Jahon
October 3, 2020

Abdurahim Abdullo (1954)

Abdurahim Abdullo 1954 yili Oqsuv viloyatining Kelpin tumanida tug‘ilgan. 1983 yili Shinjon universitetini tamomlagan. Uning “Oh, otalar”, “Ishqnoma” nomli she’riy, “Dovonli yo‘llar”, “Bo‘ynoq” kabi qissa va hikoyalar to‘plamlari nashr etilgan. Hozirda Shinjon Un-sin nashriyotida ishlaydi.

TEMIRChI SANDONIDAN TARALGAN SADO

Nolakor bir sado quchar falakni,
Yuragim uvishib, to‘xtaydi qonim.
Shunchalar kuchli u, shunchalar achchiq,
Bamisli tutqunning ohu afg‘oni.

Yuzlandim shu ovoz kelgan tomonga,
Meni hayron etdi ajoyib bir sir.
Ovoz ham to‘xtadi, turibdi ana,
Uchoqda lag‘cha cho‘g‘ — bir bo‘lak temir.

Qiynoq xonasini eslatdi menga,
Asboblarga to‘la qop-qora do‘kon.
Uchqunlar sachraydi taraf-tarafga,
G‘olib va mag‘lublar ko‘tarar chuqon*…

Bir qisqich temirni olib sandonga,
Alpkelbat temirchi urdi ayovsiz.
Sandon ham bolg‘acha bermoqda madad,
Ezildi zarbadan temir majolsiz.

Angladim, temirni o‘tda yumshatib
Itoat ilkiga olgan ham temir,
Qisqich ham temirdir, bolg‘aga sodiq,
Afsuski, sandon ham, bolg‘a ham temir.

Angladim dunyoning ko‘hna sirini:
Yot zarbasi mardga hechdek tuyular,
Og‘riq qaqshatardi suyak-suyakni,
O‘ziniki bo‘lsa urgan qo‘l agar.

Chin botir jallodga aslo yalinmas,
Kesilgan tomirdan qonlar sharqirar.
Bilsa gar do‘stining sotqinligini,
Ko‘kning pardasini yirtib baqirar.

Insofga undayman do‘stlarimni men,
Alaflar bosmasin gulgun bog‘imiz.
Ezilgan yurakni ezmaylik battar,
Birimiz sandondek, bolg‘a — birimiz.
__________________
* Chuqon — shovqin-suron.

Emin Usmon nashrga tayyorlagan

IShQNOMA

Qismatim shundoqmikin g‘amlar menga kam bo‘lmadi,
Tushdi boshga yangi savdo eskisi g’am bo‘lmadi.

Tegdi g‘oyibdan kelib boshimga sevgi chaqmog’i,
Dam-badam kuydirdi tinmay menga bir dam bo‘lmadi.

Lablaring sharbatidan yayradi jon-tan mast bo‘lib,
Unga teng kelguday bu olamda zam-zam bo‘lmadi.

Gulga to‘ydursam yoshimni g‘uncha bo‘ldi qip-qizil,
G‘uncha bo‘ldi lek yoshim gullarga shabnam bo‘lmadi.

Sog’inurman tunu-kun nimjon ilondek tolg‘onib,
Eganim ovqat – zahar osh – tuzda hech ta‘m bo‘lmadi.

Dili zardob, tani yong‘in, cho‘lda majnun men shu dam,
Necha Luqmon dorisi dardimga malham bo‘lmadi.

Tunda bedormen hamon zoriqib yor vasliga,
Ko‘zlarim yulduz, goho kipriklarim jam bo‘lmadi.

Termulub yorim tomon bag’rimda qon-qon yig’lasam,
Voh ajabkim bag’ri toshning ko‘zlari nam bo‘lmadi.

Bul ishq uchun bir umr yig’lab yashashga roziman,
Ming baxtdan bu azobning lazzati kam bo‘lmadi.

* * *

Yor debon oh urganim toshlarda vulqon bo‘ldi-ku,
Ohlarim chaqmoqlari soylarda gulxon bo‘ldi-ku.

Yor desam yor vaslini ko‘rsam xayolan dilbarim,
Tilga olsam nomini dardimga darmon bo‘ldi-ku.

Zoriqib yor vasliga o‘tgan visolsiz kunlarim,
Sevgi savdo bobida tillarda doston bo‘ldi-ku.

Ko‘zlarim to‘fonidan ketdi kipriklarim oqib,
Har yoli shamshod bo‘lib cho‘llarda bo‘ston bo‘ldiku.

Nur sochib tun bag’rida yongan bedor ko‘zlarim,
Jilvalab sevgim kabi tonglarda cho‘lpon bo‘ldi-ku.

Boshqalar cho‘zsa gul, cho‘zdim yuragimni anga,
Yor uchun yongan yurak tunlarda gulxon bo‘ldi-ku.

Yor ketip, mungga botib qoldim yagona qabrday,
Yoshlarimning donasi tuproqda marjon bo‘ldi-ku.

Uyg‘urchadan Asqar Abdukarim tabdili

"Yosh kitobxon" kitoblari