Murodiy – Sulton Murod III (1546-1595)
Usmonlilarning 12-sultoni Murod Xon III (1546, Manisa — 1595, Istanbul) devon adabiyotining mashhur shoirlaridan edi. Uning forscha, arabcha va turkcha devonlari, «Futuhoti siyom» nomli tasavvufga oid kitobi bizgacha yetib kelgan. U mashhur xattot ham edi. Murod Xon bitgan kalimai shahodat Istanbuldagi Ayasofiya jome’sida, boshqa xat asarlari Istanbul universiteti va Turk vaqf xat san’atlari muzeyida saqlanadi.
UYG‘ON, EY KO‘ZLARIM
Uyg‘on, ey ko‘zlarim, g‘aflatdan uyg‘on,
Uyg‘on, uyqusi mo‘l ko‘zlarim, uyg‘on.
Azroilning qasdi jongadir, inon,
Uyg‘on, ey ko‘zlarim, g‘aflatdan uyg‘on,
Uyg‘on, uyqusi mo‘l ko‘zlarim, uyg‘on.
Saharda uyg‘onurlar jumla qushlar,
Tilu dillari birla tasbeh boshlar,
Tavhid aylar tog‘lar, toshlar, og‘ochlar,
Uyg‘on, ey ko‘zlarim, g‘aflatdan uyg‘on,
Uyg‘on, uyqusi mo‘l ko‘zlarim, uyg‘on.
Samovotning eshiklari ochilar,
Mo‘minlarga rahmat suvi sochilar,
Saharda turganga hulla bichilar,
Uyg‘on, ey ko‘zlarim, g‘aflatdan uyg‘on,
Uyg‘on, uyqusi mo‘l ko‘zlarim, uyg‘on.
Bu dunyo foniydir, aslo aldanma,
Mag‘rur bo‘lib, toju-taxtga tayanma,
Etti iqlim mening deya inonma,
Uyg‘on, ey ko‘zlarim, g‘aflatdan uyg‘on,
Uyg‘on, uyqusi mo‘l ko‘zlarim, uyg‘on.
Mening, Murod quling, aybimni afv et,
Aybimni kechirib, gunohim raf et,
Rasuling bayrog‘i ostida hashr et,
Uyg‘on, ey ko‘zlarim, g‘aflatdan uyg‘on,
Uyg‘on, uyqusi mo‘l ko‘zlarim, uyg‘on.
* * *
Chun guliston ichra ko‘rdim andalib
Der edikim al-habibu al-habib.
O‘ylama bir gul uchun aylar fig‘on
Istar oni kim topar Haqdin nasib.
Angla oqilsan bu sirdan bir xabar
Suratga boqma, labib o‘lgil labib.
Necha bir g‘aflatdasan bedod bo‘l,
Shu yerdan bir kun chiqar savti g‘arib.
Kel Murodning bu qalamin tinglakim
Bir kalomi bor ajabdandur ajab.
* * *
Ko‘ngul daryo durur daryo ichinda
Ajab paydo durur paydo ichinda.
Kulib ahvolini qalb angladi chun
Aningchun qolibdur jo ichinda.
O‘zingdin ayladi himmat miyona
Solib savdolari savdo ichinda.
Chun o‘ldi muzdarich sab’al masoniy
Etib bayzosini bayzo ichinda.
Murodning holi ajabdur ajabdan
Nelar tahsil etar g‘avg‘o ichinda.
Usmonlichadan Davronbek Tojialiyev tabdil qildi