Yusuf Nabiy (1640-1712)
XVII asrning ikkinchi yarmi XVIII asr boshlarida yashab o‘tgan eng shuhratli turk shoirlaridan biri Yusuf Nabiydir (Yusuf Nâbi). Urfada tug‘ilgan shoirning otasi Xoji G‘affolzoda ismli kishi bo‘lib, oilada ilmga, adabiyot va san’atga qiziqish kuchli edi. Bo‘lajak shoirning bolaligi ilm havosiga to‘yingan bir muhitda kechdi. Boshlang‘ich tahsilni Urfada oladi. Muntazam ravishda ilmini oshirib borgan Nabiy arab va fors tillarini she’r yozish darajasida yaxshi o‘rganadi. 25 yoshida Istambulga kelib, vazir Mustafo Poshoning xizmatiga kiradi. Tezda Istambuldagi adabiy muhitda o‘z o‘rnini topadi. Davrining ustoz shoirlaridan bo‘lgan Noiliyning e’tiboriga tushadi va hurmatini qozonadi. Yusuf Nabiga Mustafo Posho umrining oxirigacha homiylik qiladi. U vazirning devonida kotib, so‘ngra turli yuqori lavozimlarda ham ishlaydi, hatto bir qancha harbiy yurishlarda vazirning yonida bo‘ladi. 35 yoshida haj safarini ixtiyor qiladi. Hajdan qaytib “Tuhfat ul-haramayn” (“Ikki muqaddas shaharga sayohat”) nomli asarni yozib sulton Mehmed IVga topshiradi. Geografik ruhdagi bu asarda Yusuf Nabiyning Makka va Madina shaharlariga qilgan sayohatlari, bu shaharlardagi ijtimoiy muhit o‘qishli tarzda juda yaxshi ifodalangan. Kitobning Mexmed IVga sovg‘a qilinishi ham bejiz emas. Sulton sevikli shoiri Yusuf Nabiyning haj safari uchun sharoit yaratib bergan, o‘sha vaqtdagi Makka valiysiga xat yozib, Nabiyga e’tibor qilishini ham buyuradi. Umuman Yusuf Nabiy 72 yillik hayotida oltita sultonlar hukm surgan davrni ko‘rdi. Bu hukmdorlarning barchasi (Ibrohim I, Mehmed IV, Sulaymon II, Sulton Ahmad II, Mustafo III, Ahmad III) Nabiyga yaxshi munosabatda bo‘lib, iltifotlar ko‘rsatib turgan. Haj safaridan so‘ng Yusuf Nabiy ulug‘ vazir Mustafo Posho bilan Moraga ketadi. 1685 yilda vazirning vafotidan so‘ng Halab shahriga borib joylashadi. Halab valiysi Baltoji Mehmed Posho shoirning do‘sti va homiysi edi. Uzoq yillar Halabda yashab, Baltoji Posho bosh vazir bo‘lgach, 70 yoshida Istambulga qaytadi. Nihoyatda ilmli va pok inson bo‘lgan Nabiy o‘z vafot kunini oldindan bashorat qilib, qit’a yozadikim “ketti Nabiy Afandi jannatga tek” misralari uning vafotini tarix sanasini anglatadi. 1712 yil 12 aprelda ko‘z yumgan. Shoirning qabri Uskudardagi Qorajaahmad qabristonidadir.
Yusuf Nabiy bilimdon va kamolotga erishgan shaxs edi. Uning zamondoshlari shoir haqida hamisha hurmat bilan yozadilar. Nabiyni fozil dindor, pok inson sifatida ta’riflaydilar. Sabr-toqatli, shirin so‘zli, atrofidagilarning ishlariga aralashavermaydigan Nabiyning samimiy do‘stlari ko‘p edi. Turli mojarolardan o‘zini olib qochadigan, g‘iybatlarga qo‘shilmaydigan shoir xarakteri uning asarlarida ham aks etgandek. “Xayriyai Nabiy” masnaviysi shoirning falsafiy, estetik qarashlarini o‘zida jamlagan asarlaridan biridir. Nabiyning ikki o‘g‘li bo‘lib, o‘g‘illari Abulxayr va Mehmed Eminlar Halabda tavallud topganlar. Umuman Nabiy ijodining eng gullagan davri, Halab shahrida Baltoji Mehmed Posho homiyligida bo‘lgan davridir. “Xayriyai Nabiy”ni shoir o‘g‘li Abulxayrga bag‘ishlab didaktik ruhda yozgan. Shoirning maqsadi ham o‘g‘liga nasihatlar tarzida yozgan dostoni orqali yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdir. Dostonning har bir bobi ma’lum bir axloqiy kategoriyalarga bag‘ishlangan. Asarda yaxshilik, saxiylik, aqllilik, sofdillik, hushyorlik madh etilsa, xasislik, qiziqqonlik, buzuqlik, yolg‘onchilik, nopoklik singari kishi tabiatida bo‘ladigan illatlar tanqid qilinadi. Yusuf Nabiyning o‘zi bir umr saroy ahllariga yaqin bo‘lib yashagan bo‘lsa ham, o‘g‘liga sultonlardan uzoqroq bo‘lishni nasihat qiladi. Saroydagi turli xil g‘iybatlar, ikkiyuzlamachilik, shaxsiy manfaat yo‘lida bir-birini sotishlardan hech qachon kishi qalbi oromda bo‘lmaydi. Nabiy o‘z axloqiy printsiplaridan kelib chiqib, o‘g‘liga tinch hayot kechirish yo‘llarini ko‘rsatadi. Dostonda o‘sha zamonning ma’lum bir illatlari shoirona tilda, keng xalq ommasiga tushunarli qilib ifodalab berilgani uchunmi, asar tezda mushhur bo‘lib ketadi. Dostonda maqol va matallar juda o‘rinli qo‘llangan, obrazlarga boy. Asarning bayon qilish usuli ham jozibali bo‘lib, arabcha, forscha so‘zlar nisbatan kam ishlatilgan. Nabiy olg‘a surgan bosh g‘oyalardan biri ilm bilan muntazam shug‘ullanishdir. Saodatga erishishning eng to‘g‘ri yo‘li ilmda ekanligini uqtiradi shoir. Asar 1694 yilda yozib tugatilgan bo‘lsa, XIX asrda Yevropa tillariga tarjima qilinadi. Fransuz sharqshunosi Pave de Kurtey masnaviyni farang tiliga tarjima qilib, 1857 yilda nashr qildiradi.
Yusuf Nabiyning ikkinchi dostoni “Hayrobod” ham Halabda yozilgan. Biroq bu asar ruhi va syujet tuzilishi jihatidan “Xayriya”dan tamoman farq qiladi. 1705 yilda yozib tugallangan bu asar ko‘proq xalq ertaklarini eslatadi. Nabiy asar syujetini F. Attorning “Ilohiynoma”sidan olganligi va o‘zicha davom ettirganligini ochiq yozadi. Doston mazmunan ham, syujet qurilishi jihatidan ham qiziqarli. Yusuf Nabiy asarning o‘qishli bo‘lishi uchun sharq adabiyoti an’analaridan, salaflar ijodidan unumli foydalangani seziladi. Bu haqda olima V.S. Garbuzovaning quyidagi fikrlariga to‘liq qo‘shilish mumkin: “Doston bilan tanishilganda yozadi olima – shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Nabiy Attorning qisqa va nisbatan sodda syujetini qayta ishlagan va ba’zi narsalarni Nizomiy hamda Navoiydan, ko‘pgina narsalarni esa xalq ertaklaridan olib, bu syujetni davom ettirgan. Bundan tashqari doston voqealari Kichik Osiyoga ko‘chirilgan va uning qahramonlari chinakam turklar sifatida taqdim qilingan”.
Dostoning bosh qahramonlari jurjoniylar shohi Xurramshoh, saroy shoiri Faxr, shohning quli Jovid va shahar o‘g‘rilarining boshlig‘i Chalakdir. Voqea Xurramshoh saroyidagi bazmda shoir Faxrning she’r o‘qishi va bundan mamnun bo‘lgan shohning suyukli quli Jovidni Faxrga hadya qilishi bilan boshlanadi. Ammo shoir Faxr shoh o‘ziga kelgach, bu tuhfasidan aynib qolajagini biladi. Shuning uchun ham bazm qatnashchilari uy-uylariga tarqalgan paytda Faxr bu qulvachchani yerto‘laga qamab qo‘yadi. Bu yerto‘laga faqatgina taxtning tagidan yo‘l bor edi, xolos. Yerto‘laning kalitini esa ikki kishining guvohligida bir amaldorga beradi. Ertalab shoh kayfi tarqagach, shoirning qilgan ishidan xursand bo‘lib, uni maqtaydi. Shoh kalitni olib yerto‘laga tushadi. Biroq u yerda faqat bir uyum kulnigina ko‘radi. Qulvachcha tasodifan chiqqan yong‘indan halok bo‘lgan bo‘ladi. Xurramshoh shu qadar chuqur qayg‘uga botadiki, dunyoviy ishlarning hammasidan voz kechib, tarki dunyo qiladi va o‘z vaqtini hamisha toat-ibodat bilan o‘tkazadi.
G‘oyat qo‘rqib ketgan shoir Faxr sahroga qochib ketadi, sargardonlikda yanada ajoyibroq she’rlar yozadi.
Attor asarining syujeti ana shu yerda tamom bo‘ladi. Nabiy esa uni quyidagicha davom ettiradi: aslida qulvachcha Jovid halok bo‘lmagan ekan. Sham ag‘darilib ketib, Jovid yotadigan to‘shak yona boshlaganda bola uyg‘onib qolgan va yordam so‘rab baqirgan. Ko‘p vaqtlardan beri shoh xazinasini o‘g‘irlashni orzu qilib yurgan va yerni kavlab taxt o‘rnatilgan xonaga yashirin yo‘l ochgan Chalak shu payt bolaga yordamga keladi. Ziyofat kechasida Chalak yerto‘lada poylab yotgan bo‘ladi va Jovidning baqirganini eshitib, yerto‘la devorini darhol teshadi va bolani muqarrar o‘limdan saqlab qoladi.
Chalak bolani qutqargach, Jovid uning gunohini kechirishni shohdan so‘rab berishga va’da qiladi. Chunki, Chalak mamlakatdagi barcha o‘g‘rilarning boshlig‘i bo‘lib, shohning odamlari uzoq vaqtlardan beri uning izidan quvib yurgan bo‘ladilar. Jovid o‘zini shoirga in’om qilib yuborganligi uchun shohdan xafa bo‘ladi va unga araz qilib vaqtincha Chalakning uyida qolishga qaror qiladi.
Bu vaqtda Xurramshoh tarki dunyosini davom qilib hamma vaqtini toat-ibodat bilan o‘tkazar edi. Bir kuni u tasodifan yerto‘laga qaerdandir toza havo kirayotganligini sezib qoladi. Devorlarni sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqqan shoh bir joyning ustalik bilan teshilganini ko‘radi. U tor yo‘lakka chiqadi, yura-yura bir hovlidan chiqib qoladi, bu hovlida sersoya chinor tagida Jovid shirin uyquda yotganini ko‘radi. Lahm shohni to‘ppa-to‘g‘ri Chalakning uyiga olib chiqqan edi.
Jovidni ko‘rgan shoh unga o‘zini tashlaydi. Biroq uyqudan turgan zamon loy va tuproqqa belangan shohni taniy olmagan Jovid qocha boshlaydi. Xurramshoh esa Jovidning ketidan yuguradi. To‘polon ovozini eshitib uydan chiqqan Chalak ham shohni taniydi va kimdir bolani xafa qilmoqchi shekilli deb o‘ylab, bularning ketidan u ham yuguradi. Ularni shahar ko‘chasida ko‘rib qolgan saroy qo‘riqchilari ham hayratda qolib, “ushlanglar, ushlanglar!” deya baqirishadi va ularni quvlaydi.
Olomon tez qochayotgan Jovidning ketidan yugurib bir xaroba masjid hovlisiga kirib keladi. Bu hovlida quduq va uning yonida serbutoq bir daraxt bo‘ladi. Bola daraxtning ustiga chiqadi, biroq shox sinib ketib, Jovid quduqqa tushib ketadi. Shoh ham darhol arqonga osilib quduqning ichiga tushadi. Chalak ham shohning ketidan quduqqa tushadi. Soqchilar esa quduq yoniga kelib uning ichiga ketma-ket tosh tashlayveradilar. Biroq hech kim o‘lmaydi. Quduq tubiga yiqilgan Jovid omon qoladi. U yiqilgan joyida baland darvozani ko‘radi, darvoza orqali esa ajoyib boqqa kiradi. Bog‘ ichida Jovid go‘zal qizga duch keladi. Qiz bu yerda o‘zini xotinlikka olmoqchi bo‘lgan dahshatli dev Temtemning tutquni ekan.
Jovid va uning ketidan yetib kelgan shoh qiz o‘tirgan joyga yaqinlashar-yaqinlashmas ularni devning xizmatkorlari ushlab oladi. Dev ularning kimligini bilgach, bolani ham, shohni ham o‘ldirishga azm qiladi. Daraxt shoxlari orasida yashirinib turgan Chalak Jovid bilan Xurramshohning boshiga qanday kulfat tushayotganini ko‘radi. Kechasi u dev soqchilarining sharobiga bildirmay ko‘knori aralashtirib qo‘yadi. Shundan so‘ng ularning hammasi qattiq uxlab qoladilar, Chalak esa ularning boshlarini tanasidan judo qiladi. Temtem shu kecha go‘zal qizni o‘ziga bo‘ysundirmoqchi edi. Biroq Chalak paydo bo‘ladi va devni o‘ldiradi. Shoh bilan Jovid omon qoladilar.
Shoh Chalakka mardligi uchun minnatdorchilik bildiradi va uning oldingi gunohlarini kechadi. Jovid go‘zal qizni sevib qoladi. Shoh esa ularning qovushishlariga rozi bo‘ladi.
Hammalari behad xursand bo‘lgan holda bir-birlaridan rozi bo‘lib quduqdan chiqadilar.
Ana shundan so‘ng yana bir qator voqealar ro‘y beradi, ularning har birida Chalak goh shohni, goh Jovidni, goh butun mamlakatni kelgindi dushmanlar hujumidan omon saqlab qoladi.
Nihoyat, shoh yana katta ziyofat uyushtiradi. Bu ziyofatda sahrodan olib kelingan shoir Faxr ham qatnashadi. Ziyofat vaqtida shoh o‘z sarguzashtlarini aytib beradi va ko‘pchilikning talabiga ko‘ra, Chalakni saxiylik bilan mukofotlaydi. Ziyofatdan so‘ng Chalak mamlakatdagi barcha o‘g‘rilarni o‘z hunarini tashlashga va halol turmush kechirishga ko‘ndiradi. Chalakning o‘zi esa Xurramshohning azaliy dushmani hukmronlik qilayotgan Kirmonga jo‘naydi. Chalak Kirmon shohini mast qiladi va oyoq-qo‘lini bog‘lab, Jurjonga olib keladi. Xurramshoh o‘z dushmanini o‘ldirmaydi, aksincha uning gunohini kechib, do‘stlashadi.
Doston ana shunday tugallanadi va uning oxirida Xurramshoh mamlakatini Xayrobod deb atashlarining sababi ochib beriladi. Chunki o‘shandan beri bu mamlakatda farovonlik va osoyishtalik hukm surar ekan.
Nabiyning “Xayrobod” dostoni optimistik ruhi, shu mavzuda o‘rta asrlarda yaratilgan ilk asar ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.
Asarlarida yuksak badIIy mahorat namunasini bera olgan shoir adabiy merosi quyidagilardir.
1. Turk tilida bitilgan devonda 1 tavhid, 4 na’t, Istambul buyuklariga bag‘ishlab yozilgan madhiyalar va qasidalar bor. 1 tarkiband, 1 muhammas, 3 tahmis, Mehmed IVga bag‘ishlab masnaviy shaklida yozilgan she’rlar, ko‘plab g‘azallar hamda ruboiylar ham ushbu devondan joy olgan.
2. Forscha devonida 32 g‘azal, Rumiy, Hofiz, Jomiy, Salim I, Shifoiy, Naziriy, Shafqat, G‘aribiy, Tolibiy g‘azallariga tahmislardan iborat.
3. A. Jomiy forscha she’rga solgan 40 hadis mazmunini turk tiliga tarjima qilgan “Tarjimai hadisi Arbain” asari.
4. Nabiyning “Xayriya” va “Xayrobod” dostonlarining alohida nashrlari.
5. Surnoma. 587 baytdan iborat bo‘lib, sulton Mehmed IVning farzandlari to‘ylari poetik ifodalangan masnaviy.
6. Fotihnomasi Komanicha. Mustafo Posho buyrug‘i bilan yozilgan tarixiy asar.
7. “Tuhfat al-Xaramayn” (Ikki muqaddas shaharga sayohat) geografik mazmundagi asar.
8. Zayli siyari Vaysiy. XVII asr nasr ustasi Vaysiy asariga ilova tarzida yozilgan.
9. Munshaot. Nabiy maktublarini o‘z ichiga olgan bu asar shoir hayoti va ijodi haqida qimmatli ma’lumotlar berishi bilan ahamiyatli.
Shoir ijodi haqida ko‘plab ilmiy tadqiqot ishlari yaratilgan. Abdulqodir Qoraxonning “Nabiy” (1953, 1987) Ogoh Sirri Levendning “Nabiyning Surnamasi” (1944) monografiyalari shular jumlasidandir. Professorlar F. Ko‘prulu, A.N. Tarlan, A. Qoboqlilar ham Nabiy hayoti va ijodiga oid qimmatli materiallarni o‘z ilmiy ishlarida yozib qoldirganlar.
NABIY G‘AZALIYoTIDAN
Odam asiri dasti mushayyat emasmidir?
Olam zabuni panjai qudrat emasmidir?
Bu pardaning duruniga boq, iztirobni quv,
Har mehnatning oqibati massarat emasmidir?
Bazmi hayot rohi muhabbatda oshiqqa
Taklif etilsa joniga minnat emasmidir?
Yo‘q garchi sadman sitamingdan qocharimiz,
Ammoki dasti nozinga zahmat emasmidir?
Bir senmi komiyob bo‘lajaksan zamonadan,
Ey tangi chashm, kor banavbat emasmidir?
Muhtoji rizqi xoliq ekan sarbasar jahon,
Maxluqdan niyoz mazollat emasmidir?
Nabiy, zaboni nutqim etgan xomai majoz
Mashshotal arusi haqiqat emasmidir?
* * *
Zavqi g‘am dildamidir, dog‘damidir, tandamidir,
Nasi’a bulbuldamidir, guldamidir, gulshandamidir.
Bo‘ldi sarmayam hayrat menga biymu* ummid,
Bilmadim, aylayajak giryamidir, xandamidir.
Gul ham ochildi ham aroyishi dastor** bo‘ldi,
Bulbuli bexabar ayo dag‘i siyovandamidir***.
Ul tavozu ani mumtozi jahon etmishdir,
Nahli gul bog‘da behuda sarafkandamidir****.
Durru marjon topilgaymish, tutaylik daryoda,
Bu qadar chini jabin***** sotmoqqa arzondamidir.
Xohu noxoh bo‘lur avizayi go‘shi ahbob******,
Nabiyo, har g‘azaling bo‘yla xushoyondamidir.
___________
* Biym – qo‘rquv.
** Oroyishi dastor – sallaning bezagi.
*** Siyovanda – motam faryodi.
**** Sarafkanda – dunyoning tanlangan (go‘zali)
***** Chini jabin – qovoq osish, kibrlanish.
****** Avizayi go‘shi ahbob – do‘stlar qulog‘iga sirg‘a.
Adxambek Alimbekovning «Turk adabiyoti tarixi» (ToshDShI nashriyoti. 2005) o‘quv qo‘llanmasidan olindi.