Qurbonnazar Azizov (1940-1975)
Qurbonnazar Azizov (Gurbannazar Ezizow) — turkman shoiri. Turkmaniston xalq yozuvchisi, Mahtumquli nomidagi Davlat va yoshlar mukofoti sovrindori. U Turkmanistonning Axal viloyati, Ko‘ktepa tumani, Savitli qishlog‘ida zargarlar oilasida tavallud topgan. 1964 yili Turkmaniston davlat universitetining til-adabiyot fakultetini tamomlagan.
“Mudom tayyor” bolalar gazetasida, so‘ngra “Adabiyot va san’at” gazetasida, 1972–1975 yillarda Turkmaniston Yozuvchilar uyushmasining adabiy maslahatchisi vazifasida ishlagan.
Shoir qisqa, lekin nihoyatda mazmunli umr ko‘rdi va turkman she’riyatida nurli iz qoldirdi. Uning hayotligida “Inom” (“Ishonch”; 1971), “Er-osmon orasida” (1973) to‘plamlari, vafotidan keyin “Sarpoh” (1977), “Qiz” (1978), “Sardorim” (1990), “Turkman sahrosi” she’riy kitoblari, sonetlari, poemalari dunyo yuzini ko‘rdi.
Uning she’rlari rus, ozarboyjon va ingliz tillariga o‘girilgan.
TUQQAN YeRIM
Edim men noningni, tuzingni totdim,
Kerak bo‘lganida g‘ussangga botdim,
Yiqildim, surindim, yondim erta-kech,
Biroq aldamadim, aldamadim hech.
Birinchi kalomim — avval sen uchun,
Ezgu dil salomim — avval sen uchun.
Bergan nonu tuzing yodimda har on,
Xiyonat qilmadim senga hech qachon.
Senga yoqqan qorlar — mening ham qorim,
Sening bahorlaring — mening bahorim.
Oppoq bog‘lar orti — yastangan adir,
Tug‘ishganlarimning qabri undadir.
Bag‘ringda men masrur kezganman obdon,
Soya-salqinlarda totib sharobdan.
Yurmay qayerlarda — yuragimdasan
Va hech chamanlarga alishmagayman —
Barxanlar taratgan sog‘inch uningni,
Seningtikoningni, sening qumingni…
ORZU
Ummonlar tomchidan yig‘ilar ekan,
Tomchiga aylanib qolsam men agar, —
Tashnani axtarib topsaydim, degan
Tashvish bilan yashar edim muqarrar.
Daraxtga aylanib qolsam gar bog‘da,
Har bahor yozardim g‘ujg‘on-g‘uj yaproq,
Qoshimdan yo‘lovchi o‘ttani chog‘da
Unga soya-salqin beray deb ko‘proq.
Maboda hududsiz koinot aro
Yulduzga aylanib qolsam, begumon,
Miltillab yonardim umid-la tanho —
Yotib kelar deya Yerliklar qachon.
Turkmanchadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.
YuRAK
Menga bering o‘n yurak, o‘nta alomat yurak,
O‘ntasin har birida bir sir bo‘lmog‘i kerak.
Bittasi bilan sevay bepoyon osmonimni,
Biri bilan dunyoni, biri bilan insonni.
Biri sevdirsin elni, biri onaizorni.
Qolgan beshtasi bilan mahv etayin dushmanni, –
Deb do‘stimga bu haqda so‘z ochayotsam asta,
Yurak bezovtalanib, deydi ko‘krak qafasda:
– Nechun senga o‘n yurak? Kerak ne uchun, nechun?!
Istasang, bitta o‘zim beray o‘n yurak kuchin.
Siz juvonmi, yo yigit, yo bir nuroniy banda
Boshga og‘ir ish tushsa, qattiq sevib qolsangiz,
O‘n yurakka aslo joy topolmassiz bir tanda!
Nechunkim, tor qafasda o‘n yurak bo‘lolmas jam.
Ammo yo‘rig‘ini siz topolsangiz, ishoning,
Bir yurak toshin bosar ming bitta yurakning ham!
ShOIR YuRAGI
Sen agar gul eksang, gul unar yerdan
Va gar tikan eksang, ko‘rasan tikan.
Ushbu maqol meros ota-bobodan,
“Erga nima eksang, shuni o‘rasan”.
Shoir yuragi ham tuproq misoli,
Biroq boshqacharoq maqsad elagi.
Sen unga mix qadab, sochsang-da, og‘u,
Faqat gul undirar shoir yuragi.
KUZ KO‘RKI
Erga yaproq tushmasa,
Kuzning ko‘rki na bo‘lg‘ay.
O‘tloq rangi o‘chmasa,
Kuzning ko‘rki na bo‘lg‘ay.
Quyoshdan nur ketmasa,
Erga tuman tushmasa,
G‘ozlar yig‘lab uchmasa,
Kuzning ko‘rki na bo‘lg‘ay.
Yoz shovqini tinmasa,
Tuproq “ko‘zin yummasa”,
Shu go‘zallik bo‘lmasa,
Kuzning ko‘rki na bo‘lg‘ay.
RASSOM BOLA
Chizdi bola tog‘ shaklin, odamzodga o‘xshadi,
Chizdi bola bog‘ rasmin, odamzodga o‘xshadi.
Chizdi bola kun bo‘yi dengiz rasmin, gul rasmin,
Odamzodga o‘xshab, ajab, bari turardi vazmin.
Ertasi kun rasm darsi,
Mahkam qisib tishlarin,
Navbat bilan har bir bola
Ko‘rsatdi o‘z ishlarin.
Ustoz dedi: –O‘tir, bola,
Daftaringga ne chekding?
Kun ham – odam,
Gul ham – odam…
Ko‘rsatyapsan ne hunar?!
Muallima ko‘p g‘ijindi:
– Seniki shu bir xillik:
Kun ham odamga mengzar,
Gul ham odamga mengzar!
Havo esa juda issiq,
Lek shamol boshin silar,
Qaytar bola o‘z uyiga,
daftarida “ikki”lar.
Ko‘kda quyosh misli odam:
“Chekma g‘am, bola”, deydi.
Peshvoz chiqib gul-lola ham:
“Chekma g‘am, bola”, deydi.
Ertasi kun bobo quyosh
Chiqar ufqni yorib.
Bola uning rasmin chizar
Odamlarga o‘xshatib.
TUPROG‘IM
Tuzing yedim sening, noningni yedim,
Shakkoklik qilmadim, Allohga shukur.
Goh ko‘klarga uchdim, goh yerga endim,
Lek o‘zdan ketmadim, Allohga shukur.
Noming bilan ilk so‘zimni boshladim,
Oqladim tuzingni, yolg‘on yozmadim.
Qahraton qishingda birga qishladim,
Faqat sening, yozing bilan yozladim.
Ne yo‘qotsam, quchog‘ingda yo‘qotdim,
Ne izladim, og‘ushingda topdim men.
Sen tufayli dunyo ne, anglab yetdim,
G‘amu tashvish, shodligingda oqdim men.
Xuv, qoya bag‘rida ko‘ringan bog‘ning,
Tepasidan yig‘lab alam-la kechdim.
Lek ertasi, tuman tarqab, shu tog‘ning,
So‘lim quchog‘ida ol sharob ichdim.
Qayda yursam, birga bo‘lding. So‘ng bilsam,
Sen birla qorishgan o‘n ikki mucham.
Hatto g‘ayri chaman-gulga alishmam,
Tovonimga botgan tikaningni ham.
Minnatdorlik so‘zi oddiy bo‘larmish,
Oq bo‘lsin yo‘llaring, bardavom ketsin.
Men boqiy ko‘z yumsam, kelib fasli qish,
Bag‘ringda yotmoqni muyassar etsin.
Turkman tilidan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi
SEVGI
(Sonetlar guldastasi)
1
Umrning og‘ochidan uchmoqda kunlar,
Kunlar umring elagida elanar.
Ortga do‘nmoq istar dalli ko‘ngillar,
Har bir kunda bir kun yashab o‘tilar.
Har kimning kechmishdan bir armoni bor,
Mening esa kuyib ketgandir bag‘rim.
Sening ruhing menga berar kuch-mador,
Ruhimni tanamga qaytarding, sarvim.
Yo‘limizning ayro tushgani uchun,
Bo‘zlama. Yaratgan xush ko‘rmas sira.
Urushdan sog‘ qaytish dushvoru qiyin,
Undan ham yomoni qonli xotira.
Beomon xotira – g‘am-alam titroq,
Tuproqni quchganday za’faron yaproq.
2
Tuproqni quchganday za’faron yaproq,
Mahzun xotiralar aylar dilim band.
Mangu hijron sabab zirqirar yurak,
Og‘riq yodim bilan quraman suhbat.
Boshqalarday yorga duch kelmasman bot,
Dilda qo‘r olsa ham sog‘inch-orziqish.
Umrimga esh bo‘lib o‘lmas muhabbat,
Tuyaman ruhimda ma’yus hapriqish.
Ichimga jim yutib g‘ussa-qayg‘uni,
So‘radim men seni yotdan, tanishdan.
Erta-kechda eng sof shaffof tuyg‘uni,
Asrab qola oldim bevaqt so‘nishdan.
Yo‘llar yanglig‘ uzun muncha bu kunlar,
Yo‘llarda uchrashar shaydo ko‘ngillar.
3
Yo‘llarda uchrashar shaydo ko‘ngillar,
Vokzal. Front. Oq qor olmish alvon tus.
Anqir o‘lim hidi, o, jallod kunlar,
Biroq men negadir tirikman hanuz.
Tong chog‘i umrimga yasaldi yakun,
O‘ldim. So‘ng qarasam, tirikman yana.
Kun botar chog‘ida otildim u kun,
O‘ldim. So‘ng qarasam, tirikman yana.
Vasling orzusida qalbim bo‘ldi band,
Sen do‘stga mehrimsan, sen yovga qahrim.
O‘limga ming karra bera oldim pand,
Dunyoda borliging uchun, ey, sarvim.
Qadamda duch kelar ajalu sirtmoq,
Yo‘llar ayro tushar, boshlanar firoq.
4
Yo‘llar ayro tushar, boshlanar firoq,
O‘zi-chi miq etmay oshadi dovon.
Taqdir hukmi ekan – vasli diydoring
To qiyomat qadar – ushalmas armon.
Sanqiyman uzun tun qorong‘usida
O‘ylab seni. Bedor tonglarim otar.
Adashgan yo‘lovching qiyofasida
Muhabbating kelib eshigim chertar.
Aqlim raso bo‘lib angladim shuni,
Barcha orzularing tugal ushalmas.
Butlab bo‘lmagandek kemtik dunyoni,
Mukammal baxtga ham erishib bo‘lmas.
Har bir kuning sinov: goh baxt, goh zavol.
Oshiqqa bu kunlar odatiy bir hol.
5
Oshiqqa bu kunlar odatiy bir hol,
Goh quvonch, goh qayg‘u –
O‘tar bir xilda.
Arifmetikaga o‘xshash ehtimol,
Birini yozasan, ikkisi dilda.
Sevgim shunday buyuk sohibi qudrat,
Mayli, sen muzga do‘n, ammo olov shahd,
Eritar qalbingni o‘tkazmay fursat
Ham ato qiladi senga mangu baxt.
Bir qarasam, senga yetmaydi qo‘lim,
Bir boqsam yonimda turibsan, alhol.
Bir o‘zingga yulduz ozday sevgilim,
Ammo ikkimizga yetar bemalol.
Xotiralar mahzun, g‘ussalar mahzun,
Ishq o‘ti qalbimni quchar kun sayin.
6
Ishq o‘ti qalbimni quchar kun sayin,
Bu tuyg‘u – bahorning ilk oyi – hamal.
Oshiqlar sipqorar muhabbat mayin,
Ko‘klam ishq ahliga sirli bir a’mol.
Ilohiy bir tuyg‘u ko‘ngilda nogoh,
Uyg‘onib yangilar hayot tarzini.
Tushunar chiroyga timsol doim moh,
Tinglar u shikasta gullar arzini.
Oshiq yigit bilan so‘zlashmoq mushkul,
Uning o‘y-xayoli yer go‘zalida.
Takrorlar tun-kun bir ismni nuqul,
Muqaddas duoday qo‘ymay tilidan.
Ishqdan dil yonmasa, bari puch xayol,
Oshiqlar qurmasa, suhbatu visol.
7
Oshiqlar qurmasa, suhbatu visol,
Bir ummonga oqqan yanglig‘ qo‘sh daryo,
Yo‘qsa, oshiqlarga zulmatdir dunyo,
Shabnam sho‘r tuproqda bo‘lganday uvol.
Men seni axtarib kezaman jahon,
Umidvor ko‘z tikib shomu saharga.
Seni bu shahardan topmasam shu on,
Otlanaman shoshib o‘zga shaharga.
Siyoh tunda savol alomatiday
Chiqadi osmonga oyning o‘rog‘i.
Olisda yulduzlar ko‘z qisar atay,
Uyg‘onar ko‘ksimda yodim titrog‘i.
Yuraklar olmasa ishqdan ulush-poy,
Chiqmog‘i dargumon ko‘kda quyosh, oy.
8
Chiqmog‘i dargumon ko‘kda quyosh, oy,
Yor, deya oshiqlar o‘rtasa bag‘ir,
Ha, deb faryod chekmoq, solmoq dodu voy,
Nahotki, birgina chora shu axir.
Sevgi hasrat emas.Yurakda ungan
Mangu zavol bilmas yam-yashil daraxt.
Men sevgimni baland ko‘targum chunon,
Nurli tole bo‘lib silar boshim baxt.
Men o‘larman.O‘qiladi janozam.
(Noilojmiz – tabiatning amri bu.)
Sevgim kelib aza ochar subhidam,
Har kelishi uzaytirar umrimni.
Sevgim har kun yig‘lar qabrimni quchib,
Bo‘zarar tun, asta yulduzlar o‘chib.
9
Bo‘zarar tun, asta yulduzlar o‘chib,
Suvlangan olmaday oppoq tong otar,
Aylanib borliqni achomlab-quchib,
Quyosh taftin yerga qo‘shqo‘llab tutar.
Sen mening baxtimmi yo mening qayg‘um,
Baxtimmi, qayg‘ummi, kim ayta olar.
Ovoz ber, ovoz ber, ey, mening sevgim,
Madhing bo‘lsin bugun eng sara so‘zlar.
Men sensiz baxtiyor yashadim, nahot,
Rosti, bunday baxtdan zerikdim-hordim.
Seni topsam, baxt shahrida bo‘lib shod,
G‘am shahrini baxtga ko‘mib tashlardim.
Shunda beshak baxtim bo‘lardi butun,
Xo‘rozlar qichqirar, to‘zg‘ir qora tun.
10
Xo‘rozlar qichqirar, to‘zg‘ir qora tun,
Boshlanar yangi kun quvonch, tashvishi.
Men g‘azal yozarman, quvonib har kun,
Go‘yo tolei but eng baxtli kishi.
O‘tarman dengizdan, olov qa’ridan,
Shaffof suv, otash taft qalbimga ulgi.
Oshiqlik mardlikdir, yuksak baridan,
Mardona yashashni o‘rgatdi sevgi.
Yo‘lim to‘sdi mening qancha to‘siqlar,
Opichlab g‘ussamni oshdim ulardan.
Balki omadlidir ko‘ngli o‘ksiklar,
Sevgan yori bilan qovushganlardan.
O‘ylang, bu dunyoda bari jamuljam,
Yurar o‘ksik qalblar,omadlilar ham.
11
Yurar o‘ksik qalblar, omadlilar ham,
Bu dunyoi dundan dilda ming xohish.
Qovushganlar bir yostiqqa jo mudom.
So‘qqaboshga kamdir butun bir bolish.
Bugun xayolimni parday to‘zg‘itib,
Bir qiz o‘tdi. Angladim sir-tilsimni.
Zo‘rg‘a tilim tiydim, senga mengzatib,
Sal qoldi-ya, aytishimga ismingni.
Qulog‘ingga sasim yetdimi, tamom,
O‘t tutashib yondiradi ichingni.
Ammo ko‘ngling bo‘lsin mendan xotirjam,
Zarracha buzmasman sening tinchingni.
Qalbing tinch. Baxtingni qutlamoq uchun,
Qo‘r tashlab mastona chiqib kelar Kun.
12
Qo‘r tashlab mastona chiqib kelar Kun,
Quvonch, qayg‘ularin ichiga yutib,
Kunning ham sen-mendek bag‘ri to‘la xun,
Yashar yorug‘lik deb, o‘zin ovutib.
O‘zi ham men kabi sargashta oshiq,
Yo‘qotgan tinchini, kezar darbadar.
Har kuni u beshta qit’ani oshib,
Izlaydi yorini – qayda deb Qamar.
Ammo o‘ksik qalblar olar undan taft,
Garchi Oy, deb bedor kutar tonglarni.
Lek bag‘ri kengligi biz uchun ibrat,
Ko‘nglini butlashga sho‘r manglaylarning.
Ajab damlar, dilbar hislar tal’ati,
Sevilmoq – qismatning zo‘r marhamati.
13
Sevilmoq – qismatning zo‘r marhamati,
Chekinar beomon taqdir anduhi.
Erta-kech pok qalbda ishq shafoati,
Bois orta boshlar ko‘ngil shukuhi.
Muhabbatdan tuydim qalbimda poklik,
G‘urur toji boshim ko‘kka yetkazdi.
Sensiz taqdirdagi yolg‘izlik-toklik,
Men sho‘rlikka faqat g‘ussa tutqazdi.
Sening g‘ussang bilan qoldim alamda,
Sening g‘ussang bilan toleim kemtik.
Sevgi-qayg‘u baqamtidir olamda,
Shundan beri menga armondir shodlik.
Qurimas dunyoda sevgi daraxti,
Ana shu – Insonning eng ulkan baxti.
14
Ana shu – Insonning eng ulkan baxti,
Sevgi tubanlikka yo‘l bermas sira.
Siz shunday bir seving, shunday seviling,
Yulduzlar ham rashkdan tortsinlar xira.
Aytib ado qilolmagan bo‘zlaring,
Bedor tunlar izi – yonoqda xoling.
Hanuz yo‘llarimga intiq ko‘zlaring,
Shu mening kechmishim ham istiqbolim.
Sevgi yer yuzidan qirsin batamom,
Barcha pastkashligu xiyonatlarni.
Ega bo‘lib qalbga Muhabbat mudom,
Sochsin ezgulikni, diyonatlarni.
Otmoqda oppoq tong chekinar tunlar,
Umring og‘ochidan uchmoqda kunlar.
MAGISTRAL
(Katta yo‘l)
Umring og‘ochidan uchmoqda kunlar,
Tuproqni quchganday za’faron yaproq.
Yo‘llarda uchrashar shaydo ko‘ngillar,
Yo‘llar ayro tushar, boshlanar firoq.
Oshiqqa bu kunlar odatiy bir hol,
Ishq o‘ti qalbimni quchar kun sayin,
Oshiqlar qurmasa suhbatu visol,
Chiqmog‘i dargumon quyoshu oyning.
Bo‘zarar tun, asta yulduzlar o‘chib,
Xo‘rozlar qichqirar to‘zg‘ir qora tun,
Yurar o‘ksik qalblar, omadlilar ham,
Qo‘r tashlab mastona chiqib kelar Kun.
Sevilmoq – qismatning zo‘r marhamati,
Ana shu – insonning eng ulkan baxti…
Turkman tilidan Ochil Tohir tarjimasi