Ejen Gilvik (1907-1997)
Ejen Gilvik (Eugène Guillevic) 1907 yilning 5 avgustida Frantsiyaning Atlantika sohili bo‘ylab yoyilgan Bretani viloyatidagi Karnak shahrida dunyoga kelgan. Keyinchalik uning oilasi dastlab Belgiyaga chegaradosh qishloqqa, keyinchalik esa Shveytsariyaga tutash bo‘lgan Elzas viloyatiga ko‘chib o‘tgan.
Gilvikning yozishicha, deyarli 19 yoshigacha u frantsuz tilini bilmagan. Shoir tug‘ilgan oila goh breton, goh valon, goho esa Shveytsariya yashovchi nemislargagina xos bo‘lgan olmon tilida o‘zaro muloqot qilgan. Faqat harbiy xizmatga chaqirilgandan keyingina u frantsuz tilini o‘zlashtira boshlagan.
Ilk she’rlari matbuotda 1939 yilda bosilgan. 1942 yili birinchi she’riy kitobi chop etilgan. Rus tilini o‘rganib rus va ukrain shoirlarini tarjima qilgan.
O‘tgan asrning 60 yillariga kelib Ejen Gilvik jahon she’riyatining eng yorqin vakillaridan biriga aylandi.
Shoir 1997 yilning 19 martida dunyodan ko‘z yumgan.
O‘zbek tilida Ejen Gilvikning she’rlari 1984 yilda nashr etilan “Frantsuz shoirlari” to‘plamining tarkibida e’lon qilingan.
ChAQMOQLAR
Bir sira-bir sira kunlarimizda
Chaqmoq chaqib qolardi ba’zan.
Osmon qiyqimida yilt etar edi
Kelgusida bo‘lajak ishlar.
Asta qo‘l tekkizib ko‘rar edik biz
Istiqbolning quroqlariga.
Qat’iylashib qolardi qittay
Shunda bizning odimlarimiz.
Qulashimiz lozim bo‘lgan joy
Orqaroqqa surilardi sal.
Faqat siyrak edi chaqmoqlar, afsus.
BIRINChI KUN
Pol Elyuarga
U daraxt g‘oyatda g‘aroyib bo‘lar,
Birinchi kun ertalab birinchi bo‘lib
Tongotarni karshilab olgan u daraxt.
Zulmat ketgan kun,
Xo‘jayinlar bitgan kun.
O‘shanda xalq
O‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolib,
Tongotarni ko‘rajak.
U tongotar g‘oyatda g‘aroyib bo‘lar —
Birinchi kun ertalab o‘sha daraxtni
Bag‘riga ohista olgan tongotar.
Odamlar ko‘chaga toshib chiqqan kun,
Odamlar tantana, bayram qilgan kun —
Daraxt bilan tongotarning
Quchoqlashib turishganin ko‘rajaklar.
* * *
Ortimizdan kelar boshqalar,
Ko‘proq bo‘lar sabri ularning,
Epchilligi va qat’iyati.
Ko‘rkamligi, kuchini ko‘rib,
Ularga yer bo‘lajak taslim.
Yordam berar ularga shunda
Biz yaratib ketgan qo‘shiqlar.
Miraziz A’zam tarjimalari
* * *
O‘tloqlarga bordim men sensiz,
Gulzorlarga bordim men sensiz.
Sensiz o‘tdim yuz so‘qmoqni men,
Sensiz yotdim jilg‘a yonida,
Sensiz oqshom bo‘yi men yolg‘iz
Og‘ir-vazmin qadamlar bosdim.
Boshqa chidolmayman endi –
Sensiz.
* * *
Rahmat senga,ey dengiz,
Sen bizga o‘xshamaysan.
Biz kabi xayollar surmaysan
Ilojsiz narsalar haqida.
Masalan,halovat haqida.
* * *
Har bir qushcha bo‘g‘zida
Sadoqat yashirindir
Kelajak bahorlarga.
* * *
So‘zlar —
Dunyoni anglashga kerak.
Daraxtga boqasanu
Hatto uni ushlamay turib
Aytasan “Yaproqlar” deb
Bu degani daraxt bilan
Nur sari talpinasan,
Salqin shamol esishin kutib.
Bu esa qo‘rquvlaring
Yuragingdan ketdi degani.
ENG BIRINChI KUN
Pol Elyuarga
Ajoyib bo‘ladi —
Eng birinchi bo‘lib tongni qarshilab
Quyoshni ko‘rgan daraxt.
Soyalar ketgan eng birinchi kun,
Zolimlar bitgan eng birinchi kun,
O‘zi bilan o‘zi qolgan erkin xalq
Qarshilaydi tongda quyoshni.
Ajoyib bo‘ladi —
Eng birinchi kunning tongida
Daraxtni quchgan quyosh.
Ajoyib bo‘ladi —
Ko‘chalarga chiqqan odamlar
Quvonchdan baqirgan odamlar
Quyosh bilan daraxt bir-birin
Quchoqlab turganini ko‘rgan
Eng birinchi ozodlik kuni.
* * *
Quloq soldim —
Bildim, qush ekan,
Sayrayotgan qush.
Quloq soldim —
Qush sayrar edi,
Sayrar edi yo‘limga peshvoz.
Menimcha, bu yerdan o‘tishimni ham
Oldindan bilgan bu sayrayotgan qush.
Bu yerdan o‘tishimni oldindan bilgan
Shovillagan daraxtlar,
Cheksiz, bepoyon dala,
Osmonga tutash yo‘llar.
Butun vujudim bilan sezdim o‘sha dam
Daraxtlarning, dalalarning, osmonning
Ajralmas bir bo‘lagimanu
Bu ochiq kunlarda har yon taralgan
Ular ishonchining davomidayman.
Qush esa mening aksu sadom,
Mening egizagim,
Yo mening o‘zim.
Ortiq menga bo‘ysunmagan yuragimning parchasi
Singib borayotir daraxtlarga, dalalarga, osmonga.
* * *
Kimdir kuylar
Sukunat, bo‘lsa kerak.
Sukunatdan uzoqda
Kimdir yig‘laydi giryon.
Menimcha, yig‘layotgan
Sog‘inch bilan to‘lgan Vaqt.
QUDUQ
Demak, quduqqa,
Zulmat qa’riga.
Hamma narsadan yiroq,
Barchadan uzoq
Va zulmat qa’rida
Barchasini unutmoq uchun
Barchasini bir-bir eslamoq.
Axir, to‘xtang, bayram-chi, bayram,
Kim uchun keladi bayram?
Axir, bir kuni, albatta, keladi —
Bayram.
* * *
Hayot juda qimmat bo‘lib ketyapti,
Deganlarida, o‘ylab qolaman,
Bu degani xotinlarimiz
Semirib ketgani emas,
Daraxtlar
Bulutlarga tegay-tegay deb
Balandlab o‘sgani uchun
Gulbargida o‘tirgancha dunyoni
Sayr qilib kezish degani emas,
Oshiqlarning tongdan shomgacha
Ayrilmasdan yurishi degani hammas.
Bu degani yashash tobora
Qiyinlashib boryapti,
Hayot
Kundan kunga qiyin degani, xolos.
* * *
Daraxt tanasiga sanchilar arra
Va ikkiga bo‘linar daraxt.
Ammo qayin emas, arraning
Faryodiga chidab bo‘lmaydi.
BALLADA
Barcha bahor jilg‘alari
intiladi uning qoshiga.
Barcha sahroyi otlar
derazasi ostida kishnar
Sayxonlaru bog‘larda qushlar
jo‘r bo‘ladi shodmon sasiga
Xonadagi barcha buyumlar
qo‘llarining taftini saqlar
* * *
Shamol, qumloq va dengiz,
Bir-biringizga
Ayni shu yerda uchrashuv tayinlagansiz.
Nechun endi bu iddao:
To‘satdan uchrashib qolgandek go‘yo.
* * *
Mabodo men yashagan har soat
Bir yilga aylansa-da,
Aylansa-da hatto asrga,
Hatto, subhi azonda
Xo‘roz tinim bilmasdan
Yuz yil qo‘shiq aytganida ham,
Hatto, quyosh
Qo‘shni tom ustida porlashi uchun
Yuz yilda o‘rmalab osmonga chiqsa,
Men bari bir sening yonimda
Ekaningga ko‘nikolmasdim.
Xurshid Davron tarjimalari
OQ ChORLOQLAR
Ular uchun ochlikdir olam,
Bo‘m-bo‘sh kenglik – cheksiz bir alam.
Ular to‘ymas hech zamon; har vaqt
Och qichqirmoq ularga odat.
Toki zamon bo‘shliqni yutsin,
Ochliklarni tubdan yo‘q etsin;
Biroq dengiz befarq chayqalar,
Qushlar uni malomat qilar –
Jilovlamas chunki u beg‘am
Ochlikni ham, cheksizlikni ham.
MANGULIK
Mangulikni
Boy bermadik butunlay hali.
Faqat nedir yetishmay qoldi,
Nimaningdir kelmadi gali;
Qaniydi, eh, orzularning bo‘lsa amali,
O‘r-qirlarni tutashtirsak
Yashil tog‘larga,
Bulutlarni bog‘lay olsak
Bog‘, o‘tloqlarga;
Birlashtirsak
Bu borliqning ko‘zlarini,
Insonlarni,
So‘zlarini,
O‘zlarini.
Faqat bu ish o‘ta og‘ir,
Mashaqqat o‘ta.
Shunday, ammo bir haqiqat ayondan-ayon:
Hayot mangu,
Biz mangumiz,
Mangu har inson.
* * *
Inson zoti – yoshu qari, xotin, er
Zamonadan ilgarilab ketsam der.
Uy qurishni o‘ylab, o‘yga tolamiz –
Hali uy yo‘q, ko‘chib kirib olamiz.
Kashf etilmay turib hali kashfiyot,
O‘ziniki qilar uni qay bir zot.
Kunlar, tunlar tumanida bo‘g‘ilgan
Bu qirg‘oqda ko‘p horg‘inlar yig‘ilgan,
Uzoqlarda, silkigancha qo‘lchasin,
Zamon kelar… yig‘moq uchun o‘ljasin.
* * *
Yo‘q, behuda kechmadi visol,
Yonib turgan ikki o‘t misol
Qovushdik biz, ey sohibjamol.
Behudamas, uchrashsak har gal,
Sham porlarkan, o‘tday to‘lg‘onib,
Qo‘llarimiz chirmashdi yonib.
Sevishmoq bu eski bir odat,
Olqishladik ishq o‘tin goh payt,
Goho unga yog‘dirdik la’nat.
QO‘ShIQ
“Omin!” der ona yer. Qayg‘uga tolar –
Inson tobutini bag‘riga olar.
“Omin!” deb shivirlar. Bir qisqa kalom.
Bu balki vidodir, bu balki salom.
Tuproq yig‘lamaydir, solmaydir uvvos,
Inson ham sukutda, janozaga mos…
Shundayin taqdirdosh Inson bilan Yer,
Qolgani sir… Uni inson bilmaydir.
Rus tilidan Tohir Qahhor tarjimasi