Jahon
October 3, 2020

Qaqaboy Qurbonmurodov (1945)

Qaqaboy Qurbonmurodov 1945 yilda Murg‘ob tumanining hozirgi X. Jumayev nomidagi dehqon birlashmasida tug‘ildi. Uning nashr qilingan kitoblarining soni 30 tadan ortiq. U badiiy tarjima bilan muntazam shug‘ullanadi. Jumladan, atoqli o‘zbek shoirlari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Gulchehra Jo‘rayeva, Oydin Hojiyeva she’rlaridan namunalar tarjima qilgan. Filologiya fanlari nomzodi, Berdi Kerboboyev nomidagi mukofot sovrindori.

YaShAYMAN

Bilib qo‘ygan yaxshi kimning kimligin,
Bilasizmi, qanday – nichik yashayman?
Donolar durdona pand – nasihatin
Ma’nosin o‘zimcha chaqib yashayman.

Kezmadim gerdayib yo halimsirab,
Olmadi ko‘nglimni shumliklar o‘rab,
O‘zim bilganimcha boshimni qo‘rab,
Kunda ming bir yonib – o‘chib yashayman.

Choshga – chosh degayman, gardiga gard ham,
Etgan kas yo‘q shuhrat izidan hech dam,
Hech kimdan emasman ortiq yoki kam,
Ruhim baland, ko‘nglim ochiq yashayman.

O‘zgaga nur solmas o‘zi yonmagan,
Elga naf bermagay eldan olmagan,
Ixlosim singmagan, terim tommagan,
Harom – xarishlardan qochib yashayman.

Tashvish ko‘p. Bariga parvo qilmayin,
Mayda – chuydalarga asir bo‘lmayin,
Bo‘sh misra bitishni ko‘zga ilmayin,
Ilhom bodasidan ichib yashayman.

Yaxshini qo‘llashda ikki poy bo‘lib,
Hamrohim hamisha xayol – o‘y bo‘lib,
Bir so‘zli, g‘ururli Qaqaboy bo‘lib,
Neki bor yangidan ochib yashayman.

DILBAR

Sevdim seni, nozli dilbar,
Bag‘ri bahor, yozli dilbar,
Azoblaysan buncha, avval,
Yoqqanlaring ozmi, dilbar?

Sezmading vafoni, dilbar,
Ko‘rmadim safoni, dilbar,
Bu yoniq yuraklarga,
Bir chora topali, dilbar.

Vaqt kelar – kechar, dilbar,
Yaproq banddan ko‘char, dilbar.
Qalbimizda ishq daraxti
Qachon gulin ochar, dilbar?

Ishq yo‘li keng yo tor, dilbar,
Oz emas xavf-xatar, dilbar,
Oshiq yigit ahvolini,
Qilma bundan battar, dilbar.

Qalbim aylab dog‘li, dilbar,
Kezsang, ko‘ngling chog‘mi, dilbar?
Bu savollar javoblari,
Faqat senga bog‘li, dilbar.

TO‘RTLIKLAR

Orzularim naqshlab bu javon ko‘ngilda men,
Yashayapman tashvishi boshdan oshgan kunda men.
Agar qalbimga ko‘ra tole muyassar qilsa,
Zig‘ircha uyalmasman kelajak oldida men.

* * *

Goh qishlog‘im sog‘insam, goh shahrimga bandi men,
Ulardan birin tanlay olurmanmi endi men?
Ul biri mehr koni, suyanchig‘im ul biri,
Ikki onaning kamol topdirgan farzandi men

* * *

Yigitning oq ko‘ngil, harbobi yaxshi,
Yashashga yurtimning Murg‘obi yaxshi.
Fikr – o‘yim bayon qilarga ixcham,
Quyulgan saqqodek ruboiy yaxshi.

Turkman tilidan Yusuf Nasim tabdili

"Yosh kitobxon" kitoblari