Jahon
October 2, 2020

Robert Rojdestvenskiy (1932-1994)

Robert Ivanovich Rojdestvenskiy (haqiqiy ismi — Robert Stanislavovich Petkevich; 20 iyun 1932, Kosixa qishlog‘i, G‘arbiy Sibir o‘lkasi, hozirgi — Oltoy o‘lkasi — 19 avgust 1994, Moskva) — rus shoiri, tarjimon, qo‘shiqlar matni muallifi. «Oltmishinchi yillar avlodi»ning taniqli vakillaridan biri. Lenin komsomoli mukofoti laureati, SSSR davlat mukofoti laureati.

ASKAR ALYoShAGA PLOVDIVDA QO‘YILGAN HAYKAL

Bundan ko‘rinadi
yiroq-yiroqlar
ko‘kka singib ketgan ufqlar osha.
Plovdiv qoshida o‘ylanib turar,
haykalga aylangan
askar Alyosha.
Alyosha, adashgan haykaltaroshlar,
sening qiyofangning
tasviri xato.
Ehtimol
sen haqda kamroq bilishar,
asling tasavvur ham qilishmas hatto.
Axir bu tosh uyqu
senga xos emas,
mudom hamdam edi labingga kulgu.
G‘amgusor turibsan,
tinmasdan birpas so‘zlarding –
yasharding, xullas, serg‘ulu.
Zalvorli, qoraygan
o‘rmon ustiga
tuman yiqiladi tushday oqarib.
Men yo‘lga chiqaman endi,
Alyosha,
men sendan
o‘n yilga
kattaman, qariyb.
Alyosha, dunyoga keldim men kechroq,
aslida menda ham qalb mardonavor.
Ko‘p narsani ko‘rdim,
sen mendan ko‘proq –
hatto
o‘limni ham
uchratding bir bor.
Tinchgina uxlashga
haqlidir marhum,
Uzr.
Ammo senga savolim talay.
So‘ragim keladi:
“Yomonmi o‘lim?”
biroq shivirlayman:
“Yashamoq qalay?”

G‘alat tuyulmasin senga savolim,
Dilda bir tugun bor,
yuboray yozib.
Jon fido etganing hayotda, axir,
yashay olyapmanmi senga munosib?
Ishongin!
Sen mening muallimimsan –
har bir qadamimga
qo‘yasan baho.
Alyosha, shu sinchkov nigohing bilan
ishimu rejamga
boqdim doimo.
Shu nigoh oldidan yillarim o‘tar,
kunlarim
unga tik boqib kelajak.
Ikki odam umrin,
ey, yelkam,
ko‘tar,
guvilla ko‘ksimda, ikkita yurak.
Yolg‘onchi dunyodan
zarra qo‘rqmayman,
qalbimda nima bor –
askar qilar qayd…
Endi
Rossiyaga men qaytayapman,
Alyosha,
onangga nima deyin,
ayt?..

Usmon Azim tarjimasi

KIMSASIZ OROLLAR

Sportchi tushiga kirar zafarlar,
Shoirlar tushida ko‘radi so‘zni.
Sevishganlar esa,
tushida har gal
kimsasiz orolda
tuyarlar o‘zni.

Ulkan shahardagi
eng olis, sirli,
ellar ifor sochgan ajib makon bu;
ko‘zga ko‘rinmasa hamki,
u nurli –
sochar oshiqlarning
qalbiga yog‘du.

Hatto o‘quvchi ham –
zo‘rdir miyasi,
eslab qololmagan
bu joy qaydadir, –
oshiqlarning bor o‘z geografiyasi,
bor o‘z xaritasi ularning, axir!
O‘zgalar chorasiz,
qilmang taajjub,
kimki oshiq agar
etgay unga, bas.
Kimsasiz orollar –
bor gap, u mavjud,
zinhor ertakmas u,
uydirma emas!..

Bunda bari jo‘ndir,
bari jaydari –
ana, kumush mavjli
sokin oqqan soy
hamda osmondagi
bulutlar harir
va ular ortiga yashiringan oy.
Ellar
bunda erkin qoqar qanotin,
qushlar chuvvos solar
tinmayin sira,
ummon –
yuragida mudom talotum,
tog‘lar –
ishonchi zo‘r o‘ziga biram.
Bunda sharsharalar
uchqur, sharorli,
maysalar
tonglarda belanar zarga…
Tole bunday noyob,
ajib orolni
ravo ko‘rgay
faqat sevishganlarga!..

Bunda – ikkita qalb,
ikki qalb – bunda!
Boshqa hech narsaning keragi yo‘qdir.
Mayli,
qaldiroqlar jo‘shsin ochunda,
ular birga toki –
ko‘ngillar to‘qdir!
Lekin bu jo‘n emas,
jo‘n emas g‘oyat,
har qanaqasidan-da, ming bor mushkulroq.
Shahar
tinch uyquga cho‘mar nihoyat,
jimjit bog‘chalarda jimirlar chiroq.
Rangin jarnomalar
nihoyat tolar,
so‘nadi neonlar,
endi olar dam.

Oynalar so‘nadi,
so‘nar oynalar
ul ajib,
kimsasiz orollarda ham.

SAROB

Navbatchi qichqirar
boqib ufq sari:
– Hoy, qaranglar – sarob!
Kelingiz ildam!..
Hamma taomini itarar nari,
otilib chiqamiz eshikdan…

Boqmoqqa shay edim,
garchi ro‘yo bu:
ko‘kka yetgan sarvlar,
chamanlar – rangin,
ummonning kumush yol
to‘lqinlariyu
kunguralariga
qadim kentlarning…

Axir, o‘qigandim bir paytlar
qumda,
bu go‘zal yolg‘onlar
tikkanini qad.
O, ne-ne karvonlar,
yo‘ldan bir zumda
adashgan
sarobdan lol bo‘lib behad.
Axir, o‘qigandim,
bilaman illo:
odamlar choshgoh payt
tundagidek naq-
quyoshni la’natlab yurganlarin
yo
suv kechganin
suvsiz sahroda mutlaq…

Biroq bunda…
– Sarob – mo‘jiza qani?!
– Axir, juda oddiy bunda so‘l-sog‘lar.
Ko‘rdim men ufqda
jo‘n bir lavhani –
suzib borar edi
ulkan muztog‘lar.
Ular kun nurida
qilardi jilva…
Har qanday ro‘yoga
tayyor edim men.

O, Arktika,
hatto saroblaring-la
hech kimni
aldashni istamaysan sen.

“SAKSON SAKKIZ”

Radistlarning aloqa kodi bo‘yicha “88-S”
birikmasi “o‘paman” so‘zini bildiradi.

Senga g‘alatidir
men aytar so‘zlar,
Chunki shahringizda
qordan yo‘q nishon.
Oq fartuqda yurar
o‘quvchi qizlar,
ko‘chalarda gullar sotilar hamon.
Hamon shovillaydi sizda dov-daraxt…
Bizda esa nuqul
qorning g‘arch-g‘urchi,
izg‘irin
vujudni aylaydi karaxt,
oq uyumlar faqat –
bu yurt har burchi…

Xatlarim kechikib borar.
Kechirgin.
Pochtani ayblab bo‘lmaydi,
ishon…
Menga aytishdiki,
urushdan oldin
bir radist yashagan ekan,
shu Dikson
orolida, bo‘lib oshiqi ado.
Menga aytishdiki,
avval u hargiz
sevmagan,
so‘ng yongan ishq o‘ti aro –
kelgach shu orolga
bir kun radist qiz…

Buyruq,
hisobotlar ichra behisob
bir kuni
odatga xilof daf’atan
yo‘lladi “O‘paman!” so‘zin va javob
keldi unga: “Nima? Tushunmayabman…”

Ko‘nglida o‘zini la’natlab ortiq,
yigit so‘zlaridan
qaytmadi sira.
Havodan
bo‘sasin qilgancha tortiq,
yana xitob qildi:
“Sakson sakkiz! Ha!..”
Suhbatning davomi
kechdi otashin:
“Jonginam,
qalbimni tushungin, axir!
(Sakson sakkiz!)
Gapim erur chin.
(Sakson sakkiz!)
Yolg‘oni yo‘q taqir”.

Yo‘llardi bir so‘zni
kechayu kunduz,
sakson sakkizni u
urib basma-bas,
javob qilmaguncha
unga radist qiz:
“Angladim men sizni —
sakson sakkiz, bas…”
Balki bu voqea
bo‘lmagan sira,
boshqacha kechgandir
balki – ziyoda…
Lek mening ishongim
keladi juda –
shunday telbalar ham
bor-ku, dunyoda…

Men ham
dilda sevgim tug‘yon qilgan dam,
yo‘llayman
yuragim sasin izma-iz:
“Sakson sakkiz,
jonginam!
Jonginam,
sakson sakkiz!..”
Bir otash beayov
yoqadi qonim,
olisda sog‘ingum
seni betoqat.
Men seni sevaman juda ham,
Jonim!
Sakson sakkiz!
Sevgum seni toabad.

ARKTIKA XURUJI

Axtarib o‘tirma doriyu darmon,
kitoblar titkilab bo‘lma ovora…
Bu xastalik siri
hali noayon,
tib ilmi ham unga
topmagan chora…
Bir yigit mung‘ayib
yurakni ezsa,
chodirga qamalib
xo‘rsinsa har bor:
“Mening dardim og‘ir…
Arktika…” desa,
hech kim chaqirmagay unga shifokor…
O, bu dard xuruji!..
Ruhing chirmar va
ajib otashida
qizdirar qonni–
shafqatsiz ayozi ila
Arktika
qoshiga chorlagan, demak,
insonni!
Endi kezmagin sen
qay yurtlar aro,
kutsang ham bahorni
bo‘lib betoqat,
Qutb sarhadida yursang ham hatto,
tushingga kiradi oq qorlar faqat…
Xo‘sh, u ne rishtadir –
o‘ziga bog‘lar,
qay joziba o‘rar mangu muzlarni?
Suvi iliq daryo,
sarbaland tog‘lar
chetlab o‘tmaganmi, axir, ularni…
Bular bari garchi
arzimas, sabab,
ro‘y-rost ko‘rsaydingiz siz ham bir bora,
koshindor muzlarning
naqshin beadad
va zulmat bag‘rini
aylab chilpora,
quyosh chiqishini ko‘rsaydingiz bir!
Shaffof havolarga
to‘ldirsaydingiz
ko‘ksingizni,
shunda, shubhasiz, asir
bo‘lardingiz
moviy bu ma’voga siz!
Tuyardingiz shunda –
baxt nima asli,
shu yaydoq zaminda do‘st mehri nima…
Shunga aminmanki,
so‘zimning rosti,
qilmayin siz shunda hech kimdan gina,
takrorlar edingiz
shu kalomni, ha,
qalbingiz chirmagan hovurni yenga:
– Chalindim
Arktika xastaligiga!
Chaqirmang, shifokor kerakmas menga!

MEVALAR

Bolalik bamisli o‘qilgan kitob…

O‘rmon – ortda endi,
ikki qanotdek.
Esimda:
ul o‘rmon ichra behisob
mevalar g‘arq pishgan – tansiq va totli.
Ular garchi oftob taftin suyardi,
endi barglar aro
topgandi huzur.
Ohista boshini chayqab qo‘yardi
o‘tloq bag‘ridagi ola-chalpoq nur.
Farog‘at tuyardi
bu jilva-nurdan
jimjit o‘rmon ichi,
turfa ang‘izlar.
Sariq gullar uzra qo‘nardi bir dam
jimitu zalvarli qoraqo‘ng‘izlar.
Qayinlar tepasi – zangori osmon,
Unda qushlar sasi
erib-so‘nardi.
Rangdor ninachilar –
ko‘zi kattakon
ohista yelkamga kelib qo‘nardi…
Men meva koniga duch kelgan edim,
o‘zim to‘ysam hamki,
ko‘zim och, to‘ymas…
Shapkam-la yuzimni artdim-da, dedim,
barin yeyolmayman,
etar endi, bas.
O‘zim-la olib ham ketolmam, ayon,
biroq bir narsadan edi ko‘nglim to‘q:
menga tegishlidir
endi bu makon,
boshqa hech kimsaning bunga haqqi yo‘q!
Qaytdim oromgohga
shu o‘y-la shahdam,
va bir oy bu sirni qilmadim oshkor.
Bu orada
tugay boshladi yoz ham,
borishga shaylandim
u joyga takror.
Guruh rahbarimiz qat’iy tayinlar:
“Yo‘ling botqoq sari sira solmagin!..”
Tarbiyachi Vera Nikolayevna
dedi:
“Mevalar yo‘q, endi qolmagan!
Ularning mavsumi tugagan, tushun…”
Men esa ahdimdan qaytmasdim taqir.
Nima qibdi?
Qayta borishim uchun
o‘zim ko‘zlab qo‘ygan makon bor, axir…
Yana yo‘lga tushdim shox-shabba aro,
muzdek buloqlarga chaydim men yuzni.
yo‘limga kimlardir ataylab go‘yo
tashlagan o‘rgimchak iplarin uzdim.
Ortimda
hapqirib men bosgan so‘qmoq
egilib boradi bamisoli yoy…
Yana bir burilish,
so‘ng o‘sha o‘tloq –
men ko‘z ostimga olib qo‘ygan joy!
…. Unda, avvalgidek,
giyohlar durkun
chirmashib yotardi,
kapalak g‘ujg‘on.
O‘rmon guvillardi…
Bag‘ri bus-butun.
Faqat mevalardan yo‘q edi nishon.
Bordir na maymunjon,
na-da qarag‘at.
Qani u mevalar –
men bir payt tergan?
Yotar bir chekkada unut bo‘sh savat,
Nima sodir bo‘lgan,
nima yuz bergan?..
G‘alati tuyg‘uga to‘ldiyu ko‘ksim,
qadam bosolmayin
to‘xtadim taqqa.
Esimda:
o‘shanda yig‘ladim o‘ksib,
uzala tushgancha qalin o‘tloqqa.
Ilg‘ab ololmadim daf’atan –
ne gap,
oftob chiqdi asta bulut qo‘ynidan.
Donishmand tabiat
boqardi menga
munis bo‘tako‘zlar nigohi bilan.

GULXAN

Gulxan jon berardi odamdek xuddi…
Dam so‘nib,
pasayib,
yolqinlanib dam –
havolarni bot-bot changallar edi,
ojiz qo‘llariga kuchin qilib jam.
Tirmashib yuksakka
tutunlar ila,
go‘yoki chamalab so‘nggi imkonni –
olib ketmoq bo‘lar edi o‘zi-la
qorong‘i,
dimiqqan kabir o‘rmonni –
ayirib tik qomat oqqayinlardan,
qushlar chug‘uridan
asta ayirib,
olib ketmoq bo‘lar o‘tloqlarni ham;
paxmoq tumanlarni
barin qayirib –
olib ketmoq bo‘lar
osmon yuzida
chechakdek sochilgan yulduzlarni-da.

EShITYaPSANMI?!

Qaniydi choy bo‘lsa!
Qaynoq, achchiq choy!
Murabboli bo‘lsa, oh, huzuri jon!
Lekin bu bir istak,
orzu hoynahoy!
Tegram – bujur qayin,
pashshalar g‘ujg‘on…

Bu kun sen olissan
bolalik misol,
ketdim men qoshingdan
juda ham yiroq.
Xayoldadir endi
ko‘rishuv, visol,
yuraklar tubida
adoqsiz firoq…

Chiqaman
ellarga ko‘ksim ochib tik,
izg‘irin zahridan qo‘rqmayman sira.
Ayriliq nimadir –
men tanidim ilk,
hijron bu kun qalbga
yaqindir biram.
G‘ussani ko‘ksimdan itqitib nari,
g‘am-qayg‘uga
barham berishim mumkin.
Kelmasa kelmasin, mayli,
xatlaring,
bo‘lsin nigoronlik umrimning mulki.

Panoh deb bildim men yeru osmonni,
har qanday g‘animga
bas kelgum har on,
mayli,
har ne mushkul qiynasin jonni,
faqat bir taskinsiz yashashim gumon!
Mayli,
sen uchun bu – g‘avg‘o behuda,
qattiq botgan bo‘lsam, kechirgin agar.
Eshityapsanmi?!
Men istayman juda –
men shunga ishongim kelar
muqarrar:
shu nekbin,
navqiron,
ma’sum,
elvagay
kurrai zaminning
bir burchagida
hislar quyuniga hargiz bo‘lib shay,
eng so‘nggi najotning
o‘y-istagida
bag‘ringni alamlar
chirmarkan qat-qat,
yozg‘irib,
sen
meni o‘ylaysan faqat!

ZALDAN TUShGAN XATGA JAVOB

Unda ezgu so‘zlar edi mujassam.
So‘ngiga bitilmish
yurakdagi sas:
“Men havas qilaman
sizga juda ham!
Xotiningizga ham
qilaman havas…”

Unga qanday javob aylaganim soz?
Zal-ku –
muxlislardan guvillar toshib.
Mayli, ular vaqtin olsam ham bir oz,
javob bergumdir men,
qalbimni ochib.

Siz tuyasiz she’rlar,
olqishlar totin,
afishalarga ham
boqib to‘ymaysiz.
Shundandir ehtimol,
shoir hayotin
bayramdan iborat
deya o‘ylaysiz.
Faqat xush-xandonlik!
Misli sahnada
tantana oldidan yangraguvchi sas…
Axir,
o‘ylab ko‘ring,
hatto armiya
faqat namoyishdan
iborat emas!
Ha, askar chiroyli
va ko‘rkam rosa –
shahdam yurib o‘tsa
o‘zga berib zeb.
Lekin yer qazmasa,
yuk tashimasa,
kim aytadi uni
“Himoyachi” deb?!

Bizda ham shunaqa –
ishimiz nozik,
zahmatlar chekamiz
goh tunlar bedor.
Shon-shuhrat –
bir ko‘pik
va bundan rozi
bo‘lmaydigan
injiq
yorlarimiz bor…
O, ilhom! –
Bu damlar farahli beshak.
O, ilhom! –
Bemavrid tug‘ilgan suron.
Shunda –
isyon boshlar otashin yurak
sovuq tafakkurga qarshi, begumon!
Bu –
misli farzandning tug‘ilishidir!
Qayta tug‘ilasan
o‘zing ham misli!
Asli eng qora ish,
deydilar,
shudir.
Sanarlar
eng ezgu deb ham
bu ishni.
Va u –
mangu jabha,
umring berursan,
rangin ufqlardan
qamashar ko‘zing!
Bunda –
o‘z-o‘zingga
sen xalq erursan,
bunda –
saltanatsan
o‘zingga o‘zing!
Ketmas bu borada
zarra g‘irromlik!
Er-osmon qorishar
chayir joningda.
Qismat chorlar seni –
ajib suronli,
surur sharoradek
oqar qoningda!
Shahdu imkonlaring o‘lchovli,
biroq
turib bermoq kerak
so‘nggi on qadar!
Mana,
yashayapmiz qilmay noz-firoq,
yurakda goh shodlik,
goh qayg‘u, kadar…
Xullas,
xat bitgan qiz,
sizning xumorli,
ma’sum qalbingizga
g‘ussa to‘lmasin.
Tilayman men sizga
munis bir yorni,
kim bo‘lsa bo‘lsin u,
shoir bo‘lmasin.

* * *

Qaydadir shahar bor,
o‘xshar naq tushga,
harir tumanlarda
yotar chulg‘anib.
Issiq,
tansiq mehri yodimga tushsa,
borgim kelar
uni tavof qilgani.
O‘tgan unda
olis bolaligimiz…
Tunlar oshiqaman unga qaytmoqqa.
Vokzalga chopaman:
“Chipta bering tez!..”
“Chipta yo‘q…” deydilar,
to‘xtayman taqqa.
Yo‘q bo‘lsa yo‘q, oshna!
Nima ham deysan?
Bolalikka chipta
tag‘in qayda bor?
Balki sog‘inch goho
yurakni ezsa,
unga
xayolan biz qaytamiz takror.
Yashar bu shaharda
ajib ertaklar,
bokira qalblarda –
tuyg‘ular chaqin.
Unda
juda yuksak edi teraklar,
unda imoratlar –
quyoshga yaqin…
Qismatdagi olis,
qo‘l yetmas qo‘shiq,
munis,
moviy shahar,
tashakkur senga!
Bizning yo‘limizga termilma ortiq,
qaytmaymiz hech qachon
endi bag‘ringga.
Kurrai zaminda yo‘l turfa, bisyor,
teran boqsang,
umr to‘la jumboq, sir…
Bolalik,
biz senga qaytmaymiz zinhor.
Bizlar ulg‘ayganmiz.
Sen bizni kechir.

* * *

A. Agronovskiyga

Taqqillab tinmaydi
toshli yo‘lkalar.
Do‘stlar
yiqilgan joy –
endi do‘ngchalar.
O‘tlarga ko‘milgan,
ko‘raman ba’zan;
biroq uylarida
to mudom aza.

Boshqalar ketdilar
yo‘llardan o‘zga.
Panaga o‘tishib,
tushmaslar ko‘zga;
mayda ilinjlar-la
giryon, ovora –
bu haqda so‘z ochmoq
shartmas oshkora.
Kimlardir baxt uchun
changal soldilar –
yog‘liq o‘rinlarni
topib oldilar.
Hayoti ularning
biram farovon –
tillari biyron,
ko‘ngillari charog‘on…

Men-la gaplashishdan
qiladilar or…
Telefon raqamim
daftarlarda xor.
Nomim
ro‘yxatlardan
chetga surilgan,
baliqman –
qirg‘oqqa
uloqtirilgan.

Mening daftarcham ham
dilni tortmas ko‘p.
Avval semiz bo‘lsa,
endi ozgan xo‘b.
Avval dengiz bo‘lsa,
endi unda – muz.
Avval bahor bo‘lsa,
endi unda – kuz.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

"Yosh kitobxon" kitoblari