bog‘ ichra loladin yong‘in ketibdur,
O‘t o‘chirg‘ich bulutg‘a ancha kordir.
Soyayu salqiniga suvmi sochmish,
Kaftlari ho‘l, titroq bargi chinordir.
Qizil g‘uncha zangor sori ichinda,
Misli sog‘arda ol may oshkordir.
Chunon bog‘bon inja, nozik qo‘ndirmish
Shabnam gul barg yuzida cho‘g‘ — sharordir.
Bu mavsumda shu gulshanbog‘ ichinda
Zohid misli quruq shox, noguvordir.
Ariq bo‘yig‘a bo‘lmish sazoyi —
Mayxo‘rlar joylari chekka-kanordur.
Chaman kelinlari gulgin ochib yuz,
Barining bo‘yida homila bordur.
Forschadan Jamol Sirojiddin tarjimalari