Adib Sobir Termiziy (1078-1147)
Shahobiddin Sobir ibn Ismoil Termiziy (ادیب صابر ترمذی) 1078 yili Termiz shahrida tavallud topgan. Keng va chuqur bilimi tufayli Termizda rasadxona bunyod etgan hokim Abulqosim Ali ibn Ja’farning nazariga tushib, mazkur ilm dargohida faoliyat ko‘rsatadi va iste’dodli olim sifatida shuhrat qozonadi. She’rlaridan birida Sobirning o‘zi ham astronomiya va matematikada hech kim uning oldiga tusholmasligini e’tirof etgan edi. Lekin johil ulamolar tomonidan rasadxona vayron qilinib, olimlar har yoqqa tarqalib ketadilar. Abulqosim Ali hibs etiladi. Adib Sobirni ham shialikda ayblab, ta’qib qiladilar, hatto qisqa fursat u qamoq azobini ham chekadi. Bir necha muddatdan so‘ng xalos topgan Abulqosim Ali Adib Sobirni ham o‘zi bilan Nishopurga olib ketadi.
Adib Sobirning shundan keyingi hayoti hukmdorlar saroyi bilan bog‘liq. U dastlab Xuroson raisi nomi bilan mashhur Abulqosim Ali darborida xizmat qiladi. Bu yerda u amal va shon-shuhratning cho‘qqisiga ko‘tariladi. Lekin tuhmatga uchrab, saroydan chetlatiladi – tog‘li Badaxshonning Rovan nomli mavzesiga surgun etiladi. So‘ng u haj bahonasida Arabistonning qator shaharlarini aylanib chiqadi. Safardan qaytgach, yana Abulqosim Ali saroyiga yo‘l topadi. Ko‘p o‘tmay, Sulton Sanjar saroyiga da’vat qilinadi.
Adib Sobir Sulton Sanjar saroyining yetakchi shoiri bo‘lish bilan birga, saljuqiylar saltanatining siyosiy hayotida ham faol ishtirok etgan. Davlatshoh Samarqandiy: “Sobir Sulton Sanjar va uning arkoni davlati oldida aziz va muhtaram edi”, – deb yozadi. 1143 yili Sulton Sanjar o‘z saltanatiga qarshi kayfiyatda bo‘lgan xorazmshoh Muhammad Otsizning xatti-harakatlaridan xabardor bo‘lib turish uchun uni Xorazmga elchi qilib yuboradi. Elchi-shoir bu ikki hukmdorning o‘zaro munosabatlarini yaxshilash, ular o‘rtasida tinchlik-totuvlikni saqlashda muhim rol o‘ynagan. Lekin xorazmshohning xoinona rejalariga xalaqit bergani uchun 1147 yili u josuslikda ayblanib, Amudaryoga cho‘ktirilgan.
Adib Sobir ulkan devon sohibi bo‘lsa-da, u bizgacha to‘la yetib kelmagan. Hozirgacha shoir asarlarini o‘z ichiga olgan 4 ta devon ma’lum – ular Angliyadagi India Offis kutubxonasi, Britaniya muzeyi, Ozarbayjon FA qo‘lyozmalar fondi va Tojikiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
Taniqli adabiyotshunos olim Ahmad Abdulloyev tomonidan tayyorlanib, Eronning “Al-hudo” xalqaro nashriyotida bosilib chiqqan Adib Sobir Termiziy devoni o‘zining matniy mukammalligi bilan alohida ahamiyatga ega. U shoirning hozirgacha aniqlangan 126 qasida, 7 tarkibband, 67 g‘azal, 162 qit’a, 88 ruboiy – jami 7045 baytdan iborat abadiy merosini o‘z ichiga oladi.
G‘AZALLAR
Qochdi ul tun ko‘zdan uyqu, ketdi tob,
Uyqu oshiqlarni qilgusi xarob.
Kelmasa uyqu ko‘zimga, bu — ravo,
Uyqu o‘rnin suv bosibdur behisob.
Yorimi shirin shakkardin-ku, labi,
U yuborgay men uchun achchiq javob.
La’lida bolu shakar, shirinu qand,
Halqa-halqa sochida bor necha tob.
Oyda nur bo‘lmas uning diydorisiz,
Bo‘lmasa la’li, shirin bo‘lmas sharob.
Yuzidan oldi niqobini shamol,
Husniga boqdi falakda oftob.
* * *
So‘zingdan jonda bor jon zavqi, ey yor,
Labi og‘zingning unda lazzati bor.
Desa kimki, shakarga to‘lsin og‘zim,
Sening nomingni etsin tilda takror.
Tushunmaysanmu? Oshiq o‘ldurursan,
Go‘zallik mansabi vaqtincha, dildor.
Bu ishqingni ko‘zimning chashmasida,
Necha ming konu ham daryolari bor.
* * *
Sochingday beqarorman, boisi — sen,
Ko‘zingday badxumorman, boisi — sen.
Zamonamdek erursan ahdi yolg‘on,
Zamonda xoru zorman, boisi — sen.
Yuzing vasfi hisobsiz, hasratida
Hisobsiz g‘amga yorman, boisi — sen,
To‘libdur ko‘zlarim yoshiga ko‘ksim,
Ko‘rarga bir xumorman, boisi — sen.
Xabarsizlikda men hattoki sendan
Xabarsiz bemadorman, boisi — sen.
* * *
Senga ko‘nglim mudom vafo aylar,
Menga ko‘ngling mudom jafo aylar.
Na pisand o‘lgay unga oshiqlik,
Na bir o‘z ahdiga vafo aylar.
Yo‘llabon ishq balosini bizga,
Aro yo‘lda qo‘yib, judo aylar.
Avvalo vasl uchun berib farmon,
Hajriga so‘ngra mubtalo aylar.
Na o‘qir ishq hujjatini butun,
Na bu jon hojatin ravo aylar.
Qaddimi halqa-halqa zulfisiz,
Halqa sochi kabi duto aylar.
* * *
To‘lgan oy monand yuzidan sochdi nur,
Oyga tun yanglig‘ sochi oro berur.
Sarv qomatdurki, qaddin oldida —
Bog‘bonlar sarvi beo‘xshov erur.
Toki boshimda ul oy savdosi bor,
Xuddi oy botgan kabi yo‘q menda nur.
Yurganida sarvu o‘ltirganda oy,
Fitnalar ul sarvu oydan tarqalur.
Sevdi dil hamma go‘zallardan uni,
Sevdimu, dil berdimu topdim huzur.
QIT’A
Yomon andishalardan dilni pok et,
Yomonlik qilmagay kim nuktadondir.
Yomon niyatli bo‘lma el haqida,
O‘zingga bu ishing so‘zsiz ziyondir.
Kishiki yaxshilik har kimga qilsa,
Bu maydon ichra u sohibqirondir.
Aqllilar ishi ermas yomonlik,
Hazar qil, yaxshilik qilgan omondir,
Agar pinhona qilsang yaxshilikni,
Bu ish mardonalikdan bir nishondir.
Ko‘ngli poklar so‘zi yaxshi jaranglar,
U karvon qo‘ng‘irog‘idek ayondir.
RUBOIYLAR
1
Biz erdigu bog‘ erdi, sharobi gulgun,
Chun ko‘rdi, xasad etdi o‘shal garduni dun.
Kim isig‘i quvdi bizni bog‘din, emdi,
Sardoba, o‘zing lutfi karam ayla bugun.
2
Soqiy menga tutsa ul mayi gulgunni,
Gulgun etayin firoqidin Jayhunni.
Er ustiga ko‘z yoshim ila boda berib,
Ham mast etayin yer ostnda Qorunni.
3
Tun tongga ulansa, hal bo‘lib matlabimiz,
Ham burji sharaf ichra yonib kavkabimiz.
Ham bitsa shikoyat, shirin o‘lsa labimiz,
Shay o‘lsa zafar jabdug‘idin markabimiz.
4
Ey, kunduzing aylamish makon tun ichra,
Zulfing dag‘i tunga soyabon tun ichra,
Hal etmasa kunduzing tunim mushkulini.
Sendin chekayin nola-fig‘on tun ichra.
5
Ey, moyayi har latofat, ey durri xushob.
Otash kabi har so‘zingda ko‘p etma itob.
Otash ila suv desam seni, rost-savob,
Otash kabi sofsenu aziz misli gulob.
6
G‘amzang o‘kidin balo paykonlig‘ bo‘ldi,
Nomingni bitib, jafo unvonlig‘ bo‘ldi.
Har neki jafoni sendan o‘rgandi falak.
Xo‘b bo‘lmadi bu ishing, yomonlig‘ bo‘ldi…
7
Bul kecha umid toshiga toshimni ko‘yay.
To labingga lab, qoshingga qoshimni qo‘yay,
Sen yoshli ko‘zimga qo‘y oyog‘ingni, sanam.
Men ersam eshik tubiga boshimni qo‘yay.
8
Nargis ko‘zing ul qadar zabun etdi meni,
Ko‘nglim bog‘idin quvdi, yupun etdi meni,
Ham misli binafsha sarnagun etdi meni,
Gul chehrasidek tamomi xun etdi meni.
9
Yor furqati birla dili noshodim bor,
Yod aylamas ul yorni tilab yodim bor.
Bir yor dilidin hazor bedodim bor,
Faryod etayin, ko‘ngilda faryodim bor.
10
Ko‘nglim tilab ul la’li shakarbor, ketdi,
Boz istadi, dil quvvati takror ketdi.
Umrim bo‘yi hosil etganim ilmu xirad
La’lingni tilab hammasi bir bor ketdi.
11
Jono, labu g‘amzang ko‘yiniig sharbati mo‘l,
Rost, rohati mo‘l uning, vale ofati mo‘l.
G‘amzang ila la’ling dilbariston, sanam,
Ozori agar ersa, yana rohati mo‘l.
12
Voh, bo‘yla qiyomat etmasa netdi sanam,
Kim ko‘zimni yosh ayladiyu ketdi sanam.
Bir azmi safar-la ul aziz chehrasini
Jon birla ko‘zimdin ham aziz etdi sanam.
13
Amringda agar ne’mati yuz narvezdir,
Izmingda-chi, ikki yuz bedov shabdezdir.
Qo‘y kibru havoni, berma hukmingga shitob,
Ki gardishi ro‘zgor sho‘rangezdir.
14
Chehrang nuridin hamisha kunduz ravshan,
Tun zulmat o‘lur o‘shal qaro zulfing ilan.
Ishqing tunu kun meni chunon etdi zabun,
Kun lashkari yetgaymu menga, bilmasman.
15
Ey, sensiz o‘lib yiroq ko‘zimdin uyqum,
Noz uyqung uchun uyquni ko‘zdin quvdim.
Ishqingda ishimdir uyqusizlik, sanamo,
Ko‘z yoshim ila uyquni ko‘zdin yuvdim.
16
Do‘st ahdini buzdi, dil ko‘tardi isyon.
Dedimki, na hojat ishq agar bo‘lsa chunon.
Ul nargisi mast ishqi yetishdi nogah,
Tug‘yonli ko‘ngil go‘shasini tutdi makon.
17
Har neki tilarmen, u qadar imkon yo‘q,
Diltang erurmanki, anga poyon yo‘q.
Dil tangligidin qutulmoq oson ermas,
Darmoni sabr emish, vale darmon yo‘q.
18
Xurshidki, jilo berib shafaqning o‘tiga.
Yoqut yasadi, boqib labing barqutiga.
Har kimki labinga yetdi, yoqut tilamas,
Yoqut dag‘i qul emish labing yoqutiga.
19
Dushman-ku dilozor, qolishmas do‘st ham,
Kim ikkisidin yetar menga ranju alam.
Tan tashvishu g‘am chekar esa, jonga ne bok?
Po‘st tashvish agar chekar esa, mag‘zga ne g‘am?
20
Ko‘ngling-ku vafo bilan qovushmas hargiz,
Nazdingda yana dushmanu do‘st ham farqsiz,
Bas-baski, shikoyating sira joiz emas,
Bor-borki, hikoyating dag‘i nojoiz.
21
Dedimki, yetar, ishq bila korim bitdi,
Chun yuzingni ko‘rdimu qarorim yitdi.
So‘zimga agar yurmas esam, uzrim bor,
Naylayki, qo‘limdin ixtiyorim ketdi…
22
Ishqing, sanamim, tutdi girebon, oldi,
Aqlimni etib har sari sarson, oldi.
Savdoyi ko‘ying mulki dili jon oldi,
Har nechaki istadi, du chandon oldi.
23
To xushvaqt emish ushbu zamonda gumroh,
Xush ko‘rmas emish aqlu xiradni dunyo.
Kel, aqlu xiradni ol boshimdin, ey do‘st,
Shoyadki, zamona biz sari boqsa qiyo…
24
Men senga boqarmen, senga boqqanda, saiam,
Qolmas nazarimda bu ko‘ngil mulkida g‘am.
Men sen-la icharmen, sen-la ichganda, saiam,
Qo‘rqmay o‘tamen malomatdin ham.
25
Boshimga ajab qiyomati ishq yetdi,
Boqqanda ko‘zim tinib, qamoshib ketdi.
Ham soldi dilimga ishq ajab tashvishu g‘am,
Ham ikki yuzimga nomini naqsh etdi.
26
Hajrintki vabo emish, baloyi-yut emish,
Etgan yerida umri hayot soqit emish.
Har lahza labingga ko‘z tikarman, ey gul,
Derlarki, «vabo kushandasi yoqut emish».
27
To qahri itobing menga yuzlandi yomon,
Xok etdi tanimni, har taraf sochdi hamon.
Ishqing ko‘yida dilim kuyib, chekdi fig‘on,
Kim oqdi ko‘zim kiprigidin obi ravon.
28
Yuzing hama nurdin rivoyat aylar,
Husnipg hama hurdin hikoyat aylar.
Vaslingga boqar esam, hushim boshdin uchar,
Oshiftaligimni u bag‘oyat aylar.
29
Ko‘nglim yana bir sanam sari mayl etmas,
Ko‘nglim sarig‘a boshqa sanam ham yetmas,
Kim, o‘zgaga dil berish menga ma’zur emas,
Dildori nisandida karam aylasa, bas.
30
Yuzing, sanamo, dudsiz olovga o‘xshash,
Ko‘nglim dedikim: «bo‘lurmu dilsiz otash?»
Xatting ko‘rinib misoli otash dudidek,
Ishqimni yana ayladi hadsiz otash…
31
Gul chehrasi chehrangni ko‘rib, ol, aqiq,
Og‘zing g‘amidin g‘uncha bo‘libdir og‘riq.
Husning chamani birovni chin oshiq etib,
Ham ko‘ngilni zor ayladi, rangini sariq.
32
Ul gulki, bahor sahnini bo‘ston aylar,
Men misoli kaldiroq, dilim qon aylar.
Chaqmoq kabi har nafas ajib xanda otib,
Chun bulutdek yig‘lashimga farmon aylar.
33
Xattingki, menga ko‘rsatdi hijron yuzini,
Ham ochdi ko‘zimda yuz buloqning ko‘zini.
Zulfing, sanamo, yetmasa dodimga agar,
Bir ud kabi olovda ko‘rsin o‘zini…
34
Rang olgan o‘shal lola yuzingdin guldir,
Domingga asiru banda bu ko‘ngildir.
Diltangman o‘shal g‘uncha dahoningni tilab,
Har kimki senga bersa ko‘ngil, bedildir.
35
To boqmasa mayga diyda ravshan bo‘lmas,
To ichmasa may dil dag‘i gulshan bo‘lmas.
Dersanki, «ko‘ngildin may olur xushu hirad»,
Keltur anikim, bo‘lmasa, ko‘ngil to‘lmas.
36
Ishqingda ishim nola erur yozi qishi,
Yondirmog‘i kuydirmoq emish ishq ishi.
Ne oshiq emish ulki, chu ishqing tilamas,
Evohki, shakarni ham zahar dermi kishi?
37
Ul yorki mudom va’dani yolg‘on aylab,
Bu joni dilimni oldi o‘ynab-o‘ynab.
Tunlarni uzun etdi menga ishqi bilan,
Oshiq tuni ko‘p uzun bo‘larmish, yo Rab!
38
Yashnab-ochilibsan, ey nigor, ey dilbar,
Sensizdir ishim nolayu zor, ey dilbar.
Yuzing yorishib misli bahor, ey dilbar,
Husning dag‘i ul bahorcha bor, ey dilbar.
39
Dunyoga barobar emish u — tulkimi, sher,
Hech kimsaga yo‘q baqo — qo‘rqoqmi, daler .
Ko‘rdingmi, kschang kabi o‘tib ketdi kuning,
Ertang dag‘i o‘tgay, bunga bovar qilaver.
40
Bir dona tishing tushibdi, ey oyjamol,
Shundanmi yuzingdan rang siniq, o‘zgacha hol.
Bir tishga sumanbar, shu qadar tashvishmi?
Bnr dur kamayibdir sadafdin, ne malol.
41
Daryoda baliq kabi suzib, o‘ynar g‘oz,
O‘rdak bila o‘xshashlish bor, siynafaroz .
Har chandki, erinmay kun bo‘yi suvda suzar,
Sohilga, sheriklar yoniga qaytar boz.
42
Ne bo‘ldi firoq ichra ziyonim, so‘rama,
Ne chekdi kuyib g‘amingda jonim, so‘rama.
Nelar ko‘yida uchdi fig‘onim, so‘rama,
Ne bo‘ldi ishim, shudir jahonim, so‘rama.
43
Har chandki faqir erur agarchi dono,
Ko‘rgil uni boyi bexiraddin a’lo.
U boyligi yo‘q edi, davlatmand bo‘ldi,
Bu donish ila hamisha davlatmand shoh.
44
Chehrangga boqib, alamdadir gul bila bog‘,
Sensiz menga begona erur ayshu farog‘.
Ko‘zim seni deb chekmasa gar hasratu dog‘,
Kim yig‘lar axir yo‘lingda? Ey, ko‘zu charog‘!
45
Zulfing uchirib ko‘zimdin uyqu, tunrang,
Ey, ohu ko‘zim, etma menga kibri palang .
Bas, jismu dilimga aylading jabru jafo,
Zulfing kabi xam bo‘ldi u, ko‘zing kabi tang.
46
Gar xomush esa bulbul, ey changnavoz,
Derlarki, yuzingga gul o‘zi so‘ylar roz.
Ul bulbulu gulga ko‘z tutarmen, yetmas,
Na ko‘zga jamolu na qulog‘imga ovoz.
47
Chehrangdin olib nur oftobi kunduz,
Izmingda yana haqqi savobi kunduz.
Kunduzki, sanam, tun kabi xatting o‘ramish,
Hay-hay, ayagil, etma xarobi kunduz.
48
Orasta bo‘lib zulfu yuzingdin tunu kun,
Umrim o‘tadir quvib izingdin tunu kun.
Kim, ortiga qaytmas tunu kun, qo‘rqarmen,
Bir yo‘la yiroq etma o‘zingdin tunu kun.
49
Chehrangdin o‘lib hamisha kunduz gulgun,
Zulfing kabi oshiq tuni ham ko‘p uzun.
To senga, sanam, mehri niyoz aylamasam,
Men kun bila tun farqini bilmay, dilxun.
50
Har nechaki ko‘p uzun kecharkan, sanam,
Oshiq dilida oshar fig‘on, hasratu g‘am.
Soching ko‘yida dilimda yo‘qdir qayg‘u,
Kim, senga soching kabi uzun tun hamdam.
51
Tong yo‘qki, qamashtirur quyoshni shu’lang,
Vaslingga yetolmayin quyosh ham diltang.
Nur olsa quyosh agar yuzing shu’lasidan,
Yoqut u quyosh shu’lasidan olgay rang.
52
Dilbarki, mudom erdi dilimga mahram,
Jon oldi, mashaqqatimni hech etmadi kam.
Dil motami ichra xo‘p emish sabru qaror,
Men qaydin olay sabrni, ko‘p ersa sitam.
53
Javringni chekib, falak, netay, past bo‘ldim,
Tuproqqa qorishdim, xor ila xas bo‘ldim.
Ey, soqiyi g‘am, maying ichib, mast bo‘ldim,
Dermanki, ko‘lingni tort, yetar, bas, bo‘ldim.
54
Ko‘nglimda umid g‘unchayi xandoningdin,
Chun menga ne g‘am jafoyi so‘zoningdin?
Tin olmayin hech jafoyu jakring chekayin,
Dil uzmayin hech chohi zanahdoningdin.
55
Jonon labi-ku aqiqqa o‘xshaydi tamom,
Har lahza latif yuzi berar ishqima kom.
Gar ikki kuzim to‘kar yana ashki aqiq,
Chun ishqi aqiq ko‘z bila ko‘nglimda mudom.
56
Chun otash o‘lib havoda gar uchgaymiz.
Ham obi ravon kabi oqib kechgaymiz.
Tuproq bo‘lamiz, agarchi biz gavhar edik,
Bas, shundoq esa, bodani ber, ichgaymiz.
57
Ko‘z yoshima chun g‘arq bo‘libdir tanim,
Dil otashidim kuyib tilim ham dahanim.
Bir dardi firoq ichra qolibdir vatanim,
Bas, o‘zimga bo‘lmay, men yana kimga g‘anim?
58
Yoding bila tilga nolayu un keladir,
Ko‘z kiprigidin hazor Jayhun keladir.
Bildingmi, ko‘zimdin ne uchun qonlar oqar.
Kim, ko‘zimga ko‘nglim saridin xun keladir.
59
Do‘stlar, kelingiz, to‘yib-to‘yib may ichamiz,
Kunduz kulishib, kulguda kechsin kechamiz.
Tokay yuramiz kuyib shu olam g‘ami deb,
Olam eli ichra biz axir bir nechamiz…
60
Ishqing o‘tig‘a dilim sari yo‘l berdim,
Ko‘z yoshiyu faryod sari qo‘l berdim.
To bo‘ldi dilim ishqu firoqingga asir,
Tuproq bo‘libon sochildimu sovrildim…
61
Darmonim o‘zing, bir dili bemorim bor,
Ko‘yingda ham osonimu dushvorim bor.
Xor etdingu xorligimda topding izzat,
Tokaygacha bu qiyomati zorim bor?
62
Ey ishq, meni xastaga malham qani?
Oy yuzli o‘shal dilbari mahram qani?
G‘am ilgidaman, nechuk xalos bo‘lgaymen?
Tun tutqinimen, kun kabi hamdam qani?
63
Yuzing-ku aqlni qochirar, may ermas,
La’ling-ku shakar to‘kar, vale nay ermas,
Zulfingni ko‘rib, sanam, nechun dil titrar?
Yurganda yo‘ling ham shakkaristondir, bas.
64
Zulfingni ko‘rarda ishq degan tuyg‘u kelar,
Husningni ko‘rarda oyga ham ko‘zgu kelar.
Ruhim ochilur gul kabi chehrangni ko‘rib.
Bildingmi, ko‘ngilga ne ajab orzu kelar?
65
Gar ko‘rdim zsa jabru jafo gardundin,
U sochdi, qarang, sochimga oppoq undin.
Tahqir nazari-la aylama menga nigoh,
Bir qarchig‘ay afzal yuz qaro quzg‘undin.
66
Yorim ko‘zida sharmu hayo bo‘lsaydi,
Rahm aylar edi, bo‘lmas edi tosh misol.
Hijron ko‘zida sharmu hayo bo‘lsaydi,
Do‘st birla toiar edim ajab vaslu visol.
67
O‘n yo‘lga yurarsan, o‘n diling bor magaram,
O‘n-o‘n tugibon, bittasini ochmadingam.
Siynamdagn birgina yurak, ey oqil,
Ul o‘nta dilingdan, o‘ylakim, yuztacha kam.
68
Jabring u qadar jafoki, aflokka yetar,
Xusning dag‘i oydan ham balanddir, dilbar.
Gar doirai gardun erursan, ey charx,
Baxtimni nechun yiroq etarsan bu qadar?
Jamol Kamol tarjimalari
1
Soqiy tutsa menga mayi gulgunni,
Gulgun qilayin firog‘idan Jayhunni.
Mayga shunday bo‘ktirayin zaminni,
Mast aylayin yer ostida to Qorunni.
2
Etdi gulu bog‘u mayi gulgun bizga,
Ko‘rdi-yu hasad etdi gardun bizga,
Issig‘i qilib ta’sir sekin bizga,
Sardoba berar bo‘ldi taskin bizga.
3
O‘q bo‘ldi balo yoyiga nozing oshkor,
Unvoni jafo nomasini noming, yor,
Senda jam ekan jahonda bor, zulm, ozor,
Husn ahlida bo‘lmagay sadoqat zinhor.
4
Yor hajrida ko‘nglim sira ham bo‘lmas shod,
Etmas meni yod men uni etsam-da yod,
Birgina dilimga qildi ming bir bedod,
Arziydi uning dastidan etsam faryod.
5
Mast ko‘zi zaifu notavon qildi meni,
Murod bog‘idan quvdi – xazon qildi meni,
To‘ntardi binafshadek – yomon qildi meni,
Gulning yuzidek dilimni qon qildi meni.
6
Dilbar dilining azmi bilan qildi safar,
Tashna labidekman ko‘zidek suvda magar.
Birgina safar bilan aziz diydorin
Qildi u aziz ko‘z ila jondan shu qadar.
7
Ey yor, labu g‘amzang biri – og‘u, biri – bol,
Jonga huzur undan, bundan dilga malol.
Bu g‘amzayu labki, dilbaristondandir,
Ko‘p rohati ranjidan uning yetsa visol.
8
Qo‘lingda agar ne’mati yuz Parvezdir,
Otxonangda gar ikki yuz Shabdezdir,
Kibr etma agarchi davlating tengsizdir,
Charx tig‘i kesishga umr ipini tezdir.
9
Har ikki tilar bo‘lsam, unga imkon yo‘q,
Shundan dilim tangligiga poyon yo‘q,
Tangdillikdan xalos bo‘lish oson yo‘q,
Darmoni uning sabru menga darmon yo‘q.
10
Himmatda hadisi Hotami Tay qoldi,
Fazl ichra kalomi sohibi Ray qoldi,
Jomi tama bu zamonda bemay qoldi,
Insoniylik jahonda o‘gay qoldi.
11
Yuzing nurdan mudom rivoyat qiladi,
Husning hurdan mudom hikoyat qiladi,
Vasling o‘zidan uzoq g‘oyat qiladi,
Qop-qora sochimni oq nihoyat qiladi.
12
Yorimning barcha va’dasi yolg‘ondir,
O‘ynab unga ko‘nglimni olish osondir,
Ishq etdi uzun kechalarimni, zero,
Oshiq tunining uzunligi chandondir.
13
Hajringda ne qadar ziyonim, so‘rama,
Dardingda kuyar ne chog‘li jonim, so‘rama,
Ko‘z yig‘lab to‘kdi qancha qonim, so‘rama,
Holing ne deb, yaxshi-yomonim so‘rama.
14
Men do‘st firoqida ayyomi firoq,
Sipqordim qancha-qancha jomi firok,
Ta’qib etadi qachongacha domi firoq,
To‘ydim eshitishdan hatto nomi firoq.
15
Tunday zulfi tunlari oldi uyqu,
Sher kibri yonar ko‘zlari garchi ohu,
Ko‘p jabru jafo qildi dilga, yohu,
Zulfi kabi xam bo‘ldi, ko‘zidek tang u.
16
Darvesh bo‘ladi aslida kimki dono,
Nodonda agarchi ortiq mol-dunyo,
Mol ko‘pligi martaba emasdir aslo,
O‘z ilmi bilan shoh bo‘lar odam tanho.
17
Ey, rashk etadi ko‘rib yuzingni gulu bog‘,
Sensiz na gulu lolada bor ayshu farog‘,
Gar yig‘lamasa ko‘zim chekib hasratu dog‘,
Kimning ko‘zi yig‘lar, ey menga ko‘zu charog‘?!
18
Birgina tishing tushganiga, nozli sanam,
Har ikki yuzing-da sarg‘ayibdi juda ham.
Hay, birgina tishga shunchalik tashvishmi,
Bo‘libdi sadafdan bir dur bor-yo‘g‘i kam!
19
Dunyo qoshida tengdir tulkimi, sher,
Boqiy yashamas hech kim – qo‘rqoqmi, jasur.
O‘tdi kechadek bugun-da, qaytmas sira, ko‘r,
Gar erta kelur, u o‘tgan kundek o‘tur.
20
Guldek ochilibsan beg‘ubor, ey dilbar,
Hajringda tikandek men xor, ey dilbar,
Har ikki yuzing misli bahor, ey dilbar,
Ko‘nglingdagi zavq bahorcha bor, ey dilbar.
21
Ko‘z nurga to‘lar mayga nazar gar etadi,
May ichmas esang, quvonch qayerdan yetadi?
Deysan: “Maydan aqlu hush ketmay netadi?”
Keltir qani, may kelmasa nima ketadi?
22
Dardingda agar yuzimni yuvsa-da qon,
Ishqing o‘ti ortadi dilimda har on.
Ishq oldida zaif bo‘lmasa, ey jonon,
Achchiq dermi shirinni hech bir inson?!
23
O‘xshaydi bahorga yoru yo‘q rahmi biroq,
Cheksam-da fig‘on misli momoqaldirok,
Kulgiga yashindek lab ochib jodu qaroq,
Yig‘lashga bulutdek amr etar meni u choq.
24
Bir kuni tugar tunu kular kunduzimiz,
Porlaydi sharaf burjida yulduzimiz,
Shirin labimiz bitsa shikoyat so‘zimiz,
Otlarga zafar jabdug‘in urgan kezimiz.
25
Bir kecha sanam qoshida bo‘lsam koshki,
O‘pib labidan, qo‘ynida to‘lsam koshki.
U yoshli ko‘zimga noz bilan qo‘ysa oyoq,
Men bosh urib eshigiga o‘lsam koshki.
26
Zulmat kechalarda menga yor yuzi chiroq,
Tunlar-da chekar, bo‘lmasa yor zulfi, firoq,
Parda bo‘libon visolidan solsa yiroq,
Yig‘lash bo‘ladi ishim tunlarga u choq.
27
Ey husnu malohat koni, ey bebaho dur,
Har so‘zga alanga olma, saqla g‘urur.
O‘xshatsam o‘tu suvga seni yarashur
O‘tdek poku suv kabi azizsan-da, axir.
28
Shirin labining dardida dil zor ketdi,
Andisha qilib, quvvati takror ketdi.
Umrim bo‘yi hosil etganim barcha ilm
Shirin labi orzusida bir bor ketdi.
29
Bu charxi falak bo‘ldi menga xayrixoh,
Ko‘rdim yuzini – menga zamin uzra moh,
Ishqi yo‘lida vasli hamisha hamroh,
Qildimi qabul duolarimni Olloh?..
30
Kun bo‘ldi yuzing tufayli shunday porloq,
Tun bo‘ldi soching tufayli zulmat mutloq,
Qildi kunu tuning ishqi misli tuproq,
Kun lashkaridan bormi qutulmoq, hech choq?!
31
Ey tunlari yo‘q ko‘zimda sensiz uyqu,
Tinch uyqung bedorligim boisi-ku,
Ishqingda ko‘zimda uyqusizlik mangu,
Har ikki ko‘zim yoshidan ichar suv u.
32
Qo‘zg‘oldi dilim – ahdini buzdi dildor,
Dedim: “Meni bu oshiqlik ayladi xor”.
Nogoh menga yor ishqi bo‘ldi yor,
Qo‘zg‘olgan ko‘nglim yana cho‘kdi nochor.
33
Bo‘libdi quyosh yaxshigina yoqutgar,
Yoqut labingdan o‘rgandi bu hunar.
Topganda kishi labingni, yoqutni netar,
Yoqutning o‘zi banda senga, bilsang agar.
34
Dushman fe’li yomonu do‘st bevafo,
Har kun shundan menga jafo uzra jafo,
Tan bo‘lsa omon, jonning ishi jobajo
Mag‘z bo‘lsa, chekish po‘st g‘amini noravo.
35
Dedim: “Oshiq bo‘lma, ishq yo‘li yomon”.
Yuzingni ko‘rib, ahdim unutdim shu zamon.
Ahdimdan qaytsam, bor uzrim begumon,
Ketibdi tamom qo‘limdan ixtiyor, inon.
36
Aqling bu zamonda sen uchun koni ziyon,
Ko‘rar bu zamonda naf bir nodon, inon,
Keltir aql oluvchi narsani buyon,
Shoyadki kulib boqsa bizga-da zamon.
37
Hajring – vabo, yetsa agar qaysi tomon,
Yirtar u tiriklik pardasini beomon,
Derlar: “Yoqut vaboni eltar begumon”,
Shundanmi, labingdan uzmagayman ko‘z bir on.
38
Ishqing aqlning yoqasidan oldi,
Barmog‘ini jodu og‘ziga soldi,
Jonu dil savdoying ichinda qoldi,
Har ne tilasa, ikki karra oldi.
39
Har kimki nazar o‘shal parivashga etar,
Dil ketsa, qo‘shilib dil zangi-da ketar,
Kimga u qadahni to‘ldirib boda tutar,
Ishq masti malomat ko‘yidan qo‘rqmay o‘tar.
40
Esdi g‘azabing shamoli to menga tomon,
Tuproq kabi har yoqqa meni sochdi shu on,
Toki dilim ishqing o‘tida chekdi fig‘on,
Bir anhor bo‘ldi har kiprik begumon.
41
To boshimga qiyomati ishq yetdi,
Ko‘zga ko‘rinib malomati ishq netdi?
Ko‘nglimni makon nadomati ishq etdi,
Yuzimga chekib alomati ishq ketdi.
42
Ishq ahli ko‘zida sensiz yo‘q uyqu,
Deysan: “Meni ko‘rganing saodat mangu”.
Uyqum bilan ahding sust esa, yohu,
Har ikkisini zamon yuvib ketgani shu.
43
Gar etmasa dil birorta dilbarga nazar,
Shoyadki dilim bo‘lmasa ko‘ksimda magar.
Bersam-da dilimni mendan olmaydi xabar,
Yo‘q rahmi o‘zining oshig‘iga shu qadar.
44
Yuzing tutunsiz otashga o‘xshash,
Dil der: “Tutunsiz bo‘larmi otash?”
Xatting ko‘rinib tutunsiz otash, mahvash,
Ishq otashini kuchaytirar u yakkash.
45
Ey, oq yuzing tufayli yorug‘dir kun,
Miskin oshiq tunidek zulfing uzun,
To tunu kuning bilan tunimmas uyg‘un,
Bilmayman kun qaysiyu qaysidir tun?
46
Ey nozli sanam, cho‘zilsa ko‘p tunlar, ishon,
Ko‘nglim kuyaru tanim qilar nola-fig‘on.
Zulfingga yo‘q ehtiyojim, chunki ayon
Zulfingning noibi uzun tun, begumon.
47
Dedimki: “Bugun bir ayla ko‘nglim ravshan,
Har ikki labing menga tuzoqdir – dushman.
Kuydirdi meni yuz bor misli gulxan,
Bir juftgina bo‘sa uchun u, bilsang”.
48
Bir qushki, baliq misoli suvni sevar,
O‘rdakmasu o‘rdakdek bo‘ynini cho‘zar.
Kun bo‘yi tinim bilmay suv ichra suzar,
Qaytar iziga qachonki qavmini ko‘rar.
49
Do‘st bo‘lmasa, yum xalqni qo‘rqmoqdan ko‘z,
Hech bedil suhbatidan o‘girma yuz,
Sham singari bo‘lu endi, kecha-kunduz
To‘k ko‘z yoshi ko‘zsizu kuyib-yon dilsiz.
50
Husning ko‘rib, olam ahli ko‘nglida zavq,
Berdi shakaru bolga labing lazzatu shavq.
Shavq ila kelib ko‘yingdan aylanadi
Zulfingdan gardanimda qumri kabi tavq.
51
Kun bo‘ynidadir mudom yuzing haqqi, sanam,
Tun kun etagiga tikdi chodirini ham,
Tundek xatting bo‘ldi kun atrofida jam,
Kun bag‘rini tun so‘zi bilan yoqma bu dam.
52
Oftobdan etar hamisha ruxsoring nang,
Oftob emas u, agarda bo‘lsang diltang.
Oftob nur olar sening yuzingdan, jonon,
Oftobdan esa o‘g‘irlagay yoqut rang.
53
Bir dilbarki, unda emish marhami dil,
Oldi-yu kamimni, olmadi hech kami dil,
Sabr etsa durust yetganida motami dil,
Yo‘q sabr, ammo, toki olsa g‘ami dil.
54
Aldoqchi falak, dastingdan xor bo‘ldim,
Jabringni faqat ko‘rdim to bor bo‘ldim,
Qayg‘u mayidan mastu xummor bo‘ldim,
Qo‘y meni, o‘zim yo‘qotdim, abgor bo‘ldim.
55
O‘xshaydi labing aqiqqa, ey jononim,
Yayraydi latif yuzingni ko‘rib jonim,
Ko‘zimdan agar oqsa aqiqday qonim,
Bois aqiq ishqingdagi oh-afg‘onim.
56
Bo‘lsak tunu kun soz edi mayga payvand,
Kulsak qora kunlar ustidan shod-xursand,
Dunyo g‘amiga qachongacha dillar band,
Kam olam ahli ichra bizga monand.
57
Yodimga qachon u qaddi mavzun keladir,
Har bir kiprikdan yuz Jayhun keladir,
Ko‘zdan, bilasanmi, qon ne uchun keladir,
Dil qoni ko‘zimdan urib to‘lqin keladir.
58
Sendan shifo topadi bemorligim,
Sendan barcha osonu dushvorligim,
Xor etdingu izzat menga shu xorligim,
Sendan to qiyomatgachadir zorligim.
59
Zulfingni ko‘rib har kishi oshiq bo‘ladi,
Husningni ko‘rib ko‘ngil sururga to‘ladi,
Yuzingni ko‘rib jon bog‘ida g‘am so‘ladi,
Dil orzu bilan yashar, yo‘qsa o‘ladi…
60
Yuzing may emasu aql qochib ketadi,
Zulfing g‘am emasu dil parhez etadi,
Lablar shakarqamish bo‘lmay netadi,
Har lahza agar undan shakkar yetadi.
61
Ey oshiq dil, dardingga malham qani?
Bir yuzi oyu kokili xam qani?
Qutqargali g‘am bandidan hamdam qani?
Yoritgali tunni husni olam qani?
62
Sen jabru jafodasan falakka hamkor,
Husn ichra to‘lin oydan o‘tarsan ming bor.
Bo‘lsang-da jahon gardishi, ey charx, oshkor,
Bu gardishdan tashda murodim zinhor.
63
Turmush g‘amu tashvishlari ezib tunu-kun,
Qop-qora sochimga oq oralabdi butun.
Bir oq lochin yuz qora zog‘dan afzal,
Bas, ta’na bilan menga nazar tashlama san!
64
Bo‘ldi-yu nihon ko‘zimdan oy siymosi,
Qildi meni devona uning savdosi.
Na uyquyu na ishtaha, na aqlu na dil –
Hech qolgan emas tirikligim ma’nosi.
65
Do‘st etdi hamisha menga jabru ozor,
Ko‘z yosh to‘kaman yurib parishon, bedor,
Daryo bo‘ladi ko‘zim yoshidan, ey yor,
Men sajda qilgan har mehrobki bor.
66
Ul tunki, judo bo‘lding mendan, dilxoh,
Zulfing kabi qora bo‘ldi tunim nogoh.
Bu tunda ko‘ray derman, inshoolloh,
Yuzingda sening tongu chehrangda moh.
67
Ko‘zim nuri sen tufayli paydo bo‘ldi,
Aqlim seni deb to‘lishdi, dono bo‘ldi,
Ketdingu ishim kulfatu savdo bo‘ldi,
Sensiz bu tiriklikda ne ma’no bo‘ldi?!
68
Naq o‘nta diling bordiru o‘nta chora,
O‘nta tugun urding, ochmading bir bora,
Birgina dilim yuzta g‘amingdan pora.
Birgina diling qilmadi bir nazzora.
69
Otash kabi osmonga yuksaklik agar,
Pok bo‘lsak oqar suvdan bir necha qadar,
Aylansagu xokka, xokimiz bo‘lsa-da zar,
Tut bodani, boddir bu jahon boddek o‘tar.
70
G‘arq bo‘lsa-da ko‘z yoshiga har qancha tanim,
Kuydi tilim dil o‘tidan og‘zimda manim,
Hijronu g‘ariblik g‘ami bo‘ldi vatanim,
Shundan yo‘q o‘zimdan o‘zga menga g‘anim.
71
Ishqing o‘ti to dilimga qildi bedod,
Ko‘z yoshi bilan bulutdek etdim faryod,
Bir lahza firog‘ing qo‘li qo‘ymas ozod,
Tuproq kabi yel qo‘lida bo‘ldim barbod.
72
Childirmachi qiz, ishqing o‘tida kuydim,
Ko‘nglimdagi o‘tdan bexabarsan – tuydim,
Childirma kabi nola qilar endi dilim,
Childirma kabi chunki qo‘lingga qo‘ydim.
73
Bedorlik azobidan vujudimda tab,
Ko‘p avjini tutdi dildan uchgan: “Yo Rab!”
Tundek qora zulfini hijron tunida
O‘ziga niqob qilibdi ul shirinlab.
74
Hajring g‘ami har necha komiga tortar,
Hajring mayidan ichib, xumorim ortar.
Qay kunki, desam, senga yaqinroq bo‘ldim,
Diqqat qilsam, uzoq tushibman battar.
75
Har lahza xatingga intilib tolmasman,
Qilsang-da jafo, ortingdan qolmasman,
Ko‘p jabru jafosi deb qo‘lim olmasman,
Iyak chohidan o‘zgaga dil solmasman.
76
Guldek kulu, ey turk, sarvdek bo‘y cho‘za qol,
Bu sarvu gul uchun bor menda dilu mol,
Aql esa agar moling, ulug‘ senda jamol,
Maqsad jamol ishqingdan, o‘ylama mol.
77
Baxsh etmas edim aslida ruxsoriga dil,
Bog‘lar edim u zulfi – uzun doriga dil,
Berdim bu jahonning bir dildoriga dil,
Bermasman endi o‘zga bir yoriga dil.
78
Bo‘lsam-da, sanamga nima, otash masti,
Menman o‘sha ko‘ngli toshu sarkash masti,
Bo‘lsam bir dam vasli parivash masti,
Bo‘lmasman hech hajri balokash masti.
79
Jonbaxsh ovozing menga yetgan dam,
Shamdek yig‘larman to‘kib ko‘zdan nam,
Bu o‘tu haroratlarki, mendan jam,
Yuzdan biri bo‘lsa, chiday olmasdi sham.
80
Bo‘ldi-ku jafo menga safoyi safari,
Qildi meni qushuyqu baloyi safari,
Kimga yig‘lay bo‘lsam adoyi safari,
Tutgaymi jafo qilsam joyi safari?
81
Changing gar emas bulbul, ey changnavoz,
Yuzing guli bilan nega aytar hama roz?
Ul bulbulu gul nega olar unda yana
Ko‘zimdan husnu qulog‘imdan ovoz?
82
Topdi tartib zulfu xatingdan tunu kun,
Tinmay quvadi bir-birini ishqing uchun.
Xavfim: tunu kun siri ado bo‘lsa, keyin
O‘tgan tunu kundek kelishing qayta qiyin.
83
Bir hayvon: tuproq – ona, suv – ota magar,
O‘z otasi ishidan qilar gohi hazar,
O‘z onasi shod tutmasa nomini agar,
O‘z otasi bilan sira qilmaydi safar.
84
Gul olgusi lola kabi yuzingdan rang,
Ishqing meni tortar o‘ziga gar, bilsang,
Tor og‘zingdek bo‘libdi bu dil ham tang,
Bedil senga dil bermasa kim, ey sho‘x-shang!
85
Mushkin xatidan toki uning tushdim uzoq,
Yuz ochdi ko‘zim sahnida yuzta buloq,
Akbar zulfi yetmasa dodinga, biroq,
Manqaldagi uddek meni yoqqusi firoq.
86
Qizil gul bo‘ynida yuzing haqqi, sanam,
G‘uncha dilida og‘zing hijronida g‘am,
Oshiq yuzi za’faron, dili zor, ko‘zi nam,
Sevib seni yo‘qotgani shu, topgani ham.
Ruboiylarni fors tilidan Ergash Ochilov tarjima qilgan.