Sayyidiy (1775-1836)
Saidnazar Habibxo‘ja o‘g‘li (Seýitnazar Seýdi) 1775 yilda Turkmanistonning Lebob viloyati Qorabekavul tumanida tavallud topgan. Dastlab Xivadagi Sherg‘ozi madrasasida, keyin Buxoro madrasalaridan birida ta’lim olgan. Yoshligidan badiiy ijodga qiziqqan, she’riyatda Maxtumquli yo‘lidan boradi. U turkman sarkardalaridan bo‘lib, butun umrini she’riyat bilan birga xalqini istibdoddan qutqarish ishiga baxshida qilgan vatanparvar shoir.
XADIChA
Yayrab kelmagingga qo‘ymaydi raqib,
Go‘zallar ichida sulton Xadicha.
Ro‘ymol ostidagi gul ko‘zgu meni-
Aylar sen tomonga ravon, Xadicha.
Pinhon dardim oshkor aylasam, hali,
Bilganlar «oshiq» der, bilmagan «dali».
Ko‘targin yuzingdan gullik ro‘molni,
Bo‘lsin biz g‘aribga «nishon» Xadicha.
Dardim ko‘pdir, tabibim yo‘q, aytayin,
Yurakda g‘am, ichlarimga yutayin,
Hijron o‘qi kelar, qayga qochayin,
Bag‘rimga sanchilar paykon, Xadicha.
Falak menga ming dard ulashtiribdir,
Bosib, g‘am loyina bulashtiribdir,
Olib aqlim, naylay, adashtiribdir,
Manga dushman bo‘ldi zamon, Xadicha.
Seningdek nozanin jahona kelmas,
Ko‘rsam ko‘zim to‘ymas, ko‘nglim ayrilmas,
Ko‘rk – chiroyda sening bilan teng bo‘lmas,
Sakson qiz, sakson ming juvon, Xadicha.
Bu qanday sirdirki, bilobilmadim,
O‘lay dedim, ammo o‘lobilmadim,
Afsus, jafo chekdim, olabilmadim,
Yurakda ko‘p qoldi armon, Xadicha.
Turkmanchadan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi