Ahmad Qurbonnafasov
ShOIR DO‘STLARIMGA
Arzimas ginalar, mayda gaplarni
tosh qilib otmaylik bir-birimizga.
Ayniqsa, g‘arazni olib kirmaylik,
do‘stlarim, samimiy she’rlarimizga.
Yaxshimi, biz so‘zlar ichiga agar
itlarni qamasak — g‘ingshib tursalar,
gazeta betidan bizga irillab,
kitoblar ichida turib hursalar!!
Ginali, ta’nali she’rlar yozmaylik!
Omadi yurishgan nokasday bir kun
omadi yurishib xuddi shu she’rlar
kelajakka borib qolishi mumkin.
Yaxshimi, bu she’rlar noma’lum avlod
qalbini mushukday tirnab tursalar,
ezgulik bobida emas, ularga
adovat bobida ibrat bo‘lsalar!
Yaxshimi, fosh etsa munosabatda
omonat, havoyi, puchligimizni!
Nafsimiz juda ham buzuqligiyu
shuhratga o‘lgudek o‘chligimizni!!
Bugungi ginamiz ertaga qolsa,
ortadi ertaning bir qabohati.
Bugundan qoldirmay tark etmoq lozim
yurakda kin asrab yurmoq odatin.
Ertaning bag‘rini g‘arazdan, kindan
xoli ko‘rmoq uchun, poklamoq uchun,
ko‘nglimizni turfa chirkinliklardan
forig‘ etmog‘imiz lozimdir bugun.
Arzimas ginalar, mayda gaplarni
o‘q qilib otmaylik bir-birimizga.
Ayniqsa, g‘arazni olib kirmaylik,
do‘stlarim, samimiy she’rlarimizga!
HAYKAL
Yosh eding,
qaynonang, qaynotang senga
rahm etib, bir kuni g‘aming yedilar:
hayotda mevasiz daraxtday o‘tib,
dunyodan o‘chmasin noming dedilar.
Kovushlaring toshday zil-zambil edi,
zo‘rg‘a ko‘tardilar, sen-chi, tuymading.
Ming bir andishada uni o‘ngarib,
to‘g‘rilab qo‘ydilar, biroq… kiymading!..
Hali selgimagan urush qabrini
atayin unutgan ko‘zlari bilan
tikilib, ketkazmoq bo‘ldilar seni
goh shirin, goh achchiq so‘zlari bilan…
Ketmading, haftalar, oylar ketdilar
moziyning qa’riga singib birma-bir.
Sen esa toliqmay yolg‘izlik bilan
olishib yashading sobit, birga — bir.
G‘amlar sochlaringning qorasin oldi,
hijron oldi yuzing latofatini.
Ketmading, kelinlik uyingda qolding,
sen hamon, sen hamon uning xotini…
Bir kuni kechki payt supada adl
turar eding oyga boqib, o‘y surib.
Ko‘chadan o‘tganlar qalbida nogoh
bir faxr uyg‘ondi holating ko‘rib.
Xayolan vafoga qo‘yilgan yuksak
haykal andozasin sendan oldilar.
Chunki bir jangchidek sening ham go‘zal
haykal ekaningni bilib qoldilar.
Turkmanchadan Sulaymon Rahmon tarjimalari