Jahon
October 3, 2020

Vitaliy Korotich (1936)

Vitaliy Korotich (Vіtalіy Oleksіyovich Korotich) — ukrain shoiri, adib, muharrir, jurnalist, jamoat arbobi. AQSh adabiyot va san’at akademiyasi a’zosi, professor. Qayta qurish yillarida «Ogonyok» jurnaliga muharrirlik qilgan.

NOZIM HIKMATGA TATABBU’

Men dunyodan ketishdan avval,
Qancha ishlar qilmog‘im kerak.
Shodlik bo‘lib qolmog‘i uchun —
Kashf etmog‘im lozim bir yulduz.
Bug‘uni — o‘limdan saqlagan kabi,
Asragandek nokni — ayozdan,
Olmani — oftobdan, hayotni esa —
Taqdir nag‘masidan avaylagandek;
Qo‘riqlashim kerak ilhomni

Men dunyodan ketishdan avval…
Kuvachadan olganim suvning
Bilsam obi-hayot ekanin,
Besas, sukut komida yotgan;
Lochinlarni,
Ayollarni,
Bolalarni
Va orzularni
Ruhlantirar edim begumon.

Men dunyodan ketishdan avval,
Qancha ishlar qilmog‘im kerak…
Bir dasta gul yotibdi yerda,
Qani uning marmar guldoni?
Abadiymas hamon muhabbat.
Mening esa yashamog‘im shart.

Men dunyodan ketishdan avval,
Qabristonu mozorni chetlab
Qancha ishlar qilmog‘im darkor,
Men dunyodan ketishdan avval!..

Ruschadan Ahmad Toshxo‘jayev tarjimasi.

"Yosh kitobxon" kitoblari