Ahmad Nodim (1681-1730)
“Lola davri” adabiyotining eng yirik vakili Ahmad Nodim (Ahmet Nedîm) Istambulda, zodagon oilada tug‘ildi. Uning ona tomondan bobosi Husomiddin Qarochalabiy bo‘lib, o‘z davrida sultonning yaqinlaridan bo‘lgan. Otasi Mehmed Nodim Afandi qozi bo‘lib, yaxshigina ta’bi nazmi ham bor edi. Onasi Soliha Xonim ham o‘qimishli ayollardan bo‘lgan. Davlatmand xonadonda tug‘ilib, tarbiyalangan Nodim juda yaxshi bilim oladi. Zamonidagi atoqli ustozlardan ta’lim olib, madrasani tugatadi. Ebezade Abdulloh Afandi boshliq nufuzli hay’atga imtihon topshirib o‘zi ham mudarris bo‘ladi. She’rlari bilan ancha tanilib qolgan Ahmad Nodim ulug‘ vazir Ali Posho va Ibrohim Posholarga qasidalar yozib, yanada e’tibor topadi. 1720 yil vazir kutubxonasining mudiri etib tayinlanadi. Ayni paytda Nodim tarixiy asarlarni tarjima qilib ham ilm ahli o‘rtasida obro‘ qozonadi. Ahmad Nodim Ibrohim Posho uyushtirgan mushoiralarda, turli davlatlardan kelgan elchilarni qabul qilish marosimi va ziyofatlarda qatnashar, o‘zining “shirin kalomi” bilan tanilgandi. Sadra’zam Ibrohim Posho shoirni Sulton Ahmadga tanishtiradi. Bundan so‘ng Nodimning tole yulduzi yanada porlaydi. U Istambuldagi mashhur madrasalarda, 1727 yilda Mulla Kirimiy, Eski Nishonboshi, 1729 yilda Saxpi Setap, 1730 yilda Sekban Ali madrasalariga bosh mudarris qilib tayinlanadi. Bir umr zodagonlar davrasida, farovon hayot kechirgan Ahmad Nodimning umri fojeali tugaydi. 1730 yil admiral Halil boshchiligida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonchilar Sulton Ahmadni taxtdan ag‘daradilar. Shohga yaqin bo‘lgan amaldorlarning ham uylariga o‘t qo‘yadilar. Nodim qo‘zg‘olonchilardan qochaman deb, tomdan yiqilib o‘ladi. Ramiz “Tazkira”sida yozishicha shoir vahima kasalidan vafot qilgan. Uning jasadi Uskudarga, onasi dafn qilingan qabristonga qo‘yiladi. Tarixiy manbalardan Nodim Ibrohim Chalabiyning qizi Ummigulsum Xonimga uylangani va ularning bir qizlari bo‘lib, Istambulning Beshiktosh dahasida yashaganliklari ma’lum.
Ahmad Nodim so‘zga chechan “toza dilli” shoir sifatida mashhur bo‘lgan. U Ibrohim Poshoning yaqin kishisi sifatida o‘sha davr ijtimoiy hayotida ham, adabiy hayotida ham faol ishtirok etgan. Davrning qaynoq voqealari ichida bo‘lgan. Adabiy muhitdagina emas, ilmiy muhitda ham o‘z so‘ziga ega bo‘lgan.
1726 yilda tashkil qilingan tarixiy asarlarni tarjima qilish guruhida Nodim ham bor edi. Arab tilidan munajjim boshi Darvesh Alining tarixiy kitobining 3 jildini turk tiliga o‘girgan. Ahmad Nodimning asosiy adabiy merosi “Devon”dir. Bu devon shu kunga qadar Istambulda 5 marta nashr qilingan. “Devon”ning eng so‘nggi nashrida 39 qasida, 159 g‘azal, 2 mustahzod, 1 muhammas, 3 taxmis, 1 musaddas, 28 sharqiy, 1 turku, 1 tarkiband, 10 ruboiy, ko‘pchiligi tarix aytish bo‘lgan 82 qit’a, 1 tasdis, 2 tashmir, 3 ta masnaviy bor.
Devondagi qasidalarda Istambulning hayot tarzi, “lola davri”dagi ko‘ngilxushliklar, sultonlar, vazirlar madhi o‘z aksini topgan. Uning g‘azal va sharqiylarida ham davrning ruhi, ya’ni zavq-shavqqa to‘liqlik, ishq va yor vasli, sharob lazzati badiiy mahorat bilan yozilgan misralarda ifodalangan. Ahmad Nodim she’rlari nash’ali va jo‘shqin bo‘lib, undagi yor va oshiq obrazlari, o‘rta asr tasavvuf she’riyatidagi muqobil obrazlardan ancha farq qiladi. Ayniqsa sharqiylarida davrning go‘zallari va go‘zalliklari yuqori pardalarda madh etiladi. Ahmad Nodim ijodining o‘ziga xosliklarini quyidagicha tasniflash mumkin:
1. Nodim she’rlarida zavq va jo‘shqinlik bor. Hayotni ko‘p–roq go‘zal tomonidan ko‘radi. Sog‘inch, g‘am-anduh, kudurat she’rlarida yo‘q hisob. Otashin tuyg‘ularni ko‘proq qalamga olgan.
2. Nodim she’rlarida yashagan davrini aks ettirdi. Uning she’rlarida butun borlig‘i bilan Istambul ifodalangan. U she’riyatda birinchilardan bo‘lib Istambulni eng ko‘p tasvir-lagan. Shoir shaharning ko‘pgina dahalari va bu dahalardagi Sadobod, Xurramobod, Sharafobod, Xusravobod, Fayzobod kabi qasrlarni, Tavonli, Nafpaydo, Jisri surur nomli ko‘priklarni, ko‘plab chashmalar, hovuzlar, hammomlarni Istambulning tarkibiy qismi sifatida tasvirlaydi.
3. Avvalgi asrlarda boshlangan mahalliylashtirish haraka-tini she’riyatda qo‘llab-quvvatladi. Asarlarida xalq maqol-lari, iboralarini, umuman xalq tilida ko‘proq ishlatiladigan kalimalarni qo‘lladi. Nodim tili nozik, nafis va musiqiy Istambul shevasi tili edi.
4.Nodim she’riyatidagi o‘ziga xos shakl, ohang, zavqqa to‘liq misralar, ko‘plab shoirlarni uning ijodiga ergashtirdi. Nabiy va Nodim XVIII asrdagi eng mashhur shoirlardan bo‘lib qoldi.
Nodim yashagan “lola davri” ruhi uning shaxsiyatiga hamda ijodiga ham ta’sir qilgan, albatta. Bu davrda usmonlilar avvalgi shuhratini tiklay olmasalar ham, uni saqlab qolishga urinardilar. Sulton boshliq saroy a’yonlarining ko‘ngilxush-likka berilishi, o‘sha davrda zodagonlar, ziyolilarning ma’lum ma’noda fojeasi edi. O‘tgan zamonlarni sog‘inish iztirob-larini ular she’rdan, sharobdan, ishqdan, kayfu safodan ko‘ngil xushlab unutishni istardilar. Ahmad Nodim ham muhitdan ayri tusholmasdi. Nodim she’rlari serzavq bo‘lsada, shoirni yashirin bir iztirob qiynayotgani uning ayrim misralarida ko‘rinib qoladi.
“Bu jahon bahorini bir dam bil, lolazorni o‘yin sog‘ariga tut” mazmunidagi satrlar bunga misoldir. Ammo, ko‘proq shoir yashagan kunlik hayot tarzi uning asarlariga ham ko‘chgandi. Mumtoz adabiyotda ko‘p uchraydigan chehra, ko‘z, qomat, soch unsurlari Nodim misralarida o‘zgacha rang, ohang kashf etadi: “O sirma sochlara birdan sarildi sevdalar”, “Sirma kakul, sim gardon, zulfi tel-tel, inje bel”. Bu satrlarda doimo qora sifati ko‘proq berilgan, yor sochi sirma-oltinrang soch tarzida ifodalanmoqda. Shoir sharqilarida yor bilan kechgan visol onlarining nihoyatda nafis ifodasini ko‘p uchratamiz:
Sayr o‘lub raqbi, yana dilbari mumtozlarin,
Yana afoqa chiqar nolalari sozlarin,
Jona otash beradur shu’lasi ovozlarin,
Mujdalar gulshani kim vaqti charog‘on keldi.
Nodim yor ta’rifini berishda ham, original o‘xshatishlardan foydalanadi, tesha tegmagan qiyoslarni qo‘llaydi:
Bo‘ydan xush, rangdan pokizadir nozik taning,
Beslemish (oziqlanmish) qo‘yningda go‘yo-kim guli ra’no seni.
Davrining eng mashhur shoirlaridan bo‘lgan Nodim ijodi haqida turk adabiyotshunoslari ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlari yaratganlar. A.R. Oltinoyning “Lola davri” (1931) kitobi, F. Ko‘prulining “Nodim” (1934), N. Yesirgilning “Nodim” 1953, S. Banarlining “Rasmli turk adabiyoti” (2 tom 1983) kitoblari shular jumlasidandir.
NODIM ShE’RLARIDAN
Sevgilim, jamoling bir bor ko‘rolmam,
Chiqmasin xayoling dili shaydodan.
Xoki poyingga-da yuz-ko‘z surolmam,
Olayin payoming bodi sabodan.
Moviy ko‘z berahm etdi nigohing,
Oshiqlarning ko‘kka chiqardi ohin.
So‘rdim gardaningdan, zulfi siyohing,
Bir xabar bermadi oqdan-qarodan.
Sevgilim, bandangga gar tushsa xizmat,
Eshitging va qullik – jonimga rohat.
Ko‘rsam edi senda bo‘yi muhabbat,
Istaganim shudir sen bevafodan.
Nodimo, husningga bo‘lmishdir oshiq,
Shundayin bir ishqki qavlida sodiq.
Karamga na qabar bo‘lmasa loyiq,
Or etmas, Afandim, shohlar gadodan.
* * *
Masti nozim, kim o‘stirdi buncha beparvo seni,
Kim yetishtirdi ajab, sarvdan bolo seni.
Mushkdan xush, rangdan pokizadir nozik taning,
Parvarish qilmishdir go‘yo, kim guli ra’no seni.
Guli zebo kiyding, ammo qo‘rqaram ozor berar.
Nozaninim, soyai xori guli zebo seni.
Bir qo‘lingda gul, bir qo‘lda jom kelding, soqiyo,
Qay birin olsam: gulni yohud ul jomni yo seni?
Go‘yo sendin bo‘lmish paydo favvorai obi hayot,
Shundoq ko‘rsatdi manga ul qaddi mustasno seni.
Sof ekan ayinai andomdin dilim, vo darig‘,
Olmadim bir bora ham og‘ushga sar to po seni.
So‘rsam magar: “Buncha kim qildi Nodimni notavon?”
Ko‘rsatur angusht* ila majlisdagi mino**, seni.
_________
* Angusht – barmoq.
** Mino – jom, billur.
* * *
Ul pariro‘y oshuqa rom bo‘lsa ham mone emas,
Kunduzing bo‘lmasa, oqshom bo‘lsa ham mone emas.
Kangul pok bo‘lsin hamon, raybu* riyodin zohido,
Qo‘lda tasbehga badal jom bo‘lsa ham mone emas.
Dilraboning xuni garm** bo‘lsin hamon, atvori narm***,
Mubtaloyi jomi gulfom bo‘lsa ham mone emas.
Sen to‘la jomni ko‘tar uch martaga, so‘ngra sening
Vuslating muhtoji ibrom**** bo‘lsa ham mone emas.
Mushtoqman tashrifiga iydning, ikkinchi kun Nodim,
Kunduzing bo‘lmasa, oqshom bo‘lsa ham mone emas.
__________
* Rayb – shak-shubha, gumon.
** Garm – issiq.
*** Narm – yumshoq.
**** Ibrom – qayta-qayta iltimos qilmoq.
* * *
Bir safo baxsh etaylik kel, shu dili noshoda,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda.
Mana ko‘r, uch juft qayiq bandargohda omoda,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda.
Kulaylik, ham o‘ynaylik, zavq olaylik dunyodan,
Mayi tasnim ichaylik chashmayi nav payvodan.
Ko‘raylik obi hayot oqqanin ajdarhodan,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda.
Goh borib havz kanorinda xiromon bo‘laylik,
Goh kelib Qasri Jinon sayriga hayron bo‘laylik.
Goho alyor aytibon, goh g‘azalxon bo‘laylik,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda.
Bir sen-u bir men-u, bir obi pokiza ado,
Izning bo‘lursa agar, shaydir Nadimi shaydo;
G‘ayri yoronni bugunlik etib, ey sho‘x, fido,
Ketaylik sarvi ravonim, yurgin Sa’voboda…
Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.