Bekir Sidqi Erdo‘g‘on (1926-2014)
Bekir Sidqi Erdo‘g‘on (Bekir Sıtkı Erdoğan) 1926 yili Turkiyaning Qahramon viloyatida tug‘ilgan. Avval harbiy maktabda, keyin Anqara universiteti Til va tarix fakultetining adabiyot bo‘limini bitirgan. Turli harbiy maktablarda o‘qituvchilik qildi. “Bir yomg‘ir boshlandi” (1949), “Do‘stlar davrasida” (1965) kabi ko‘plab she’riy kitoblari chop etilgan.
MING BIRINChI KEChA
Kelishim g‘urbatdan charchadim juda,
Shu yerga joy solib ber asta-asta…
Bezovta qilmasin zulmat uyquda,
Oppoq pardalarni sur asta-asta.
Bir amallab chipta oldim kishadan*,
Yo‘lchilik boshlandi Haydarposhadan.
Mezbon, qo‘lingdagi o‘sha shishadan
Tag‘in biror qultum ber asta-asta.
Men o‘sha tun bo‘yi yig‘ladim, ichdim,
Ikki kun diyordan diyorga uchdim.
Qaysari yo‘lidan Nigdega kechdim,
Olisdan ko‘rindi Bo‘r asta-asta.
G‘aribman, hammayoq menga begona,
Dardim ko‘p, qadahni to‘ldirgil yana.
Bag‘rimni tirnaydi dard hafifona,
Dunyo ko‘zga bo‘lar tor asta-asta.
Menda bir rasmi bor, yarmisi yirtiq,
O‘n yildir uyimning eshigi o‘rtuk*.
G‘arib, yana sarxush bo‘ldimi, ortiq* —
Dilda bor sirini der asta-asta.
Mana, mezbon! O‘zim shunday betayin.
Endi na sen so‘ra, na men aytayin.
Bo‘sh qadahni ko‘tar debon netayin,
Hisob-kitobimni ko‘r asta-asta.
______________
* Kisha — g‘azna darchasi (kassa).
* O‘rtuk — yopiq, berk.
* Ortiq — endi.
BORGAYMAN
Qora ko‘zlim, g‘amni unut, kul endi,
Hudhud navo etar-etmas borgayman.
Maktubingda debsan: “Tezroq kel endi”,
Sutlar qaymoq tutar-tutmas borgayman.
Oh uraman rasmingga har boqqanda,
Mahzunlik bor yor bo‘ynini bukkanda,
Amin bo‘lkim, har sigara chekkanda,
Yo‘lni tuman tutar-tutmas borgayman.
Tog‘lar uzra qarorgohlar qurilgay,
Atrofida bo‘luk-bo‘luk* turilgay,
O‘n daqiqa istirohat berilgay,
Miltiqdan o‘q otar-otmas borgayman.
Tog‘u toshlar hasratlikning dardida,
Sabru bardosh yetmas ko‘ngil yurtida,
Oqshom cho‘kar tepalarning ortida,
Hali oftob botar-botmas borgayman.
O‘rtamizda tog‘lar bordir ko‘kkacha,
Xafa bo‘lma, ko‘nglim balanddir ancha,
Bir kun emas, besh kun emas, har kecha,
To‘shagimga yotar-yotmas borgayman.
Bahor keldi qo‘y-qo‘zilar ma’rashdi,
Ikki oshiq to‘rt yildir yo‘l qarashdi.
Qora ko‘zlim, demak, to‘y yaqinlashdi,
Vatan burchi bitar-bitmas borgayman.
____________
* Bo‘luk — harbiy bo‘linma.
IKKI BEGONA
Evoh, inson o‘zi tug‘ilgan yurtga
Begona bo‘lishi muncha g‘alati.
Bunaqada shomdan to tongga qadar
Ichimda dahshatli tanglik barqaror.
Nafas ololmayin qiynalar vujud,
Gumbazlar ko‘ksimga tor keladi, tor!
Men sevgan lolalar so‘lib qolibdi!
Garmseldan qurib ketibdi bog‘lar…
Quribdi chinnigul,
Quribdi sunbul,
Sayrbog‘ning eski zavqi qolmabdi;
Haftada bir bora kelar bolalar…
Etgi kunim yetti uzun yil bo‘ldi;
Etti yilda bir kez keladi bahor!
Bu yo‘llarni ular uchun kutaman.
Bilsangiz ularni qancha sog‘indim…
Qiz — yig‘loqi behi,
Yigit — sho‘x anor.
Tashvishlar shodlikka aylansa hamki,
Birining kiprigi hamisha namda,
Birining ko‘z yoshi ichimga oqar…
Artilmas izlari o‘sha sel, namning.
Hali kulishlari g‘amgin, huzunli
Hali nafaslari bag‘rimni yoqar!
Qara, chalinmoqda ayriliq zangi,
Elday uchayotir tez daqiqalar.
Or keladi menga bu ayriliq, or!
Yana ichim olov
Yana tashim qor…
O‘grilib qarayman,
Sen u yerda yo‘q,
U yerda boshqasi,
Boshqa birov bor!
XOTIRALAR DIYoRI
Bu shahar ilk hasratim, sog‘inchlarim shahridir,
Sirdir xotiralarda, sir hamon bolaligim!
Go‘yo boshqa bir izdan, boshqa tomonga yurdi,
Mo‘ralar hali-hanuz ko‘p hayron bolaligim…
Nima yo‘qotgan bo‘lsa shunday yo‘qotdi sarsam*
Sirga xiyonat bo‘lar bundan ziyod gapirsam!
Qaysi go‘sha tomondan oldiga chiqaversam,
Yig‘laganday mo‘ltirar dil vayron bolaligim.
Qiyin bu tushdan qochish chuqurroq sho‘ng‘imasam,
Eski bayram o‘rnini bosmas o‘yin-kulgu ham,
Hasratimdan borguncha meni o‘rab olar g‘am,
Har bir narsaga dilgir har qachon bolaligim.
Bu olis bir diyorning, ey yaqin odamlari,
Qani o‘rang tegramni, go‘yo halqa chambari.
Bolajonlar shu yurtga ko‘z tikib turar bari,
O‘sha sof boqishlarda bor giryon bolaligim.
Yuzim kulmoqda, demak, men shodonu baxtiyor,
Hasratli dilda yurtga mehrim mangu barqaror,
Shu onda o‘tmishdan na bir shikoyatim bor,
Na-da kelajagidan bir nolon bolaligim.
Mayli, ustimga bir-bir yopilsin zich qopqalar,
Mahkumday meni o‘rab olsin, mayli, to‘rt devor,
Qalbda xotiralarga shay turgan qanotim bor,
Boqar derazalardan har zamon bolaligim.
____________
* Sarsam — tentak.
QUSh MAVSUMI
Yomg‘irlar deyishdi,
Menga nima qilardi yomg‘ir, birodar?
Axir u ruh, menga umr, menga yor!
Yomg‘ir deyishdi,
Holbuki cho‘zilmas yomg‘ir,
Cho‘zilmas unutilgan qo‘shiqlar qadar.
Shamol deyishdi,
Menga nima qilardi shamol, birodar?
Mening ishqim, mening sultonim shamol!
Menga jon u, menga yor.
Shamol deyishdi,
U bo‘lsa ko‘ngillarni erkalovchi,
Shirin bir nafasdir,
Oshiq dillarga shamol.
Yomg‘ir, shamol bari mening qayg‘ularim.
Sen esa uch, malagim,
Kutma, qanot qoq!
Qush mavsumi derlar buni,
Kech qolmagin, uch tezroq.
So‘ldimi bas, gul ochilmas qaytadan.
Bir ketdimi, qaytib kelmaydi bahor…
Sen uchaver, menga qarama,
Vaqt juda ziq, kutmagil zinhor!
Men-chi, hasrat to‘la ko‘zlarim bilan,
Uchib ketayotgan qushlarga qarab
Qolmoqdaman qalbi yarador!..
Turkchadan Fayzi Shohismoil tarjimalari