Jahon
October 3, 2020

Aziziy (1962)

Taniqli uyg‘ur shoiri, adibi va tarjimon Aziziy 1962 yili Xo‘tan viloyati, Chiryo tumanining Mozorko‘l kentida tavallud topgan. 1985 yili Shinjong universitetining adabiyot kulliyotini tamomlagan. Uning ijodiy ishlari o‘rta maktab o‘quvchiligi davridayoq boshlangan. Hozirgacha mingdan ziyod nazmlari, 50 dan ortiq badialari, 20 dan ziyod maqolalari, 200 ga yaqin tarjima asarlari kitobxonlar qo‘liga yetib borgan.
Ba’zi asarlari xitoy va o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Bir necha bor Xitoy va Shinjong mukofotlariga sazovor bo‘lgan. “Oshiq rivoyati”, “Alangali tilaklar”, “Farididdin Attor” “Donolar durdonalaridan” kabi o‘ndan ziyod kitoblari nashr qilingan va kitobxonlarning samimiy olqishlariga muyassar bo‘lgan.

SO‘ZLARNI SO‘ZLATDING SO‘ZLARGA

Mahmud Qoshg‘ariy xotirasiga

So‘zlarni so‘zlatding so‘zlarga,
So‘zlarga rang berding beqiyos.
So‘zlarning parvozi falakda,
So‘zlarda olamcha ehtiros.

So‘zlarni so‘zlatding so‘zlarga,
So‘zlarni uyg‘otding so‘zlardan.
So‘zlarning pardasi yirtildi,
So‘zlarni unutgan ko‘zlardan.

ShU KUNI

Mashrabga marsiya

Shu kuni dengizlar toshdi qirg‘oqdan,
Bo‘ron yaltiradi suvda shu kuni.
Zamin ham larzaga keldi yaproqdek,
Osmon kuydi va cho‘kdi arshga
Muz bosgan tog‘larning alamli uni.
Shu kuni azobli nurlandi jannat,
Shu kuni qon bilan yuvindi do‘zax.
Bir lahza muzladi quyosh shu kuni,
Shu kuni cho‘zildi asrdan uzoq.

Shu kuni qor yog‘di gullarga qizil,
Shu kuni yoridi qoriqlar qora.
Yulduzlar ayladi shu kuni faryod,
Ming yillik daraxtning yuragi yaro.

Shu kuni hidoyat biyobonlari,
O‘lqinli samoga tushdi to‘lg‘anib,
Shu kuni toshlarning tilovatlari,
Munojot avjiga ketdi qo‘shilib.
Shu kuni bir bo‘voq tug‘ildi o‘tdan,
Bir bo‘voq o‘t aro qaytdi o‘ziga.

Shu kuni ko‘zlardan yirtildi hijob,
Shu kuni aksini yo‘qotdi ko‘zlar,
Shu kuni alvonga ochib bag‘rini,
Muqaddas ma’nodan ayrildi so‘zlar.

Barxanlar sel bo‘lib oqdi shu kuni,
Buloqlar tagidan o‘xchidi nido.
Shu kuni arshga tutashdi fig‘on,
Shu kuni oy tunga qildi iqtido.
Shu kuni shamolning ko‘ksi yorildi,
Porladi qiyomat degan bir sado.

* * *

Dunyo go‘yo bir piyola g‘am,
Uni ichib yashaymiz hamma.
Ichib-ichib qonganlar ketar,
Ketmaganlar to‘ldirar yana.

HIJRON

Derazalar qaraydi g‘amgin,
Tanholigim yo‘qoldi qayon?
Mudramoqda sarxush qadahlar,
Tashnaligi tomlardan ayon.

Kapalakning tushidek go‘yo,
Kech bo‘lmaydi nechun bu zamon?
Ichilmagan sharobdek turib,
Tanholigim bo‘lyapti xazon.

HAYoT NIMA?

Hayot nima ­
Notavon kurtakmi u ko‘kka intilgan?
Va yoki arshning sho‘rli tomchisi
Erga to‘kilgan.

Hayot nima ­
Hammaga baxshandi farog‘atmi u?
Va yoki quyoshning o‘chgan shu’lasi ­
Chanqagan dillarga sepilgan qayg‘u?

Hayot nima ­
Sabr kosasi?
Shirin azob bilan liq to‘lgan.
Biz yashaymiz unga qonmasdan,
Qonganlarning hammasi yolg‘on.

TANHOLIK ShAJARASI

Tanhoman
Payqalmagan oroldek.
Shunday bitmish
Qismatimni bu falak.
Oqshomlari she’r yozaman,
Misralarda sirpanar yurak,
Omadim yo‘q uning ustiga ­
Azobdek yirtilgan qog‘ozdan bo‘lak.

TUShIMDAGI AYoL

Shunday sirli uchratdim seni,
Uchratgandek ajib bir gulni…

Ko‘zlaringda sarxush talpinish,
So‘zlaringda mungli hayajon.
Shundan beri shirin bir azob.
Vujudimni ayladi makon.

Yo‘liqqandek bo‘ldim xizrga,
Ibodatga aylandi firoq.
Diydoringdan umid uzmadim,
Sig‘inishda kutsam ham uzoq.

Shaydolig‘im ortgancha senga,
Ketding shuncha mendan yiroqlab.
Chaqirsam ham unim yetmadi,
Oramizni judolik qoplab.

Shunday sirli yo‘qotdim seni,
Yo‘qotgandek ajib bir gulni…

Uyg‘ur tilidan Hurmatjon Fikrat tarjimasi.

"Yosh kitobxon" kitoblari