Jyul Syupervel (1884-1960)
Jyul Syupervel (Jules Supervielle; 16 yanvar 1884, Montevideo, Urugvay — 17 may 1960, Parij) — frantsuz shoiri, yozuvchi va dramaturg.
UZOQDAN
Uzoqdan tovushimni tuyishga o‘rgandingmi?
Sen yerga quloq tutma, sen qalbingga quloq sol.
Bu yoqqa kelmoq uchun yo‘l, ko‘prik qurgandingmi?
Men senga intizorman, ey, sevgilim, kela qol!
Atlantika kengligi bizni ayri tutsa ham,
Yo‘limizni to‘ssa ham cho‘l, o‘rmon, vahshiy tog‘lar,
Agar menga mayl ila kulib boqsang, ey sanam,
Etar – barcha to‘siqlar bizni visolga bog‘lar.
VAHShIYLAR ShAHRI
Shaharga boqarkan hayron bug‘ular,
Tinchlik, xotirjamlik bor bu tomonda.
O‘rmonda qo‘rquvdan barcha bo‘g‘ilar –
O‘lja bo‘lish xavfi kutar har onda!..
Asli shahar to‘la turfa xil maxluq,
Izg‘ishar; turishar to‘dalangancha.
Boq, korxonalarda ulviy odam yo‘q,
Ishlashar, qaytishar podalangancha.
Inson ham maxluqdir aslida, zotan.
Qay bir hayvon bordir ich-ichimizda;
Sug‘urmi, nahangmi, bo‘rimi, arslon –
Bari kuch oladir ong, kuchimizdan.
O‘zlikni agarda tutmasak mahkam,
Oson aylanmoqlik biror hayvonga.
Odamday yashaylik bo‘lsak gar odam –
Vahshiylikni quvib cho‘lga, o‘rmonga.
Agar hayvoniylik bizni zabt etsa,
Qora bosgan jonlar zulmatga tolar;
Ichdagi insonlik, ruh o‘lib bitsa,
Yolg‘iz tan bir umr azobda qolar.
Rus tilidan Tohir Qahhor tarjimasi