Atanase Vanchev de Trasi (1940)
Shoir va jamoat arbobi Atanase Vanchev de Trasi (Athanase Vantchev de Thracy) 1940 yili Bolgariyaning Haskovo shahrida tug‘ilgan. Jahon she’riyati bo‘yicha qator ilmiy ishlar muallifi. Bir necha tillarda ravon muloqot qiladi. 46 ta she’riy to‘plami nashr etilgan. Rus tilida “Dostoyevskiy asarlarida poetika va metafizika” mavzusida ilmiy ish himoya qilgan. Atanase qadimgi grek va lotin she’riyati bo‘yicha ko‘plab maqolalar yozgan. Sharq mamlakatlari e’tiqod qiladigan dinlarni chuqur o‘rgangan, Suriya, Turkiya, Liviya, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Iroq, Misr kabi turkiy va arab dunyosiga juda ko‘p marta sayohat qilib, islom madaniyati bilan yaqindan tanishgan. She’rlari ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilinib, nashr etilgan. U bir nechta milliy va xalqaro adabiy mukofotlar sohibi. Ayni paytda Parijda istiqomat qiladi. She’rlari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilinmoqda.
***
Munkillagan ayol
Haddan ortiq ehtiyot, og‘ir
Kesib o‘ta boshlar ko‘chani.
Tomchi-tomchi quyilar yomg‘ir.
Sodiq,
Eski, tussiz soyabon
To‘sar mayin, oppoq sochini.
O shoshilmay, asta ochadi
Mangulikka keng qulochini!
***
Sayyoh,
Men rahmatli bo‘lganim ondan
Bir kimsani uchratsang nogoh
Ilohlarni sevguvchi chindan
Va bilguvchi ularni panoh
Salom berib, halovat ista,
Ko‘rsat unga mayin iltifot,
Laziz so‘zlar degil ohista.
Aytib bergil, sayyoh, yil osha
Qachonlardir bunda batavfiq
Pok insonlar o‘tganin yashab,
Yaratganga samimiy rafiq.
Iymoni but, qalblari halim,
Topganlari huzurbaxsh hayrat
Iqbol, azob, ko‘zyoshga lim-lim,
To‘lishganin sen ul zotga ayt!
Faqat, ko‘zyosh qilmagil nuqul,
Qo‘y qabrimga bir dasta sunbul.
Frantsuz tilidan A’zam Obid tarjimasi