Jahon
October 4, 2020

Mirzo G‘olib (1797-1869)

O‘zining beqiyos ijodi bilan urdu adabiy tiliga asos solgan va hind she’riyatining mumtoz davrini yakunlagan, ham Pokiston, ham Xlndistonning faxru g‘ururiga, har ikki millatning timsoliga aylanib ketgan otashnafas shoir Mirzo Asadulloxon G‘olib (مرزا اسد اللہ خان غالب) asli turkistonlik — o‘zbeklarning oybek urug‘idan bo‘lib, uning bobosi Mirzo Qo‘qonbek Samarqand amirzodalaridan bo‘lgan otasi Tursunxon bilan arazlashib, XVII asr o‘rtalarida Hindistonga borib qoladi. Mirzo G‘olib ana shu kishining o‘g‘li Abdullabek va Buxorodan Hindistonga kelib qolgan Xoja G‘ulom Husaynning qizi Izzatunnisodan Agra shahrida tug‘iladi. Ma’lum bo‘ladiki, hind zaminida tug‘ilgan bo‘lishiga qaramay, Mirzo G‘olib ota tomonidan — samarqandlik, ona tomonidan esa — buxorolik. Binobarin, uni nafaqat hind va urdu, balki o‘zbek xalqining ham shoiri deyishga haqlimiz.
Ma’lumki, Hindistonda yashab ijod etgan mashhur fors-tojik shoiri Xusrav Dehlaviyning kelib chiqishi ham asli Shahrisabzdan bo‘lib, o‘zbeklarning lotin urug‘idan edi. Shuni nazarda tutib, Mirzo G‘olibga zamondosh bo‘lgan shoir Nayyar yozgan edi: «Hindistonda fors she’riyati lotin urug‘idan bo‘lgan turkdan boshlanib, oybek urug‘idan bo‘lgan turkda nihoyasiga yetdi».
Mirzo G‘olib nazm bilan birga nasrda ham qalam tebratgan. Uning «Dastanbu», «Mehri nimro‘z», «Panji ohang» kabi asarlari urdu adabiyotining noyob durdonalari hisoblanadi. Mirzo G‘olib Soib Tabriziy, Mirzo Bedil kabi buyuk salaflariga ergashib, sabki hindiy — hind uslubida ijod qilgan. Bu uslubda yozilgan she’rlarning badiiy jihatdan pishiq, mazmunan teranligi — bir necha ma’no qatlamiga egaligi ma’lum. Shuning uchun ham ularni tushuntirish uchun qator-qator sharh kitoblari yaratilgan Shuning uchun ham ularni boshqa tillarga tarjima qilish qiyin. G‘olibni suxanvarlik bo‘stonining bulbuli va ma’no shakkaristonining to‘tisi, deb lutf etadilar. Urdu munaqqidi Abdurahmon Bijpuriyning yozishicha, Hindistonda eng o‘qimishli kitoblar bu — muqaddas «Veda» va Mirzo G‘olibning devoni hisoblanadi.
XX asrda Mirzo G‘olibning shuhrati butun dunyoga yoyildi. Bugungi kunda shoir asarlari nashr etilmagan, uning nomini bilmaydigan xalqlar juda oz. Dehli, Aligarh, Haydarobod, Lohur va Karachi shaharlari bu zabardast so‘z san’atkori ijodini o‘rganishda yirik markazlar bo‘lib kelmoqda. Hindiston hukumati, shaxsan Indra Gandi tashabbusi bilan Dehlida tashkil etilgan G‘olib uyi va G‘olib akademiyasidagi kitob javonlari jahonning turli mamlakatlarida chop etilgan shoir haqidagi risolalar va asarlarining turli tillardagi tarjimalari bilan to‘la.
O‘zbek tilida Mirzo G‘olibning «Shaydo» (1965) va «G‘azallar» (1975) to‘plamlari nashr etilgan. Shoir she’rlarini urdu va fors tillaridan Yong‘in Mirzo, Rahmonberdi Muhammadjonov, Mirtemir, Vasfiy, Chustiy, Shoislom Shomuhamedov, Sulton Qo‘qonbekov, Hamid G‘ulom, Po‘lat Mo‘minlar tarjima qilishgan.

G‘AZALLAR

***

Desam, G‘olib, yerim — pok hoki Turon,
Asil zotim bilan bag‘rim farahmand.

O‘zim turkzodayu naslim-da turkzod,
Buyuklar qavmi birla asli payvand.

Urug‘ bo‘lmish menga oybeklar aslan,
Kamolan oyga nisbat, balki o‘nchand.

Otam kasbin desam dehqonchilikdir,
Bobom bo‘lmish zamindori Samarqand.

O‘zim haq fayziga shogird erurman,
Erurman fozil insonlarga farzand.

Yonishda hamnafasman barq ila men,
Saxovatda bulutlar birla monand.

G‘amu anduxki bor, shodman alardin,
Farah, baxt yo‘q-ki anga dog‘i xursand.

Hama heshlarki o‘tmish, yig‘lagaymen,
Tiriklikdan kularman bo‘yla xushxand.

***

Qoshi yosi qatlima tadbirdir,
Ne ajab, uy toqida shamshirdir.

Sevgida bemorligimni so‘rmagil,
Ul Iso ko‘zgusida tasvirdir.

Men junun dashtida sargardon esam,
G‘am dilimning poyida zanjirdir.

Bu ko‘ngil vayronadir, favvora — ko‘z,
Sel siniq, bu uyga ne ta’mirdir.

Vah, qalamning yoqasin yirtdi Asad,
Chok dil inshosi bu tahrirdir.
***

Muhabbat tuxmin ekdim jonima, anduh samar bo‘ldi,
Umidim shuki, qosid, yorga xolimdan xabar buldi.

Yog‘ib charxi falakdan bu jafokash boshima toshlar,
Urushdi toshga toshu misli guldasta sharar buldi.

Ko‘ngil dardi ko‘rinsa kuzguda yuz rang bilan, denglar
Xazonu sog‘aru dil qoniyu zahmi jigar buldi.

Nigohim bo‘ldi ovora seni izlab va lek oxir
Qorong‘u bo‘ldi olam senga, dil sohibnazar bo‘ldi.

Junun ahlini zohid ayb etar bo‘lsa ajab yo‘qdir,
Junun zanjiri zuhdning eshigiga bandi dar bo‘ldi.

Asad, gar g‘uncha gulning shavqatiga borgoh bo‘lsa,
Diling Bedil yo‘liga gul sochib, satring guhar bo‘ldi.

***

Parivash chehrasiga bersa oro,
Qilar hayrat bilan ko‘zgu tamosho.

Ketar jonim olib karvonda yorim,
G‘uborin ko‘zlarimga ayladim jo.

Meni uyquga eltdi dardi hijron,
Xayoli kiprigimda bo‘ldi paydo.

Kular gul yig‘laganda bulbuli zor,
Men u gul xandasidan xoru rasvo.

Firoq o‘qin pari ko‘ksimga otdi,
Ajab, g‘am tori uzra undi ra’no.

Fano dashtin tutar maskan murodim,
Anga parvo yo‘qu menga tasallo.

Asad, ojizligingni angladingmi,
Nechun bilding o‘zingni buncha dono?

***

Egam, ismingni aytmoq, jur’atin bergil zabonimga,
Ko‘ngil — xomush sadaf, dur jilvasin bergil bayonimga.

Tarahhum ayla mendek bedilu mahzunga, lutf etgil,
Charog‘i subh ber shomimga, gul faslin hazonimga.

Qilib nazzora jonimni olursan, ey pari paykar,
Kuyarsan dastu poyingga hino oluda qonimga.

Ko‘rib ko‘zguda ruhing aksini u chashmi mashshota
Bo‘libdir xunfishon, bersin to‘zim bu xasta jonimga.

Qilarkan tunda bulbul nola, tong uyqudan uyg‘ongay,
Umidim tongi uyg‘onmas nechun betin fig‘onimga.

Kamina takribu sidqin sinab ko‘rmoqqa rahm aylab,
Yubording ming tuman ranju mashaqqat imtihonimga.

Jamolingdan saboh ravshan, guliston bo‘yla zevardir,
Asadga tor qafas qurding, nazar sol bu makonimga.

Erkin Vohidov tarjimalari

ROZIMAN

Men jafo mushtoqiman, har ne jafa qil, roziman,
Menga zulming o‘tkazishdan xo‘b safo qil, roziman.

Ey, qamar rashkin oshirgan oyjamol, o‘ksinma ko‘p,
Oshig‘ing bisyor tag‘in ming oshno qil, roziman.

Sen sanamsan, oftobsan, balki ortiqsan, baland,
Ul samodin ham balandroq bir samo qil, roziman.

Necha hurlar husn bobinda olur sendan saboq,
G‘amzayu ishvangni el ichra balo qil, roziman.

Beqaror ko‘nglim ko‘ying istab mudom parvoz etar,
Mayli, ostonangni Ka’badin a’lo qil, roziman.

Maqtagay zohid hamisha bog‘i jannat ko‘rkini,
Sen ko‘chang gardin menga jannatbaho qil, roziman.

Jannatu do‘zaxni qo‘shsang bir buyuk bo‘ston bo‘lur,
Saylu sayroning uchun ulkan bino qil, roziman.

Iltifot aylab menga obi hayot tutgil, ichay,
Tashna ko‘nglim qondirib, mehring ato qil, roziman.

Bul g‘azalnikim Aloyi menga insho qildirur,
Endi har hukmingni G‘olibga ravo qil, roziman.

QAYSIKIM, SAHROYu DAShTDA

Qayskim sahroyu dashtda ko‘p kezibdir zor-zor,
Boshqa oshiqlarga joy bermabdi dunyo – ko‘ngli tor.

Ishq havosidan yurakka necha o‘tlar yondashur,
Necha otash taftidan ko‘ngil bo‘larmish nor-nor.

Men tushim, o‘ngimda sen-la qancha suhbat ayladim,
Ne zarar, ne sud ko‘ribman, barchasi bekor-kor.

Ishq maktabgohida shogirdi sodiqman hanuz,
Ne savodim chiqdi-yu, ne tark qildim ixtiyor.

Bir o‘lim birlan kafan aybimni yopgaydir faqat,
Yo‘qsa, har qanday libosda boru yo‘g‘im oshkor.

Ey, Asad, Farhod necha tog‘ni kesar polvon edi,
Ammo oshiqlik yo‘linda bo‘ldi ul ham tor-mor.

ISTARAM

Toqatim toq bo‘ldi ishqdan, chorayi jon istaram,
Mehr ko‘rsat, dilrabo, mehringni chandon istaram.

Xoru xas gulxanga tushgach, lov etib yongay beshak,
Men labing zavq o‘tida yonmoqni obdon istaram.

Rashk eturman senga ko‘z solsa banogoh bir raqib,
Kelmog‘ing javlon urib bul kecha, jonon, istaram.

Ko‘zlarimga jo bo‘lib, uyquni ko‘zdan mahv et,
Lahza-lahza shafqating ko‘rmoq farovon istaram.

Men jamoling ko‘rgali muhtoju mushtoqman, go‘zal,
Bunchalik g‘urbatni daf etmoqqa imkon istaram.

Nag‘mayi bazmi xayolingdan dilimda ming savol,
Bizga ham bo‘lgaymu deb bir lahza ehson, istaram,

Sen vafo begonasiyu, men, havas oshuftasi,
Mayli, mehring sog‘inib, o‘tmoqni sarson istaram.

Baski, bizga shafqatingdan bir jilo ko‘rsatmagil,
Lek xayoling mavjida surmoqqa davron istaram.

G‘olibo, garchi jafolar ilgida qondir jigar,
Ranj agar shundoq shirin, bul ranjni har on istaram.

JASUR INSON KERAK

Ishq maydoniga mardu ham jasur inson kerak,
Bo‘lmasa, qizg‘in kurashlarga chidam bermas yurak.

Men o‘limdan titrar erdim har tasodif chog‘ida,
Rangu ro‘yim qahrabosi – bul haqiqatdan darak.

Ishq – vafodan bir risola yozgali urdim qalam,
Ammo fikrim ko‘p parishon erdi, jonim jonsarak.

Tomirimda qon oqur, misli hayot daryosi ul,
Bag‘rimiz vodiysini alvon guliston qilgudak.

Sevgi dardi qalbimiz ichra abad bo‘lgaymu hech,
So‘nsa ham qalb, deydilar, dardi yashar ermish beshak.

Yoru do‘stlar topmadi hargiz jununimga davo,
Garchi manzil bo‘ldi menga ob-havosiz tor katak.

Bir jasad bo‘lmish kafansiz, bul Asad oshiqu zor,
Shafqat aylab, ko‘ngliga nurini yog‘dursin falak.

AYoNDIRU AYoNMAS

Dilimning bul shevasi ayondiru ayonmas,
Uning tuyg‘u, a’moli gumondiru gumonmas.

Dilbarni bul g‘amimdan desam ogoh aylayin,
Ichimdagi g‘ulg‘ula bayondiru bayonmas.

Jonim ichra farmoning, har xizmatingga shayman,
Har pardada dil dardim ravondiru ravonmas.

Ahli nazar qoshida dardimni aytsam agar,
Bo‘saga tashna ul lab dahondiru dahonmas.

Kezarman gulshan ichra, bahoru… hech vaqo yo‘q,
Gulxan bo‘lib ko‘ringan xazondiru xazonmas.

Daryoga tushsa qatra, singib ketgaydir albat,
Bu qandayin sinoat? Ziyondiru ziyonmas.

Bahor zavqi-la yashnab, shoxda gullar urar mavj,
Gul kosasida boda nihondiru nihonmas.

G‘olib, nazardan o‘tkaz atrofda bor safoni,
Parda ortida sirlar ayondiru ayonmas.

GAR DENGIZ ChAYQALSA

Gar dengiz chayqalsa, ne ahvolga tushgay xas-xoshok,
Xuddi shunday, har nigohingdan tanimda jon halok.

Fayziyob bo‘lsang agar mayning otash daryosidan,
So‘ngra jisming muzlatur, albatta, ul vahshu nopok.

Gar charog‘on bo‘lsa xonang, senga zulmat xavf emas,
Cho‘g‘ ko‘ringay ko‘zlaringga muzlagan bir parcha xok.

Bul haroratdan vujuding yayragay xushnud bo‘lib,
Barcha noxush tuyg‘ular har yon titilgay chok-chok.

Ushbu ayyomni yomonlab gap sotishdan foyda ne?
Taqdiring shundoq bo‘lishin asli yozmish charx-bebok.

Qo‘l-oyoq joyida bo‘lgach, bizga kim zahmat berur?
Qay mahal yiqdi Faridunni o‘shal Zahhok – xok?

Ta’bimiz ravshanligi har bir suxanda aks etur,
Tut ko‘ngilni, G‘olibo, har lahzada ozoda-pok.

NE SO‘Z DEMAY

Ne so‘z demay, eshitib, eshitmaslikka olar,
Subhu shom holim bilib, o‘zin bilmasga solar.

Banddan bo‘shalgan ohu orzu qilurmu domni,
Ko‘nglimizning g‘izoli shubhalar ichra tolar.

Ey, soqiy, shafqat aylab, bir kosa boda tutkim,
Jigar qon bo‘ldi g‘amdan. Shu sendan iltijolar.

Yor diydorin ko‘rishdan bir yaxshi payg‘om kutdim,
Mushtoq bo‘lib ko‘zlarim necha shomu sabolar.

Yuzdan surib pardangni noz bilan o‘tkil, dildor,
Oinayi jamoling bersin dilga safolar.

Ko‘zimdan oqqan yoshning hisobin qilib bo‘lmas,
Unda qon mavj urarkan, jonim ne holda qolar?

Gulgun maydan bul kecha huzurbaxsh bo‘lay lahza,
Deydilarki, paymona ko‘ngillar eangin olar.

Anduh xuruji, G‘olib, ko‘ngilga solmish g‘ulu,
Ohim eshitib shoyad qilsa rahmu raholar.

JAMOLING TOROJ AYLAR

Jamoling toroj aylar har qandayin nazarni,
Xiroming pomol etur sarv ila sanobarni.

Shavq otashing yondirib dillar uyin sarosar,
Tiyg‘i zaxming o‘ldirdi necha qalbu jigarni.

Dardingda o‘lar bo‘ldim sendan uzoq tushgan chog‘,
Yondim eshitganim chog‘ kelishingdan xabarni.

Xabardor bo‘l azobing tortgan xaridoringdan,
Nolam yetkazur senga dildagi bu kadarni.

Shod edim bu xilvatda, olisda shum raqibdan,
Yo‘lingda uyg‘oq turdim kuzatib har guzarni.

Ko‘zlarim yosh to‘kardi umidvor ilinj ila,
Garchi sezsa-da qalbim bu yo‘lda bir xatarni.

Ey, barmoqlar, ko‘zimdan olingiz darhol o‘zni,
Pok domonin silangiz o‘shal mohi qamarni.

To‘ti shakarni istab, ne ko‘yga solur o‘zni,
G‘olib, sen o‘shal labdan topursan qand-shakarni.

NURLI OFTOB BODASI

Nurli oftob bodasin uzatgan chog‘i osmon,
Ranglar namoyishidan yayrab ketdi guliston.

Bizning oftobimiz-chi, darig‘ tutar mehrini,
Shul bois hayotimiz shomi g‘arib, notavon.

Oftobimiz biz uchun dushmanu hamdard yana,
Sham bilan suhbatimiz tongga qadar bearmon.

Navbat bila ikki nur ko‘ngilga solur yog‘du,
Kulfatu farog‘atni bizga tutib yonma-yon.

Mana, bahor gurkirab, olam muattar o‘ldi,
Shabnamlar shu’lasida go‘yo aks etdi jahon.

May bazmida latofat suhbati avj olg‘usi,
Qadahlar sadosidan dillar bo‘lib nurafshon.

G‘olib, sabuhiy zavqin ko‘ngilga soldi nahor,
Nurli oftob bodasin uzatdi chog‘i osmon.

AHDU ZABONINGDAN G‘ALAT

Takyagoh ahdu zaboningdan g‘alat bo‘ldi, g‘alat,
Ham shirin, o‘tli bayoningdan g‘alat bo‘ldi, g‘alat.

Xokisor etding raqibim qoshida garchand meni,
Bu g‘alatdir, jon-jahoningdan g‘alat bo‘ldi, g‘alat.

G‘unchaga solsang nazar, bo‘lgay xijolat, chunki ul
Bemisol shirin dahoningdan g‘alat bo‘ldi, g‘alat.

Har jafoyingkim, menga ming bir vafodan ham ziyod,
Dil uyi bundoq gumoningdan g‘alat bo‘ldi, g‘alat.

Rahm qil, dardu sitamlardan G‘olib o‘lgay beshak,
Takyagoh ahdu zaboningdan g‘alat bo‘ldi, g‘alat.

Fors tilidan Jumaniyoz Jabborov tarjimasi

RUBOIYLAR
1

Har pardani, G‘olib, o‘z navosi bordir,
Har go‘shani o‘z fayzu safosi bordir.
Pok ayladi jismimni jahon tashvishidan —
Bangolani xush obu havosi bordir.

2

Umrim bo‘yi taqdir qo‘lida xor bo‘ldim,
Umrim bo‘yi omadga umidvor bo‘ldim.
Sarmoya yo‘g‘-u, foyda xayolin qildim,
Bir va’da yo‘g‘-u, ko‘yida ko‘p zor bo‘ldim.

3

Men rozi emasman bersalar jannatni,
Haq dargohidan turli-tuman ne’matni.
Jon qayta tanamga kirsa, sarf etgay edim —
Bir ko‘rgali seni, bu buyuk davlatni!

4

Yo Rab, jahon ahliga dili xurram ber!
Jannat tilaganga otashini ham ber!
Shaddod* xafa o‘tdi sendan ko‘rmay o‘g‘il,
Odam mulkin qavmiga qilmay kam ber!
_____________
* Shaddod — afsonaviy arab podshohlaridan birining nomi. U go‘yo hudolik da’vo qilgan emish.

5

Bemorman-u, may dardima darmon bo‘lgay,
Ham quvvati dil, ham rohati jon bo‘lgay.
Otamga* dedim: may ichgali mayl ayla,
To boda ichish rasmi farovon bo‘lgay!
__________
* Bu yerda Odam Ato ko‘zda tutilmoqda.

6

Qo‘rquv ila ko‘nglim to band ermas edi,
Hech narsaga qattiq payvand ermas edi.
Orzum meni Ka’bayu safardan g‘ayri —
Tarki elu xotin, farzand ermas edi.

7

Dunyo sen uchun aysh-ishratiston bo‘lsin!
Shodlik guli yuz rangda namoyon bo‘lsin!
Keldi hayitu bahor xurramlik olib,
Mendek necha yuz jon senga qurbon bo‘lsin!

8

Ko‘z oldida bemorni faqat turgay yor,
O‘z naf’u ziyoni-la ishi yo‘q zinhor.
Tolibga talab qilgani ne imkon bor?
Yo‘q mevasi bersa-da xino barg bisyor.

9

Suhan* suvi oldida bekor qandu nabot,
Teng kelmas unga Nil ila Jayhunu Firot.
Hind otli bu bir parcha yeri olamning —
Zulmatdir-u go‘yo, Suhan — obi hayot.
____________
* Suhan — Hindistondagi daryo.

10

Har lahza azal lutfini yod etguchi bo‘l,
Har qancha balo ko‘pmi, quvonch undan mo‘l.
Kufr ichra menu San’on aro farq bordir,
Ehson boshqa, toat haqi boshqadir ul.

11

Sen orzuni ko‘p berding-u, sarmoyani kam,
Qoshingda qiyomat kuni biz bo‘lsak jam,
Qo‘y meni holimga — chekib hasrat-g‘am,
Men qilmagan ayshlarimni o‘ylay ul dam.

12

Shodlik bazmida xastalarga ne quvonch?
Jang ichra oyog‘i bastalarga ne quvonch?
Gar yog‘sa bulutdan pokiza may, G‘olib,
Biz — ko‘zayu jomshikastalarga ne quvonch?

13

Yuzing kabi yuz yo‘q biror insonda,
Pokiza vujud ham bu kabi hech jonda.
Deding: sira parvo qilmagum gap-so‘zga,
Yomonlarning ko‘zi lekin yomon-da!

14

Qashshoqlik olamida achchiq hayot,
Toat-da qilolmaysan izlab najot.
Koshki Haqdan ishorai savmu salot —
Bo‘lsa edi, farz bo‘lganidek hajju zakot.

15

Koshki bu jahon yangidan ijod bo‘lsa,
Vayrona bu kulbam zora obod bo‘lsa.
Mendan ko‘ra yaxshi bu tuban olamda —
Kim o‘zgani(ng) g‘am-qayg‘usidan shod bo‘lsa.

16

Tokay el ila tinchu salomat bo‘lasan?
Tokay nishonai malomat bo‘lasan?
G‘am kechasining dedingki tongi bo‘lmas,
Bunday dema, munkiri qiyomat bo‘lasan!

17

Manzil menga ham shu qora yer — qayga boray?
Bor tuprog‘ini sochdi boshimdan, naylay?
Zar berdi-yu o‘zgalarga, qo‘ydi menga dom,
U onadir o‘zgalarga-yu, menga o‘gay.

18

Na xanjaru o‘q zaxmi ila o‘lganman,
Na sherni(ng) tushib changaliga so‘lganman.
Tishlayman-u lablarimni, qonin so‘raman,
Qon yuta yashashdan bezor bo‘lganman.

19

Men yakkaxudolik g‘amidan ozodman,
O‘z pokligima o‘zim guvohman, shodman.
So‘z ichra salaflarga bugun shogird esam,
Bas, erta xalaflarga* tayin ustodman.
__________
* Xalaf — ortdan kelayotganlar, avlodlar, vorislar.

20

G‘olib, mening katta bobomdir Zodsham,
Shundan yashadim qilich damida men ham.
Sarkardalik o‘tdi-yu, yopishdim she’rga —
Bobomning singan qilichi bo‘ldi qalam.

21

Qar kim esa yo‘qchilik tufayli poymol,
Rasvolik ila ham o‘nglanar goh ahvol.
Biz tashnalab-u, xirqa-chi, botmish mayga,
Soqiy, qadahing teshikmi — bu qanday hol?!

22

Ey, nega cho‘chiysan bu qadar o‘limdan?
Dil mangu hayotnimi tilar o‘limdan?
Kuydim-ku tabiiy harorat o‘tida men,
Og‘ir bu hayot, bilsang agar, o‘limdan!

23

Ma’lumki, shikoyat aylamak yaxshi emas,
Yor husni-yu dil dardi — so‘zim mavzusi, bas.
Holimni kelib ko‘rmadi-yu, so‘rmadi ul,
Dushman yaralab, yor esa o‘ldirdi, abas.

24

So‘zingga sening e’timod aylab bo‘lmas,
Yolgon ila o‘zni shod aylab bo‘lmas.
Sen va’dani tog‘day uyding — orasidan
Bir yaxshi va’dani yod aylab bo‘lmas.

25

Tun bo‘yi agarchi mehmon qildim uni,
Birmuncha o‘zimga mehribon qildim uni.
Ko‘nglim sira xotirjam emasdir, chunki
Vasl ichra o‘zimdan badgumon qildim uni.

26

Ming narsa menga ato etishsa — Uniki!
Jannatni peshonamga bitishsa — Uniki!
Men Unga qilay fido yuz shodlik ila —
Mahshar kuni tanga jon yetishsa — Uniki!

27

Dil yuzini tirnab, qondan yo‘llar ochay,
Ko‘z orqali yuzga qonli yoshlar sochay.
Umrim bo‘yi qora kiymasam Ka’ba kabi,
Mo‘minga* tutib aza jahannamga tushay…
__________
* Mo‘min — G‘olibga zamondosh shoir.

28

So‘z zavqini olam tushunib yetgay edi,
Nomim meni qo‘kdan-da o‘tib ketgay edi,
Din bo‘lsa agar so‘z ilmi netgay edi —
Devonim ilohiy kitob etgay edi!
Ergash Ochilov tarjimalari

"Yosh kitobxon" kitoblari