Ota Jaloliddin Nazirov (1845-1928)

O‘zbek musiqa madaniyatining atoqli arbobi, Shashmaqom ijrosining bilimdoni, Ota Jalol Nosirov maqomdon ustoz sifatida san’atkorlar va shinavandalar orasida o‘z davrida mashhur bo‘lib hozirgacha, uning muborak nomi e’zozlanadi. Buxoroda birinchi musiqa maktabining ochilishi, Samarqandda musiqa bilim yurtining tashkil topishi, shashmaqomning yozib olinishi va saqlab qolinishi uning nomi bilan bog‘liqdir. Usta Shodi, Domla Halim, Levicha hofiz, Boboqul Fayzullayev, Hoji Abdulaziz, kabi maqom xonandalari Ota Jalol Nosirovdan ta’lim olishgan.

Ota Jalol Nosirov 1845 yili Buxoro shahrining Eshon pir mahallasida tavallud topgan. Uning oilasi musiqaga moyil bo‘lib, akasi Mulla Xayrullo mahoratli maqom ijrochisi, uning o‘g‘li Karomat esa, usta kamonchilardan edi. Ana shu muhit uni musiqa bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratib beradi. U sakkiz yoshidan musiqa bilan shug‘ullanadi va o‘sha davrning Tillaboy, Mirzo Hidoyat, Abdurahmonbek, Mir bobo singari mashhur xonanda va sozandalaridan saboq oladi. Natijada 20 yoshidayoq shashmaqomni to‘liq o‘zlashtirib oldi. Uning davrug‘ini eshitgan Amir Muzaffarxon saroyga taklif etib saroy hofizi etib tayinlaydi. Amir Olimxon davrida esa «Miroxo‘r» unvoni beriladi.

1920 yilda Buxoroda «Sharq musiqa maktabi» ochilib, bir qancha hofiz va sozandalar jalb qilinadi va Ota Jalol Nosirov o‘zi bosh bo‘lib shashmaqomni o‘rgata boshlaydi. 1923 yili V.A. Uspenskiy Ota Jalol Nosirov va Ota G‘iyos Abdug‘aniyevlardan shashmaqomning barcha turkumlarini yozib oladi. Shashmaqomning o‘sha davrda notaga olinishi va 1924 yilda nashr qilinishi katta voqea sifatida baholanadi. Va keyingi notalashtirish jarayonlariga yo‘l ochib beradi.

Ota Jalol Nosirov faqat xonanda va sozanda, balki bastakor sifatida ham ijod qilganligi manbalarda ko‘rsatiladi. Ustoz Shashmaqomning mushkilot qismlarini tartibga solgan ayrim sho‘balarini kengaytirgan va qo‘shimcha qismlar bastalagan. Segoh maqomi ijrosiga savt usuli bilan bir necha qismli sho‘ba bastalagan. Ushbu sho‘ba ijrosi «Savti jaloliy» deb nomlanadi.

1925 yilda Ota Jalol Nosirov Samarqandga taklif etiladi. Bu yerda yoshlarga maqom ijrolarini va yo‘llarini o‘rgatadi, kontsertlarda ishtirok etadi. Xoji Abdulaziz, Yunus Rajabiy, Mulla To‘ychi Toshmuxammedov, Shoraxim Shoumarovlar bilan ijodiy muloqotda bo‘ldi. Va ular ustozdan shashma­qom yo‘llarini o‘rganadilar va maslahatlar olib turadilar. Ota Jalol Nosirov ijrochilik uslubidan bahramand bo‘lgan o‘nlab shogirdlar keyinchalik maqom ijrochiligi san’atini rivojiga katta hissa qo‘shdilar.

Ota Jalol Nosirov musiqa madaniyatimiz tarixidan shash­maqom bilimdoni va targ‘ibotchisi, mashhur hofiz, va sozanda ko‘plab maqom ijrochilarining ustozi sifatida o‘zidan o‘chmas nom qoldirgan ulug‘ san’atkordir.

"Yosh kitobxon" kitoblari