O‘zbek
August 21, 2020

Farhod Musajonov (1933-2013)

Farhod Musajonov — ko‘p qirrali ijodkor. U nosir, dramaturg va kinostsenaristdir. 1933 yilning 19 dekabrida Toshkentda tavallud topgan. 1956 yilga kelib, Toshkent Davlat universitetining sharq fakultetini muvaffaqiyatli tugatgan. Respublika radiosi, televideniyesi hamda «O‘zbekiston madaniyati» gazetasi, «G‘uncha» va «Sharq yulduzi» jurnallarida ishlagan. «O‘zbekfilm» (1967) studiyasida xizmat qilgan. 1968—1970 yillarda Moskvada stsenaristlar Oliy kursida o‘qigan. 1976 yillari «O‘zbekfilm»da turli lavozimlarda, «O‘zbekkino» aktsionerlik kompaniyasida xizmat qilgan.

F. Musajonov adabiy ijodining boshlanishi 50-yillarning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. O‘z ijodini bolalarga she’r va hikoyalar yozishdan boshlaydi. Birinchi «Daradagi qishloqda» hikoyasi 1956 yilda chop bo‘lgan. Uning «Oftobni quvalab», «Bo‘sh kelma, Aliqulov!», «Bir qultum buloq suvi» kabi qissalari va oltmishga yaqin hikoyalari dunyo yuzini ko‘rgan.

Hozirgacha uning «Hamlet» (1984), «Bog‘ ko‘cha (1987) kabi hikoya va qissalardan iborat 30 ga yaqin to‘plami nashr etilgan. Ayni chog‘da u «Bu ko‘zlarga ishonsa bo‘ladi», «Zo‘raki kashanda» kabi kattalar uchun ham asarlar yaratgan. Bundan tashqari, u dramaturg sifatida «Oq kabutar», «Najot istab», Hamza teatrida qo‘yilgan «Olifta», «Xizmatingga hozirman», «Talvasa» (Muqimiy teatri sahnalashtirgan) kabi dramalar yaratgan.

Shuningdek, «Jazirama oftob ostidagi uy», «Birovning boshi», «Minoralar ostidagi tsirk», «Ko‘zlarim yo‘lingda», «Huvaydo», «Askiya», «Qiziqchi», «So‘nmas ziyo» kabi stsenariylar muallifi hamdir. Bulardan tashqari u ko‘plab hajviy hikoyalar, intermediyalar, bolalar uchun rang-barang janrda asarlar ham yaratgan. Jumladan, «Oftobni quvalab», «Bo‘sh kelma, Aliqulov!», «Bir qultum buloq suvi» kabi kitoblarini eslash mumkin. Uning «Dushanba, nonushtadan so‘ng» (1974), «Bog‘ ko‘chamni qo‘msayman» (1977), «Qilich va shamshir», «Ko‘rgulik», «Qilich va soz» (2000), «Lafz» (2003) kabi qissalari o‘z o‘quvchisiga ega.

Iste’dodli bolalar adibi, dramaturg va stsenarist F. Musajonov «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (2000). 2013 yil 28 may kuni Toshkent shahrida vafot etgan.

"Yosh kitobxon" kitoblari