Ali Oqbosh (1941)
Ali Oqbosh (Ali Akbaş) — turk shoiri. U 1941 yilda Kahramanmarashda tug‘ilgan. Istanbul universiteti adabiyot fakultetida tahsil olgan. «Devon» («Divan»), «Asl adabiyot» («Doğuş Edebiyat»), «Qanot» («Kanat») jurnallarida faoliyat ko‘rsatgan. U 2012 yil turk dunyosida yilning adabiyot kishisi bo‘lgan.
Shoirning «Ertak zamoni», «Qush dasturxoni», «Ko‘kda oy po‘rtaxoldir» kabi she’riy to‘plamlari turk bolalar adabiyotida alohida qimmatga egadir. U ayni paytda Yevrosiyo Yozuvchilari uyushmasi rais o‘rinbosari va «Qardosh qalamlar» («Kardeş Kalemler») jurnalining bosh muhariri sifatida elga, turk dunyosiga xizmatini davom ettirmoqda.
Shoirning so‘nggi yillarda chiqqan «Ko‘chayotgan turnalar», «Eranlar dargohida», «Kuz kuylari» to‘plamlarini zamondosh turk she’rining eng so‘nggi yutuqlari aks etgan kitoblardir.
KEChALAR
Hey kechalar, kechalar,
Tosh tishlagan chechanlar…
Oqshom tushur, oy kelur,
Quyosh nerda kechalar?
Chaqirsam tusharlarmi?
Ko‘kda ham uylar bormi?
Suydim-u saylamadim
Yulduzlar — gulchehralar.
Yulduzlar olay-olay,
Boqib-boqib kular oy!
Yo‘lin topsang, enib kel,
Dilda so‘zim bir talay.
Yulduzli atlas chodir,
Yor qaysi diyordadir?
Yoz keldi, u kelmadi,
Qulog‘im yellardadir…
QUTLUG‘TOSh
Professor Shukru Elchin menga Tangri tog‘idan bir tosh keltirmish. Men esa unga ushbu she’rimni armug‘on etaman.
Bu kecha baroq, oy sini-sini*,
Olis iqlimlarga qanot yozaman,
Uchgil, xayol qushim, — olib uch meni,
Ketgumdir o‘zga bir asr uzra man:
Sayr etarmiz bir-bir Chinni, Mochinni,
Oromijon Qof tog‘larin kezamiz,
O‘to‘kan*da mangu boda ichamiz.
Boshla, shu inja yo‘l eltar Turong‘a,
Unda mudroq o‘rmon, tog‘lar ko‘lkasi.
Savashlar to‘sh-to‘sha, jon berar jonga,
Eshitilar o‘qdek nag‘allar sasi.
Bir arziholim bor Bahodir Xonga;
Qalqsin oradagi zamon pardasi,
Kechmishni yashirgan tumon pardasi.
Subhidam qo‘zg‘algan bir tuman cherik
Ko‘ngillari ipak, yollari qati*,
Bir onda daf’atan qoplamish yerni,
Xilqat ular uchun yaratmish otni.
Otamiz Tangriqut Metedan beri
Ko‘rilmasmish bunday yer saltanati,
Qanotli otlarning hur saltanati.
Bir nozli qush kabi go‘yo og‘ar jon,
Bu tog‘larda har toshga bir bosh inar.
Shaffof suv misoli yerga oqar qon,
Har yilga uch sulh, besh harb-savash inar.
Bobolar qilich-la yozdig‘i doston,
Qalam-la yozilsa ko‘p yovosh inar,
Eshitsam, ko‘nglima bir otash inar.
Oq sochli elchining keltirgan toshi
Bir Hajar al-avsad — bir qutlug‘ qoya,
Unga o‘tirgandir balki Qurshadin*,
Bu joydan boqgandir yulduzga, oyga.
O‘, bunda kechmishdir minglar savashi,
Hokimlik etilmish O‘rol-Oltoyga
Va yo‘llar ochilmish hur Qiziloyga*,
Tangri tog‘i, — balli ona-Vatanga,
O‘z rangi ko‘chmishdir o‘zin yuziga.
Yillarkim qilichlar kirmamish qinga,
Goho Chinga urulmish, goho o‘ziga.
Tog‘ cho‘qqilaridan ko‘chgan po‘rtana
Turumish kirguncha eng go‘zal dinga;
Bizlarni chorlamish Makka, Madina.
Qadrini bilurmiz tuprog‘in, toshin,
Uchgan qushning, esgan yerning qadrini.
Qadrini bilurmiz qavm-qarindoshning,
Ko‘chgan elning, qolgan elning qadrini.
Qadrini bilurmiz sulhning, savashning,
Qirmizi qon, ipak to‘rning qadrini,
Olloh yaratgani qulning qadrini.
Men bir dalli Turkman, tilimda turki,
Otim tizzalamish — otdan tushmisham.
Haromilar kiymish oboyi ko‘rki*,
Shon-shuhrat va saltanatdan tushmisham.
Tersina do‘nayur falakning charxi,
Birin-birin o‘ngdi qo‘rqinchli tushim,
Bu vodiyga samovotdan tushmisham.
Kelmish-ketmish ipak yukli karvonlar,
Birda uyg‘ondimki, ko‘p shomga do‘nmish.
Asrlar ortida nido, suronlar,
Bir yon to‘qlik, bir yon ochlikka enmish.
Yo‘l uzoq, vaqt esa ko‘p chopog‘ondir,
Vodiylar yo‘l bermas: qoyali, toshlik,
Davron yugruk otin hayda, qardoshlik.
Fazo asri… hammasi o‘zgacha bunda.
Dunyo bomba kabi portlaya bilur.
O‘ylab o‘tirilmas yo‘l kesishganda,
Tariqcha kuch filni o‘ldira bilur.
Tarix ilk onamiz Tangri tog‘inda
Qandoq bir xotira saqlaya bilur,
Qandoqqi, yuzini oqpaya bilur.
Doim qutlug‘ emas, yo‘q, inson aqli,
Shimariq, suyumli, zolim va olchoq.
Olam bir-biri-la qonli, pichoqli,
Botirni o‘ziga tortadi botqoq,
O‘zin ichindadir ham meva qurti.
Quyosh mangu Sharqtsan chiqajak biroq,
Ulkan bir gul kabi hilpirar sanjoq!*
________________
* Sini — barkash.
* O‘to‘kan — Tangri tog‘idagi ilk turk makoni.
* Qati — tarang.
* Qurshadin — Ko‘kturk xoqonlaridan bir shahzoda.
* Qiziloy (Qizilolma) — joy nomi.
* Oboyi ko‘rki — libos nomi.
* Sanjoq — tug‘, bayroq.
Azim Cuyun tarjimalari
ShE’RIM
She’rim, sen qonagan eski yaramsan,
Ko‘ksimda tashiyman, ko‘rgan gul deydir.
Marsiyam, faryodim, o‘tli na’ramsan,
Uzoqdan tuyganlar, bir bulbul, deydir.
Chekimga so‘z tushmish bazmi alastda,
Vafosiz bir yorga bo‘ldim dilbasta,
Hamon o‘rtanurmen bu tor qafasda,
Dardimni aytmasmen, yot, u — qul, deydir.
JIMIRLAYDIR SIRLI SAROB…
(Xotira-she’r)
Yo‘lga chiqsang Olmaotadan,
Jambulga, Chimkentga qarab yo‘nalsang,
Ufqqa tutash so‘ngsiz yo‘llar sirli, rang-barang.
Jimirlaydir sirli sarob,
Yaltirar mozorda kumush hilollar.
Nedir yiltiragan?
Balki mahv etilgan o‘rduning
Ko‘kni yorgan nayzalarin porlashidir yaltirab?
Balki yangi jangdan qaytib kelmoqda Abulayxon?
Mozorlari — ruhlar shahri erur qozoq yurtining…
Marmartoshga o‘yilgan ul hilol ostida
“Huvalboqiy” — “Boqiy bo‘lgan Udir” so‘zi bor.
Ruhlar shahri bunda har mozor.
Qabr ahlining bor boyligi birgina kafan,
Hech bir o‘g‘ri bu boylikni o‘g‘irlay olmas,
Ularning chirigan etlarin zotan
Eb bitirgan
Ilonu chayon.
Ochlikdan, qirg‘indan,
Alamidan o‘lgan o‘lganlar.
Yurt tuprog‘i — to‘shaklari,
Ko‘rpalari qordir,
Ular soni ko‘klardagi yulduzlar qadardir.
Mozorlari ruhlar shahri,
Qabriston diyor.
Endi hech ne qo‘rqitolmas ularni ortiq,
Na yomg‘ir, na qor.
Na Stalin, na Lenin,
Na chorga bo‘ysungay ular.
Ular ko‘rinmas qo‘shindir.
Suyakdan pichoqlari,
Kafandan bayroqlari.
Navro‘zboy va Kenesari
Ularga qo‘mondondir,
Ular — qo‘rqinch,
Eng dahshatli intiqom qo‘shinidir!
Zotan ruhlar diyoridir bu yurtda mozorliklar…
Omonsiz u o‘tli shamolda,
O‘tmishda Samayda o‘lganlar,
Yo yaqinda,
Jelto‘qsanda qurbon bo‘lganlar,
Bari ketdi,
Ulardan bir muhabbat qoldi,
Ota-ona,
Etim bola,
Dard, g‘urbat qoldi;
Ochiq yara,
Mangu doston,
Shon-shuhrat qoldi.
Otsiz yulduz kabi uchdilar ko‘kdan,
Ulardan moviy bayroq,
So‘ngsiz tuproq qoldi bizlarga,
Mozorlari ruhlar shahri, mozor diyor bu…
Ne yillardir fotihasiz yotgan, ey, qarindoshlar!
Ruhlaringiz shod bo‘lsin!
Jelto‘qsanda uyg‘ongan
O‘lkangiz obod bo‘lsin!
Hech behuda ketmagay sizlar to‘kkan u qonlar,
Osmonimiz ostida hech tinmagay azonlar,
Shokarimlar, Sayfulinlar, Mag‘jonlar,
Mozorlari ruhlar shahri…
Tovushingiz shamollarga,
Qonlaringiz suvlarga allaqachon qorishmishdir,
Endi sizga farqi yo‘q to‘fonmi, yozmi, qishdir.
Shahidlarga har mavsum mangu so‘lmas bahordir.
Uzoq yurtda siz deb yig‘lagan,
Motam tutgan,
Duo etgan qondoshlar bordir,
Mozorlari ruhlar shahri, hey, boqiy diyor!..
OROL MARSIYaSI
Yoqub Umaro‘g‘liga
Tushimda ko‘rdim Orolni,
Ko‘rdim, u og‘ir yarali,
Mag‘jon kabi, Cho‘lpon kabi
U ham bir baxti qorali.
Qora yerda qoq qayiqlar,
Suzar suv yo‘q, qotib uxlar.
Inju, marjon sochgan Orol,
Qani o‘sha marjonliqlar?..
Orolning suvi qon kabi,
Yarali bir jayron kabi.
Qarang, ko‘llar ham o‘larmish
Oqqush kabi, inson kabi.
O‘roldan kelgan marollar
Orolda sochin tararlar;
Cho‘milgani ko‘l qoldimi,
Bilmadim, qayga qararlar.
So‘lim Xazar, sog‘im Edil,
Mening ikki bog‘im edi,
Qurib borar Orolginam,
Bir qoqsuyak, qochmish eti…
Orol ko‘lmas, oq qimizdir,
Orol bir iffatli qizdir.
Qo‘y, g‘animga xor bo‘lguncha,
Orol, o‘zni yerga sizdir!!!
Davron kechmish, karvon ko‘chmish,
Orolni bir jahon ichmish.
Bu yerga kim mehr qo‘ysa,
Boshida zulmu qilichmish!..
Osiyoda osmon kengdir,
Yulduzlarning holi tangdir.
Shoir qonin ichib ungan
Chechaklari rango-rangdir.
Qalam tutgan u botirlar,
Kalom tutgan u botirlar
Ko‘kda yashar duo kabi,
Barin mangu el xotirlar.
Shahidlarim qator-qator,
Biri o‘zbek, biri tatar.
Bir fotiha o‘qi, yo‘lchi,
Cho‘lponlarim go‘rsiz yotar.
TO‘QAY
Tilida so‘z injusi
Yosh bir dohiydi To‘qay.
Ko‘pkari birinchisi,
Bir yetim toydi To‘qay.
Soz etti siynasini,
Sozga qo‘shdi sasini,
Ko‘ngil xazinasini
Olamga yoydi To‘qay.
U o‘zin Yusuf etdi,
Bozorda jonin sotdi,
Barcha g‘am, dardni totdi,
Tunda bir oydi To‘qay.
Edil bilan to‘lg‘ondi,
Ona tili deb yondi,
Toshlar ichra uyg‘ondi,
Bir jo‘shqin soydi To‘qay.
Bir naydayin jonsizdi,
Dardi ko‘p omonsizdi,
Ko‘klarda bir yulduzdi,
Zulmatda toydi To‘qay.
Xabardor oq-qoradan,
Tanni quvib oradan,
Chiqdi-da mag‘oradan,
Eldek ot qo‘ydi To‘qay.
To‘kildi oltin yaproq,
Voh, bo‘ldi qora tuproq…
Ko‘ngli ochiq, yuzi oq,
Baxti qoraydi To‘qay.
Hey, Qozon! Aziz Qozon!
O‘g‘illar ko‘r, shon qozon!
Qayda u shoir — o‘zan?..
Uchdi… Humoydi To‘qay.
ShAHRIYoR
She’ringni o‘qirkan, ko‘zim yoshlandi,
To‘lqinlanib, men ham yoza boshladim,
Javob bersin Samarqandim, Toshkentim,
Bir g‘irillab esib o‘tgan yelmizmi?
Kimsa bilmas, kichkina bir elmizmi?
Turkcha so‘yla, Haydarbobo ha, desin,
Do‘st bog‘ida alam yeli esmasin,
Istanbuldan eshitilar gur sasing,
So‘yla o‘zing, hey, tilingga jon qurbon!
Ering, yurting ham elingga jon qurbon!
She’rlaringda shavq bor, asriy hasrat bor,
O‘qiganda ona yurt isi kelar,
Haydarbobo bizlarga yolg‘iz yodgor,
Tilarmen, shoirim, umring uzaysin,
Ulug‘ millatingga doston yozasen!
So‘yla, bulbul tilli shoir Shahriyor!
Yo‘l uzoq, orada to‘siq tog‘lar bor,
Tog‘lar ne, bo‘g‘ovlar — kishan, bog‘lar bor,
Ko‘r bo‘lsin-ey, meni menga yot aylar,
Ko‘ngil istar, qo‘l qisqa… dil dod aylar.
Qirg‘iz, qozoq deyaversang, el bo‘lmas,
Uch kunlik dunyoda qulga qul bo‘lmas,
Oltin yerga tushsa, qog‘oz pul bo‘lmas,
Yigit otdan tushar, yana otlanar,
Qafaslar sinadir, qush qanotlanar!..
Yaxshi yigit umid uzmas yoridan,
Gul tera biladir qishning qorida,
Kun kelar, Chamlibel ufqlarida
Ko‘ro‘g‘li g‘irotin yeldirib uchar,
Etimlar yig‘isi, faryodi o‘char.
YaLDO KEChASI
Bizdan o‘limni so‘rarlar,
Do‘stlarga vidodir o‘lim.
So‘rab sinabmi ko‘rarlar?
Bir sirri Xudodir o‘lim.
Falak qo‘ymas, yayrab-kulsak,
Dunyoda kom, orom olsak,
Kim bo‘ldikki bizlar bilsak,
G‘oyibdan nidodir o‘lim.
U tarafdan chaqirarlar,
Elu yurtdan ayirarlar,
Yo‘ldan tamom qayirarlar,
Bag‘rimizda dog‘dir o‘lim.
Bugun-erta, ne farqi bor,
Mehmon qilar bizni diyor;
Tangriman deb o‘ylar g‘addor,
Oyog‘iga bog‘dir o‘lim.
O‘ylaydirman ne bor bunda,
Eshikni qoqar yaqinda,
U qoshu ko‘z orasinda,
Bir burchga adodir o‘lim.
Gulu bog‘lar so‘lib bitar,
Quyoshni bulutlar yutar,
To qiyomat davom etar,
Bir shabi yaldodir o‘lim.
VIDO
I
Ko‘nglim sezar, so‘ng ko‘z yumish
Yozin-mas, kuzin bo‘ladir.
Sen uzilma — xafa bo‘lma,
Uzilish uzun bo‘ladir.
Shudring tushar chamanlarga,
Qirov qo‘nar o‘r-qirlarga,
Qushlar ketadir safarga,
Bog‘larda uzum bo‘ladir.
Yana sharqdan chiqadir kun,
Davom etadir to‘y-tugun,
Faqat shamol yig‘lar mahzun,
Shamolda huzun bo‘ladir.
Oq taboshir, qora taxta
Meni kutar so‘ng sabohda;
O‘quvchilar chekkan ohda
Ilk motam, to‘zum bo‘ladir.
Kelganida uchish siram,
Yoniq qoladir sigaram,
Na og‘riq qolar, na yaram,
Eng so‘nggi buzum bo‘ladir.
II
Umrimiz bir qum soati,
Bir hovuch qum zamon unda.
Etib qoldi so‘ng fursati,
Uch kundan so‘ng yo‘qman bunda.
Go‘yo qumga yozuv yozdim,
Go‘yo chizgi chizdim suvga,
Unutilar otim, sonim,
Ketganimda so‘ng uyquga.
G‘imirlaydir har tirik jon,
Shahar yana qaynab yotar.
Qayiqchi, esh eshkaklarni,
Bu daryo dengizga ketar.
Nasibimni oldim, shukur,
To‘ydim dunyo hayotiga,
O‘qilganda mana shu she’r,
O‘qib qo‘ying bir fotiha.
So‘ng makonim, bilmam, qayer —
Qaysi diyor, qaysi mozor;
Men kabi bir g‘arib shoir
Marsiyasin o‘zi yozar.
Tohir Qahhor tarjimalari