Jahon
September 15, 2020

Ahmad Hijoziy (1935)

Ahmad Abdulmu’tiy Hijoziy (Arabic: أحمد عبد المعطي حجازي‎) (1935, Al-Manufiya, Misr) — misr shoiri. Frantsiyaning Sarbonna universiteti sotsiologiya bo‘limini tamomlagan (1979). Ilk she’riy kitobi «Yuraksizdar shahri» nomi bilan 1959 yili chop etilgan.

SO‘Z RISARLARI

Jo‘mard shoirlarga

Sotmadim men so‘zni oltinga, durga,
Qilich ko‘tarmadim, do‘stlar, shoirga.
Tilyog‘lama bo‘lmadim, madhlar bitmadim,
Jo‘mard deb aytmadim so‘zsiz amirga.

Qo‘shiqlar yuksakda yangrashi uchun,
Uyg‘onishi uchun mahzun dalalar.
Qishloqda zulmatlar yorishsin uchun,
So‘z jo‘mardlarining she’ri yaralar.

Uzoq qishloqdagi oddiy insonga
Etib bormas ekan mening so‘zlarim –
Go‘yo sahrolarda izsiz yo‘qolgan
Yo‘lchiday bemanzil yitar hislarim.

Unday his-tuyg‘ular kimga ham kerak,
So‘nar qarg‘alarning ovoziday bad.
Yaxshisi bu so‘zlar chormix qilinib,
Tuproqda chirisin misoli jasad.

Yo‘q, men istamasman so‘z o‘limini,
Yo‘q, ular yashasin, olsinlar nafas.
Og‘izdan-og‘izga o‘tib yashasin,
Hayotga yarasin, mamotga emas.

YuRAKSIZ ShAHAR

-1-

Odamlar o‘tarlar uyondan-buyon,
Ular tanimaslar bir-birin sira.
Men kabi g‘aribga o‘xshaydi nolon,
Yonimdagi manov g‘arib bechora.

Unga nima bo‘lgan?
Nega gapirmas?
Ko‘zin yerga tikib turibdi jimjit.
Hech bo‘lmasa salom so‘zini bilmas,
Yoniga kelganni xit qiladi, xit.

Shahar ahli shunday.
Joning qaqshaydi,
Ko‘zlaridan ma’yus boqadi taqdir.
Ularga ne bo‘lgan?
Nima maqsadi?
O‘tmishlari qanday?
Javobi yo‘qdir…

-2-

Yoshligimda dengizlar osha
Shu chiroyli shaharga keldim.
Chor atrofdan izlab tomosha,
Ruhim topsin farog‘at dedim.

G‘isht, oynadan qurilgan shahar,
Hukmrondir yillar bo‘yi yoz.
Yo‘qdir yozdan boshqa mavsumlar,
Yuzlarda ham xursandchilik oz.

Ust-boshlar chang. Issiq. Harorat.
Barcha odam turmush g‘amida.
Gar so‘z qotib qolishsa, faqat
So‘rasharlar:
– Soat nechchi, a?

-3-

Hayot – misli bir karvon,
O‘tar, to‘xtamas zamon.
Maydondagi huv soat
Vaqtni o‘lchar onma-on.

Bizlar uxlab yotganda,
Ketibdi ulkan karvon.
O‘zgarmish hamma narsa,
Hatto tevarak – jahon.

Ko‘z ochamiz bir mahal,
G‘aflat ichra, ey inson.
Karvon o‘tib ketibdi,
Biz-chi uyquda hamon.

O‘zgarmish kiyimlar ham,
Ustimizda zil chopon.
Tark aylab hujralarni
Yo‘lga tushamiz nolon.

Karvon ortidan shoshib,
Intilamiz andarmon…

Muzaffar Ahmad tarjimalari

"Yosh kitobxon" kitoblari