"Yosh kitobxon" kitoblari
Omongo‘zal Shoquliyeva (Amangözel Şagulyýewa) — Turkmaniston qahramoni, Maxtumquli nomli xalqaro mukofot sohibi,Turkmaniston xalq yozuvchisi. U 1940 yilning 11 avgustida Mori viloyatining Murg‘ob tumani “Meros” dehqon birlashmasi (qishlog‘i)da tavallud topgan. Ko‘pgina she’rlar to‘plamlari muallifi. 2015 yilda uning Ashxoboddagi Turkman davlat nashriyotida “Ko‘nglim mening Oy ichinda” deb nomlangan saylanmasi chop qilingan. Quyida shu to‘plamga kirgan she’rlaridan namunalar keltirildi.
YoShLIK
Bir fasl bu – kengliklari bepoyon,
Toshqin daryo kabi oqib boradir.
Bir fasl bu – kamalakday nurafshon,
Xushbo‘y isi jonga yoqib boradir.
Bahorida sozi, yozida bulbul,
Oyning quchog‘ida, osmonda ko‘ngil,
G‘ayrat,havas qaynar jonida butkul,
Ko‘zlarida chaqmoq chaqib boradir.
Olam bahorini yoshlikdan olar,
Yoshlikdadir tar yaproqli nihollar,
Tiniq osmon ko‘rki dilni yoritar,
Ko‘ksiga yulduzin taqib boradir.
Shod-xurram kunlarning jilosi unda,
Yashnar alvon gullar libosi unda,
Ko‘pmas, sal narsaga shod bo‘lib dildan
Qayg‘u-g‘am eshigin yopib boradir.
Unga shu kun bir yon, umr bir yonda,
O‘ylamas o‘tishin, sanoqli on-da!
G‘am-tashvish nimadir, baquvvat jonga,
Dunyoga ishq bo‘lib, boqib boradir.
Bir fasl bu, odam umrin bezagi,
Bir fasl bu, yo‘qdir qishi-kuzagi,
Bir fasl bu, gul yoshlikning yuragi,
Jilg‘aday yo‘l ochib, chopib boradir.
Turkmanchadan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi