Hamid G‘ulom (1919-2005)
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1969), O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1979), Respublika va sobiq Ittifoq Davlat mukofotlari sovrindori Hamid G‘ulom yetuk shoir, nosir va dramaturgdir. H. G‘ulom 1919 yil 25 aprelda toshkentlik musiqa muallimi oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni bitirgach, O‘rta Osiyo industrial instituti (1935—1937) va Nizomiy nomidagi Toshkent Pedagogika instituti (1938—1941) da tahsil oldi. 1954 yilda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasining yo‘llanmasi bilan Moskvaga, M. Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti institutiga o‘qishga bordi. So‘ng «Literaturnaya gazeta»ning O‘zbekistondagi maxsus muxbiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi (1958—1971), «Sharq yulduzi» jurnalining bosh muharriri va G‘. G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotining direktori lavozimlarida ishladi.
Hamid G‘ulom adabiyotga o‘ttizinchi yillarning boshlarida «Bizning lager», «Odam», «Quyosh kabi charog‘on» (1936) she’rlari bilan kirib keldi. Yosh shoirning ijodi o‘zbek adabiyotining katta vakillari G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda ta’sirida kamol topti.
U vatanparvarlik, dushmanga nafrat ruhi ifodalangan «Qasosim bor» (1942), «Katerina» (1942), «Ukraina yellari» (1943) kabi she’r va balladalarini urush yillarida yaratgan.
Hamid G‘ulomning keyinchalik yaratgan «Qo‘shiqlarim» (1949—1956), «Dnepr bo‘yida» (1949), «G‘alaba yo‘lida» (1952—1956) asarlarida xalqimizning fashizmga qarshi kurashidagi qahramonliklari tasvirlangan. Uning «Olmos qizi» (1956), «Toshkentliklar» (1967) asarlari o‘zbek paxtakorlarining urushdan avvalgi fidokorona mehnati, xalq va armiyaning urush davrida ko‘rsatgan qahramonliklari haqida hikoya qiladi. Ikki kitobdan iborat bo‘lgan «Mash’al» (1959) romanida Oktyabr to‘ntarishining dastlabki yillaridagi o‘zbek xalqi hayoti, jamoalarning shakllanishi, xo‘jaliklarning tuzilishi va ma’rifatning yoyilishi kabi hayotiy masalalar badiiy tahlil etilgan.
Yozuvchining «Senga intilaman» (1963), «Binafsha atri» kabi romanlari esa Mirzacho‘lda tashkil etilgan birinchi jamoa xo‘jaligi haqida hikoya qiladi.
U ocherknavis va publitsist sifatida Yer kurrasida ro‘y berayotgan voqealar, jahon xalqlarining ozodlik uchun kurashlari, tinchlik va xalqaro do‘stlik mavzularini yorituvchi «Qit’alar uyg‘oq», «Kuba haqida hikoyalar», «Uy», «Xirosima balladalari», «Evropa taassurotlari», «Jazoirda tong» kabi asarlarini yaratdi. Adibning «Vafoning uzun yo‘li» nomli xotiralar to‘plami ham kitobxonlar tomonidan qizg‘in kutib olingan.
Adib asarlari qirqdan ortiq jahon xalqlari tillarida nashr etilgan. Birgina «Mangulik» romani xitoy tilida yarim million nusxada chop etilgan.
Shuningdek, H. G‘ulom A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, V. Shekspir, T. Shevchenko, Lone de Vega kabi yozuvchilarning asarlarini ham o‘zbek kitobxonlari va tomoshabinlariga o‘z tarjimasida tortiq etgan. Uning «Farg‘ona hikoyasi», «Toshbolta oshiq», «O‘g‘il uylantirish», «Ajab savdolar» kabi zamonaviy mavzularda yaratilgan komediyalari respublika teatrlarida namoyish qilinib, tomoshabinlar hurmatiga sazovor bo‘lgan.
Adibning «Muhabbat navosi» nomli ikki parda, besh ko‘rinishli muzikali dramasida XVI asrda Uyg‘uristonning Xo‘tan shahrida yashagan Omonniso bilan Rashidxon o‘rtasidagi muhabbat mojarosi haqida hikoya qilinadi.
«Mashrab» tarixiy romani ham H. G‘ulom qalamiga mansubdir.
Hamid G‘ulomning o‘zbek ayolini yangi hayot qurishdagi faoliyatini ulug‘lovchi «Toshkentliklar» (1974) romani Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. «El-yurt hurmati» (1998) va «Mexnat shuhrati» (2004) ordenlari bilan mukofotlangan.
2005 yil 21 avgustda Toshkent shahrida vafot etgan.