Jahon
October 4, 2020

Mahmud G‘aznaviy (967-1030)

Mahmud G‘aznaviy, Abulqosim Mahmud ibn Sabuqtegin (967— G‘azna, 1030) — davlat arbobi va harbiy sarkarda, G‘aznaviylar davlati hukmdori (998—1030). Sabuqteginning o‘g‘li. G‘aznaviylar davlatining Nishopurdagi noibi (994—997). Otasi vafotidan so‘ng taxtni egallagan (998 y.dan).
Mahmud G‘aznaviy qoraxoniylar bilan o‘z mavqeini mustahkamlab, asosiy e’tiborni Shimoliy Hindistonni oxirigacha zabt etishga qaratgan. U Panjob va Kashmir viloyatlariga 17 marta harbiy yurishlar uyushtirgan (1002—28). Mahalliy aholini islom diniga kiritgan. Uning harbiy safarlarida Beruniy hamkorlik qilgan. Beruniyning mashhur «Hindiston» (1030—31) asari ushbu safarlar natijasida vujudga kelgan.
Mahmud G‘aznaviy arab va pahlaviy (fors) tillarini puxta bilgan, turkiy tilda she’rlar bitgan. O‘z davlatining poytaxti G‘aznada nodir kitoblardan katta kutubxona to‘plagan. Bu davrda islom madaniyati rivojlanishi va islom dini tarqalishiga katta hissa qo‘shgan. Xususan, o‘z saroyida 400 dan ortiq olimlar, shoirlar va san’atkorlar (Beruniy, Unsuriy va b.)ni to‘plab, ularga homiylik qilgan.

“MAHMUDNOMA”

1

G‘am dog‘idin dilki ozod o‘ldi ko‘rgach lolani,
Sharmisordir ohu ko‘rgach sen go‘zalning holini.

La’li labingdin chamanda lola nechog‘ iymanib,
Takror olmas bo‘ldi ilgiga bo‘lak paymonani.

Garchi yuz ming shohidi gulning bor, ogah bo‘lmadi,
Dard yuzidan garchi bulbul artdi ohu nolani.

Chiqdi tashga gardidin anjomin anbarin hidi,
Gardini kas ko‘rmadi Oy girdida bu holani.

Kimsa vaslingdin osonlik birla bahra topmadi,
Mushkul oldi qo‘lga qudrat birla kim navolani.

Bulbuli oshiqki, guldan ittifoqo angladi,
O‘qimagan u kabi hech kimsa bul risolani.

Tokay aylaydi dilin Mahmudni ozurda Ayoz,
Qilmasa mutolaa to gar ushbu qabolani.

2

Oy yuzidin oxiri oldi niqob,
Husn da’vosin qilmasin deb oftob.

Sen uzotib muncha gulgun bodani,
Jonu dilga muncha bergaysan azob.

Boshima kel, maqdaming o‘pgay bahr,
Tashnalik, ochlik berar yuz iztirob.

Ko‘zlarimning senga boqmog‘i mahol —
Bo‘ldi hijron tuni qirg‘oq — joyi xob.

Yodima bazming sening keltirgusi
Har nafas nay — nolani, g‘amni — rubob.

Bo‘lmadi qadding barobar sarv bilan,
Bo‘ldi qoshingda xijolatdan gul — ob.

Chiqdi Mahmud dilidan, Ayoz sabab,
Sabru qaror, aqlu yegiligu xob!

3

Sunar soqiy lim piyola gohi o‘ng, goh chapgakim,
Tutgani sharobni ol-a, gohi o‘ng, goh chapgakim.

Boda bois maslahatgo‘y pand etar, lek foyda yo‘q,
Aylagay soqiy havola gohi o‘ng, goh chapgakim.

Qoshida gar yaxshilar lofi gul ochgay, bod sochar,
Xijil undan bu risola gohi o‘ng, goh chapgakim.

O‘ngu chapda necha pokbozlarki, ishqingda turar,
Yuzin ochar misli lola gohi o‘ng, goh chapgakim.

Shu’lai husning erur bizga umidning paykali,
Lekin hajring misli jola gohi o‘ng, goh chapgakim.

Nomai chehrangga dayr piri oshiqdur jon debon,
Tortadi saf xuddi hola, gohi o‘ng, goh chapgakim.

Tobakay Mahmudga tutgay mayini ul pokdoman,
Mushk sochar soqiy — qulol-a, gohi o‘ng, goh chapgakim.

4

Yuzing shu’lasi sham’i anjumandir,
Chiroying gullari ziynati — sha’ndir.

Sen ikkinchi Yusufisan bugunning,
Shu bois oshig‘ing har mardu zandir.

Chiroying ko‘rdi har kim, dedi zavq-la:
Bu — Olloh-Olloh, ne xil siymtandir?!

Seniki bag‘riga kim qisdi qattiq —
Murodi hosil-u, dili chamandir.

Yuzingni xatti sabzing yangi etdi,
Ki bandasi binafsha-yu, sumandir.

Ayoz zulfin tolasi ersa, Mahmud,
Oyog‘ing band etar ajab rasandir.

5

Bo‘lmading va’dangda sobit sen o‘zing, yor, alg‘iyos,
G‘ussadin shu bo‘ldi jonim ham dilim zor, alg‘iyos.

Asli sut-ku jonim erur, menga mehnatu firoq,
O‘rtasida sut bilan sigirni paykor, alg‘iyos.

Sen bilan men — o‘rtamizda bo‘ldi-da paydo raqib,
U qayerdan ham yetishdi qayta-takror, alg‘iyos?

Gar uning mug‘ona mayi bo‘lsa chandon naqdi jon,
Qo‘lidan bo‘ldi yana u mastu xummor, alg‘iyos.

Qayd etilgan ul ta’rifi husning hamohangligin —
Bir tatib ko‘rgan davr mardumi bemor, alg‘iyos.

Soqiy etsa gar piyolasini hamki baxsh tamom,
O‘ylamay quygum butun dardimniki bor, alg‘iyos.

Ne murod oldi Ayozning yetti laxtak tanidin,
G‘ussaga bo‘ldi oxir Mahmud giriftor, alg‘iyos!

6

Ko‘rib husningni minglab sohibi toj.
Bo‘lishdi bir ko‘rish-chun dog‘i muhtoj.

Pishirdi g‘isht kabi bizlarni hajring,
O‘yin oldida qo‘yilgan kabi oj.

Visol jomiga topdikim oshiq joy,
U birla qildi go‘yo charxda Me’roj.

Ojiz tiyra jahoning men tufayli,
Sofligi ham topdi men bois rivoj.

Zulfing Chin mushki qildi jigarim xun,
Misr qandidin oldi shakkaring boj.

Orazing oftobidin sening judo
Kunduzim qaro-yu, tun mendan ixroj.

O‘z jamolin Ayoz undan yashirdi,
Ko‘rish oyi erur Mahmudni, ey koj.

7

Senda, ey moh, ko‘rmadim men dahon hech,
Ko‘rmadim may vasfin etgan zabon hech.

Ne dey vasfiga sochlar qurshagan chog‘,
Aql ogah mahal yo‘qdir miyon hech.

Nechun, yo Rabki, qilmas mehribonlig‘,
Oshiqqa Mohi ul nomehribon hech.

U Oyning yuzi qandoq gul bo‘larkin,
Ki bu guldan bo‘larmi bo‘ston hech?

Jonon husniga shuncha moyil o‘ldim,
Bo‘lakni fikridin bilmas zabon hech.

Bilarsan ushbudin dilbar nechog‘lik,
Nishona sharhidin o‘zga bu on – hech.

Chaman-ku bo‘ldi gul-gul, ammo Mahmud,
Sening-chun aytmadi dili azon hech.

8

Bo‘ldi makruh beyori gul uzor qadah,
La’ling bodasiga fido hazor qadah.

Habib o‘lsin qadahimni olgan soqiy,
Davrada charx ursin ravon ming bor qadah.

Hasaddan dil xuni baxilni jo‘sh ursin,
Qo‘limga to‘ldirib uzat, nigor, qadah.

La’li mayi soqiy labisiz halolmas,
Yorsiz bo‘lar harom bir zahri mor — qadah.

Yodga kelar Jamshid jomi hikoyati,
Xalqda topdi shundan-ku e’tibor qadah.

Shavq yo‘lida boda quyar raqiblar bor,
Naqdi jon bo‘lmasa tutmas zinhor qadah.

Tavba-taqvo so‘zin so‘rma Mahmuddan hech,
Ayoz berar unga may-la duchor qadah.

9

Holingdan olmadi xabar hamon sho‘x,
Undan o‘zga ko‘rmadim dilston sho‘x.

Ne harir ko‘ylak kiyibdur aqliga,
Kim ko‘ribdur ul qadarlig‘ juvon, sho‘x?

Ko‘zlari har go‘shada qildi xarob,
Bo‘lmas unday dil siyoh hech qachon sho‘x.

Xudo qildi uni xublikda sobit,
Ko‘rmadi undayni, biron jahon sho‘x.

Xudoga qancha xush ish qildi sho‘xlar,
Bo‘larmi muncha inson jovidon, sho‘x?

Muroding sho‘xligidin aqlim hayron,
Oshiqqa oshkordir ul nihon sho‘x.

Uning ishqi xarobi o‘ldi Mahmud,
Ayozidir uning nomehribon sho‘x.

10

Dilimki, senga, gul uzor, gapirgay,
Sening vasfingni yuz ming bor gapirgay.

Sening anbarli xoling donasini
Xaloyiq deb mushki totor, gapirgay.

Zabon bordirki har qaysi og‘izda,
Yor ruxsori vasfin takror gapirgay.

Ey dilbar, mast ko‘zingni ko‘rdi-yu xalq,
Bo‘ldi, deb, bizga tark shikor, gapirgay.

Oshiqdir yorga dard dorisi, deya,
Ya’ni bodayi quruqvor, gapirgay.

Mabodo durrin ashkimni ko‘rar yor,
Uniki gavhari suvdor, gapirgay.

Sening dardingki, ey Mahmud, Ayozning
Ko‘zidin har nafas — ashkbor, gapirgay.

11

Labing zikri ila bordir zabon laziz,
Shakar ta’mi tufayli bu dahon laziz.

Zokirki sen bilan men bu — jahon o‘zga,
Shundan zikrim yuzidur dilston laziz.

Chekar-da sening, uning minnatini jon,
Shirin lab minnati erur har on laziz.

Solar chehrang-u mehring iztiroblarga,
Shundan mehring, ey Oy, nomehribon, laziz.

Emas xush izzatu g‘aming shodlikdan gar,
Zahar olmoq qo‘lingdan komi jon, laziz.

Labing oldida qand vasfi erur nursiz,
Qand labi ta’mi murod har jonon laziz.

Mahmudga ozurda Ayoz fe’lidir shavq —
Kelib olmoqqa go‘yo bo‘ston laziz.

12

Yuzingdin oladi bor shavqni gulzor,
Yuzing oldida gashti bo‘ldi guldor.

Eshiging osha, ey, rozi dilimni
Kishi oldida qanday aylay izhor?

Ochmadi darcha bir habib visoli,
Zinhor, yomon davrdan beri zinhor!

Kunimdan to tunim hajrim otashi, —
Va qino rabbano azobannor.

Sening g‘amingda rangim za’farondir,
Oqizgay ashk gulin ko‘zlarda gulnor.

O‘zi guldan-da nozukroq yuzingni
Go‘yo gulday ruhing ayladi yo‘lzor.

Ayozning to‘g‘ri o‘qi, seni, Mahmud,
Dilingda chandig‘ini qildi-ku bor!

Forsiydan Jonibek Subhon tarjimalari

"Yosh kitobxon" kitoblari