Abusaid Abulxayr (967-1049)
Abusaid Fazlulloh ibn Abulxayr Muhammad ibn Ahmad Mayhaniy (ابوسعید ابوالخیر) Xurosondagi Xovaron viloyatining Mayhana qishlog‘ida tug‘ilgan. Sulton ul-orifin — Oriflar sultoni degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan bu ulug‘ inson Abusaid Abulxayr, Shayx Abusaid Mayhaniy nomlari bilan musulmon olamida shuhrat qozongan.
«Qutbi olam Abusaid Abulxayr qaddasallohu sirrihu barcha akobir va mashoyixlar qalbining podshohi edi. Bu dunyoda hech kimdan bu qadar ko‘p karomatu riyozat naql bo‘lgan emas. U — foniyi mutlaq, u — boqiyi barhaq, u — ilohiy mahbub, u — nihoyatsiz ma’shuq, u — mamlakat nozanini , u — ma’rifat bo‘stoni, u — falakni sayr etuvchi arsh» , — deb vasf etgan edi uni Farididdin Attor «Tazkirat ul-avliyo» asarida. Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat»da bu ta’rifni davom ettirib, uni «shariat sultoni», «tariqat sultoni», «zamona sultoni», «tariqat ahlining husni», «qulub mushrifi», ya’ni «qalblarni o‘ziga qaratgan zot» kabi sifatlar bilan ulug‘laydi. Uning zamonida barcha mashoyix Abusaidga tobe edilar, deydi.
Naql qilishlaricha, Abusaid Abulxayr nafaqat donishmand, balki yaxshigina tab’i nazmi bor, o‘zi dilkash va suhbati huzurbaxsh kishi bo‘lgan. Eronda uning 720 ruboiysi va parokanda she’rlarini o‘z ichiga olgan «Suxanoni manzumi Abusaid Abulxayr» to‘plami hamda shayxning so‘zlari va holatlari bayoni, u haqdagi hikoyatlar asosida tartib berilgan «Asror ut-tavhid» nomli manoqib nashr etilgan. Xususan:
Havro ba nazorai nigoram saf zad,
Rizvon ba ajab bimondu kaf bar kaf zad.
On xoli siyah bar on rux mutraf zad,
Abdol zi bim chang dar Mushaf zad , —
ruboiysi shoirga favqulodda shuhrat keltirib, unga bag‘ishlab 5 ta risola yozilgan .
Bu ruboiyni sohibqiron Amir Temur ham yod bilgan. Abusaid Abulxayrga «qabul nazari» Shayx Abulqosim Bishr Yosindan tushgan: u Abusaidning kelajagini bashorat qilib, «olam aning bila tirilgusidur» , degan edi.
So‘ng Saraxsda Shayx Abulfazl Hasan Saraxsiyga murid bo‘lib, undan tariqat odobini o‘rganadi. Ustozining da’vatiga ko‘ra Nishopurga borib, o‘z davrining mashhur olimi Abdurahmon Sulamiy qo‘lida diniy ilmlarini kamolga yetkazib, irshod darajasini oladi. U shayxlik xirqasini Shayx Abulabbos Qassob Omuliy qo‘lida kiyadi.
Tasavvufga oid manbalarda Abusaid Abulxayr tariqatga she’riyatni omuxta etgan shayx sifatida tilga olinadi. So‘fiyona royalarni aks ettirgan ilk qita va ruboiylar ham uning qalamiga mansub. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, tariqat shayxlarining she’riyatga murojaat qilishi Abusaid Abulxayrdan boshlangan. U o‘zidan keyingi tasavvuf adabiyotiga katta ta’sir o‘tkazgan.
Ilohiy ishq vasfi, ezgulik va ezgu amallar, yaxshi axloq targ‘ibi, vafo va sadoqat, hijron tuyg‘ulari, zamonadan va nafsdan shikoyat va boshqa mavzular Abusaid Abulxayr ruboiylarining asosini tashkil etadi.
Bu namunalar, avvalo, jozib ohangi, shavqingez ruhi va latif ma’nosi bilan kishini o‘ziga tortadi. Ular xalq og‘zaki ijodiga yaqin, ravon va yengil uslubda yozilgan. Lekin o‘zida tasavvufning ko‘plab nozik nazariy masalalarini ifoda etganligi jihatidan bu ruboiylar asosan samo’ majlislari, so‘fiylarning ma’rifiy suhbatlari orqali mashhur bo‘lgan.
1
Olam siri to hanuz yechilmay keladi,
Bu bebaho dur hamon teshilmay keladi.
Har bir kishi aqli boricha so‘z aytar,
Haq mohiyati lekin ochilmay keladi*.
_________
* Bu ruboiy Abu Nasr Forobiyga ham nisbat beriladi.
2
Sen tesha kabi o‘ylama o‘zingni faqat,
Yo ishni qilib, qolma quruq randa sifat.
Sen arradan ol saboq hayot maktabida:
Yarmini o‘zingga olu yarmini uzat!
3
Keltirdi falak qancha bahoru kuzni,
Almashtirib o‘rnini kecha-kunduzni.
Nomard qo‘liga berish uchun dunyoni
Mardlarni terib, yer qa’riga kirgizdi.
4
Xushbo‘y hidiga mushk ila anbarni* gado
Qilguvchi u soching kecha, ey nozik ado,
Tushdi oyog‘ing ostiga-yu, qildi nido:
«Boshdan-oyog‘im boshdan-oyog‘ishta fido!»
____________
* Anbar — xushbo‘y modda; majozan: zulf.
5
Maydon keng-u, ammo mardi maydon yo‘qdir,
Mard ahlida hozir shavkatu shon yo‘qdar.
Zohirlari garchi avliyoga o‘xshash,
Botinlarida zarracha iymon yo‘qdir.
6
Tacbeh o‘girib, umrni zoye’ qilma,
May ista-yu, dunyo deb yugurma-elma.
Deding: «Nima tuhfa keltiray ul do‘stga?»
«Keltir nima keltirsang-u, bedard kelma»
7
Bo‘lmas sira bizda dilki, xurram bo‘lgay,
Shodlik o‘zi biz tarafda-ku kam bo‘lgay,
Har shodligi dunyoni magar yuz ochsa,
Kelguncha yetib bizga o‘shal g‘am bo‘lgay.
8
Ko‘nglimni u o‘tli so‘zlari oldilar-ey,
Xam zulflari, ohu ko‘zlari oldilar-ey.
Derlar menga: «Dil berding ularga ne uchun?»
«Men bergan emasman, o‘zlari oldilar-ey!»
9
Yordan so‘radim boisini hijronni,
Bul bo‘ldi javobi menga ul jononni:
«Men ko‘zing erurman, yo‘q ajab, ko‘rmasang-ey,
Men joning erurman, kishi ko‘rmas jonni».
10
Mahshar kuni hamma yig‘ilar bir yerda,
Ajr olish xavfi xar ayolu erda.
Kaftimga qo‘yib ishqini peshkash etaman,
Menga: «Qani tuhfang?» — degani taqdirda.
11
Hech bitga g‘ami furqati jononcha emas,
Har qancha yomon dardi-da hijroncha emas.
Qandoq kechayin jonim esang, mushkul erur,
Dunyoni(ng) biror boyligi chun joncha emas*.
__________
* Bu ruboiy Pahlavon Mahmudga ham nisbat beriladi.
12
Ko‘p ezgu so‘zim, ammo amal yo‘q menda,
Bu holimdan or loaqal yo‘q menda.
Oson gapirish mudom, qilish mushkuldir,
Oson ko‘pu mushkul-chi, azal yo‘q menda.
13
Haq oshig‘i tunlarda turib roz qiladi,
Yor eshigu tomi uzra parvoz qiladi.
Har qayda eshik bo‘lsa, yoparlar tunda,
Oshiq eshigin tun chog‘ida boz qiladi*.
__________
* Boz qiladi — ochadi.
14
Dunyo qulining mol g‘amidan ko‘nglida dog‘,
Chog‘dir bu jahonda tanho darveshda dumog‘.
Zanjir bilan zanggi* bo‘lsa bo‘ynida magar,
Ko‘proq ko‘taradi ul eshak yukni-da, boq.
__________
* Zang — qo‘ng‘iroq, zango‘la.
15
Sharq cho‘llari qo‘ynida tikanlarki qator,
Oshiq elining qoniga og‘ushta — xumor.
Har qayda parichehrayu gulchehraki bor,
Oh, bu nima dard — barchasiga men xaridor!
16
Ahvoli g‘aribni betayin bilgaymi?
Dard lazzatini bedard his qilgaymi?
Mard kishining qimmatini mard biladi,
Nomard nazariga mardni hech ilgaymi?
17
Ogoh yashab, ogohlik ila o‘l, ey dil,
Haq tolibisanmi, yo‘lda jon taslim qil.
Ishq bunda tiriklik sifati — sen ham agar
Mansub esang unga xoh yasha-yu, xoh o‘l!
18
Yodi tunu kun oshufta ko‘nglimga yaqin,
Savdosi uning ko‘ksimaro go‘shanishin*.
Chiqmasman bandaligi doirasidan
To dil uzugi ichra hayot naqshi bu kun.
_________
* Go‘shanishin — pinhon o‘tiruvchi; xilvatda o‘tiruvchi.
19
Biz — ishq qurbonimiz, jahon — kushxona,
Biz — ochmizu bedor, jahon — oshxona.
Jannat havasi yo‘q bizda, jannat o‘zi —
Bizning do‘zaxga rashk etar pinhona.
20
Harchand ishimizdan xabardormasmiz,
Behuda tamoshobini gulzormasmiz,
Ul hoshiyai kitobga darkormasmiz,
Darkor-ku emasmiz vale bekormasmiz.
21
Men — ishqman-u, har tomirima g‘am payvand,
Men — dardman-u, dil dardgadir hojatmand.
Men — sabrman-u, sher panjasining komidaman*,
Men — shukrman-u, mudom xohishim xursand.
__________
* Kom — og‘iz, tanglay; murod, maqsad, orzu; baxt.
22
Har qancha agar yaxshi ishing — sendan emas,
Yo bo‘lsa yomon qilishing — sendan emas.
Ko‘n borigayu shod yasha, yaxshimi-yomon —
Dunyo ishiga o‘tmas tishing — sendan emas.
23
Dunyo g‘amu dard manzilidir, bilgaysan,
Yo‘q foydasi har qancha diling tilgaysan.
Har quni biror do‘st firog‘ida kuyib,
Har lahza biror do‘stga vido qilgaysan…
24
Ey ko‘z, qarasang sin solib, ko‘rgaysan to:
Dunyo ishi boshdan-oyoq dardu savdo.
Xilvat va qanoat uyini ayla makon,
Osuda bo‘lay desang, yashagin tanho.
25
Oh, o‘tdi qunim dunyoi g‘addor g‘amida,
Oh, kechdi tunim ham yo‘q ila bor g‘amida.
Bir lahzasi dunyolarga teng umrim,
O‘tdi behuda tashvishi ro‘zgor g‘amida.
26
Yuz shukr, safo gulshani bo‘ldi taning,
Ishq g‘unchasiga to‘ldi tamom pirahaning*.
Jismishta harorat adashib tushgan ekan,
Ter aylab, uni to‘kdi o‘zidan badaning.
_________
* Pirahan — ko‘ylak.
27
Dil ahli* mudom qibla bilar O‘zingni,
Ko‘ksiga tumor qilib taqar so‘zingni.
Qay kimsaki, yuz o‘girsa bu kun sendan,
Qay yuz ila erta ko‘radi yuzingni?!
__________
Dil ahli — ma’rifat ahli, oriflar, donishmandlar.
28
Ruh gulshanining toza gulidir chehrang,
Nozik shu qadarki, shom-sahar, ey sho‘xu shang,
Ko‘zim yonidan agar xayoling o‘tsa,
Kiprik tegib, ahvoli uning bo‘lgay tang.
29
Lozim hidoyat yo‘liga yuz tutmoq,
Ishqida ko‘ngilni zoru yolg‘iz tutmoq.
O‘z toatu xayrishta umid qilma sira,
Haq rahmatu fazliga kerak ko‘z tutmoq.
30
Bo‘lsin desang davlatu dunyo hamkor,
Sendan kishiga yetmasin aslo ozor.
Hech qo‘rqma o‘limdan-u, yema rizq g‘amini,
Har ikkisi o‘z vaqti bilan bo‘lgay yor.
31
Aybu gunohim agarchi olam-olam,
Lutfu karamishta umidim mustahkam.
Qo‘llashga bechoralarni so‘z bergansan,
Dunyoda bechora kishi yo‘q mendan ham.
32
Shod yor sitamidan kim agar oh etmas,
Ichki siridan kimsani ogoh etmas.
Dil otashidan boshdan-oyoq kuysa-da sham,
O‘t etagidan qo‘lini ko‘toh* etmas.
___________
Ko‘toh — qisqa, kalta.
33
Kim oshiq esa, boshiga tig‘ kelgusidir,
Zahr yetsa unga, misli shakar bilgusidir.
Harchand jigarida qatra suv bo‘lmasa-da,
Daryo-daryo qonni no‘sh qilgusidir*.
____________
* No‘sh qilish — ichish.
34
Har turfa xatoni gar Xudo bag‘ishlar,
Har gunoh uchun o‘zga ato bag‘ishlar.
Olamdagi bor narsani(ng) qaysiga fano,
Qaysi biriga bo‘lsa baqo bag‘ishlar.
35
Bir toifa o‘zicha g‘urur ayladilar,
Maqsad yo‘lida jabru qusur ayladilar.
Bir toifa da’vogar-u, bir toifa-chi,
Sendan uzilib, o‘zni haqir ayladilar.
36
Dilxastayu bag‘ri chok bo‘lmoq lozim,
Kechmog‘u vujuddan — pok bo‘lmoq lozim.
Ish avvalida o‘z-o‘zidan pok bo‘lib,
Ishning oxirida xok* bo‘lmoq lozim.
__________
* Xok — tuproq; xor, haqir.
37
Ruxsorini beniqob bo‘lmaydi ko‘rib,
Diydorini behijob bo‘lmaydi ko‘rib.
Kun avjida ko‘zingni qamashtirgaydir
Oftob-da berib azob, bo‘lmaydi ko‘rib.
38
Hajring-la ketarkan, qoladi dil qoni,
Do‘zaxcha-do‘zaxcha o‘tu kul xirmoni.
Shavqing-la kelarkan bu jahon gulshaniga,
Aybimdan ochilgay necha gul bo‘stoni.
39
Bu dunyo vafo qilmas bir arpaga ham,
Minglab kishi oshiq unga ammo har dam.
Dushman bilar Olloh o‘ziga dunyoni,
Haq dushmanidir dunyoni sevgan odam!
40
Mulking seni dil, mayli, g‘aming mo‘l bo‘lsin!
Qayg‘u selidan xasta vujud ko‘l bo‘lsin!
Darding nima qilsa dilni lutfdir, yo‘qsa —
Tor dilga g‘amingni chekkali yo‘l bo‘lsin!
41
Gar madrasadan ajri amal topgaysan,
Lek maykadadan ayshi azal topgaysan.
Rindlar* uyiga agar buyursang tashrif,
Iymon asosini tugal topgaysan.
___________
* Rind — shariat va tariqat bosqichlaridan o‘tib, haqiqat asroriga yettan kishi. Ilohiy maydan mast va hurfikr inson timsoli.
42
Ey Tangri, Muhammad, Ali, Zahro haqqi!
Husaynu Qasanu oli abo* haqqi!
Qar ikki jahonda hojatim ayla ravo
El minnatisiz Aliyula’lo* haqqi!
___________
* Oli abo — Muhammad payg‘ambar xonadoni: Muhammadning o‘zi, kuyovi Ali, qizi Fotima, nabiralari Hasan va Husayn.
* Aliyula’lo — Hazrat Ali.
43
Ey Qaydari shohsuvor, madad vakti bu kun!
Sakkiz imomu* choryor*, madad vaqti bu kun!
Bu dunyoda men ojiz-u, dushman ko‘pdir,
Ey sohibi Zulfiqor*, madad vaqti bu kun!
__________
* Sakkiz imom — Hazrat Ali va uning avlodlaridan iborat imomlar: Ali ibn Abu Tolib, Hasan, Husayn, Zayn al-Obidin Ali, Muhammad al-Bokir, Ja’far as-Sodiq, Muso al-Kozim, Ali ar-Rizo.
* Choryorlar — «hulafo ar-roshidin» — «to‘g‘ri yo‘ldan borgan xalifalar»: Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali.
* Sohibi Zulfiqor — Hazrat Ali. Muhammad alayhissalom Zulfiqor nomli qilichini unga hadya qilgan.
44
Ey Tangri, o‘zing karimsanu g‘afforsan,
Rahmonu rahimu rohimu sattorsan*.
Orzum shuki, bu bandai sharmandani ham
Hifzingga* olib, lutfu karam aylarsan…
______________
* Karim, G‘affor, Rahmon, Rahim, Rohim, Sattor — Xudoning zoti va mohiyatiga ishora qiladigan ism va sifatlari bo‘lib, ularning adadi 99 ta.
* Hifz — saqlash, muhrfaza qilish.
45
Dil to bu jahon tashvishidan hur bo‘lmas,
Jisming sadafida* hech qachon dur bo‘lmas.
Bosh kosasini to‘ldiradi nafsu havo,
Endi unga boshqa narsa manzur bo‘lmas.
__________
* Sadaf — ichida gavhar yetiladigan huqqa.
46
Dil bog‘lama: dunyo tubanu koni havas,
Toptaydi uni asli azal nokasu kas.
Ming jazmani bor bu ma’shuqani netasan?
Ul yorni tila, bir seniki bo‘lgayu bas!
47
Ishq hatto sherni zoru giryon* qiladi,
Yuksak baridan — kim nima gumon qiladi.
Dushmanlik qilar bo‘lsa, mehr ko‘rsattay,
Do‘stlik tilasa, yurakni u qon qiladi.
__________
* Giryon — yig‘lovchi, yig‘lab turgan.
48
Ey, barcha bu ko‘kligu bahorlar sendan,
Yal-yal yongan bu gul’uzorlar sendan,
Oh chekib, to‘kar yosh beqarorlar sendan,
Cendan bu shamol, yomg‘iru qorlar sendan.
49
Ey bod*, senga xoki Mustafo* haqqi qasam!
Ey yomg‘ir, Aliyi Murtazo* haqqi qasam!
El keldi fig‘onga, yetadi, bas qilgil,
Ey daryo, shahidi Karbalo* haqqi qasam!
__________
* Bod — yel, shamol.
* Mustafo — Muhammad alayhissalomnnig ismlaridan biri.
* O‘z ilmi, xulqi va din yo‘lidagi xizmatlari bilan Olloh, payg‘ambar va islom ahlining rizosiga sazovor bo‘lgan, degan ma’noda Hazrat Aliga Murtazo laqabi berilgan.
* Shahidi Karbalo — Hazrat Alining o‘g‘li Imom Husayn. Xalifa Yazidga qarshi hokimiyat uchun kurashda 680 yili Kufa yaqinidagi Karbalo dashtida o‘ldirilgan.
50
Ishq keldi-yu, sochdi boshimga xoki g‘am,
Yog‘dirdi balo bulutidan yomg‘ir ham.
Qon bo‘ldi-yu ko‘nglim, vujudim yondi chunon,
Yosh o‘rniga kul to‘kildi ko‘zdan har dam.
51
Yor sevgisi yo‘lida tutibmiz manzil,
Yonish hunarini o‘tdan o‘rgandi ko‘ngil.
Boshga ko‘tararlar bu shaharda bizni,
Bu obro‘ni ishq tufayli qildik hosil.
52
Do‘zaxda agar zulfini qo‘lda tutaman,
Jannat ahlining holidan or etaman!
Yorsiz meni jannatga qilishsa taklif,
Jannatni boshimga uramanmi — netaman?!
53
Bir lahza havaslar shamiga sen puf de!
Ko‘nglimga malol jamoli har Yusuf1 de!
Bu boldan bir yalam solay og‘zishta,
Shahdi seni mast aylamasa gar tuf de!
___________
* Bu yerda husnu jamol timsoli bo‘lgan Yusuf alayhissalom ko‘zda tutilmoqda.
54
G‘amginman-u, sen tufayli chekmasman g‘am,
Har lahza umidvormanu shodu xurram.
Sendek qo‘li ochiq zotning dargahidan
Hech kim noumid emas, umidvor men ham.
55
So‘ngsiz g‘amu dardingdan bedarmonman,
Ko‘ksim to‘la dog‘ — yona-yona biryonman*.
Bag‘rimni yoqar alam: ko‘zim gavharidek
Ko‘zimdasan-u, ko‘rolmayin giryonman.
___________
* Biryon — qovurilgan.
56
Bir kun gulob* orzusida boqqa kirdim,
Gul chehrasini otash ichida ko‘rdim.
Dedim: «Nega kuydirishdi — aybing bormi?»
Der: «Bog‘ ichida bir lahza xandon erdim».
_________
* Gulob — gul suvi, atirgul yaproqlaridan olinadigan xushbo‘y ichimlik; majozan: ko‘z yoshi.
57
Baxting asosini, ey rafiq, qo‘lga kirit,
Umringni sovurma behuda — qadriga yet.
Qar davrada, har yerda, har ish qilganda
Ko‘ngling ko‘zini hamisha ul yor sari tut!
58
Kim boshidan ishq ichra judo gar bo‘lmas,
Oshiqlik ishi unga muqarrar bo‘lmas.
Ham yorni-yu, ham boshni agar istar esang,
Har ikkisi hech qachon muyassar bo‘lmas!
59
Dil senga makon bo‘lmasa, qon qilgum uni!
Do‘st tutmasa ko‘z, nahri* ravon qilgum uni!
Jonimda yashar visol umidi, yo‘qsa,
Haydab vujudimdan, bemakon qilgum uni!
_________
* Nahr — daryo.
60
Haq zikrini aytmoqqa zabon yaxshi emish,
Toatni qilish tunda nihon yaxshi emish.
Utmoq tilasang puli Sirotdan oson,
Non ber gadolarga, chunki non yaxshi emish.
61
Har kimsaki, qo‘l tortmasa zulm — vahshatdan,
Mahsharda u mosuvo erur shafqatdan.
Ey yo‘lto‘sar, oxiratda bu sen to‘sgan
Yo‘llar seni ham to‘sgusi haq jannatdan.
62
Orif* vujudi bo‘lsa-da harchand ogoh,
Qudsiy* haraming sari u yo‘l topmas, oh.
Arbobi shuhudu* ahli kashfning* dasti
Idroking etapshi tutishga ko‘toh.
__________
* Orif — ma’rifat sohibi, Ollohni tanigan kishi, komil inson. Ollohning zoti, sifatlari va ismlarini mushohada etadigan zavqiy va vajdiy ilmlar egasi bo‘lgan zot.
* Qudsiy — pok, pokiza.
* Arbobi shuhud — vahdat ush-shuhud ta’limoti arboblari. Bu ta’limotning mohiyati shundan iboratki, so‘fiy nimaga boqmasin, o‘sha narsaning o‘zini emas, balki unda Haqni ko‘radi. Chunki vahdat ush-shuhudning o‘zi hamma narsa Ollohdan degan ma’noni bidtsiradi.
* Ahli kashf — oriflar, valiylar.
63
Ka’bada xayoling etsa band begona,
Toat bari fisq-u, Ka’badir butxona.
Gar dilda Xudo-yu, manziling mayxona,
Kechgay bu gunohingni o‘zi jonona.
64
Haq dengizi kon durri haqiqatta, abas,
Girdobi uning tuzog‘-u, kemasi — nafas.
Har bir qulog‘i sadafni ko‘z gavharidir,
Har mavj ishoradir kishi qoshiga, bas.
65
Mayxona piri nola chekar dardingdan,
Beayb go‘dak-da yosh to‘kar dardingdan,
Tong qushlari-da fig‘on etar dardingdan,
Oh, barchani ming bir oh tutar dardingdan!
66
Sochiga taroq urdi o‘shal sarvi suman,
Berkitdi yuzini anbarin zulfi bilan.
Nomahram u yuzni ko‘ra olmay endi
Sehr sohibining hiylasiga bergay tan.
67
Darvesh* bo‘l-u, podshohga sira qasd etma,
Hech faqr* etagidan-da uzib qo‘l ketma.
Kir og‘ziga ajdarni-yu, dunyo tilama,
Choh ichra o‘tir-u, orzuyi choh etma.
_____________
* Tasavvuf istilohotida darvesh izlovchi, istovchi ma’nosini ifodalab, so‘fiy, faqir, oshiq, orif, sohibdil, sohibasror, sohibnazar kabi o‘zini Haqqa bag‘ishlagan kishilarning timsoli bo‘lib keladi.
* Faqr — tariqatnnig to‘rtinchi maqomi. Dunyo ne’matlari, vujud ehtiyojlaridan qo‘l tortib, faqat Haqqa muhtoj bo‘lish.
68
Ochdi o‘sha dilbarim niqob bir yoqdan
Ham tong ko‘tardi-ku hijob bir yoqdan,
Gar qo‘pgan emas qiyomat — yuz ochdi nega
Bir yoqdan ul oy-u, oftob bir yoqdan?!
69
Bu g‘amzadalar* davosini bilgaysan,
Ushshoq* dilining duosini bilgaysan.
Aytib nima qildim senga o‘z dardimni,
Mendan ko‘ra yaxshiroq uni bilgaysan.
__________
* G‘amzada — ramgin, qayg‘uli.
* Ushshoq — oshiqlar.
70
Bu hiyla deding, yig‘lasam ishqingda zor,
Gar hiyla esa, nechun ko‘zim qonli, yor?
Sen o‘z yuragishta mengzama har dilni,
Yo‘q, yo‘q, sanamo, dillar ichinda farq bor!
71
Sabrimga, Xudoyo, meni sarvar* ayla,
Haq nuri bilan dilim munavvar ayla,
Bu oshiqi sargashta* quling rizqini ham
El minnatisiz O‘zing muyassar ayla!
__________
Sarvar — yetakchi, yo‘lboshchi, rahbar.
Sargashta — sarson, ovora; sargardon; parishon.
72
Gar Ka’ba sari bizni yugurtirgaysan,
Mayxona aro yoki o‘tirtirgaysan.
Bul barchasi mavjudligimiz sharti erur,
Koshki edi o‘zlikni unutgirgaysan*.
_____________
* O‘zlik — insonning nafs va dunyo bilan bog‘liqligi. Nafs va dunyo — Haq yo‘lida to‘siq.
73
Ul tun menga berganda visolingdan rang,
Yaldo* kabi tun qisqa-yu, keshlikdir tang.
Ul tun vale men zabun bilan qilsang jang,
Tun ko‘r-u, xo‘roz gung-u, Surayyodir* lang.
_________
* Yaldo — qishning eng uzun kechasi; nihoyatda qorong‘i tun.
* Surayyo — yulduzlar turkumidan birining nomi. Olti kichik yulduzning bir yerda jam bo‘lishidan iborat.
74
Dildan so‘radim: «Ishing nechuk, so‘yla, habib?»*
To‘ldi uning diydasiyu yosh to‘kdi hadeb.
Dedi: «Ne bo‘lar holi o‘shal kimsanikim,
Umrin basar etgay u birov xohishi deb?»
______________
* Habib — do‘st.
75
Ko‘pdan beri dil gulxani hijronda kuyar,
Ashkim hama ul diydai giryonda kuyar.
Kuygay edim onqadar — dilingdan o‘zga
Menda dili kofiru musulmon-da kuyar…
76
Men dod etaman, ishq ilkidan dod etaman!
Bir nozli sanamga tushdi ishqim — netaman?!
Yo jahd etib vasliga bir kun yetaman,
Yo qoldirib armonlara dilni ketaman…
77
Majnun nima dasht-u, nima tog‘ — farq etmas,
Oshiq nima bosh, nedir oyoq — farq etmas.
Mahv aylab o‘zini, seni kim topsa, o‘shal —
Menlik nima, senlik nima — boq: farq etmas.
78
Oshiqmanu devonamanu shaydoman,
Mashhurmanu afsonamanu rasvoman,
Kofirmanu butparastmanu tarsoman*
Bundan battarman necha bor hatto man!
________
* Tarso — nasroniy, xristian.
79
Mansur* ma’rifat* bahri* nahangi go‘yo,
Tan paxtasidan jon chigitin qildi judo.
Keltirganida tilga «Analhaq» so‘zini,
Mansur yo‘q edi unda, bor erdi Xudo!
_________
* Mansur — mashhur so‘fiy Mansur Halloj (858—922). «Anal-haq» — «Men — Xudoman» degani uchun o‘ldirilgan.
* Ma’rifat — Olloh mohiyati haqidagi ilm.
* Bahr — dengiz, ummon, katta daryo.
80
Ko‘nglimiz g‘aming bilan to‘liqdir, ey do‘st,
Darding tunu qun bizga rafiqdir, ey do‘st.
Men ko‘ngli siniklarni sevarman, debsan,
Bizning-da shu ko‘nglimiz siniqdir, ey do‘st.
81
Maqsad yo‘li — Ka’ba, chalg‘ima o‘ng-so‘lga,
Mayxona desash, tusharsan o‘zga yo‘lga.
Mayxona yo‘li valekin andoq obod,
Chayqalmay o‘tar qadah-da qo‘ldan-qo‘lga.
82
Dardingni chekib, tadbiri darmon qilmam,
Zulfingni sevib, orzuyi iymon qilmam.
Jononim, agar jon tilasang, xush bo‘lgay,
Jononim uchun andishai jon qilmam.
83
Xoh shodman-u, xoh qayg‘uda — yoding dilda,
O‘ltirsamu tursam ezgu noming tilda.
Yodingga men andoq chulg‘anibman, ey do‘st,
Ko‘rmaydi ko‘zim o‘zgani bu manzilda.
84
Bermish senga ikki narsani qodir Egam,
Har ikkisi zzgulikda toqdir chinakam:
Ul bittasi siyrat — tutasan do‘st kishini,
Ul bittasi suvrat — tutishar do‘st seni ham.
85
Sensiz meni bir lahza qarorim yo‘qdir,
Garchi karamingdan sira zorim yo‘qdir.
Til bo‘lsa-da tanda har tukim — ming til ila
Shukringni qilish uchun madorim yo‘qdir…
86
Yoshga to‘la ko‘zlarimga uyqu yo‘lamas,
Dardim — visoling orzusidan o‘zga emas.
«Uyqungda ko‘rarsan — ko‘zni yumsang», — derlar,
Hech kimsa vale: «Uyqung o‘zi bormi?» — demas.
87
Ey xoja, g‘urur senga bo‘libdi hamroh,
Ko‘nglingda mudom bog‘u rog‘u xirmangoh.
Biz olami tajridning* oshuftasimiz,
Bizning g‘amimiz: «lo iloha illalloh».
________
* Tajrid — boshqalardan ajralish, tanholik.
88
Ko‘nglimdagi bor maylu tamanno* sensan,
Boshimdagi bor og‘riqu savdo sensan,
Har qancha hayotga boqmayin, ko‘rgayman:
Sensan bugun-u, erta-da tanho sensan!
________
* Tamanno — istak, umid; maqsad.
89
Har keksayu yoshning dili shod dardingdan,
Dillar sira bo‘lmasin kasod dardingdan,
Men xastaning jismini bu tuproq uyida
Aylantirib o‘ynar girdbod dardingdan.
90
Gunoh yukidan zaif tanim bo‘lmish xam,
Tangrim, bu qulingni qilmagil ko‘pdan kam.
Garchand amalimda senga maqbul ish yo‘q,
Lutfingni darig‘ tugma, Egam, mendan ham.
91
Ishqingda seni jonni fido qilgim bor,
Ko‘yingda yo‘g‘u borni ado qilgim bor.
Qay kunki ko‘rarman seni, ey umri aziz,
Ul kunda senga jonni fido qilgim bor.
92
Ilm birla amal agar barobar bo‘lgay,
Har ikki jahon senga muyassar bo‘lgay.
Ul sahfani maqtanma, xatm etdim deb,
Qaytar u varaq ortiga — daftar bo‘lgay.
93
Moyilmizu may ichishga, taqvo dilda,
Dunyoga berilgaymizu uqbo* dilda.
Dunyo bila din sira kelishganmi, axir?
Bas, bo‘lgan emas na din, na dunyo dilda!
________
* Uqbo — oxirat.
94
Har kimsaki, ishq uchun agar saylanadi,
Ishq o‘qiga uchmoqqa o‘shal shaylanadi.
Qonga belanib yotsa-da, turib-yiqilib,
Uz qotilining atrofida aylanadi…
95
Qoshingda ayonlaru nihonlar bari hech,
Bor o‘ylar, ishonchlaru gumonlar bari hech.
Bo‘lmaydi berib nishona hech zotingdan,
Har qaydaki, Sen bor — nishonlar bari hech!
96
Yor keldi-yu, aytdi: «Xasga tut ko‘nglingni,
Har lahza umidga basta* tut ko‘nglingni.
Men ko‘ngli shikastalarni do‘st tutgayman,
Bas, meni desang, shikasta tut ko‘nglingni».
__________
* Basta — bog‘liq.
97
Bul ahli zamonadan or qilsang-chi?
Tark etgali suhbatin qaror qilsang-chi?
Topmaydi rivoj banda ishi banda bilan,
Ummidni Uzidan ixtiyor qilsang-chi?
98
Vasling seni qayda, meni mahjur* qayda?
Durdona qayerda, g‘ayrati mo‘r* qayda?
Qo‘rquv nima bilmagayman qancha kuysam,
Parvona qayerda, otashi Tur* qayda?
__________
* Mahjur — ayrilib qolgan; mahrum.
* Mo‘r — chumoli.
* Otashi Tur — Tur tog‘ida Muso alayhicsalomga namoyon bo‘lib, o‘z jilvasi bilan tog‘ni maydalab tashlagan ilohiy nur.
99
Ey Tangri, meni g‘amga giriftor qilma,
To do‘stu yaqinlar qoshida xor qilma.
El minnatisiz bergil O‘zing rizqimni,
Lutfingni ayab, el qo‘liga zor qilma.
100
Bir zot dedi: «Yor yashaydi qay manzilda?»
Dedimki: «Yor makoni bizning dilda».
Dediki: «Diling qayerda?». Dedim: «Unda».
Dedi: «U qayerda?» Dedim: «Umi? Dilda».
101
Ud* yo‘q edi, tol tayog‘ini keltirdim,
Yuz qorasiyu soch oqini keltirdim.
O‘zing degan erding-ku: umidsizlik — kufr,
Shul bois umid mayog‘ini keltirdim.
_________
* Ud — bu yerda: o‘tga tashlaganda xushbo‘y hid taratadigan yog‘ochning bir turi.
102
Bir lahza yuzingsiz istiqomat qilmam,
Ko‘yingda birovlarni malomat qilmam,
Naslingni qidirgali iqomat* qilmam,
Ishqingda-ku tavba to qiyomat qilmam.
_________
* Iqomat — bu yerda: sa’y-harakat ma’nosida.
103
Ul yor ko‘yida oshiqi mardonaman-ey,
Tushdim vujudimdan ayri, begonaman-ey,
Ul ilm talab qilmadi — lab boylandi,
Ul aql xarid qilmadi — devonaman-ey.
104
Ayb aylama, ey xoja, agar ichsam may,
Oshiqligu xummorlik uchun etsam sa’y.
Hushyor ekanimda qurshasa ag‘yorlar,
Behush ekanimda og‘ushi yorning shay.
105
Ishqing xosu omdan ersa pinhon, na qilay?
Dard oshsa-da, topilmasa darmon, na qilay?
Dil o‘zgaga mayl etsa qaniydi, ammo,
Men istasam-u, bermasa dil yon, na qilay?
106
Qo‘zg‘oldi jahonda seni deb fitna-firoq,
Darveshni yaqin tutding-u, boylarni yiroq.
Sen xammaga so‘zlaysan-u, kardir hamma,
Sen hamma bilan-u, hamma ko‘rdir biroq.
107
Majnuni parishoning o‘zim — imdod* qil!
Ovvorayu hayroning o‘zim — imdod qil!
Har chorasi yo‘qning chorasozi bo‘lgay,
Bechorayu sarsoning o‘zim — imdod qil!*
__________
* Imdod — ko‘mak, yordam, qo‘llash; iltijo, yalinish, so‘rash.
* Bu ruboiy Jaloliddin Rumiyga xam nisbat beriladi.
108
Dedimki: «Dilim». Dedi: «Kabob aylama ko‘p».
Dedimki: «Ko‘zim». Dedi: «Selob* aylama ko‘p»,
«Jonim», — degan edim, dedi: «Ishq olamida
Ko‘p zoru xarob, sen-da xarob aylama ko‘p».
___________
* Selob — sel suvi, toshqin; majozan: ko‘z yoshi.
109
Istar esang, Olloh nazariga ilsin,
Tegrangda malaklar aylanib-o‘rgilsin,
Yo qilgil uning rizoligi bor ishni,
Yo ko‘n u seni har nima qilsa-qilsin!
110
Ey xoja, o‘lim xayoli g‘am keltirgay,
O‘rtab u ko‘ngilni, ko‘zga nam keltirgay.
Yuz marta hayotni o‘ylagan qul bir bor
Balki esiga o‘limni ham keltirgay…
111
Haq toatisiz behisht umidin tutma,
Din xotamisiz* mulki Sulaymon* kutma.
Gar ikki jahon roziligin istarsan,
Hech bitta musulmon dilini ranjitma.
___________
* Xotam — uzuk.
* Sulaymon — shon-shavkatli podshoh va payg‘ambar. Uning mol-mulki had-hisobsiz bo‘lgan. Yeru osmon, shamol, devu pari, barcha hayvonot olami unga bo‘ysungan.
112
Ey barcha tirik jonni yaratgan Birubor,
Har bir qadami ularni senga oshkor.
Dargohingga boyladim umid rishtasini,
Endi meni qo‘llagil o‘zing, ey G‘affor!
113
Ma’lum edi senga to yaralishga qadar
Qandoq bo‘lishi aslida farzandi bashar.
Bas, banda gunohi bandadan ermas, Egam,
Ul banda qilar har neni amr etsang agar.
114
Ey Tangri, menga rahnamoye yo‘lla,
Bul benavo qulga bir navoye yo‘lla.
Taqdirim ipiga boq: tugun uzra tugun,
Rahm ayla-yu, bir tugunkushoye* yo‘lla.
_________
* Tugunkushoy — tugunlarni yechuvchi, mushkullarni hal qiluvchi.
115
Dil ahli ma’rifat siridan ogohdir,
O‘zni unutib, Xudo bilan hamrohdir.
O‘z npf’ing-u, Haq vujudin isbotin qil,
Shul ma’niyi «lo iloha illalloh»dir.
116
Begonaning ishqi dilini tutdi vatan,
Deb hech meni yozg‘irmasin ul sarvi suman,
Chunki hali ostonasining tuprog‘i
Qaynoq jigarim qonlarining tafti bilan!
117
So‘z gar uzun ersa, muxtasar etmak shart,
Fe’l-xo‘yi yomon yordan hazar etmak shart.
Chin yor ko‘yida valekin o‘lmoq lozim
Hamda uni tezda boxabar etmak shart.
118
Ey Tangri, karam eshigin och yuzimga,
Ko‘rinsin o‘shal najot yo‘li ko‘zimga.
Har ikki jahondan ozod ayla, toki
Yodingni faqat ko‘ray ravo o‘zimga.
119
Ey yor, bilasanmi, nimani xohlayman:
Vasling seni — bor-yo‘g‘im mani, xohlayman.
Faryodu figonu ohlarim boisi shu:
Qar ikki jahonda man sani xohlayman!
120
Ey nozli sanam, seni ko‘ngil xohlaydi,
Ayyomi visolni muttasil xohlaydi.
Vasling mening maqsadim mudom Ollohdan,
Shunchadir umid — qanchani dil xohlaydi!
121
Ishq o‘lkasida biror osuda dam yo‘q,
Dard ortig‘u bunda, ozgina malham yo‘q.
Chekmay alamu dard etma darmonni umid,
Beaybu gunoh umidi rahmat ham yo‘q.
122
Tut pokiza dilni — boqadi Haq dilga,
Olmaydi g‘uborli dilni u bir pulga.
Zohid* dilini poklasa Olloh yo‘lida,
Aylantirar u jumla basharni qulga.
__________
* Zohid — uzlat va taqvoni kasb qilib, dunyo lazzatidan yuz o‘girgan kishi. Bu toifa ishq va irfon (ilohiy ma’rifat)dan bexabar bo‘lib, ularning maqsadi taqvo bilan oxirat mag‘firatini qozonish, Qur’onda va’da qilingan jannatning huzur-halovatiga yetishish. So‘fiylarning har ikki dunyodan maqsadi Xudoning o‘zi, uning diydori bo‘lganligi uchun ham zohidlarning bu ishini tama’girlik deb hisoblaydilar va ularni tanqid qiladilar.
123
Ko‘nglim sirini biluvchi Ollohim O‘zing,
Ko‘rsatguchi to‘g‘ri yo‘l buyuk shohim O‘zing.
Dam ursa chumoli gar biror choh tubidan,
Chumolini holidan-da ogohim O‘zing.
124
Bo‘lganda ayon tabibga bul dardi nihon,
«Yordan o‘zgasiga, — dedi u, — bog‘la zabon».
Dedim: «Ne taom yey?» Dedi: «Dil qonini ich,
Parhez senga bo‘lgay, yana har ikki jahon»
125
Dunyo sira qilmagay vafo insonga,
Na otaga qoldi-yu u, na o‘g‘longa.
To kelsa qo‘lingdan o‘tkaz umr toat ila,
Shul charx ishi ham gado-yu, ham sultonga.
126
Yongan kuni olamda muhabbatning o‘ti
Ma’shuqadan oshiq kuyish ilmin o‘qidi.
Ul do‘st tarafidan keldi bu so‘zu gudoz*,
Sham’ yonmasa, parvona sira kuymas edi.
_________
* So‘zu gudoz — yonishu quyish (erish); g‘amu alam, dardu g‘ussa.
127
Hayhot, yana taratdi xush bo‘yini may,
Qo‘pdi yana ovvozayi hoyu huyu hay3.
Haq sirlari yangrar dil qulog‘ida mudom,
Olloh tilidan faqirga yo‘llar uni nay.
__________
* Hoyu huyu hay — samo’ majlislaridagi g‘aybiy mohiyatga ishora qiladigan zikr so‘zlari.
128
Oh-nola chekish — faqirga bor ish bu kecha,
Na sabr namoyondir-u, na hush bu kecha.
O‘tgan kecha yor bag‘ishlagan bir damlik
Shodlikka tovon to‘lash bilan xush bu kecha.
129
To o‘z vujudingdan pushaymon bo‘lmay,
Dil ahliyu rind eliga sarbon bo‘lmay,
Bu xalq nazarida bo‘lmagaysan kofir,
Ishq mazhabi ichra chin musulmon bo‘lmay.
130
Ey do‘st, davo yubor bu bemorlarga,
Ber rizqini insu jinu ham yorlarga.
Suv bo‘yida tashnalab yuribmiz, suv ber —
Chanqog‘ini qondirgali bu zorlarga…
131
Hayhot, bu g‘amimga esh bo‘lar odam yo‘q,
Sevgining uzun yo‘lida bir hamdam yo‘q.
Dil qa’rida roz javhari xirmon bo‘ldi,
Tinglashga uni, netay, biror mahram yo‘q.
132
Afsuski, yigitlik zamoni o‘tdi,
Shodmonligu komronlik* oni o‘tdi.
Suv bo‘yida tashna yotdim-u, yonimdan —
Ul obi hayotning xush suroni o‘tdi…
__________
* Komron — maqsadga erishgan, baxtli.
133
Bor dardim-u, undan yuragim biryon-ey,
Bor ishqim-u, har lahza ko‘zim giryon-ey.
Bir ishqki, dil tugul jahon tob bermas,
Bir dardki, yo‘q unga sira darmon-ey.
134
Kelgil yana, xoh balandu pastsan, kelgil,
Kofirmi, majusiy, butparastsan, kelgil.
Hech bo‘lma umidsiz bu ulug‘ dargohdan,
Ming marta magar tavba ushatsang, kelgil.
135
Lutf ayla O‘zing, qilma parishon bizni,
Harchand o‘ramish gunohu isyon bizni.
Zoting — g‘ani-yu, biz — muhtoj, O‘zingdan —
O‘zgasiga qilma zoru nolon bizni.
136
Kim o‘tmasa jam’dan*, u sira fard* bo‘lmas,
Kim kechmasa o‘zdan, u sira mard bo‘lmas.
Kim do‘st yo‘lida bor-yo‘g‘ini etmasa mahv,
Bedarddir o‘shal — ko‘nglida hech dard bo‘lmas.
__________
* Jam’ — xotirni jam qilib, xalqdan uzilgan holda Haqni mushohada qilish. Bu solikning fano martabasidir.
* Fard — tanho, xalqdan uzoq.
137
Misli Xalilulloh Ka’ba bunyod etsang,
Toat va namoz-la uni obod etsang,
Har kun ikki ming bandani ozod etsang,
Etmas angakim — hammani gar shod etsang!
138
Jonu dil aro suvratu ma’no sensan,
Din maqsadi-yu, mazmuni dunyo sensan,
Oshiq elining ma’shuqi tanho sensan,
Kimlarga nihon, kimga huvaydo* sensan!
_________
* Huvaydo — ayon, ravshan, oshkor.
139
Oson necha ming Ka’bani obod aylash,
Mushkul vale bir kimsa dilin shod aylash.
Lutf ila bir ozodni qul etmoq mushkul,
Oson vale mingta qulni ozod aylash.
140
Soqiy*, bo‘la qol, qadahni sun, o‘lgayman,
Qo‘l may qadahidan olsa tin o‘lgayman.
Har kimsani paymonasi to‘lsa — o‘lgay,
Paymonam agar bo‘shasa, men o‘lgayman.
_________
* Soqiy deganda so‘fiylar Ollohni, Muhammad alayhissalomni, ma’shuqani, pir yoki komil insonni nazarda tutadilar. Soqiy davraga may ulashgani kabi ular hzm odamlar qalbiga ilohiy fayz bag‘ishlaydilar, haqiqiy ishq o‘tini soladilar, g‘ayb ma’rifatidan bahramand etadilar.
141
Ishq so‘zini har damki, quloqqa ildim,
Jonu dilu ko‘zni g‘am tig‘ida tildim.
Oshiqu ma’shuqni ikki deb o‘ylar edim,
Ul ikkisi bir ekan — o‘zimdan bildim.
142
Kelgil yana, to sidqu niyozim ko‘rgil,
Bedor kechalardagi namozim ko‘rgil.
Devona emasman-u, firoqing soldi
Shu ko‘yga meni, e sarvinozim, ko‘rgil…
143
Bilgilki, tiriklik bir umr do‘st ila xush,
Ko‘p ersa-da jabri, biribir, do‘st ila xush.
Derlar tilaging behishtmi, do‘st diydori?
G‘ofildir ular, behisht, axir, do‘st ila xush!
144
Ul do‘st visol eshigani bizga yopar,
Har lahza firoq otashida dilni yoqar.
Bas, men-da shu ko‘nglimni siniq tutgayman,
Do‘st chunki mudom ko‘ngli siniqlarga boqar.
145
Na sen-u, na men azal sirin bilgaymiz,
Yo ushbu muammoni-da hal qilgaymiz.
Haq pardasidan tashqarida bor so‘zimiz,
Gar tushsa u, na sen-u, na men qolgaymiz…*.
___________
* Bu ruboiy Umar Xayyomga ham nisbat beriladi.
146
Sevgisi uning bo‘ldi balo boshimga,
Hech ajramas — o‘xshaydi qarindoshimga.
Qochmoqqa urinsam ramidan — har go‘shada
Tog‘-tog‘ g‘ami peshvoz chiqadi qoshimga.
147
Sulton dedikim, naqd xazinamdir o‘shal,
So‘fiy dedikim, g‘am to‘la siynamdir o‘shal,
Oshiq dedikim, dardima malhamdir o‘shal,
Bir men bilaman, dilimda ne g‘amdir o‘shal.
148
Sarmoyasi inson umrining bir nafas-ey,
Bo‘lsin shu nafasda mahraming hamnafas-ey,
O‘ltirsang agar shu hamnafas-la bir nafas,
Mazmuni hayotning xuddi shu bir nafas-ey.
149
Bul charxi falak ko‘zimga sensiz tordir,
Hijron yuki ostida dilim abgordir.
Umrimni uzaytirib, xijil qismat ham,
Jonimni olish esa ajalga ordir.
150
Har hol bila yo‘lingga kirilsa xushdir,
Har yo‘l bila vasling qidirilsa xushdir,
Qar ko‘z bila yuzingni ko‘rilsa xushdir,
Har til bila nomingni tutilsa xushdir.
151
Qon bo‘ldi ko‘ngil, muncha sabr kimga kerak?
Ey jon, meni tark ayla, jabr kimga kerak?
Ey diyda, uyalsang bo‘lar o‘z holingdan,
Yor yuzini ko‘rmasang, bu nur kimga kerak?!
152
Ko‘z yoshiga aylandi-yu ketdi jismim,
Jismim nima, ishqingda unutdir ismim.
Mendan asare qolmasa — bu ishq nechun?
Men bo‘ldim ma’shuq butun — oshiq kim?
153
Ahd* oshiqimiz-u, jon uning mushtoqi,
Yongaymiz ishq otashida to jon boqiy.
G‘am gazag-u, dard nadim-u, mutrib — nola,
May bizga jigar qoni-yu, ko‘zlar — soqiy.
_________
* Olloh o‘z rizosiga erishgan xos bandalariga oxiratda jamolini ko‘rsatishga va’da qilgan. Bu yerda shunga ishora qilinayapti.
154
Kimning dilida bir siri pinhon bo‘lmas,
Ko‘rinsa-da tirik, jismida jon bo‘lmas.
Bor, dard talab ayla — illating bedorlik,
Bir dardki, unga sira darmon bo‘lmas.
155
Oshufta yuzimdan tunu kun zar yog‘adi,
Yosh o‘rniga ko‘zdan o‘t sarosar yog‘adi.
Ishqingning alangasida yondimki chunon —
Sevgimni bulutidan samandar* yog‘adi!
________
* Samandar — afsonaga ko‘ra o‘t ichida tug‘ilib, o‘t ichida yashovchi, rangi ham olovrang jonivor.
156
Olamda agar charxu quyoshu oy bor,
Ishqing mayidan barchasi mastu xummor.
Sen forig‘u olamdan, olam sensiz hech,
Xoriju makondan, u sening-la poydor.
157
Oshufta etib ishq otli daryoda O‘zing,
Mahv aylading o‘zlikni bu savdoda O‘zing.
Men qayga yetay zotu sifotingni tilab,
Pinhon-da O‘zingsan-u, huvaydo-da O‘zing.
158
Ishq ismi u kuydirguchi otashni, ajab,
Kufru din uyiga o‘t qo‘yar ul, yo Rab.
Ishq mazhabi o‘zga-yu, bo‘lakdir iymon,
Payg‘ambari ishq na ajamiydir, na arab.
159
Bor bizda jahonda yana bir o‘zga jahon,
Jannat ham emas, do‘zax ham — u o‘zga makon.
Sarmoyamiz oshiqligu beparvolik,
Zuhd ahlini yo‘li esa o‘zga begumon.
160
Isyonlarimiz agarchi sahro-sahro,
Bir xascha emas lutfi qoshida ammo
Gunohlarimiz bo‘lsa-da kema-kema,
G‘am yo‘q, sababi: rahmati daryo-daryo.
161
Goh xuddi farishta hazrati insonman,
Gohi yeb-ichishdan ortmagan hayvonman,
Goh yengadi shayton — sohibi isyonman,
Bu turfa fe’limdan o‘zimam hayronman
162
To mehri Abu Turobni(ng) damsozimdir*,
Haydar* hamisha hamdamu hamrozimdir.
Bu ikki jigargo‘sha — menga ikki qanot,
Sindirma parimni — vaqti parvozimdir.
_________
* Damsoz — hamdam, hamsuhbat, ulfat, sirdosh.
* Haydar — sher; hazrat Alining laqabi.
163
Darddan og‘iz ochma, yo‘q-ku joningda o‘shal,
Bu mavzuni qo‘y, yo‘q g‘aladoningda o‘shal.
Lof ursang-u boyning qoshida gavhardan,
Ahmoqlik erur, bo‘lmasa koningda o‘shal.
164
O‘xshaydi kumush ko‘zaga asli bu jahon,
Goh suvi shirin-u, gohi achchiqdir, ayon.
Umrim mana muncha, deb g‘ururlanma sira,
Har lahza ajal oti egarloq begumon*.
_______
* Bu ruboiy Umar Xayyomga ham nisbat beriladi.
165
Mendan so‘radi bir kishi: «Ma’shuqang kim?
Tutdim o‘sha nozli sanam ismini shu zum.
«Qanday yashayapsan bu kabi yor qo‘lida?» —
Deb yig‘ladi holimga o‘shal zot yum-yum.
166
Beg‘am yashay olmaydi sira oshiqi lol,
Beyoru diyorlik unga kelmaydi malol.
Bir ishvasiga jon berish orzusi uning,
Bilmay nima hijron-u, nima vaslu visol!
167
Umring samari boshdan-oyoq makru firib,
Hech nolima, o‘tsang-da mudom qayg‘u chekib.
Bo‘lma sira mag‘rur o‘zinga — asling, axir,
Tuprog‘u havoyu suvu o‘tdan-ku, habib!
168
Yor aylasa qahrini namoyon senga,
G‘am chekmaki, mehri uni chandon senga.
Oyinadagi suratga o‘xshar jonon:
Gar sen qarasang, qaraydi jonon senga.
169
Ey Tangri, nazar ayla bu sargardonga,
Lutfingni kam etma oshig‘u hayronga.
Sen qilmishima qarab mukofot berma,
Qimmat yarashar sening kabi Rahmonga!
170
Gar madrasada sen eng bilimdon bo‘lsang,
Har davrada zo‘r, donishi davron bo‘lsang:
Bu ilm ila ishq maktabida, tong yo‘qdir,
Yosh bola kabi ojizu nodon bo‘lsang.
171
Xasta bu ko‘ngil davosini bilgaysan,
O‘tli yuragim sazosini bilgaysan.
Netdim yashirib, gunohga botgan kishining
Sarkash dili muddaosini bilgaysan.
172
Etmas qo‘li senga, kim xayoling qilgay,
Yo men kabi orzuyi visoling kilgay.
O‘z hosilini ko‘rib quvonsa shoyad,
Xolikki, tamoshoi jamoling kilgay.
173
Oshiq kecha-kunduz o‘ylagay sevganini,
Ma’shuq qizitar nozu karashma fanini*.
Biz aybu gunoh qilamiz, sen lutfu karam,
Har kim qiladi-da qo‘lidan kelganini.
_________
* Fan — ilm, hunar, san’at; xiyla, nayrang; maqsad.
174
Bu g‘alvali bosh savdosi, ey jon, bir yon,
O‘z qahri bilan bu charxi davron bir yon,
Oshufta bu dil dardi begumon bir yon,
Bu barchasi bir yon, g‘ami jonon bir yon.
175
Yodingdan ko‘nglim sira gofil bo‘lmas,
Jon tanda ekan, o‘zgaga moyil bo‘lmas.
Dil ko‘zgusiga tushibdi yuzing aksi,
Bu suvrating endi sira zoyil bo‘lmas*.
_________
* Zoyil bo‘lish — yo‘qolish.
176
Ishqingda, sanam, goh butparast ermishman,
Goh rindu xarobotiyu* mast ermishman.
Devona fe’lim bariga bois — shodman,
Gar gohi baland-u, gohi past ermishman.
_______
*Xarobotiy —xarobotaxli. Xarobot — insoniy sifatlarning xarob-u, jismoniy vujudning foniy bo‘lishi. Kishining xarobotiyligi uning komilligidirki, undan beixtiyor ravishda ilohiy ma’rifat sodir bo‘ladi. Xarobotdan maqsad — komil inson huzuri; piri xarobot — komil inson, orif shayx; xarobot ahli — rindlar.
177
Ul bandaga lutf et o‘zga yori yo‘qdir,
Dardingni chekar — bo‘lak shiori yo‘qdir.
Ishqingda shu holatdaki ul, bir lahza —
Na sensiz-u, na sen-la qarori yo‘qdir.
178
To ko‘rdim-u gul yuzingni, ey sham’i Tiroz*,
Na ish qilaman, na ro‘za bor-u, na namoz.
Sen birla majozim-da mening jumla namoz,
Sensiz-chi, namozim-da mening jumla majoz.
__________
* Sham’i Tiroz — Tiroz go‘zali; go‘zal mahbuba.
179
Eldan sira qilmishimni pinhon tutma,
Dunyoni(ng) mushkulin menga oson tutma.
Shod ayla bugun-u, erta ham lutfishta
Mos bo‘lmagan arzimas bir ehson tutma.
180
Yo Rab, men agar gunohni odat qildim,
Jonimga o‘zim sitamni behad qildim.
Amringga nima ziddir — o‘sha ishdan men
Yuz burdimu tavba qildimu bad qildim.
181
Sen o‘ylamaki, meni jahon qo‘rqitgay,
Tashrifi Azroil begumon qo‘rqitgay.
Haq bo‘lsa o‘lim — men nega qo‘rqay undan?
Xudbinman-u, shu meni yomon qo‘rqitgay.
182
Fazling ila barcha mushkulim oson qil,
Lutfing ila dardimga mening darmon qil.
Men — zoru haqir, bas, bir nima qilma umid,
Sen — shohsan ulug‘, shunga qarab ehson qil.
183
Mahshar kuni zo‘r savol-javob bo‘lgaymish,
Yor «marhamati» qahru itob bo‘lgaymish.
Yorning qo‘lidan garchi yomonlik kelmas,
Dillardagi qo‘rquv behisob bo‘lgaymish.
184
Afsuski, kishi ogoh emas dardimdan,
Yo‘qdir xabari bu chehrai zardimdan*.
Do‘stlik haki, ol xabar faqirdan, ey do‘st,
Topmaysan asar yo‘qsa biror gardimdan.
__________
* Zard — sariq, sariqlik; sarg‘aygan yuz.
185
Kuygan yuragimdan yig‘di doman yuraging,
Men — telbasidan qutuldi zotan yuraging.
Gar qilsa vafo umrim, uzay dil sendan,
Xuddi o‘zing uzgan kabi mendan yuraging.
186
Bul umr bahor erka yeliga qolsin!
Bul diydami — tog‘larni seliga qolsin!
Shunday yashakim, ko‘z yumsang, hayrat qo‘lini
Tishlamak ishi bashar eliga qolsin!
Ergash Ochilov tarjimalari