Zamonaviy
August 21, 2020

Bahrom Rahmonov (1915–1963)

Asli kasbi huquqshunos boʻlgan Bahrom Rahmonov oʻnlab otashin va dolzarb publitsistik maqolalari va “Yurak sirlari” sahna asari bilan adabiyotimiz tarixidan munosib oʻrin egallaydi. Adib 1915 yil Toshkentda ziyoli hunarmand oilasida tavallud topgan; oʻrta maktabni bitirib, Toshkent davlat yuridik institutiga oʻqishga kiradi. Oliy maʼlumotli boʻlgach, mazkur institut qoshidagi aspiranturada tahsil oladi.

U 1939–1940 yillarda Krasnodardagi harbiy maktabda oʻqiydi. Boʻlgʻusi adib huquqshunos boʻlganligi tufayli urush arafasida Janubiy frontdagi 74-oʻqchi polk prokuraturasida harbiy tergovchi vazifasida xizmat qildi. Ikkinchi jahon urushining boshdan oyoq barcha mashaqqatlarini oʻtab, 1946 yilda ona shahri Toshkentga qaytadi. Avvaliga Turkiston harbiy okrugida prokuror yordamchisi, soʻng Tashqi ishlar vazirligida boʻlim mudiri boʻlib ishlaydi. 1948–53 yillarda esa dastlab hozirgi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida targʻibot boʻlimini boshqaradi, biroz vaqtdan soʻng mazkur gazetaning bosh muharriri etib tayinlanadi. Uning badiiy ijodga kirib kelishi gazetada ishlab yurgan kezlaridan boshlangan boʻlib, dastlab oʻnlab publitsistik maqolalar yozadi.

“Bahrom Rahmonov huquqshunos boʻlsa ham, ‒ deb eslaydi yozuvchi va jurnalist Maqsud Qoriyev oʻzining “Ezgulikka intilib” (1998) nomli kitobida. ‒ Jurnalistika, adabiyot va sanʼatga benihoya havasli inson edi”. Chindan ham uning oʻnlab siyosiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayot muammolariga bagʻishlangan publitsistik asarlari oʻzining oʻta dolzarbligi bilan ajralib turadi.

Badiiy ijod sohasidagi ilk dadil qadami “Yurak sirlari” (1953) sahna asari boʻldi. Unda koʻzboʻyamachilik va poraxoʻrlik kabi yaramas illatlar ayrim shifokorlar faoliyati orqali fosh etilgan edi. Asar 1954 yili ustoz rejissyor Toshxoʻja Xoʻjayev tomonidan hozirgi Oʻzbek milliy akademik teatrida sahnalashtiriladi va katta shov-shuv, bahs-munozaralarga sabab boʻladi. Hatto matbuotda asarni inkor etuvchi maqolalar bosilib chiqadi. Oʻsha davr mamlakat adabiyot va sanʼat ishlari boʻyicha mutassadilarining aralashuvidan soʻng bahs barham topadi. Adib haq boʻlib chiqadi.

Shundan soʻng Bahrom Rahmonov “Surmaxon” pyesasini yaratdi va u Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri sahnasida koʻp yillar namoyish etildi. Shuningdek, dramaturgning “Oltin odamlar”, “Mardlar qissasi”, “Qilmish-qidirmish” dramalari yaratildi va sahnalashtirildi.

Bahrom Rahmonov 1955–1958 yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimida xizmat qilgan.

"Yosh kitobxon" kitoblari